Karvonsaroy
Tahlil

Xitoy mamlakat ichida Putinga xayrixohlikni oshirib, xorijda Kreml tashviqotini kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

29 yoshli ukrainalik ekolog-pedagog Lidiya Jgir (chapda) va texnik xodim Valeriya Litovka (oʻngda) Ukrainadagi mojaroga oid onlayn kontentni muhokama qilmoqda, 27-mart kuni Pekindagi qahvaxonada olingan surat. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Xitoydagi ukrain diasporasi Pekinning Moskvaga yon bosishiga qarshi kurashmoqda. [Noel Selis/AFP]

29 yoshli ukrainalik ekolog-pedagog Lidiya Jgir (chapda) va texnik xodim Valeriya Litovka (oʻngda) Ukrainadagi mojaroga oid onlayn kontentni muhokama qilmoqda, 27-mart kuni Pekindagi qahvaxonada olingan surat. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Xitoydagi ukrain diasporasi Pekinning Moskvaga yon bosishiga qarshi kurashmoqda. [Noel Selis/AFP]

Xitoy dunyoga oʻzini Ukrainadagi urushning betaraf kuzatuvchisi qilib koʻrsatmoqda – Rossiya bosqinini qoralamayapti, ammo xalqaro miqyosda yakkalab qoʻyilgan davlatga ochiq yordam berishdan ham choʻchimoqda.

Voqelikda esa Pekin Moskva nomidan ikki tomonlama dezinformatsiya urushini olib bormoqda.

Payshanba (14-aprel) kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan Pekin pozitsiyasining “xolis va betarafligi” hamda “tarixning toʻgʻri tarafida” ekanini taʼkidlagan.

Uning bu bayonoti AQSH moliya vaziri Janet Ellen Gʻarbning aksilrossiya sanksiyalarida ishtirok etmayotgan Xitoy iqtisodiy oqibatlarga duchor boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirganidan bir kun oʻtib yangragan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 4-fevral kuni Pekindagi uchrashuv chogʻida suratga tushmoqdalar. Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganidan beri Xitoy uning tarafida boʻlib turibdi. [Aleksey Drujinin/ Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 4-fevral kuni Pekindagi uchrashuv chogʻida suratga tushmoqdalar. Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganidan beri Xitoy uning tarafida boʻlib turibdi. [Aleksey Drujinin/ Sputnik/AFP]

U Xitoyni “urushni tugatishga yordam berishga” chaqirar ekan, tezroq harakat qilmasa, Pekin “dunyoning Xitoyga munosabati va uning keyingi iqtisodiy integratsiyani qabul qilishga shayligi” yomonlashib ketishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Pekin oʻzining yaqin ittifoqchisini qoʻllab-quvvatlash va Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bevosita buzishdan tiyilish orqali Gʻarb bilan aloqalarni saqlab qolish oʻrtasida diplomatik muvozanatni saqlab turibdi.

Ammo mart oyida Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlarida Rossiya davlat OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarining bloklanishi yoki cheklanishi ortidan Kreml tashviqoti zarbaga uchrar ekan, Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari Kreml nuqtayi nazari uchun qudratli kuchaytirgichga aylandi.

Shu bilan birga, Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) mamlakat ichida Gʻarb gegemonligining azaliy jabrdiydasi deb koʻrilgan Rossiyaga xayrixohlik uygʻotishga qaratilgan kampaniya olib bormoqda.

Kreml tashviqot taqiqlarini chetlab oʻtmoqda

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan koʻp oʻtmay, Yevropa komissiyasi Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarini taqiqlaganini eʼlon qildi. Facebook, Twitter, TikTok va YouTube ham Kreml nazoratidagi OAV, jumladan RT va “Sputnik”ka kirishni yopdi yoki chekladi.

Natijada, Moskva zoʻr berib aylanma yoʻllarni topishga urindi.

Mustaqil jurnalistlarning aniqlashicha, Kremlparast qarashlarni ilgari surish uchun TikTok tarmogʻidagi influyenserlarga pul toʻlanishi bilan bogʻliq muvofiqlashgan sxema borligi maʼlum boʻlgan. Washington Post nashrining 8-aprel kungi xabariga koʻra, yana bir holatda Trementum Analytics tadqiqotchilari YouTube tarmogʻidagi Ukrainaga oid videolar ostida rossiyaparast trollarning spam yuborayotganini aniqlagan.

Rossiyaning dunyo mamlakatlaridagi elchixonalari ham oʻz platformalaridan foydalanib, Twitter, YouTube, Facebook va Telegramdagi oʻn minglab obunachilarga dezinformatsiya tarqatgani maʼlum boʻldi.

Kamroq cheklovlarga uchragan Telegram ommabop tanlovga aylandi. Isroilning FakeReporter dezinformatsion tadqiqot guruhi maʼlumotlariga koʻra, urush boshlanganidan beri Rossiya elchixonalari 65 ta yangi Telegram kanalini ochgan.

“Hukumatlar va texnologik platformalar Rossiya tashviqotini taqiqlash yoki cheklashga oʻtayotgan bir paytda, Kremlparast tezislar inflyuyenserlar va ishonchli vakillar, jumladan, Xitoy rasmiylari va davlat ommaviy axborot vositalari orqali yoyinlanmoqda”, deb aytgan Xitoy va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarini kuzatib boradigan “Marshall” AQSH-Germaniya jamgʻarmasida joylashgan Demokratiyani taʼminlash alyansining axborot manipulyatsiyasi guruhi katta ilmiy xodimi va rahbari Bret Shafer.

Xitoy nashrlari “Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga nisbatan qoʻyilgan cheklovlarga duch kelmayapti”, dedi u Washington Post bilan suhbatda.

“Bu Kremlga Rossiya tashviqoti tarqalishini cheklashga qaratilgan taqiqlarni samarali chetlab oʻtishga imkon berdi.”

Xitoyning “kuchaytirgichlari”

Tahlilchilarga koʻra, Xitoy ommaviy axborot vositalari Rossiya tashviqotining eng yirik tarqatuvchilaridir.

Britaniyaning raqamli adovatga qarshi kurash boʻyicha notijorat markazi maʼlumotlariga koʻra, Xitoyning toʻrtta yetakchi davlat nashri – CGTN, Global Times, Xinhua News va T-House birgina Facebook ijtimoiy tarmogʻida 283 million obunachiga ega boʻlgan ulkan auditoriyani qamrab oladi.

Demokratiyani taʼminlash alyansi maʼlumotlariga koʻra, Xitoyning davlat nazoratidagi kanallari birgina Facebook ijtimoiy tarmogʻida umumiy hisobda bir milliarddan ortiq obunachiga ega, garchi mamlakatda bu ijtimoiy tarmoq taqiqlangan boʻlsa ham.

Xitoy ommaviy axborot vositalari va rasmiylari Ukrainaga nisbatan Kreml afzal koʻrgan atamalardan foydalanishda ehtiyotkorlik bilan yoʻl tutdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni Ukrainaga hujum boshlanganini eʼlon qilar ekan, Sinxua bu “harbiy operatsiya” ekanligi va Moskva Ukraina hududini bosib olish “niyatida emasligini” taʼkidladi.

Fevral oyida internetda tarqagan, davlatga aloqador nashr uchun chiqarilgan yoʻriqnomada ham Rossiya uchun noqulay yoki gʻarbparast mazmundagi xabarlarni chop etmaslik haqida koʻrsatma berilgan.

Xitoy nashrlari tomonidan tarqatilgan boshqa yolgʻon narrativlar orasida mojaroda NATOning “sharq tomon kengayishi”ni ayblovchi neonatsistlarning lavhalari va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini AQSHning Iroq, Suriya va Afgʻonistondagi harbiy harakatlariga tenglashtirishga urinish ham bor.

Xitoy kanallari AQSH Ukrainada biologik qurol laboratoriyalarini boshqarayotgani va ukrainalik neonatsistlarning bolalar kasalxonasini bombardimon qilgani haqida yolgʻon xabar tarqatgan – aslida u Rossiya qoʻshinlari tomonidan bombalangan.

Xitoyning Shimoliy Irlandiyadagi bosh konsuli ham Tvitterda Rossiya davlat OAV Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Polshada yashiringani haqida yolgʻon xabar berganini yozdi.

Putin – “qahramon”

Ayni paytda Xitoyda XKP tomonidan suratga olingan Putinni rasmiylar orasida “qahramon” qilib koʻrsatuvchi hujjatli film tarqaldi, deb yozadi New York Times 4-aprel kuni.

Emotsional musiqa va tasvirlardan iborat ushbu hujjatli filmda rossiyaliklarning sovet tarixiga oid vatanparvarlik gʻururini hamda Iosif Stalinning urush davri buyuk yetakchisi sifatidagi obroʻsini tiklagani uchun Putinga maqtovlar aytilgan.

Unda taʼkidlanishicha, Stalin davriga oid tozalashlar chegaradan chiqib ketgan boʻlsa-da, ular Sovet hokimiyatiga tahdidlarni hisobga olgan holda avval-boshdan “zaruriy chora” boʻlgan.

Yel universitetining tarixchisi va yozuvchisi Timoti Snayderga koʻra, Stalinning 1930-yillardagi “Buyuk terrori” davrida sovet diktatori uch millionga yaqin fuqaroni GULAG mehnat lagerlariga joʻnatgan va uning siyosatiga qarshi chiqqani yoki sodir etmagan turli jinoyatlari uchun kamida bir million fuqaroni qatl etgan.

1930-1933-yillardagi ocharchilik vaqtida besh milliondan ortiq odam halok boʻlgan.

Ayrim tarixchilar Sovet Ittifoqi boʻylab 20 million odamning oʻlimini Stalin hukmronligi bilan bogʻlaydilar.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondagi qator filmlar, tarixiy kitoblar va sud jarayonlari Stalinning shafqatsiz merosi haqidagi xabardorlikni oshirgan.

XKP hujjatli filmi oʻtgan yili yakunlangan boʻlib, unda Ukrainadagi urush tilga olinmagan, lekin Rossiya oʻzining sobiq sovet Ittifoqi boʻyicha qoʻshnilari haqida qaygʻurishi toʻgʻri ekanligi taʼkidlanadi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin, deyiladi unda, “Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazortidagi ayrim davlatlar Gʻarbning Rossiyani tiyib turishi va uning ishlariga aralashishi uchun asosiy bahonaga aylandi”.

“Yadroviy quroldan tashqari, Gʻarbning eng kuchli quroli – mafkuraviy kurashda qoʻllayotgan usullaridir”, deydi hujjatli filmning dagʻal ovozli suxandoni rossiyalik olimlardan birining fikrini ifodalab.

Ogohlantirish

Pekin anchadan beri Sovetlar inqirozini ogohlantirish sifatida qoʻllab keladi, ammo prezident Si Szinpin uni yanada mudhish qilib koʻrsatgan.

“Aslida ular rangli inqiloblar haqidagi oʻz talqinlariga ishonadilar va bu holatni Putinni agʻdarish uchun AQSH rahbarligidagi rangli inqilob deb bilishadi”, deydi Vashingtondagi Xitoy strategiyasi guruhi prezidenti va Markaziy razvedka agentligining Xitoy siyosati boʻyicha sobiq tahlilchisi Kristofer Jonson.

“Si hukumatga kelganidan beri mamlakat ichida va xalqaro miqyosda ushbu notinch talqinni ilgari surib keladi”, deb aytgan Jonson New York Times nashriga. “Bu unga hokimiyatda kuch toʻplash hamda kurash va xavf tuygʻusini yaratish orqali oʻzi qilgan oʻzgarishlarni oqlash imkonini beradi.”

Hujjatli filmdan tashqari, Xitoy universitetlari talabalarga Ukrainadagi urush haqida “toʻgʻri tushuncha” berish boʻyicha darslarni tashkillashtirganlar.

Bunday mafkuraviy maʼruzalar rasmiylarning yosh, oʻqimishli xitoylilar Pekinning Rossiya borasidagi pozitsiyasini tanqid qilishga moyilligidan xavotirda ekanligini koʻrsatadi.

Partiyalarda ayrim noroziliklar koʻzga tashlanayotgani sababli Pekinning xavotirlanishi oʻrinli.

Koʻplab siyosiy aloqalarga ega shanxaylik olim Xu Vey 12-mart kuni US-China Perception Monitor veb-saytida chop etgan ocherkida Pekinning Putinni qoralashdan bosh tortayotganini tanqid qilgan.

Internetda tarqab ketgan ushbu ocherk ayrim mushtariylarning olqishlariga sazovor boʻlgan. Hukumat Xitoyda bloklangan bu saytni ijtimoiy tarmoqlarda ham senzuralashga harakat qilgan.

Ukrainadagi urush Xitoy ichida “koʻplab noroziliklarga sabab boʻlmoqda, uni qoʻllab-quvvatlovchilar va unga qarshilarni bir-biriga zid qutblarga qoʻymoqda”, deb yozadi Xu.

“Xitoy Putinga bogʻlanmay, undan imkon qadar tezroq uzoqlashishi kerak”, deb ogohlantirgan u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Vovka [Putin] Xitoyga Uzoq Sharqdagi ulkan hududlarni vaʼda qilgan boʻlsa kerak.

Javob berish

Shunaqaga oʻxshaydi, yoki Xitoy Rossiyaning urush tufayli butunlay zaiflashishini kutadi va goʻyoki Rossiyaga yordam bergandek boʻlib, mamlakat sharqidagi ayrim yerlarni tortib oladi. Keyin Xitoy u yerda zavodlar quradi va Putinga bergan vaʼdalarini unutadi.

Javob berish

Kommunistlar bu kommunistlar. Ular azaldan ozodlikning dushmani boʻlib kelgan, shunday boʻlib qolishdi. Ular Gʻarb biznesining ochkoʻzligi va ahmoqligidan oʻz manfaati yoʻlida qanday foydalanishni biladi.

Javob berish

Kommunizm koʻp yillar, hatto oʻnlab yillar davomida Xitoyning utopik orzusi boʻlib kelgan. Lekin, ular oʻz orzulari nimani anglatishini lugʻatdan koʻrmay, oʻz mamlakatlari va sayyoraning boyliklarini soʻrib oladigan navbatdagi bir partiya diktaturasini barpo qildilar.

Javob berish

Qiziq, Xitoy necha milliard evaziga bu iflos ishga rozi boʻldiykin?

Javob berish

Odamlarni nimagadir ishontirish qanchalik oson ekanligi hayratlanarli. Maʼlumotni shunchaki oʻzingga kerakli koʻrinishda taqdim etib, boshqa manbalarni uzib qoʻyishning oʻzi yetarli. Oʻzlaridagi milliardlar bilan xohlagan narsani qilishadi va dunyoning qolgan qismi bu haqda bilmaydi ham. Shu tariqa ular Rossiyada qoʻllangan tashviqot bilan odamlarni zaif va qaram, qoʻrqoq boʻlish ajoyib gʻoya ekaniga ishontiradilar.

Javob berish