Karvonsaroy
Qochqinlar

Kiyevning asosiy temiryoʻl vokzali urushdan qochayotgan minglab odamlar uchun mehr-oqibat maskaniga aylandi

Xanna Chertova va AFP

2-mart kuni Kiyevning asosiy temiryoʻl vokzalida evakuatsiya qilinganlar bilan toʻlgan poyezdning joʻnashi oldidan xayrlashayotgan ayol. [Sergey Chuzavkov/AFP]

2-mart kuni Kiyevning asosiy temiryoʻl vokzalida evakuatsiya qilinganlar bilan toʻlgan poyezdning joʻnashi oldidan xayrlashayotgan ayol. [Sergey Chuzavkov/AFP]

KIYEV – Ona shahri Chernigovdan qochishga majbur boʻlgan Svetlana Kiyevning asosiy vokzalida evakuatsiya poyezdini kutib oʻtiribdi.

Ayol bu yerga 1-aprel kuni ikki oʻgʻli bilan kelgan – stansiya sharqdan qochayotgan minglab ukrainalik qochqinlar uchun markaz vazifasini oʻtamoqda.

Oila oʻzi bilan ikkitagina kichik ryukzak olgan – ichida faqat zarur narsalar – ular Svetlananing qarindoshlari yashaydigan Germaniyaga yoʻl olganlar.

Stansiyadagi koʻngillilar Svetlana va uning oʻgʻillariga yegulik berdilar, shifokorlar esa bepul koʻrikdan oʻtkazishdi.

1-aprel kuni ikki oʻgʻli bilan Chernigovdan kelgan Svetlana Kiyevning asosiy temiryoʻl vokzalida evakuatsiya poyezdini kutmoqda. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

1-aprel kuni ikki oʻgʻli bilan Chernigovdan kelgan Svetlana Kiyevning asosiy temiryoʻl vokzalida evakuatsiya poyezdini kutmoqda. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

“Bu juda ogʻriqli... Rossiya askarlari bizni uyimizdan haydashdi”, deydi 1-aprel kuni Kiyevning asosiy vokzalida evakuatsiyani kutayotgan irpenlik 81 yoshli Aleksandr Mixaylovich. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

“Bu juda ogʻriqli... Rossiya askarlari bizni uyimizdan haydashdi”, deydi 1-aprel kuni Kiyevning asosiy vokzalida evakuatsiyani kutayotgan irpenlik 81 yoshli Aleksandr Mixaylovich. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

Suratda: Urushning dastlabki kunlaridanoq qochqin yoʻlovchilarga yordam berish uchun koʻngilli boʻlib ishlagan 24 yoshli Ruslan, 1-aprel, Kiyev bosh vokzali. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

Suratda: Urushning dastlabki kunlaridanoq qochqin yoʻlovchilarga yordam berish uchun koʻngilli boʻlib ishlagan 24 yoshli Ruslan, 1-aprel, Kiyev bosh vokzali. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

“Doʻzax” hayoti

Chernigov soʻnggi besh hafta davomida Rossiya kuchlari tomonidan oʻqqa tutilgan va qurshab olingan, dedi Svetlana Karvonsaroyga.

“Yertoʻlada besh hafta yashadik. Yerda uxladik. Otishmalar bir kun ham toʻxtagani yoʻq”, deydi u.

“Hozirga qadar Chernigov aholisining qariyb yarmi qochoqqa aylandi”, dedi u. “Ammo keksalar va kasallar hamon oʻsha yerda. Yaradorlar koʻp... lekin ularga munosib tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yoʻq, chunki generatorlar yetishmayapti”.

Bu bamisoli doʻzax”, dedi u.

Rossiya qoʻshinlari shahar tashqarisiga olib boradigan barcha koʻpriklarni vayron qilishdi.

“Bizni daryodan qayiqda olib oʻtishdi. Qochishning birgina yoʻli shu edi... Narigi tarafda bizni avtobus kutib turgandi”, deydi Svetlana.

Chernigovliklar “hammasini oʻzlari tashkillashtirib, kichik guruhlarga boʻlinib chiqib ketishmoqda”, dedi u. “Hech qanday yashil (gumanitar) yoʻlaklar yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Hech kim bizga bu yerga tirik yetib kelishimizga kafolat bergani ham yoʻq.”

“Ruslar odamlarning qochishiga yoʻl qoʻymayapti”, dedi u. “Ular tinch aholini olib ketayotgan transport vositalarini oʻqqa tutmoqda. Avtobusga chiqishimiz bilan ular biz tarafga ham oʻq ota boshladilar.”

“Agar yana bir soniyaga ushlanib qolganimizda, hozir tirik boʻlmas edik.”

Svetlananing politsiyachi eri jang qilish va muhtojlarga yordam berish uchun shaharda qolgan.

Svetlana Kiyevga qochayotganida eri qoʻngʻiroq qilib, onasi vafot etganini aytgan.

“U farzandlarim va men qanday tavakkalchilik qilayotganimizni bilardi va yuragi koʻtara olmadi”, dedi u. “Men uni dafn qilolmayman. Oʻz onam bilan xayrlasholmayman. U Chernigovda qoldi, ammo ortga yoʻl yoʻq”.

Qochoqqa aylanganlar

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Qochqinlar boʻyicha oliy komissarining chorshanba (13-aprel) kuni maʼlum qilishicha, Rossiya bosqini boshlangan 24-fevraldan beri 4656509 nafar ukrainalik qochoqqa aylangan, bu seshanba kungi koʻrsatkichdan 40679 taga koʻp.

Ukrainalik qochqinlarning 90 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi, 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar harbiy xizmatga chaqirilishi mumkinligi bois mamlakatni tark eta olmaydilar.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hisob-kitoblariga koʻra, 7,1 million odam oʻz uyini tark etgan, ammo hali ham Ukrainada qolmoqda.

XMT maʼlumotlariga koʻra, ukrainalik qochqinlardan tashqari, mamlakatda yashayotgan, oʻqiyotgan yoki ishlayotgan 210 mingdan ortiq Ukraina fuqarosi boʻlmaganlar ham chiqib ketgan.

Aholining chorak qismidan koʻpi oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻlar ekan, koʻngillilar va xalqaro hamjamiyatning yordami, jumladan, Qozogʻiston va Oʻzbekiston kabi Markaziy Osiyo davlatlarining koʻmagi ham muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Kiyevning asosiy vokzalida qochqinlarni Ukraina gʻarbi va Polshaga olib borish uchun har kuni 15 ta evakuatsiya poyezdi qatnaydi.

Bu stansiyadan 100 mingdan ortiq qochqin oʻtishga ulgurdi, ularning aksariyati Chernigov va Kiyev viloyatlari, jumladan, urushning boshida shiddatli janglarga guvoh boʻlgan Bucha, Gostomel, Borodyanka va Irpen shaharlaridan kelgan.

60 yil Irpenda yashagan Aleksandr Mixaylovich oxirgi daqiqalargacha oʻz uyini tark etishni istamagan.

“Uyimni oʻz qoʻllarim bilan qurganman. Har bir gʻishtini oʻzim terganman... Mening faqat uyim va itim Nona qolgan edi”, deydi iti va eski chamadonlari qurshovida oʻtirgan 81 yashar Aleksandr.

“Endi qarigan chogʻimda Rossiya askarlari bizni uyimizdan haydab chiqarishdi”, dedi u Karvonsaroyga. “Mening koʻchamda hech kim qolmadi. Hamma ketib boʻldi.”

Aleksandrning aytishicha, uning uyiga bir nechta koʻngilli kelib, uni zambilga oʻtqazgan va mashinada vokzalga olib kelgan.

“Ular menga issiq joy, toʻyimli ovqat berishdi”, dedi u.

“Menga bu qadar sidqidildan yordam beradigan odamlar uchrashini kutmagandim”, dedi Aleksandr va u oʻgʻillaridan birining oldiga – Xmelnitskiyga yoʻl olganini qoʻshimcha qildi.

Boshqalarga yordam berish

Vokzaldagi koʻngillilar urush boshlanganidan beri evakuatsiya qilinganlarga yordam berishga oshiqmoqdalar.

Vokzalda shifokorlar va psixologlar ham navbatchilik qilmoqda, imkoniyati cheklanganlar, shuningdek, onalar va bolalar uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

24 yashar Ruslan urushning ilk kunlaridanoq poyezd bekatida koʻngilli boʻlib xizmat qilib kelgan.

Dastlabki oʻn kunlikda odamlar oqimi ancha koʻp boʻldi va har kuni bekatdan ketgan 15 ta poyezd odamlar bilan toʻla edi, deydi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Poyezdlarda joy yoʻqligi sabab odamlar jomadonlarini platformada qoldirib ketishga majbur boʻldi”, dedi u. “Onalar va bolalar qochish uchun poyezdda 12 soat turib ketishga ham rozi edilar.”

Rossiya qurolli kuchlari Kiyevni ishgʻol qilish fikridan voz kechib , buning oʻrniga mamlakat janubi va sharqiga, ayniqsa Donbass viloyatiga koʻz tikkan.

Ruslan Chernigovdan shifoxonani evakuatsiya qilishgan tunni yodga oldi.

“Kechasi soat 11 edi. Kiyev temir yoʻl bekatiga 20 ta avtobus va 15 ta tez yordam mashinasi yetib keldi”, deydi u. “Yoʻlovchilar 20 soat mobaynida juda uzoq yoʻl bosib kelishgandi. Karvon oʻqlardan qochish uchun qishloq hududlaridagi aylanma yoʻllardan yurgan.”

“Toʻrtta yangi tugʻilgan chaqaloqni eslayman. Ularning ota-onalari yoʻq edi – halok boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan. Bolalarga tibbiy hamshira hamrohlik qildi”, deb aytgan Ruslan.

Shifokorlar yetib kelgan ona-bolalarni koʻrikdan oʻtkazib, jiddiy tibbiy yordamga muhtojlarni Cherkasidagi shifoxonaga yuborishdi, dedi u.

Aksar bolalarning “oʻpkasida suyuqlik va yalligʻlanish bor edi”, dedi u. “Ularning aksariga qon quyish zarur edi.”

“Qolganlar uchun Lvovga ertalabki maxsus poyezd rejalashtirildi”, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Zamonaviy dunyoda odamlarni shafqatsiz va ziqna deyishadi. Urush bunday emasligini koʻrsatdi”, deydi Ruslan.

“Ukrainada koʻpchilik yordam berish uchun bor-yoʻgʻini topshirishga tayyor. Bunga har kuni guvoh boʻlyapmiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Koʻngillilar zamonamiz qahramonlaridir. Ular oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻyib, boshqalarga yordam berishga koʻp vaqtlarini sarflaydilar. Ushbu mudhish urush tugaganidan keyin koʻngillilarga yodgorlik oʻrnatilishi kerak; ular begonalar uchun juda koʻp yaxshiliklar qilmoqda.

Javob berish