Karvonsaroy
Xavfsizlik

Belaruslar va ruslar Ukraina uchun va Moskva imperializmidan ozod boʻlish yoʻlida kurashmoqdalar

Karvonsaroy

Belaruslik yuzlab koʻngillilar Belarusning Ukraina tarafdori boʻlgan eng yirik jangovar kuchlari boʻlmish Kastus Kalinovskiy bataloni tarkibida Ukrainada jang qilmoqda. [Kastus Kalinovskiy bataloni]

KIYEV – Yuzlab belaruslar va ruslar bosqinchi rus qoʻshinlariga qarshi kurashda Ukrainaning gʻalaba qozonishiga va bu gʻalaba tufayli ular oʻz vatanida ham Kreml zulmidan ozod boʻlishiga umid qilmoqda.

Ukraina tarafdori boʻlgan Belarusning eng yirik jangovar kuchlari boʻlmish Kastus Kalinovskiy bataloni qoʻmondoni oʻrinbosari Vadim Kabanchukning soʻzlariga koʻra, Belarusdan kelgan yuzlab koʻngillilar Ukrainadagi maxsus Belarus bataloni va boshqa ukrain harbiy boʻlinmalarida jang qilmoqda.

“Yana bir necha ming kishi internetdagi yollash platformasi orqali safimizga qoʻshilish uchun ariza topshirdi”, dedi u 29-mart kuni Amerika Ovozi (VOA) bilan telefon orqali suhbatida.

1860-yillarda Rossiya istilosiga qarshi qoʻzgʻolonga rahbarlik qilgan belarus inqilobchisi nomi bilan atalgan batalon Kiyevda 24-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin qoʻshinlarga Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berganidan koʻp oʻtmay shakllana boshlagan.

Kastus Kalinovskiy bataloni jangchilari, 2-aprel kuni guruhning Telegram kanaliga joylangan surat. [Fayl]

Kastus Kalinovskiy bataloni jangchilari, 2-aprel kuni guruhning Telegram kanaliga joylangan surat. [Fayl]

7-mart kuni olingan ushbu suratda belaruslik 24 yashar Pavel Kuxta Polshaning Varshava shahrida oʻq oʻtkazmaydigan nimcha va boshqa jihozlar toʻplamiga suyanib turibdi. Belarusdagi rejim Kremlni qoʻllab-quvvatlayotgan bir paytda, koʻplab oddiy fuqarolar Ukraina tomoniga oʻtib, hatto qoʻllariga qurol olmoqdalar. [Pavel Krichko/AFP]

7-mart kuni olingan ushbu suratda belaruslik 24 yashar Pavel Kuxta Polshaning Varshava shahrida oʻq oʻtkazmaydigan nimcha va boshqa jihozlar toʻplamiga suyanib turibdi. Belarusdagi rejim Kremlni qoʻllab-quvvatlayotgan bir paytda, koʻplab oddiy fuqarolar Ukraina tomoniga oʻtib, hatto qoʻllariga qurol olmoqdalar. [Pavel Krichko/AFP]

Ukraina uchun ixtiyoriy ravishda jang qilayotgan belarusliklarning aksariyati Kiyevning kurashi Belarusni Rossiya imperializmidan ozod qilish yoʻlidagi qadam ekanligiga amin, deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi, Belarus tashqi ishlar vazirligining sobiq rasmiysi Pavel Slunkin.

“Ular orasida bloggerlar, jurnalistlar, IT [axborot texnologiyalari] mutaxassislari, zavod ishchilari bor. Turli kasb egalari. Va ular Belarusni demokratik davlat sifatida koʻrishni istaydilar”, dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Yana bir foydasi Ukraina qonuniga koʻra, uning armiyasi safiga qoʻshilgan chet elliklar fuqarolik olishi mumkin.

Kabanchukning aytishicha, u 2014-yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin Ukrainada jang qilayotgan batalon aʼzolaridan biriga aylangan.

Kalinovskiy bataloniga qoʻshilish uchun minglab odamlar ariza topshirgan boʻlsa-da, tekshirish jarayoni xavfsizlikka potentsial tahdidlar yoki belaruslik diktator va Putinning ittifoqchisi Aleksandr Lukashenkoga sodiq aygʻoqchilarni ajratishga qaratilgan.

“Minglab murojaatchilardan koʻpchiligining arizasi Polsha poytaxti Varshavadagi potentsial jangchilar uchun birinchi bosqichda filtrlash markazi vazifasini bajaradigan Belarus yollash markazidagi yuzma-yuz suhbatdan soʻng rad etiladi”, dedi Kabanchuk. “Boshqalarga esa batalon bazalariga kelganidan keyin yaroqsiz deya rad javobi beriladi.”

Kalinovskiy bataloni oʻz faoliyatini Telegramdagi @belwarriors sahifasi orqali yoritib boradi.

9-mart kuni batalonga Kalinovskiy nomi berilgani eʼlon qilindi, 25-mart kuni esa batalonning Belarus va Ukrainaga sodiqlik qasamyodi aks etgan videolavha uning Telegram kanaliga joylashtirilgan.

29-mart kuni eʼlon qilingan boshqa videolavhada u Ukraina armiyasi safida yangi maqomga ega boʻlganini eʼlon qildi, batalon aʼzolari esa qoʻllarida Ukraina harbiy guvohnomalariga oʻxshagan yashil bukletlar ushlab turgan edilar.

Bu xabar Ukraina hukumati va harbiylari tomonidan boshqariladigan veb-saytlarda tasdiqlanmagan boʻlsa-da, tahlilchilar uning ishonchli ekanini aytganlar.

Kalinovskiy bataloni Ukraina uchun kurashayotgan belarus guruhlari ichida eng yirik va “ehtimol eng yaxshi tashkillashtirilgani”, deydi quvgʻindagi Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning katta maslahatchisi Franak Vyakorka.

“Hozircha ular nafaqat bir joyda, nafaqat Kiyevni, balki butun Ukrainani himoya qilish uchun jang qiladilar”, dedi Vyakorka “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Keyingi bekat: Belarus

Ukrainada belaruslik jangchilarning boshqa kichik guruhlari ham faol harakat qilmoqda.

31-mart kuni Tixanovskaya Twitterda “yangi tashkil etilgan Belarus harbiy boʻlinmasi – [Ukraina] Qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi “Pagonya” polki” suratini joylashtirdi.

Ukrainaga yordam berishdan tashqari, “Pagonya” Lukashenkodan keyingi davrga “yangi professional Belarus armiyasi uchun baza yaratishni maqsad qilgan”, deb yozdi Vyakorka 30-mart kuni Twitterda.

Rossiya bosqinidan koʻp oʻtmay, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xorijlik koʻngillilarni yangi tashkil etilgan Xalqaro legionga qoʻshilishga taklif qildi.

“Pagonya” ushbu xalqaro legionning bir qismi, Kalinovskiy bataloni esa uning tarkibiga kirmaydi.

2020-yilning avgust oyida boʻlib oʻtgan bahsli prezidentlik saylovlari ortidan Lukashenko namoyishchilarni zoʻravonlik bilan bostirar ekan, oʻsha yili Belarus boʻlinmalarining koʻplab aʼzolari Ukraina yoki boshqa doʻstona mamlakatlarga qochib oʻtgan.

Sergey Bespalov ismli jurnalist va bloger bir necha doʻstlari hibsga olinganidan soʻng Belarusdan qochib ketgan, deb xabar beradi Wall Street Journal (WSJ) 7-aprel kuni.

“Nishonga aylanishim ehtimoli katta edi”, deb aytgan u.

Bir nechta Telegram kanallarini yuritadigan Bespalov harbiy tajribaga ega emasdi. Ammo endi u Kalinovskiy bataloni safiga yangi jangchilarni jalb qilishda ishtirok etmoqda.

“Ukrainani ozod qilishimiz bilan Minskni ozod qilgani boramiz”, dedi u.

Pavel Kulajanka – bir necha hafta oldin Kiyevga kelgan va Putinning taʼsiridan uzoqroqda doimiy yoʻl topish umidi bilan Kalinovskiy bataloniga qoʻshilgan yana bir belaruslikdir.

“Mustaqil Ukrainasiz mustaqil Belarus boʻlmaydi”, dedi u WSJga. “Bu birinchi bekat, ikkinchi bekat Belarus boʻladi.”

“Hozirda Belarusning mavjudligi tahdid ostida”, deb aytgan Vyakorka WSJning oʻsha xabariga koʻra. “Putin Ukraina davlatchiligi mavjud boʻlmasligi kerak deganda, Belarus borasida ham xuddi shuni nazarda tutgan.

“Rossiya armiyasining Kiyevni bosib olish gʻoyasidan voz kechgani ham Kiyevni qamal qilishni oʻta qiyinlashtirgan va Rossiyaning orqa tomonini xavfli holatga keltirgan belaruslarning xizmatidir”, dedi u.

Batalon Kiyevni mudofaa qilish yoʻlidagi bir necha shiddatli janglarda qatnashdi – Putin bu janglar tezda tugashini kutgandi, biroq u taxminan yetti hafta davom etgan janglardan soʻng Ukraina qoʻlida qoldi.

Hozirgacha Kalinovskiyning uch aʼzosi oʻldirilgan, dedi Kulajanka.

Putinga qarshi chiqayotgan rossiyaliklar

Xalqaro legionda Ukraina uchun jang qilayotgan kamida bitta rus boʻlinmasi bor.

Oʻtgan hafta Kiyevdagi matbuot anjumanida ishtirok etgan, kamuflyaj kiyib olgan Rossiya uchun erkinlik boʻlinmasining uch nafar aʼzosi Rossiya armiyasi ularni Ukrainaga yuborganini, ammo asir tushganlaridan keyin qarshi tarafga oʻtganini aytdi.

“Bu legion Putin rejimiga qarshi kurashish uchun tuzilgan”, deb aytgan rejimni aldov yoʻli bilan rossiyaliklarni Ukrainaga hujum qilishga majburlashda ayblagan rossiyalik sobiq maxsus kuchlar serjanti.

Ular Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilishi yoki Ukraina armiyasi bilan ayni vaqtdagi munosabati tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan. Shuningdek, Rossiya uchun erkinlik guruhida necha kishi borligini aytishni istamagan.

Minglab rossiyaliklar Putin rejimiga qarshi kurashni xohlaydi, deb aytgan hozirda Kiyevda yashovchi rossiyalik sobiq deputat Ilya Ponomarev.

“Men Rossiyada Putin armiyasiga qarshi jang qilishni istaydigan bir necha minglab odamlarni bilaman”, deb aytgan u WSJ nashriga. “Ular oʻz vatandoshlarini emas, balki 80 yil avvalgi fashistlardek boʻlib qolgan putinchilarni oʻldirishni istaydilar.”

Ukraina uchun kurashayotgan rossiyalik askarlar Ikkinchi jahon urushi davrida Ittifoqchilar safiga qoʻshilgan natsistlarga qarshi nemislarga oʻxshaydi, deb aytgan 2014-yilda Qrim anneksiya qilinishiga qarshi ovoz bergan yagona rossiyalik deputat Ponomaryov.

Bugun Ukraina erkinligi uchun jang qilayotgan rossiyaliklar katta harbiy kuch boʻlmasa-da, ular siyosiy jihatdan muhim, deb aytgan rossiyalik sanʼat asarlari kollektsioneri va Rossiya davlati boshqaruvidagi “Birinchi” telekanali rahbarining sobiq oʻrinbosari Marat Gelman.

“Rossiya fuqarolari bu tajovuzga qarshilik qilishda Ukrainaga qanday yordam bergani maʼlum boʻlsa, kelajakda rossiyaliklar va ukrainaliklar oʻrtasidagi muloqot yengillashadi”, deb aytgan u WSJ nashriga. “Va bu odamlar vositachi boʻlishlari mumkin.”

Oʻz-oʻzini himoya qilish

Lukashenko Ukraina uchun jang qilayotgan belaruslarning ustidan kulib, ularni “telba” va pulga oʻch deb atar ekan, (Moskva taqiqlagan atamadan foydalangan holda) Ukrainadagi “urushga” barham berishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga Minskni qoʻshishga chaqirish bilan oʻzidagi isyon alomatlarini koʻrsatgan.

Belarus Ukrainaga bosqin oldidan rossiyalik askarlarni oʻz hududida joylashtirgan boʻlsa-da, Lukashenko oʻz harbiylarini Rossiya bosqiniga qoʻshishdan tiyilib kelgan, ayrimlar bu harakatni siyosiy jihatdan oʻz-oʻzini himoya qilish deb ataganlar.

Belarus aholisi urushga qatʼiyan qarshi, mahalliy faollar Belarusdagi temiryoʻl qurilmalariga sabotaj uyushtirish orqali Rossiyaning askarlar va qurollarni olib kelishiga qarshilik qilishgan.

Agar Lukashenko Ukrainaga qoʻshin yuborsa, ayrim belaruslik askarlar taslim boʻlishi, boshqalari esa unga qarshi chiqishi mumkinligidan qoʻrqadi, deb aytgan Kabanchuk.

“U Ukrainaga askar yuborish oʻz rejimi qulashini tezlashtirishi mumkinligini tushunadi”, deb aytgan u.

Lukashenkoning istaksizligi boshqa ittifoqdoshlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari ham Moskvadan uzoqlashayotgan bir vaqtga toʻgʻri kelmoqda.

“Albatta, Rossiya koʻproq uning tarafida boʻlishimizni xohlaydi”, degan edi Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Timur Suleymanov mart oyi oxirlarida.

“Ammo, Qozogʻiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Biz Qrim bilan bogʻliq vaziyatni ham, Donbassdagi vaziyatni tan olmadik va tan olmaymiz, chunki ularni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olmaydi”.

“Rossiya hukumati oʻz hududida “urush” soʻzidan foydalanishni taqiqlagan boʻlsa-da, biz uni Qozogʻistonda oʻz nomi bilan ataymiz”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Oʻzbekiston ham Ukrainani qoʻllab-quvvatlashini bildirgan, tahlilchilar esa Rossiyaning nigohida Markaziy Osiyo keyingi boʻlishi mumkinligini aytib ogohlantirishgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ukraina va uni qoʻllab-quvvatlovchilarga shon-sharaflar!

Javob berish

Ukrainaliklar, belaruslar va hatto oʻzlarining rossiyaliklari ham hukmron toʻda sababli oʻlimga mahkum. Bu qanday safsata boʻldi? Qachon toʻyishadi va imperial istaklari tugaydi?

Javob berish

Slavyanlar Mordvaga qarshi.

Javob berish