OLMAOTA – Rossiyaning Ukrainaga toʻxtab qolgan bosqini, ikkinchi oydirki, Rossiya armiyasining salohiyati va Moskvaning Markaziy Osiyodagi xavfsizlik kafolati sifatidagi anʼanaviy roli borasida savollar tugʻdirmoqda.
Ukrainaning shimoldagi mudofaasini yorib oʻtolmay, Kiyevni ishgʻol qila olmagan Rossiya oʻz maqsadini oʻzgartirib, maqsad – butun Donbass mintaqasini “ozod qilish” ekanini aytgan.
Bu oʻzgarish Ukraina mudofaa vazirligi chorshanba (20-aprel) kuni 20900 ga yaqin rossiyalik askarni oʻldirilgani va koʻplab taktik nosozliklar aniqlangani haqida xabar berishi ortidan kuzatilgan.
20 dan ortiq yuqori martabali harbiy ofitserlar, jumladan sakkiz general bosqinda halok boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, urushning boshida Rossiya qoʻshinlari smartfonlar va push-to-talk funksiyali radioqurilmalar kabi himoyalanmagan aloqa vositalaridan foydalangan.
Shu bilan birga, taʼminotdagi muammolar va yoqilgʻi taqchilligi tufayli qoʻshinlar mashinalarini tashlab ketishga majbur boʻlgan.
Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyatning Rossiya harbiy salohiyatini keragidan ortiq baholab yuborganini oshkor qildi, deydi Armiya, konversiya va qurolsizlanish tadqiqotlari markazining Osiyo-Tinch okeani boʻlimi rahbari, kiyevlik Yuriy Poyta Karvonsaroy nashriga.
U Rossiya qurollarining qoloqligini, ofitserlar professionallik darajasining pastligi va qatʼiy vertikal boʻysunish tizimiga asoslangan harbiy qoʻmondonlik va boshqaruvning sovetcha eskirgan yondashuvlarini sanab oʻtgan.
“Biz turli jangovar kuchlar oʻrtasidagi muvofiqlashuvning sustligini, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksining Gʻarbdan keladigan butlovchi qismlarga qaramligini va shu tufayli yopiq ishlab chiqarish siklini tashkillashtirish imkonsiz ekanligini koʻrmoqdamiz”, dedi Poyta.
Bu zaifliklar Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlarini himoya qilish salohiyatiga bevosita taʼsir qilishi mumkin, deydi u.
Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi Rossiya kuchlari klassik urush olib borishga moslashgan, bu esa dushman aholi punktlariga tanklar yoki piyodalar bilan bostirib kirishini nazarda tutadi.
Bunday yondashuv eskirgan, chunki zamonaviy harbiy toʻqnashuvlar oʻzgargan, deydi Poyta.
Hozir janglar assimetrik taktika, qayishqoqlik va moslashuvchanlik, tankka qarshi yengil va zenit qurollaridan samarali foydalanishga, shuningdek, mahalliy aholi orasida keng informatorlar tarmogʻining mavjudligiga tayanadi, dedi u.
Rol kichraymoqda
Bu kabi xatolar Rossiyaning mintaqa xavfsizligi kafolati sifatidagi soʻzsiz roli borasida Markaziy Osiyodagi kuzatuvchilarda savollar tugʻdirmoqda.
Rossiya 1990-yillardan beri ekstremizm va terrorizm tahdidini bahona qilib, mintaqadagi harbiy taʼsirini saqlab qolishga urinib keladi. U Qirgʻiziston va Tojikistondagi harbiy bazalarga tayanib, mintaqa davlatlarini muntazam ravishda qurol-yarogʻ bilan taʼminlab turgan.
“Ukrainadagi soʻnggi voqealar Markaziy Osiyoda islomiy xalifalik qurish orzusidagi potensial jangarilarga Rossiya qurollarining qoloqligini koʻrsatib qoʻydi”, deydi Poyta.
Bosqin mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ham ogʻirlashtirdi, “ichki siyosiy vaziyatni beqarorlikka yanada zaifroq qilib qoʻydi”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Rossiyaning “xavfsizlik kafolati” va ishonchli hamkor sifatidagi ahamiyati sezilarli darajada pasaygan, bu esa Markaziy Osiyo davlatlarini muqobil yechimlar izlashga undaydi”.
Qirgʻiziston va Tojikistondagi Rossiya harbiy boʻlinmalari uxlab yotgan ekstremistik yacheykalarga qarshi kurashishga mutlaqo tayyor emas, bu esa tashqaridan bostirib kirishdan koʻra koʻproq xavf tugʻdiradi, deydi Poyta.
Ukrainadagi urush botqogʻiga botib qolgan Rossiya Markaziy Osiyodagi biror hodisada yordam bera olmaydi, deydi ayrim kuzatuvchilar.
Xavfsizlik boʻyicha bishkeklik tahlilchi Kasibek Jolchuyev 1999-yilda Tojikistondan Botken viloyatiga kirib kelgan Oʻzbekiston Islomiy Harakati (OʻIH) jangarilari bilan Qirgʻiziston oʻrtasida bir necha oy davom etgan toʻqnashuvni tilga oldi.
Qirgʻiziston kuchlari va terrorchilar oʻrtasida uch oy davom etgan jangovar harakatlar qirgʻizlarning gʻalabasi bilan yakunlandi, dedi Jolchuyev.
Bu vaqtda Rossiya ikkinchi chechen urushi bilan band edi va Qirgʻizistonga qoʻshimcha harbiy kuch yubormadi, dedi u.
Hatto Qirgʻizistonning Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) harbiy blokiga aʼzoligi ham inqirozli vaziyatlarda yordam berolmaydi.
“2010-yilda Qirgʻiziston janubida millatlararo xunrezlik boshlanganida mamlakatimizda joylashgan Rossiya kontingenti hech narsa qilgani yoʻq”, deydi Jolchuyev koʻpchilik qirgʻizlar va etnik oʻzbeklardan iborat ozchilik oʻrtasidagi toʻqnashuvlarga ishora qilib.
“Rasmiylarimiz barqarorlikni tiklashda yordam soʻrab Moskvaga murojaat qilganida, KXSHT harbiy bloki Qirgʻizistonning ichki ishlariga aralashmasligini taʼkidlab, rad javobini berdi”.
Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, Rossiya Qirgʻizistonda faoliyat yuritayotgan buzgʻunchi harakatlar va terrorchilik yacheykalarining hujumini ham tezkor chora talab qilmaydigan “ichki masala” deb hisoblashi mumkin, dedi u.
“Mana sizga kafillik.”
Doʻstmi yoki dushman?
Ukrainani kuzatayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun davlat darajasidagi eng katta milliy tahdid – Rossiyaning oʻzi, ayniqsa ular Moskvaning taʼsir doirasidan chiqishga harakat qilsa.
Rossiya Ukrainada qoʻllayotgan taktikani boshqa joyda ham qoʻllashi mumkinligi haqidagi xavotirlar Markaziy Osiyoda, xususan, shimoliy viloyatlarida etnik ruslar koʻp boʻlgan Qozogʻistonda keng tarqalgan.
Rossiya rasmiylari koʻp yillar davomida Qozogʻistondagi ruslarni “qutqarish” kerak degan gʻoyani yoyinlashga harakat qilmoqda.
Oʻtgan yilning noyabr oyida “Rossiyskaya gazeta” davlat nashrida chop etilgan maqolada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozogʻistonni “rusiyzabon fuqarolarga nisbatan ksenofobiyada” ayblab, “ogʻir vaziyatlar” yuzaga kelgan taqdirda “operativ choralar” koʻrilishi bilan tahdid qilgan edi.
Qozogʻiston ham, Oʻzbekiston ham Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi”ni qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortib, Gʻarb sanksiyalariga rioya qilmoqda.
Vashingtondagi milliy mudofaa universiteti professori Erika Maratning taʼkidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumidan oldin Moskvaning ayblovchi ritorikasi yangragan edi.
“Markaziy Osiyo, xususan Qozogʻiston [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin qanday qilib gap-soʻzlardan muayyan harakatlarga oʻtishi mumkin boʻlgan ssenariylar haqida oʻylab koʻrishi kerak”, dedi Marat.
Xitoy qanchalik faol harakat qilayotganini hisobga olsak, bu kuchsiz imperiyadan koʻra ishonchliroq davlai topish kerak. Yaqinda ot-ulovga oʻtishadi, hatto oʻzlariga ham xavfsizlikni taʼminlay olmasalar kerak.
Javob berishFikrlar 5
Hamma texnikani Ukrainaga tashlagan boʻlishsa, shuning yarmi ishga yaroqsiz boʻlsa, qanday qilib ular kafil boʻla olishadi?
Javob berishFikrlar 5
Bekor gap! Eng kami Rossiya kerak bizga. Odamlar oʻz mamlakatida qanday yashashini oʻrgatishdan avval oʻzlarida tartibga solishsin.
Javob berishFikrlar 5
Bu chirigan Rossiya qanday qilib xavfsizlik kafolati boʻlishi mumkin? Oʻzini oʻzi qutqarsin.
Javob berishXavfning kafili! Oʻzlariga hech nimani kafolat bera olmaydilaru, hamma yerga hech kimga kerak boʻlmagan “Rus dunyosi” mafkurasini tiqishtiradi. Hammaning joniga tegib boʻldi!
Javob berishFikrlar 5