KIYEV – Ukraina sharqidagi qamalda qolgan Mariupol port shahridagi gumanitar vaziyat “halokatli” darajada qolmoqda, Rossiya qoʻshinlari esa shaharda koʻplab tinch aholini garovda ushlashda davom etmoqda, deb xabar beradi rasmiylar chorshanba (20-aprel) kuni.
Kiyev chorshanba kuni Rossiya kuchlari bilan qariyb ikki oylik qamaldan soʻng xavfsiz yoʻlak ochishga kelishib olganini aytdi. Ukrainalik rasmiylar Mariupol “bir necha soat” ichida Rossiya qoʻliga oʻtishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Seshanba kuni CNNga bergan intervyusida Donetsk viloyati harbiy maʼmuriyatini nazorat qiluvchi Pavlo Kirilenko Mariupol bahsli hudud boʻlib qolayotganini taʼkidladi.
“Shahar uzra Ukraina bayrogʻi hilpirab turibdi. “Koʻcha janglari davom etayotgan ayrim tumanlar bor. Ularni ruslar nazorat qilyapti, deb boʻlmaydi.”
“Mariupoldagi halokatli gumanitar vaziyatni inobatga olgan holda... ayollar, bolalar va qariyalar uchun gumanitar yoʻlak tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdik”, deb yozgan chorshanba kuni Telegramda bosh vazir oʻrinbosari Irina Vereshchuk AFP xabariga koʻra.
Mariupoldan tinch aholini evakuatsiya qilish boʻyicha avvalgi urinishlar koʻcha janglari va oʻqqa tutishlar davom etayotgani bois muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.
Rossiya askarlari uyushgan insonparvarlik yordami karvonlarining shaharga kirishiga yoʻl qoʻymay, boʻsh avtobuslarning tinch aholini evakuatsiya qilishiga ruxsat bermagan.
Moskva bir necha bor shahar himoyachilarini taslim boʻlishga chaqirgan.
Kreml kuchlari Mariupoldagi ulkan “Azovstal” metallurgiya zavodidan Ukrainaning qolgan qoʻshinlarini siqib chiqarishga urinmoqda.
Zavodda minglab askarlar va tinch aholi vakillari qolmoqda, deb xabar beradi AFP.
Mariupol merining maslahatchisi qurshab olingan majmuadagi “dahshatli vaziyatni” tasvirlar ekan, 2000 ga yaqin odam, asosan ayollar va bolalar “normal” ichimlik suvi, oziq-ovqat va toza havo taʼminotisiz qolganini maʼlum qildi.
Eng shiddatli janglardan ayrimlari Azov dengizidagi strategik muhim port shahri atrofida kechdi – u Moskva nazorati ostida boʻlgan Ukraina sharqidagi hududlar va Kreml tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli oʻrtasida quruqlikdagi koʻprik vazifasini oʻtaydi.
Gumanitar falokat
64 yoshli Feodosiya Ritsik urush boshlanganidan keyin Ukraina gʻarbidagi Lutskka evakuatsiya qilinguniga qadar Mariupolda ikki yarim hafta yashadi.
“Ketayotganimizda shaharda na issiqlik, na elektr va na suv bor edi. “Omon qolish uchun biz daraxtlarni kesib, ovqat pishirish uchun oʻtin yoqardik.”
Tuman boʻylab Ukrainadagi eng yirik metallurgiya zavodlaridan biri boʻlgan Mariupoldagi Ilyich zavodida ishlab turgan suv manba borligi haqida gap-soʻzlar tarqamagunicha suv muammosi hal etilmadi.
Manba deganlari metall quvur boʻlib, undan tunu kun ichimlik suvi oqib turardi, dedi Ritski: “Bir baklajka suv olish uchun bir necha soat navbatda turishingiz kerak edi”.
“Azov” batalyoni qoʻmondoni Denis Prokopenkoning aytishicha, suv tanqisligi sabab jangchilar sanoat uchun moʻljallangan suvni qaynatib ichishga majbur. “Azov” bataloni Mariupolni himoya qilmoqda.
“Bu chinakam gumanitar falokat, chunki shaharda qolgan tinch aholi ham xuddi shunday ahvolda”, dedi u 31-mart kuni ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida.
BMT Qochqinlar boʻyicha oliy komissarining seshanba (19-aprel) kuni maʼlum qilishicha, Rossiya bosqini boshlangan 24-fevraldan beri 5 034 439 nafar ukrainalik qochoqqa aylangan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hisob-kitoblariga koʻra, 7,1 million odam oʻz uyini tark etgan, ammo hali ham Ukrainada qolmoqda.
Aholining chorak qismidan koʻpi oʻz uylarini tashlab ketishga majbur boʻlar ekan, koʻngillilar va xalqaro hamjamiyatning yordami, jumladan, Qozogʻiston va Oʻzbekiston kabi Markaziy Osiyo davlatlarining koʻmagi ham muhim ahamiyatga ega boʻldi.
“Vahima va qoʻrquvda ushlash”
Tinch aholini Mariupoldan evakuatsiya qilishga oid kelishuvda avvalgi tajriba inobatga olinishi kerak, deydi kuzatuvchilar.
Kiyevlik siyosiy tahlilchi, 33 yoshli Mikola Davidyukning aytishicha, u 13-mart kuni Irpen yaqinidagi gumanitar yoʻlak boʻylab tinch aholi evakuatsiya qilinganiga guvoh boʻlgan. Davidyuk u yerga voqealarni yoritayotgan ikki nafar xorijlik jurnalist bilan borgan.
“Shaharning katta qismini ruslar egallab olgan edi”, deb eslaydi u.
Ammo Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarini reintegratsiya qilish vazirligi ruslar bilan aholini olib chiqish haqida kelishib oldi va “ular [ruslar] chindan ham bu evakuatsiyani boshladilar”, dedi Davidyuk.
“Ammo kunduzi soat 11 larda birdaniga shaharning okkupatsiya qilingan va rossiyalik askarlar joylashgan qismida askarlardan biri chiqib, oʻq uza boshladi”, dedi u. “Uning ortidan boshqalar ham chiqib, odamlarni oʻqqa tuta boshladilar.”
Oʻqlardan biri Daviduk bilan evakuatsiya joyiga kelgan amerikalik jurnalist Brent Renoning oʻlimiga sabab boʻldi. Uning hamkasbi, amerikalik fotojurnalist Xuan Arredondo jarohatlangan.
“Oʻylaymanki, bu jang olib borishning ruscha uslubi”, deb aytgan Davidyuk shu kabi holatlar sanoqsiz ekanini taʼkidlab.
“Ular qanchalik qattiqqoʻl va shafqatsiz ekanliklarini koʻrsatish uchun atayin vahima qoʻzgʻaydilar. Ular biror odamning qoʻllarini orqasiga bogʻlab, oʻldirishlari yoki qoʻlida oq bayroq bilan nonga navbatda turgan nafaqaxoʻrni otib tashlashi mumkin”, deb qoʻshimcha qilgan u.
3-aprel kuni tarqagan Irpenga qoʻshni Bucha shahridan olingan suratlar va videolar xalqaro hamjamiyatning gʻazabini keltirib chiqargan.
Suratlarda rossiyalik askarlar ketganidan keyin koʻchalarda ayrimlarining qoʻllari orqasiga bogʻlangan murdalar yotgani aks etgan.
“Bu odamlar nima uchun oʻldirilgan? Koʻchada velosiped haydab ketayotgan odam nima qildi? Oddiy tinch shaharning oddiy aholisini nimaga qiynab oʻldirishadi?”, deb aytgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-aprel kungi nutqida.
“Kim ayollarning quloqlaridagi ziraklarni yulib olib, keyin ularni boʻgʻadi? Qanday qilib farzandlari koʻz oʻngida onalarni zoʻrlab oʻldiradi, jasadi ustida turib ularni mazax qiladi?”, deb aytgan u.
“Kim murdalarni tank bilan bosadi? Ukrainaning Bucha shahri sizlarning Rossiyangizga nima qildi?”, deb aytgan Zelenskiy.
Xavf saqlanib qolmoqda
Ularning hujumlaridan hech qancha oʻtmay, Rossiya askarlari Kiyevni ishgʻol qilish va poytaxtni gʻarbdan toʻsib qoʻyish maqsadida uning yaqinida Bucha, Irpen va Gostomel shaharlarini qurshab olganlar.
Ammo ularning rejalari amalga oshmadi.
Poytaxt va uning chekka hududlarini Ukraina armiyasi nazorat qilmoqda.
Kiyev hokimi Vitaliy Klichko hozircha shaharga ommatan qaytmaslikni maslahat bermoqda. Doimiy tarzda eshitilayotgan sirenalar va raketa hujumlari odamlar hayotiga jiddiy xavf mavjudligini anglatadi.
Rossiyaliklar qoʻlga olishni rejalashtirgan Ukraina va Rossiya chegarasi boʻylab joylashgan Chernigov, Sumi va Xarkov kabi boshqa katta shaharlar ham xuddi shu muammoni boshdan kechirmoqda.
Rossiyalik askarlar ularni Mariupoldagidek qamal qila olmadilar, ammo raketa va havo hujumlari tufayli yuzlab begunoh odamlar halok boʻldi.
Siyosiy tahlilchi Davidyuk rossiyalik askarlarning Ukraina shaharlaridagi qilmishlarini xalqaro miqyosda tergov qilishga chaqirdi.
“Ular xulosa chiqarib nima boʻlganini baholashlari kerak”, deb aytgan u. “Aybdorlarning jazolanishi uchun biz ularga hammasini koʻrsatish va aytib berish uchun qoʻlimizdan kelganini qilishimiz kerak.”
Nafaqat ukrainaliklar, balki insoniyatga qarshi sodir etilgan qancha jinoyatlarga guvoh boʻldik? Buni tasavvur qilib boʻlmaydi, ammo voqelikda shunday boʻldi. Ular qoʻrqitishda davom etmoqda, biz esa sodir boʻlayotgan hodisalarning yarmini ham bilmaymiz.
Javob berishFikrlar 2
Varvarlarku bu
Javob berishFikrlar 2