BISHKEK – Shu oy boshida Rossiyaning azaliy ittifoqchisi Qirgʻiziston oʻz hududida Moskvaning biologik laboratoriyasini qurish taklifini rad etdi.
14-aprel kuni Moskvada boʻlib oʻtgan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik boʻyicha Qirgʻiziston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining 23-yigʻilishida Rossiya qirgʻiz zaminida 3-darajali bioxavfsizlik (BSL-3) laboratoriyasi barpo etishni taklif qilgan.
“Qirgʻiziston Respublikasi ushbu loyihani amalga oshirishni rad etdi”, deyiladi Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligining 19-aprel kungi bayonotida.
AQSH Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, BSL-3 laboratoriyalari havo orqali yuqadigan va oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan yuqumli qoʻzgʻatuvchilar yoki toksinlarni oʻrganish bilan shugʻullanadi.
BSL-3 laboratoriyalarida oʻrganilgan mikroblar orasida sil, Gʻarbiy Nil isitmasi, sariq isitma va boshqa kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar bor.
4-darajali laboratoriyalar (eng yuqori daraja) Ebola va Marburg kabi eng halokatli, davolash juda mushkul boʻlgan viruslar uchun moʻljallangan.
Rossiya koʻp yillardan beri Gʻarbning Markaziy Osiyoda biologik laboratoriyalar tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlarini keskin tanqid qilib keladi.
Kremlning tashviqot mashinasi bunday laboratoriyalarni hech qanday dalilsiz yashirin biologik qurollarni ishlab chiqishda va mahalliy aholi hayoti va sogʻligʻiga xavf solishda ayblaydi.
“Jamoatchilik bunga yoʻl qoʻymaydi”
Qirgʻiziston oʻz hududida shunday laboratoriyalar qurish boʻyicha boshqa davlatlarning takliflarini bundan avval ham rad etgan.
2008-yilda u Kanada bilan shu kabi laboratoriya ustida ishlashdan bosh tortgan va jamoatchilikning jiddiy bosimiga duch kelib, 2016-yilda Xitoyning shunga oʻxshash tashabbusini rad etgan.
Qirgʻiziston fuqarolari yaqinda bildirilgan taklifni eshitib, shokka tushganlar.
“Mamlakatimizda hech qachon Rossiya biologik laboratoriyasi boʻlmaydi”, deydi “Islohot” partiyasi aʼzosi, bishkeklik Osmon Kangeldiyev.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning harbiy tajovuzga moyilligidan dalolat beruvchi Rossiyaning Ukrainaga bosqini kabi voqealar inobatga olinsa, Kangeldiyev Rossiya bilan bunday loyiha boʻyicha hamkorlikni oʻta xavfli deb hisoblaydi.
“Jamoatchilik bunga yoʻl qoʻymaydi”, dedi Kangeldiyev taklif etilayotgan laboratoriyani nazarda tutib.
“Shularning barchasidan keyin Rossiya Qirgʻizistonga oʻz biologik laboratoriyasini qurishni taklif qilmoqda”, dedi u Qirgʻizistonning Kanada va Xitoy laboratoriyalari takliflarini rad etganiga ishora qilib.
“OAV Putin urushda magʻlub boʻlsa, Ukrainaga qarshi yadroviy qurol qoʻllashi mumkinligini aytmoqda. “U xorijiy mamlakatda biologik qurol ishlab chiqarmasligiga hech qanday sabab koʻrmayapman.”
Taklif etilayotgan laboratoriyaning maqsadi noaniq edi, deydi Bishkekdagi MoveGreen yoshlar ekologik harakatining muhandis-ekologi Baktigul Stakeyeva.
“Rossiya tajovuzkor boʻlgan hozirgi vaziyatni hisobga olsak, mamlakatimiz toʻgʻri ish qildi, deb oʻylayman”, dedi Stakeyeva Kremlning Ukrainaga bosqinini nazarda tutib.
Rossiya dezinformatsiyasi
Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligining M. Alkimbayev nomidagi Qozogʻiston karantin va zoonoz kasalliklar ilmiy markaziga qarashli Olmaotadagi Markaziy referens-laboratoriyani Kreml yillar davomida ikkiyuzlamachilik bilan qoralab kelgan.
Rossiya ommaviy axborot vositalari bu laboratoriyani “Amerikaniki” deb, Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid soladi, deb daʼvo qilgan.
2019-yil iyun oyida Kremlning asosiy tashviqotchilaridan biri, “Rossiya-1” davlat telekanalining boshlovchisi Vladimir Solovyov efirda ikki million odam yashaydigan Olmaota shahridagi laboratoriyaga zarba berish taklifini bildirgan edi.
Laboratoriya Qoʻshma Shtatlarga tegishli emas va uning maqsadi faqat ilmiy boʻlib, u yerda xavfli patogenlar va ulardan himoyalanish yoʻllari oʻrganiladi, deb tushuntirish bergan Qozogʻiston rasmiylari.
Qoʻshma Shtatlar laboratoriya binosi qurilishini moliyalashtirgan, xolos.
Ammo, Rossiya OAV bu muassasa toʻgʻrisida dezinformatsiya tarqatishda davom etib kelmoqda, unga koʻra, u yerda diplomatik daxlsizlikka ega AQSH olimlari ishlab, biologik qurollar yaratmoqda.
Ayni vaqtda Kreml tashviqotining asosiy nishoni Ukraina biolaboratoriyalari boʻlib, ularni Rossiya OAV Pentagonning “butun insoniyatga tahdid soluvchi yuqumli mikroorganizmlarni” yaratish uchun platforma sifatida tasvirlaydi.
Shunday boʻlsa-da, Kremlning ritorikasiga koʻra, Qozogʻiston xotirjam boʻlmasligi kerak.
“Biz Ukrainada va atrofimizdagi boshqa davlatlarda ham bunday faoliyat (biolaboratoriya faoliyati) olib borilishiga butkul qarshimiz”, deb aytgan Rossiya xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev 12-aprel kuni Kremlning AQSH va Ukraina oʻrtasidagi biologik qurol boʻyicha hamkorligiga oid asossiz ayblovlarni nazarda tutib.
Ukraina urushi tugaganidan keyin Rossiyaning bu pozitsiyasi Qozogʻistonga qatʼiy tarzda bayon qilinadi. Albatta, qanday koʻrinishdaligi aniq emas”, deb bashorat qilgan xalqaro munosabatlar tahlilchisi, nur-sultonlik Ruslan Nazarov.
Nazarov biolaboratoriyalarni faqat biologik qurol yaratish bazasi sifatida koʻradigan Rossiya Qirgʻizistonda biolaboratoriya qurish tashabbusini ilgari surganidan xavotir bildirgan.
“Moskva oʻz qurolini yaratmoqchimi?”, deb savol bergan Nazarov.
Chunki rossiyalik “mutaxassislari” qanchalik malakali ekani shubhali
Javob berishYana har doimgidek, ular hatto oddiy xavfsizlik choralariga ham rioya qilmaydilar... yangi koronavirus yoki undan ham yomonroq kasalliklarga duchor boʻlish Qozogʻistonga kerak emas!
Javob berishBundan tashqari, barcha yuqori malakali mutaxassislar anchadan beri Yevropa va boshqa mamlakatlardagi universitetlarga tarqab ketishgan, chunki u yerda ilm-fanga koʻproq eʼtibor beriladi, mutaxassislar esa eʼtirof va munosib pul olishadi.
Fikrlar 2