Karvonsaroy
Xavfsizlik

Xitoy Eronni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash orqali Yamanda tartibsizlikni avj oldirmoqda

Karvonsaroy va AFP

25-mart kuni xusiylar hujumidan soʻng, Qizil dengiz boʻyidagi Jidda shahrida Saudi Aramco neft inshootidan osmonga olov va tutun koʻtarilmoqda. [AFP]

25-mart kuni xusiylar hujumidan soʻng, Qizil dengiz boʻyidagi Jidda shahrida Saudi Aramco neft inshootidan osmonga olov va tutun koʻtarilmoqda. [AFP]

Xitoyning Eronga nisbatan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalardan qochishi uning Yaman va butun mintaqada Tehron vositachi guruhlarini qoʻllab-quvvatlashi bilan bogʻliq.

Reuters agentligining 1-mart kungi xabarida aytilishicha, Xitoyning Eron neftini sotib olishi soʻnggi oylarda rekord darajaga koʻtarilib, tanker kuzatuvi maʼlumotlariga koʻra, ushbu savdoga AQSH sanksiyalari joriy qilinmagan 2017-yilgi eng yuqori koʻrsatkichdan oshib ketgan.

Yanvar oyida Xitoy importi hajmi sutkasiga 700 ming barreldan oshdi va uchta tanker kuzatuvchisining hisob-kitoblariga koʻra, 2017-yili Xitoy bojxonasi tomonidan qayd etilgan 623 ming barrelni tashkil etuvchi kunlik koʻrsatkichdan oshib ketdi.

Qoʻshma Shtatlar 2018-yilda Tehronning yadroviy dasturini cheklash boʻyicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Eron neftiga nisbatan yana sanksiyalar joriy qildi va bu Eronning oʻz quvvatiga yaqin darajada neft qazib olishiga imkon bermadi.

2019-yilning 1-oktabr kuni Pekindagi Tyananmen maydonida oʻtkazilgan paradda Xitoyning jangovar yadroviy kallakka ega DF-41 qitʼalararo ballistik raketalari namoyish etilgan. 30-mart kuni Qoʻshma Shtatlar Xitoy ballistik raketalari uchun moʻljallangan detallar kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi eronlik vositachilarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. [Greg Beyker/AFP]

2019-yilning 1-oktabr kuni Pekindagi Tyananmen maydonida oʻtkazilgan paradda Xitoyning jangovar yadroviy kallakka ega DF-41 qitʼalararo ballistik raketalari namoyish etilgan. 30-mart kuni Qoʻshma Shtatlar Xitoy ballistik raketalari uchun moʻljallangan detallar kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi eronlik vositachilarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. [Greg Beyker/AFP]

Biroq, 3-aprel kuni Eron milliy neft kompaniyasi (NIOC) bosh direktori Muhsin Xoʻjastehmehr “iqtisodiy bosimlarga qaramay neft qazib olish sanksiyalardan avvalgi koʻrsatkichlarga yetganini” eʼlon qilgan. Bu haqda IRNA davlat axborot agentligi xabar berdi.

U ishlab chiqarish hajmi sanksiyalar joriy qilinguniga qadar boʻlgan 3,8 million barrel darajasiga qaytganini aytar ekan, “biz endi eksportimizni ikki baravar oshirish imkoniyatiga egamiz”, deb qoʻshimcha qilgan.

Xitoyning Erondan neft importi

Xitoy Eron neftini anchadan beri sezdirmay import qilib keladi, yetkazib berishlar rasmiy bojxona maʼlumotlarida aks etmaydi, chunki xaridorlar AQSH sanksiyalari ostiga tushishdan qoʻrqadi.

Biroq, yanvar oyida Xitoy bojxonasi davom etayotgan sanksiyalarga qaramay, bir yil ichida ilk marta Eron nefti import qilingani haqida xabar berdi.

Xitoyning Erondan yoqilgʻi importi Tehron oʻz vositachi kuchlari, jumladan Yamandagi xusiylarni moliyalash va qurollantirishni davom ettirayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda.

Shanba, musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyining birinchi kunidan eʼtiboran Yamanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) vositachiligida ikki oylik sulh kuchga kirgan.

Xusiylar va Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya sulhga rioya qilishga kelishib olganlar.

Ushbu sulh Saudiya Arabistoniga qarshi bir qator hujumlar ortidan kuchga kirgan.

25-mart kuni xusiylar Saudiya Arabistonidagi 16 ta nishonga uchuvchisiz dronlar va raketalar bilan hujum qilib, Aramco kompaniyasining Jiddadagi neft mahsulotlarini taqsimlash stantsiyasiga zarba bergan, natijada ikkita rezervuarda yongʻin kelib chiqqan.

Bir necha kun oldin ular Saudiya Arabistonidagi fuqarolik obyektlariga transchegaraviy dron va raketa hujumlari toʻlqinini boshlagan edi.

Ular Eronning qanotli raketalari bilan ash-Shuqayqdagi suvni tozalash korxonasi va Jizandagi Aramco neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilganlar.

Arab koalitsiyasi, shuningdek, xusiylar Bob ul-Mandab boʻgʻozidan oʻtuvchi neft tankerlariga hujum qilishda foydalanishni rejalagan al-Hudayda sohillari yaqinida ikkita qayiqli dronni yoʻq qilgan.

Joriy yil boshida xusiylar Yamanda quruqlikdagi qator magʻlubiyatlardan soʻng Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) uchta alohida hujum uyushtirgan edi.

Xusiylarning hujumlari “Eronning xusiylarga yashirincha qurol-yarogʻ yetkazib berish bilan mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan gʻarazli maqsadlaridan darakdir”, deydi Yamanning huquqiy masalalar va inson huquqlari vaziri oʻrinbosari Nabil Abdul Hafiz.

“Oʻziga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishni talab qilayotgan Eron xalqaro hamjamiyatni va Qoʻshma Shtatlarni aldamoqda”, dedi u Eronni 2015-yilgi yadroviy kelishuv shartlariga qaytarishi mumkin boʻlgan, hozirda davom etayotgan muzokaralarni nazarda tutib.

Rasmiylarga koʻra, Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) xusiylarga yashirincha qurol-yarogʻ yetkazib berishda davom etmoqda va mintaqaviy tanglikni kuchaytirib, Yamanda barqaror tinchlikka erishish imkoniyatini yoʻqqa chiqarmoqda.

IIPK kontrabanda tarmoqlari xusiylarga qurol yetkazib berishni taqiqlovchi BMT tomonidan joriy qilingan qurol embargosini bir necha bor buzishga uringan, dedi Abdul Hafiz.

“Biz AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan Eron qurollari musodara qilingani haqida tez-tez eshityapmiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Xitoydan keladigan ballistik raketa ehtiyot qismlari

Ayni paytda, Xitoydan kontrabanda yoʻli bilan ballistik raketa ehtiyot qismlarini olib oʻtadigan Eron vositachilariga nisbatan sanksiyalar joriy qilingani Pekinning mintaqada beqarorlik keltirib chiqarayotganini tasdiqlaydi.

30-mart kuni Qoʻshma Shtatlar Tehronning yadroviy dasturi uchun materiallar xarid qilishda ishtirok etayotgan bir qancha tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Bu chora Vashingtonning Eronga ballistik raketalar yaratishga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini “mustahkamlaydi”, deb bayonot bergan AQSH moliya vazirining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha oʻrinbosari Brayan Nelson.

Bayonotga koʻra, ushbu sanktsiyalar dastur taʼminotchilari boʻlgan Eron fuqarosi Muhammad Ali Husayniy va uning “kompaniyalar tarmogʻiga” qaratilgan.

Husayniy yuqori darajadagi uchrashuvlarda shaxsan ishtirok etgan va Sina Composite Delijan Co. boshqaruvchisi sifatida IIPKning yuqori martabali amaldorlari bilan birga safar qilgan, deyiladi bayonotda.

U Xitoydan soxta hujjatlar bilan nitril-butadiyenli kauchukni qayta ishlash mashinalarini, shuningdek, xitoylik yetkazib beruvchilardan inert gazli purkovchi maydalash tizimini xarid qilgan.

“Suyuq energiya tegirmonlari deb ham ataladigan purkovchi tegirmonlar qattiq raketa yoqilgʻisini ishlab chiqarishda qoʻllaniladi”, deyiladi bayonotda.

Sanksiyalar bilan, shuningdek, Eron mudofaa sanoati tashkiloti (DIO) tarkibiga kiruvchi Parchin Chemical Industries (PCI) kompaniyasi uchun asosiy vositachi boʻlgan P.B. Sadr Co. kompaniyasi ham nishonga olingan.

P.B. Sadr Co. PCI nomidan Xitoydan olingan ballistik raketa yoqilgʻisi ishlab chiqarishda ishlatiladigan tsentrifuga komponentlarini qabul qiluvchi boʻlgan.

Sanksiyalar 13-mart kuni Eron Iroqning Arbil shahriga uyushtirgan raketa hujumi va 25-mart kuni Saudi Aramco kompaniyasiga hujumi, shuningdek, Eron vositachi kuchlarining Saudiya Arabistoni va BAAga boshqa raketa hujumlari ortidan joriy qilindi, deb xabar beradi Moliya vazirligi.

Eron 13-mart kungi raketa zarbalari uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500