Karvonsaroy
Xavfsizlik

Oʻz qoʻshinlarini taʼminlay olmayotgan Rossiya yollanma askarlarni qanday qoʻllab-quvvatlamoqchi?

Karvonsaroy

26-fevral kuni Xarkov chekkasida vayron qilingan harbiy mashinalar oldida yotgan rossiyalik askar jasadi. [Sergey Bobok/AFP]

26-fevral kuni Xarkov chekkasida vayron qilingan harbiy mashinalar oldida yotgan rossiyalik askar jasadi. [Sergey Bobok/AFP]

Ukrainadagi urushda Rossiya qoʻllovidagi yollanma askarlarning ishtirok etayotganiga oid dalillar koʻpayar ekan, Ukrainadagi rus qoʻshinlarining yetarlicha taʼminlanmayotgani fonida Moskva bu jangchilarni qanday taʼminlashi haqidagi savollar paydo boʻlmoqda.

Yevropa rasmiylaridan birining oʻtgan haftadagi hisob-kitobiga koʻra, Ukrainada Rossiyaning “Vagner” guruhi xususiy harbiy kompaniyasiga (XHK) tegishli, shuningdek, Suriya va Liviyadan kelgan 20 mingga yaqin yollanma askar Moskva kuchlari safida jang qilmoqda.

Rossiya va uning ittifoqchilari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Liviyadagi janglar uchun suriyalik yollanma askarlarni roʻyxatdan oʻtkazishda foydalangan yollash punktlarini qayta ishga tushirgan. Bu haqda oʻtgan oyda suriyalik faollar xabar berishgan.

Fevral oyida esa, Rossiya bosqini oldidan misli koʻrilmagan sondagi Kremlga aloqador yollanma askarlarning Afrikadagi qaynoq nuqtalardan chiqib, Suriya va Sharqiy Yevropaga qaytishi kuzatilgan.

5-mart kuni Kiyevda Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tarafidan ommaga tanishtirilgan rossiyalik harbiy asirlar. Rossiya Ukrainani qisqa fursatda ishgʻol qilishni koʻzlagan edi. Buning oʻrniga asirga olingan rossiyaliklar ularga urush haqida yolgʻon soʻzlagan qoʻmondonlarini qoralab chiqqan. [Dafna Russo/AFP]

5-mart kuni Kiyevda Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tarafidan ommaga tanishtirilgan rossiyalik harbiy asirlar. Rossiya Ukrainani qisqa fursatda ishgʻol qilishni koʻzlagan edi. Buning oʻrniga asirga olingan rossiyaliklar ularga urush haqida yolgʻon soʻzlagan qoʻmondonlarini qoralab chiqqan. [Dafna Russo/AFP]

Ukrainadagi rossiyalik yollanma askarlar, 18-aprel kuni eʼlon qilingan surat. [Telegram]

Ukrainadagi rossiyalik yollanma askarlar, 18-aprel kuni eʼlon qilingan surat. [Telegram]

Aprel oyi boshida Germaniya tashqi razvedka xizmati tomonidan qoʻlga kiritilgan maxfiy maʼlumotlardan 400 dan ortiq tinch fuqaro qatl etilgan Bucha shahridagi qirgʻinda Vagner yollanma askarlari yetakchi rol oʻynagani tasdiqlandi.

Ukrainaning katta shaharlarida yirik magʻlubiyatlarga uchragan Rossiya oʻz strategiyasini oʻzgartirganidan soʻng, ushbu yollanma askarlar hozirda Kremlning Ukraina sharqiga qarshi kampaniyasida asosiy vazifani bajarayotgani taxmin qilinmoqda.

Vagner yollanma askarlari Ukrainada ilk bor 2014-yilda, Rossiya Qrimni anneksiya qilganida joylashtirilgan. Keyingi yillarda ular butun dunyo boʻylab, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Chad va Malidagi mojarolarda ishtirok etdi.

Och va yaxshi jihozlanmagan Rossiya qoʻshinlari

Bu yollanma askarlarning bari Ukrainada toʻplanar ekan, Rossiya muntazam qoʻshinlarining yetarlicha jihozlanmagani, oziq-ovqat bilan taʼminlanmayotgani va toʻgʻri boshqarilmayotganiga oid dalillar koʻpayib bormoqda.

Rossiya bergan qurbonlarga oid raqamlar turlicha, biroq Ukraina mudofaa vazirligi dushanba (25-aprel) kuni hozirgacha 21900 ga yaqin rossiyalik askar oʻldirilganini aytgan.

Rossiya armiyasini oʻrganayotgan tahlilchilar hujumning samarasiz boshqarilayotganidan hayratda ekanliklarini aytishgan.

Bosqinchilar karvonlari yoqilgʻi va boshqa oʻq-dorilar yetishmovchiligi sababli toʻxtab qolgan, Rossiyaning yuzlab zirhli mashinalari yoʻqotilgan, soni va qurollanishi jihatidan ustun boʻlgan ukrainaliklar esa Kreml havo kuchlariga havoda nazorat oʻrnatishga yoʻl qoʻymadi.

Och qolgan rus qoʻshinlarining oʻz boʻlinmalarini tashlab, oziq-ovqat doʻkonlarini talon-taroj qilishi va fermalardan tovuq oʻgʻirlashi videotasvirga olingan.

Ukrainadagi urush xalqaro hamjamiyatning Rossiya harbiy salohiyatini keragidan ortiq baholab yuborganini oshkor qildi, deydi Armiya, konversiya va qurolsizlanish tadqiqotlari markazining Osiyo-Tinch okeani boʻlimi rahbari, kiyevlik Yuriy Poyta.

U Rossiya qurollarining qoloqligini, ofitserlar professionallik darajasining pastligi va qatʼiy vertikal boʻysunish tizimiga asoslangan harbiy qoʻmondonlik va boshqaruvning sovetcha eskirgan yondashuvlarini sanab oʻtgan.

“Biz turli jangovar kuchlar oʻrtasidagi muvofiqlashuvning sustligini, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksining Gʻarbdan keladigan butlovchi qismlarga qaramligini va shu tufayli yopiq ishlab chiqarish siklini tashkillashtirish imkonsiz ekanligini koʻrmoqdamiz”, dedi Poyta.

Yollanma askarlarga berilgan quruq vaʼdalar

Bularning bari kuzatuvchilarda “oʻz armiyasini ham taʼminlay olmayotgan Kreml yollanma askarlarni qanday taʼminlay oladi” degan savollarni keltirib chiqarmoqda.

Suriyadagi yollanma askarlar allaqachon buning javobini biladilar: Kreml ularga pul toʻlamaydi.

2020-yili Liviyada ruslar safida jang qilish uchun yollangan 32 yoshli halablik askar – Ibrohimning aytishicha, suriyaliklarni “Rossiya xavfsizlik kompaniyalari rejim nazoratidagi hududlarda joylashgan yollash punktlaridagi vositachilar orqali dollarda toʻlaydigan [goʻyoki] moʻmay maoshlar oʻziga jalb qiladi.

Shunga qaramay, koʻpchilikka vaʼda qilingan pullarning oz qismi toʻlangan.

Ukrainaga qarshi tajovuzi tufayli global moliya tizimidan ihotalangan Rossiya ularga pul toʻlashda davom eta olmaydi, deydi kuzatuvchilar.

Aprel oyi boshlarida Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, jahon hamjamiyatining bosqinga javoban joriy qilgan sanktsiyalari tufayli bu yil mamlakat yalpi ichki mahsuloti 11,2 foizga pasayishi kutilmoqda.

Reuters xabariga koʻra, 2020-yilda dunyoda 11-oʻrinni egallagan Rossiya iqtisodiyoti 2022-yilning oxiriga kelib 15-oʻringa tushishi mumkin, deb bashorat qilgan Goldman Sachs kompaniyasining sobiq iqtisodchisi Jim O'Nil mart oyida.

Rossiya Ukrainada jang qilayotgan askarlarga mart oyi uchun pul toʻlay olmay qolgan, deb xabar bergan Ukraina mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi 25-mart kuni Facebook sahifasida.

Natijada Ukrainaga borishdan bosh tortayotgan yollanma askarlar soni ortmoqda, deyiladi.

Dallilarga koʻra, nomzodlar aldanib qolishdan qoʻrqadilar, deb xabar bergan New Lines jurnali dekabr oyida.

“Dastlabki bir necha oy davomida ularga vaʼda qilingan pullar toʻlanishi mumkin, keyin esa maosh umuman toʻxtab qoladi yoki kamayadi. Bular oʻlim holatlaridan tashqari Rossiyada XHKga qoʻshilishning xavfi hisoblanadi”, deyiladi jurnalda.

“Pul ular uchun xomxayol”, deb aytgan Moldova xavfsizlik va razvedka xizmati rasmiysi New Lines nashriga. “Ular yollanib, jang qilamiz va pul ishlab oilalarimizni qoʻllab-quvvatlaymiz deb oʻylashadi,ularga vaʼda qilingan pullar toʻlanmaganidan keyin esa uyga qaytishni xohlab qolishadi.”

Rossiyaning ekspluatator yollovchilari ayrim hollarda Liviya va Togʻli Qorabogʻ kabi qaynoq nuqtalarga suriyaliklarni yuborib, ularning maoshlarini oʻmarishgan, natijada yosh yigitlar omon qolish uchun jinoyat sodir qilishga majbur boʻlishgan, deyiladi oʻtgan yilgi tergov hisobotida.

Hisobotda Liviya yoki Togʻli Qoraboqqa yuborilgan jangarilarning qanchasida tanlov yoʻqligi va ularga yollovchilar vaʼda qilgan pulning oz miqdori berilgani haqidagi tafsilotlar yoritilgan.

Xorijiy urush hududidagi maxfiy operatsiyada maoshsiz qolib ketgan askarlar jinoyatga qoʻl urgan, deydi Suriyaning Adolat va hisobdorlik markazi ijrochi direktori Muhammad al-Abdulloh.

“Maoshlarning kamaytirilishi oʻzlarini qonundan yuqori deb bilgan jangchilarni yanada koʻproq jinoyatlar sodir etishga undagan”, degan edi u 2021-yil AFP nashriga.

Suriyalik jangarilar oʻgʻirlik, odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam oʻgʻirlash bilan shugʻullashgan, deb aytgan al-Abdulloh.

Jangarilarni yollash Suriyada qolib ketgan ayollar va bolalarga ham salbiy taʼsir qilgan, deyiladi hisobotda.

Aksar yollanma askarlarning oilalari “yanada ogʻirroq iqtisodiy qiyinchilik va behalovat turmush tarzida” qolib ketishdi.

Vagner guruhi aʼzolarining oilalari hech nimasiz qolib ketgan

Bularning bari agar jangda erlari yoki oʻgʻillari oʻldirilsa, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga vaʼda berilgan Vagner askarlari oila aʼzolari uchun yomon xabar.

Yaqinini yoʻqotgan rossiyaliklardan biri Olga Markelova Kremlni maxfiy chet eldagi harbiy missiyalarda halok boʻlgan jangchilar oʻlimi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga chaqirgan, deb xabar bergan Reuters 2019-yil fevral oyida. Uning sobiq eri, vagnerchi Dmitriy 2017-yil yanvarda Suriyada oʻldirilgan.

2019-yilda jangda oʻldirilgan rossiyalik xizmatchining oilasi 3 million rublga teng bir martalik (38860 AQSH dollari) va oylik 14 mingga (181 AQSH dollari) teng hukumat tomonidan beriladigan kompensatsiya olishga haqli boʻlgan.

Ammo, hukumat Markelova ijtimoiy toʻlovlar olish huquqiga ega emasligini bildirgan, chunki Dmitriy Suriyada rasmiy emas, balki xususiy missiya safida boʻlgan, deb xabar bergan Reuters.

Markelova eri bilan ajrashgan boʻlgani sababli Vagner guruhining oʻlim munosabati bilan beriladigan tovon puli sobiq erining qarindoshiga oʻtgan.

Koʻp hollarda oila aʼzolari erkaklar qanday va aynan qayerda oʻldirilgani haqida hech qachon xabar topmaganlar.

Ukrainaning Odessa shahridan boʻlgan Yevgeniy Antipov 2017-yil 9-iyun kuni Suriyada, Xoms yaqinida oʻldirilgan. Oʻsha kunning oʻzida Vagner guruhining yana toʻrt nafar askari halok boʻlgan.

Uning onasi Svetlana oʻgʻlining oʻlimi haqidagi xabarni bir oydan ortiq vaqt oʻtib eshitgan. U oʻshanda Polshada ishlayotgan edi, ammo unga Rossiyaning Rostov-Dondagi qabrini borib koʻrish uchun 24 soat muhlat berilgani haqida New Lines nashriga aytib oʻtgan.

“Agar biz bilan yaxshi munosabatda qolishni istasangiz, bizga hech qanday savol bermang”, deb aytishgan unga. Agar savol beraversa, oʻgʻlining mozoriga umuman bora olmasligi aytilgan.

Bu orada uning otasi Yuriy yolgʻiz oʻgʻlining oʻlimi uchun unga hech kim kompensatsiya taklif qilmaganini aytgan.

Jurnalning xabariga koʻra, u buni “qonli pullar” deb atagan va nima boʻlsa ham uni qabul qilmasligini aytgan.

“Oʻgʻlim qanday qilib u yerga borib qolgani haqida maʼlumot kerak xolos”, deb aytgan Yuriy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yollanma askarlar? Qanday qilib ular qoʻshinlar uyoqda tursin, balki Ikkinchi jahon urushi faxriylarini qoʻllab-quvvatlamoqchi; Oʻshandan beri ular ancha vaqt hech kimni qiziqtirmagan qandaydir paraddan boshqa hech narsani koʻrishgani yoʻq. Oʻsha parad uchun ajratilgan pullarni ularga berishsa yaxshiroq boʻlardi; chollar qashshoqlik chegarasida kun koʻrishmoqda.

Javob berish

Shunaqa. Rossiya tushib ketayotgan ishtoni haqida oʻylashi kerak.

Javob berish

Ular oʻylay olmaydilar – oʻylaydigan aʼzolari yoʻq! Qachondir bor boʻlgan boʻlsayam, allaqachon ichib yuborishgan yoki manqurtlashib ketishgan.

Javob berish

Jangarilar bu yerda tursin, armiyani taʼminlay olmaydilar. Tilanchilarga oʻxshaganlarni jangari deb atash ham yarashmaydi. Ular jangarilarga emas, kinoda massovkada oʻynagan odamlarga oʻxshashadi. Ukrainaga kelganlarida ularni quchoq ochib kutib olishlari, kiyintirib, qurollantirib qoʻyishadigandek goʻyo. Bunday armiya bilan xorijiy mamlakatga hujum qilganlarida nimani kutishgani aniq emas. Bundan tashqari, “ularga vaʼda qilingan pullar toʻlanmaganidan keyin esa uyga qaytishni xohlab qolishadi” gapi bir chetda tursin, Rossiya bu jangarilarning zang bosgan tanklarini yoqilgʻi bilan ham taʼminlay olmadi. Hayratlanlanmasa ham boʻladi! “Jangarilarning” ichkilikdan zaharlanmagan miyasi oz boʻlsada ishlasa va nima boʻlayotganini anglab yetishsa, oʻzlarining askarlari oʻzlarining orqalaridan otishadi.

Javob berish