Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Ukrainaga bosqindan keyin Rossiya mehnat migrantlari uchun “xavfli” boʻlib qolmoqda

Kanat Altinbayev

18-aprel kuni Moskvadagi valyuta ayirboshlash shaxobchasidan chiqayotgan ayol. [Aleksandr Nemenov/AFP]

18-aprel kuni Moskvadagi valyuta ayirboshlash shaxobchasidan chiqayotgan ayol. [Aleksandr Nemenov/AFP]

OLMAOTA – Rossiya iqtisodiyotining fevral oyidan boshlangan inqirozi mamlakatda mehnat qilayotgan millionlab Markaziy Osiyolik migrantlar uchun halokatli tus olgan – ular ishidan mahrum boʻlib, avvalgidan ham koʻproq diskriminatsiyaga duchor boʻlmoqda.

24-fevral kuni prezident Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirishga buyruq berganidan keyin yuzlab xalqaro kompaniyalar Rossiyadagi faoliyatini toʻxtatib qoʻydi yoki mamlakatni butunlay tark etdi – ular oʻz ortidan boʻshab qolgan ofislar va ishlamaydigan xodimlarni qoldirib ketgan.

Rossiya hukumati ish oʻrinlari yaratishga urinayotgan boʻlsa-da, ustuvorlik ishsiz rossiyaliklarga qaratilmoqda, natijada mehnat migrantlari daromad manbaisiz va ayrim hollarda vatanga qaytish uchun mablagʻsiz qolib ketmoqda.

“Hisob-kitoblarimizga koʻra, 200 mingga yaqin odam oʻz ishidan ayrilish xavfi ostida”, deb aytgan Moskva meri Sergey Sobyanin dushanba (18-aprel) kuni oʻz blogida.

13-aprel kuni Moskvadagi ofislardan birining kirish eshigini tozalayotgan ayol. Ishsizlikning ortishi koʻplab rossiyaliklarni migrantlar oʻrnini egallashga majbur qilmoqda. [Yuriy Kadobnov/AFP]

13-aprel kuni Moskvadagi ofislardan birining kirish eshigini tozalayotgan ayol. Ishsizlikning ortishi koʻplab rossiyaliklarni migrantlar oʻrnini egallashga majbur qilmoqda. [Yuriy Kadobnov/AFP]

13-aprel kuni Moskvadagi Zaryadye bogʻida pavilyon tomini tozalayotgan ishchilar. [Yuriy Kadobnov/AFP]

13-aprel kuni Moskvadagi Zaryadye bogʻida pavilyon tomini tozalayotgan ishchilar. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Moskvaliklarga ishdan boʻsh vaqtlarida shahardagi bir qator tashkilotlar, xiyobonlar va boshqa joylarda jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati taklif etiladi, dedi u ayrim ish oʻrinlari vaqtinchalik boʻlishini qoʻshimcha qilib.

Moliya va texnologiya sohalariga oid kompaniyalarning chiqib ketishi inobatga olinsa, ish izlayotganlar orasida bankirlar, dasturchi-muhandislar va Rossiyada odatda migrantlar bajaradigan ishlarga koʻnikmagan boshqa “oq yoqali” xodimlar ham boʻlishi mumkin.

“Oldinda ogʻir kunlar kutmoqda”

Sanksiyalar va kompaniyalarning urushga norozilik sifatida Rossiyadan chiqib ketishining toʻlaqonli taʼsiri hali oldinda, deydi iqtisodchilar.

“Ukrainaga bosqin ortidan Rossiya iqtisodiyoti chuqur tanazzulga yuz tutdi, 2022-yilda ishlab chiqarish hajmi 11,2 foizga qisqarishi kutilmoqda”, deb maʼlum qilgan Jahon banki shu oy boshida.

Bu qiyinchiliklar – ishsizlik, daromadlarning yoʻqotilishi, rublning qadrsizlanishi, taʼminotdagi uzilishlar, bank hamda pul oʻtkazishdagi muammolar va barcha mahsulotlar narxining keskin oshishi – ayniqsa mehnat migrantlari uchun ogʻir boʻlishi kutilmoqda.

Moskvadagi dasturiy taʼminot kompaniyasida ofis menejeri boʻlib ishlagan oʻshlik Zarina Attokurova oʻtgan oy kompaniya shtatni qisqartirishni boshlaganida oʻz lavozimidan boʻshatilgan.

“Bizning asosiy mijozlarimiz Yevropa kompaniyalari edi, ammo endi ularni yoʻqotdik”, dedi u. “Oldinda ogʻir kunlar kutib turibdi.”

25 yoshli Attokurova boshqa ish qidirmoqda, ammo hozircha omadi chopgani yoʻq, chunki uning aytishicha, mahalliy mehnat bozori qisqarmoqda.

U ikki xonadoshi bilan Moskva chekkasidagi ikki xonali kvartirada yashaydi. Unda hamma xarajatlarni nazorat qilganida ham, koʻpi bilan yana ikki oylik ijaraga yetadigan pul qolgan, xolos.

“Bundan kelib chiqadiki, ota-onamga pul joʻnata olmayman”, dedi Attokurova. “Bu dahshat.”

Moskvada ishlayotgan toshkentlik quruvchi Oybek Hasanov ham ikki hafta avval ish beruvchi tomonidan maosh toʻlanmaydigan mehnat taʼtiliga chiqarilgan edi. U yotoqxonada boshqa mehnat migrantlari bilan birga kun kechirmoqda.

“Qurilish toʻxtab qolgan, qachon davom ettirilishi, umuman qayta boshlanadimi-yoʻqmi, hech kim bilmaydi. Oxirgi ikki oy davomida menga maosh berishgani yoʻq, umuman pulni koʻrishdan umid uzganman.”

Hasanov xonadonlarni taʼmirlash bilan shugʻullanmoqchi va boshqa oʻzbeklar bilan qoʻshilib brigada tuzmoqda, ammo talab past va taklif yuqori boʻlgan davrda bu ham qiyin ish.

Global inflatsiya bilan bir vaqtga toʻgʻri kelgan rubl kursining pasayishi tufayli qurilish materiallari narxi oshib ketgan, bu esa taʼmirni rejalagan uy egalarining xarid qobiliyatiga taʼsir qildi.

Rossiyaliklar migrantlarning oʻrnini egallamoqda

Ayni paytda migrantlar egallab turgan joylarni ilgari bunday ishlarni mensimagan rossiyaliklar asta-sekin egallab olishmoqda.

Migrantlar qurilishda, restoran ishida, bolalar parvarishi, koʻchalarni tozalash, taksichilik va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida faol mehnat qiladilar.

Moskvada yashovchi mehnat migratsiyasi boʻyicha qirgʻizistonlik mutaxassis, Kginfo.ru axborot-tahliliy portali bosh muharriri Asilbek Egemberdiyevning mart oyi oxirida “Vedomosti” biznes nashriga aytishicha, “ilgari rossiyaliklar migrantlarga xos ogʻir jismoniy ishlarni bajarishni istamas edi”.

“Ammo endi tobora koʻproq mahalliy aholi bunday ishlarga rozi boʻlmoqda va tez orada ular bizni siqib chiqara boshlaydi.”

Bu xavotirlarni Rossiyada ish qidirish boʻyicha eng yirik platforma – hh.ru tomonidan shu oy boshida Sverdlovsk viloyatida oʻtkazilgan soʻrov natijalari ham tasdiqlaydi.

Respondentlarning 36 foizga yaqini mamlakatni tark etgan migrantlarning ish oʻrnini egallashga tayyor ekanini bildirgan.

Ishdan boʻshatilgan ofis menejeri Attokurova Rossiyadagi mehnat migrantlarining ahvolini yanada yomonlashtiradigan tendensiyani tilga oldi.

“Hozirda ish beruvchilar mahalliy aholini – rossiyaliklarni ishga olishga urinmoqda”, dedi u. “Rossiyaning oʻz fuqarolari orasida ishsizlar soni koʻpayib bormoqda va tabiiyki, ular ustuvorlikka ega boʻladilar”.

Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanadigan asli oʻzbekistonlik huquq faoli Valentina Chupik ham ushbu xavotirli tendensiyani tasdiqladi.

“Ish beruvchilar allaqachon ochiq-oydin kamsitishga oʻtib, slavyanlarni ishga olishmoqda”, dedi u.

Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi davlatlardan Rossiyaga kelgan mehnat migrantlarining mehnat sharoitlari, birinchi navbatda, maoshlarning kamayishi tufayli pasayadi, deydi u.

Yuzaga kelayotgan vaziyat migrantlarni Qozogʻiston va Turkiya kabi boshqa davlatlardan ish izlashga undamoqda, deb qoʻshimcha qildi Chupik.

2020-yil mart oyidan beri yetti milliondan ortiq xorij fuqarosi Rossiyada qonuniy ishlash uchun ruxsatnoma oldi, deb xabar bergan “Interfaks” agentligi oʻtgan yilning dekabr oyida Rossiya ichki ishlar vazirligiga (MVD) tayanib.

Xabarda aytilishicha, mehnat migrantlari, jumladan, noqonuniy ishlayotganlarning haqiqiy soni ancha yuqori.

Rossiya fuqaroligi armiyaga chaqiruvni anglatishi mumkin

Iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi Rossiyadagi migrantlar uchun eng yomon istiqbol boʻlmasligi mumkin.

Markaziy Osiyoda tugʻilib, keyinchalik Rossiya fuqaroligini olgan erkaklarning mahalliy harbiy komissariatlarga chaqirilishi bilan bogʻliq holatlar koʻpayib bormoqda.

Tojik va turkman millatiga mansub fuqarolardan tashqari (ularning hukumatlari Kreml bilan kelishuv imzolagan), Rossiya fuqaroligiga qabul qilinganlar, hatto oʻz vatanlari armiyasida xizmat qilgan boʻlsalar ham, harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.

Bunday yoʻl bilan fuqarolik olganlar harbiy xizmatga chaqirilganida xizmat qilishdan bosh tortsa, fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin.

Rossiya armiyasi Ukrainadagi urush tufayli zaxiradagi zobitlar, jumladan, Markaziy Osiyoda tugʻilgan erkaklar uchun ham safarbarlik chaqiruvini boshlagan.

Moskvadagi tojikistonlik migrantlar huquqlari faoli Karimjon Yorovning 4-mart kuni Facebook sahifasida yozishicha, Rossiyadagi ayrim migrantlar Ukrainada Rossiya armiyasi safida jang qilishdan koʻra, boshqa davlatlarga qochib ketish haqida oʻylamoqda, deb xabar beradi Cabar.asia sayti 6-aprel kun.

U Rossiya fuqaroligini olgan va harbiy xizmatga chaqirilishdan qoʻrqayotgan uch nafar tojikistonlik bilan bogʻliq voqeani soʻzlab bergan. Bu erkaklar tojik armiyasida xizmat qilmaganlar, bu ularni Rossiyada harbiy xizmatga chaqiruvdan ozod qilishi mumkin edi.

“Ular mendan [voyenkomatga] borishmasa yoki boshqa davlatga qochib ketishsa nima boʻlishini soʻrashdi”, dedi Yorov. “Bugun uch nafar tojikistonlik Rossiya fuqaroligidan voz kechsa nima boʻlishini, bu jarayon qancha vaqt olishini soʻradi. Ulardan biri buning uchun hatto pul toʻlashga ham tayyor edi”.

“Tojikistonliklar unga Rossiya fuqaroligini urush uchun emas, balki yaxshiroq hayot va farzandlarining kelajagi uchun olganliklarini aytishgan”, deb yozadi Cabar.asia.

Keyinroq Yorov bu postini oʻchirib tashlagan.

Ayni paytda Oʻzbekiston hukumati oʻz fuqarolarini chet ellik jangarilar safiga qoʻshilish yoki yollanma askar sifatida jang qilish taqiqlangani haqida ogohlantirgan.

“Hozirgi kunda migrantlar Rossiyani tark etib, uyiga ketgani yoki boshqa mamlakatlarda ish topgani maʼqul”, deydi migrantlar huquqlari faoli Chupik. “Bu mamlakatda yashash xavfli boʻlib bormoqda.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada yaxshi narsaning oʻzi qolmagan, mamlakat qashshoqlik sari qulab bormoqda, ishlab topilgan pullarni esa sanksiyalar tufayli vatanga yuborish qiyin.

Javob berish

U yerda anchadan beri qoʻlga ilinadigan narsa qolmagan, bir nechta sohalar hali ham nafas olib turgan edi, lekin eng yaxshi mutaxassislar ketishga harakat qilishdi, iqtisod poraxoʻrlik va podshohga sigʻinishga asoslangan edi, turmush sharoitlari esa oddiy, hatto ularga ham chidab boʻlmasdi.
Qashshoqlik allaqachon mavjud edi, lekin bularning bari yana qayergacha borishini tasavvur qilish qoʻrqinchli.
Bundan tashqari, Ukrainadagi oʻsha “oʻljali” varvarlarning ayrimlari qaytib kelishadi, keyin nima? Ular qonunbuzarlikka oʻrganib qolishgan va oʻz shaharlarida oʻldirish va zoʻrlashni boshlaydilar.

Javob berish

Bundan ancha oldin, 1990-yillarda Rossiyaga koʻchib kelgan qozogʻistonlik slavyan haqida gazetada maqola oʻqigandim. Fuqarolikni olishi tez va oson kechmagan, keyin esa harbiy xizmatga chaqirilgan ekan – oʻsha yerda hammasini hal qilamiz, deb vaʼda berishgan. U Chechenistonda jang qilgan, yaralangan va mukofot olgan. Ammo imtiyozlar haqida gap ochilganida, u yuridik jihatdan hali ham Qozogʻiston fuqarosi ekani maʼlum boʻlgan. Shu tariqa xalqaro mojaro kelib chiqmasligi uchun unga darhol Rossiya pasportini berishgan. Ammo bu voqea yana bir bor shuni isbotlaydiki, “vatandoshlar” Kreml uchun shunchaki sarflanadigan materiallar, xolos.

Javob berish

“Vatandoshlar” shunchaki sarflanadigan buyumdek.
Urushda qandaydir xizmatlari uchun taqdirlangani gʻalati. Ular uchun yoddan chiqarish, ularni “urushda yoʻqolgan” deb nomlash yoki keyinchalik pul toʻlamaslik uchun yaralanganlarni oʻldirish odatiy holat. Rossiyaning hech qanday dahli yoʻq, askarlar boshqa mamlakatlardan boʻlgandek goʻyo va hokazo.
Rossiyaga koʻra, LXR va DXR umuman rossiyalik askarlar boʻlmagan. Ammo, u yerdagi odamlar Rossiya armiyasining harbiy oziq-ovqatlarini koʻp koʻrishgan va rossiyalik koʻp askarlarni qoʻlga olishgan.
Ammo, Rossiya armiyasining bunga hech qanday aloqasi yoʻq, ular shunchaki oʻtib ketishayotgan boʻlishadi.

Javob berish