OLMAOTA – Qozogʻiston hukumati Sovet Ittifoqining fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalabasi munosabati bilan 9-may kungi harbiy paradni oʻtkazmaslikka qaror qilar ekan, Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida Qozogʻistonning Moskva hukmronligi ostidagi oʻtmishiga eʼtibor qaratishdan qochmoqda.
Bosqin Qozogʻistonda xavotir uygʻotib, Ukrainaga nisbatan xayrixohlik paydo qilar ekan, shovinistik rus siyosatchilari ularning Ukrainaga boʻlgan munosabati bilan birga Qozogʻiston davlatchiligi qonuniyligini ham shubha ostiga olganlar.
13-aprel kuni Qozogʻiston mudofaa vazirligi Qozogʻiston respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 30 yilligiga bagʻishlangan parad oʻtkazilmasligi haqida bayonot berdi.
Tadbir nima sababdan bekor qilingani aytilmagan boʻlsa-da, keyinroq vazirlik buni mablagʻ yetishmovchiligi bilan izohlagan.
“Budjet mablagʻlarini tejash maqsadida, shuningdek, boshqa vazifalarni hal qilish zarurati tufayli 2022-yilda Qozogʻistonda harbiy parad oʻtkazish rejalashtirilmagan”, deyiladi vazirlikning 15-aprel kungi bayonotida.
“Xususan, Qozogʻiston Qurolli kuchlari boʻlinmalarining jangovar shayligi va harakatchanligini talab darajasida ushlab turish, davlat va harbiy obyektlarni qoʻriqlash hamda muhofaza qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.”
Mudofaa vaziri Ruslan Jaksilikov 20-aprel kuni jurnalistlarga hukumat “xarajatli” paradni emas, balki yaqinda oʻtkazilgan harbiy mashgʻulotlarni afzal koʻrganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bitta paradga oʻrtacha 4 milliard qozoq tengesi (9 million dollar) sarflanadi.
“Bu yoqilgʻi-moylash materiallari, safar xarajatlari va harbiy xizmatchilarning ovqatlanishiga ketadigan mablagʻ. Xoʻsh, qaysi biri muhimroq edi: mashgʻulotlar oʻtkazishmi yoki paradmi?”
Parad bekor qilingan boʻlsa-da, Qozogʻistonning turli shaharlarida Ikkinchi jahon urushi faxriylari uchun bayram tadbirlari oʻtkaziladi, dedi u.
Hukumat, shuningdek, 9-mayga rejalashtirilgan bayram mushakbozligini ham bekor qildi va Gʻalaba kuni sharafiga shaharliklar Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ota-bobolarining portretlarini koʻtarib yuradigan anʼanaviy “Oʻlmas polk” tadbiri onlayn tarzda oʻtkazilishini aytdi.
Bu Nur-Sulton rasmiylarining ushbu tadbirni ketma-ket uchinchi yil onlayn tarzda oʻtkazishi, ammo joriy yilda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat sezilarli darajada yaxshilangan.
Taʼlim vazirligi, shuningdek, mamlakat miqyosida 9-mayga bagʻishlab oʻtkaziladigan anʼanaviy maktab tadbirlarini ham bekor qilgan.
Salohiyatni modernizatsiya qilish
Qozogʻiston mudofaa vazirligidagi ismini oshkor qilishni istamagan mulozimning Karvonsaroyga maʼlum qilishicha, hukumat geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirish va harakatchanligini oshirishga eʼtibor qaratmoqda.
“Hozir paradning mavridi emas”, dedi u.
Rossiya qoʻshinlari Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Qozogʻiston oʻz mudofaasini mustahkamlashga eʼtibor qaratgan.
Bu oy Nur-Sulton hukumati joriy yilda “kuch tuzilmalari va favqulodda vaziyatlarni boshqarish organlarining jangovar tayyorgarligini oshirish va jihozlarini modernizatsiya qilish” uchun 1 milliard dollarga yaqin (447,3 milliard tenge) qoʻshimcha mablagʻ ajratdi.
Bundan tashqari, joriy yilda harbiy xarajatlar uchun deyarli 2 milliard dollarga (894,6 milliard tenge) yaqin mablagʻ ajratilgan.
Qoʻshimcha mablagʻlarning asosiy qismi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va mudofaa vazirliklari qoshida faoliyat yuritayotgan maxsus maqsadli boʻlinmalar sonini koʻpaytirishga, koʻproq texnika, jumladan, harbiy transport samolyotlarini sotib olishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning maoshi 30-40% ga oshiriladi.
Armiya, konversiya va qurolsizlanishni oʻrganish markazining Osiyo-Tinch okeani boʻlimi rahbari, kiyevlik Yuriy Poytaning aytishicha, Qozogʻiston armiyasining asosan Rossiya qurollariga tayanuvchi texnikasi yirik moliyalashtirish va modernizatsiyaga muhtoj.
“Qozogʻiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun qurol vazifasini oʻtaydigan Rossiya texnikasi juda eskirgan va ancha samarali qurollar qoʻllaniladigan zamonaviy urushlar uchun yaroqsiz”, dedi u.
Rossiya “tushuntirish” talab qilmoqda
Ayni paytda rossiyalik siyosatchilar Gʻalaba kuni tadbirlari bekor qilinganiga eʼtiroz bildirgan.
Qozogʻistonning bunday qarorlari nomaqbul, dedi Rossiya Davlat dumasi (parlament quyi palatasi) deputati Nikolay Novichkov. U Rossiya hukumatini Qozogʻistonga bosim oʻtkazishga chaqirgan.
“Bu muhim nuqta va parad oʻtkazish muhim anʼana ekanligi haqidagi pozitsiyamizni rasmiy kanallar orqali diplomatik usullar bilan bayon qilish zarur”, deb aytgan Novichkov 17-aprel kuni NEXTA Live yangiliklar saytiga koʻra.
U barcha savollar “oʻrganilib chiqishi va hal qilinishi” uchun Qozogʻiston hukumatidan qabul qilingan qaror sabablarini tushuntirishni talab qilgan.
Hozircha Nur-Sulton Novichkovning soʻzlarini eʼtiborsiz qoldirgan, qozogʻistonliklar esa mamlakatda parad oʻtkazmaslik qaroriga tushunish bilan munosabat bildirgan.
“Ukrainada urush boʻlayotgan va minglab odam oʻlib turgan bir vaqtda harbiy parad oʻtkazish juda gʻalati va surbetlik boʻlar edi”, deydi BAZIS qurilish kompaniyasining boshqaruvchisi, olmaotalik Muxtar Suyunshalin.
“Ayniqsa, bu urushni qoʻllab-quvvatlamayotgan Qozogʻiston uchun”, dedi u.
“Rossiya natsistlar ustidan qozongan gʻalabasini nishonlovchi parad oʻtkazishni rejalamoqda, ammo oʻzining askarlari Ukrainada tinch aholi va yosh bolalarni oʻldirib, uylarini talon-taroj qilib natsistlardek harakat qilmayaptimi?”, deydi olmaotalik faol Oltinoy Maulenova.
Men hukumatimning mamlakat xavfsizligini mustahkamlash va rashizmni bezbetlarcha qoʻllab-quvvatlovchi mamlakat boʻlishdan voz kechish haqidagi oqilona qarorini hurmat qilaman.
Javob berishFikrlar 6
Hozir vaziyat shundayki, har qanday qurol namoyishi yoki harbiy paradlar deyarli tajovuz amaliyoti sifatida baholanadi. Shuning uchun bularning barchasidan voz kechgan maʼqul.
Javob berishFikrlar 6
Rossiya bilan hamma hamkorligini tugatish Qozogʻiston uchun yaxshi boʻladi. Hurmatni yoʻqotmaslikning yanona yoʻli. Tarixda hammasi saqalanib qolishi sababli, urush tugaganidan keyin kim haq, kim oʻz maqsadiga erishishda vahshiylarga xizmat qilgani aniqlashadi.
Javob berishFikrlar 6
Harbiy qadam tashlaydigan vatanparvarlar, ehtimol, Rossiya propagandasi uchun muhimroqdir, ammo faxriylarga pul olgani yaxshi. Ularga Qozogʻistonda 1000-2000 dollar beriladi, Rossiyada esa 100 dollar.
Javob berishRossiyada veteranlarga yaxshi munosabat qilishmaydi. Rossiya sababchi boʻlgan urushlarda omon qolib, keyin yomon ahvolga tushib qolganlar haqida hikoyalar juda koʻp. U paradlar boshqalar koʻrishi uchun boʻlgan xolos. Boshqa mamlakatlar veteranlarni hurmat qiladi, ularga katta pul toʻlaydi va imtiyozlar beradi, ular oʻz vatandoshlari uchun namuna boʻlishadi, ammo Rossiyada hammasi koʻrsatish uchun.
Javob berishNima bemaʼnilik bu, Rossiyada urush faxriylarini hurmat qilishmaydi deb kim aytdi sizga? Avval oʻz faxriylaringizni eplab oling, keyin Rossiyani gapirasizlar.
Javob berishFikrlar 6