Karvonsaroy
Terrorizm

Afgʻonistondan Oʻzbekistonga qarata uchirilgan raketalar uchun javobgarlikni “Islom davlati” oʻz zimmasiga oldi

Karvonsaroy

Oʻzbekistonga qilingan ID hujumiga oid bayonot doirasida jangari guruh aʼzosi snaryadlar bilan suratga tushgan, 18-aprel. [Fayl]

Oʻzbekistonga qilingan ID hujumiga oid bayonot doirasida jangari guruh aʼzosi snaryadlar bilan suratga tushgan, 18-aprel. [Fayl]

“Islom davlatining” Xuroson boʻlinmasi dushanba (18-aprel) kuni Oʻzbekistonga qoʻshni Afgʻonistondan qilingan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi. Bu guruh tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatiga bunday hujumning ilk bor sodir etilishidir.

Guruh Oʻzbekiston janubi chegarasidagi Termiz shahridagi kuchlarga qarata 10 ta Katyusha raketasini uchirgan. Hujum ID matbuot vakili tomonidan yuborilgan audioxabar ortidan amalga oshirilgani aytilmoqda.

17-aprel kuni ID dunyodagi barcha jangarilarni rasmiylar va askarlarga qarshi “ulkan va ogʻriqli” hujumlar sodir etishga chaqirgan.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov bunday voqea sodir boʻlganini inkor etarkan, Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasida hech qanday faollik qayd etilmagani haqida xabar bergan.

ID videosidan olingan skrinshotda birinchi Katyusha raketasi uchirilgan vaqt aks ettirilgan. [Fayl]

ID videosidan olingan skrinshotda birinchi Katyusha raketasi uchirilgan vaqt aks ettirilgan. [Fayl]

Oʻzbekiston mudofaa vazirligi ham xuddi shunday raddiya bildirgan.

Ammo, ID sodir etilgan hujum dalili sifatida suratlar va videolarni taqdim etgan. Afgʻonistondagi rasmiylar esa Hayratonda “muvaffaqiyatsiz hujumga” aloqador uch kishi qoʻlga olingani haqida xabar berganlar.

Kuchayib borayotgan xavf

Afgʻonistondagi siyosiy va iqtisodiy mavhumlik fonida IDning Xuroson boʻlinmasi tomonidan amalga oshirilgan soʻnggi hujum mamlakatda guruh oʻzining yollash kampaniyasi koʻlamini kengaytirayotgani va mintaqaga jiddiy xavf tugʻdirayotgani borasidagi tashvishlarni kuchaytirmoqda.

Oʻtgan yilning avgust oyida asosan ID tomonidan amalga oshirilgan hujumlarda qariyb 400 ta fuqaro halok boʻlgan, deyiladi Birlashgan Millatlar Tashkilotining soʻnggi hisobotida.

“Ayni vaqtda ID Afgʻoniston uchun har qachongidan ham koʻproq xavf tugʻdiradi”, deb aytgan Parvan va Farah viloyatlarining sobiq hokimi va ayni vaqt Turkiyada yashayotgan harbiy tahlilchi Abdul Basir Salangi shu oy boshida.

“Agar mintaqadagi qoʻshni va boshqa davlatlar IDni qoʻllab-quvvatlashda davom etsa, guruh oqibatda yanada kattaroq xavfga aylanadi va uni yengish juda mushkul boʻladi”, deb aytgan u.

ID Afgʻonistonning joriy hukumatidagi boʻshliqni mamlakat boʻylab jangarilar sonini tezlik bilan oshirish imkoniyati sifatida qoʻllamoqda, deb aytgan Hirotdagi harbiy tahlilchi Muhammad Naim Gʻayur.

“Soʻnggi oylarda ID tomonidan sodir etilgan hujumlarning koʻpayishi terrorchi guruhning nafaqat kuchaygani, balki Afgʻonistonning xavfsizligiga tahdid solish uchun oʻz salohiyatini oshirganidan ham dalolat beradi”, deb qoʻshimcha qilgan edi u.

Rossiya yaqinlashmoqda

Bu vaziyat fonida bunday terrorchilik hujumlari Markaziy Osiyo uchun nimani anglatishi borasidagi xavotirlar kuchaygan.

Afgʻonistonlik qator tahlilchilarga koʻra, Rossiya mintaqada oʻz yakkahokimligini kuchaytirish uchun ID tahdidini atayin boʻrttirib koʻrsatmoqda.

Afgʻonistonning uch qoʻshnisi – Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston singari postsovet respublikalar hali ham Moskvaning taʼsiri ostida, ammo soʻnggi yillarda Kremlning qamrovidan chiqishga harakat qilmoqda.

Mustaqillik tomon bunday harakat Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning ittifoqchilarini tashvishga solar ekan, kuzatuvchilarga koʻra, soʻnggi voqealar rossiyaliklar qanday qilib davlatlarni oʻz safiga qaytarishga harakat qilayotganliklarini koʻrsatmoqda.

Rossiya razvedkasiga koʻra, Afgʻoniston shimolida 2000 ga yaqin janglarda chiniqqan jangarilar toʻplangan va “bevosita ekspansiya” orqali yaqin atrofdagi davlatlarni beqarorlashtirishga harakat qilishi mumkin, deb aytgan Putin oʻtgan yil oktabr oyidagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) sammitida.

Boshqa hech qaysi davlatning razvedka xizmati kuchlarning bunday toʻplanishi haqida xabar bermagan. IDning Afgʻoniston shimoliy chegaralariga yaqinlashuvini boʻrttirish orqali Rossiya ularni oʻz nazorati ostida saqlash uchun mintaqadagi davlatlarga siyosiy va xavfsizlik sohasidagi taʼsirini kuchaytirishga urinmoqda, deydi Putinning gaplariga javoban xalqaro aloqalar boʻyicha tahlilchi, kobullik Latif Nazariy.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mart oyida oʻz rahbarining pozitsiyasini takrorlagan.

“ID va uni qoʻllab-quvvatlovchilarning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaga beqarorlik olib kirish rejalari biz uchun alohida xavotirli”, deb aytgan Lavrov Reuters agentligiga koʻra.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500