Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Oʻzbekistonda Kreml nazoratidagi telekanallarni taqiqlash chaqiriqlari kuchaymoqda

Rustam Temirov va AFP

“Birinchi kanal” oʻzbeklar efirga chiqmasligini istayotgan koʻplab Rossiya ommaviy axborot vositalaridan biridir. [Birinchi kanal]

“Birinchi kanal” oʻzbeklar efirga chiqmasligini istayotgan koʻplab Rossiya ommaviy axborot vositalaridan biridir. [Birinchi kanal]

TOSHKENT – Oʻzbekistonlik jurnalist va tahlilchilar hukumatni Kreml nazoratidagi telekanallar oʻzbek xalqining ongini zaharlashiga yoʻl qoʻymasligi uchun ularni taqiqlashga chaqirmoqda.

Rossiya OAV fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ayniqsa qattiq nazoratga olingan.

Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tim Torlot 4-aprel kuni “Alter Ego” yangiliklar saytiga bergan intervyusida jahon hamjamiyati “suveren hududga asossiz, ayovsiz va mudhish bosqinchilikka nisbatan chora koʻrishi kerakligi va bu ishlarning asosi shunchaki yolgʻon ekanligini” aytgan.

“Rossiyaliklar oʻz ommaviy axborot vositalarini urush quroli sifatida, har qanday adolatli jamiyat uchun mutlaqo nomaqbul tarzda qoʻlladilar”, dedi u.

25-aprel kuni Sevimli TV telekanali dasturidan olingan kadr. Sevimli TV –Oʻzbekistondagi xususiy telekanallardan biri.

25-aprel kuni Sevimli TV telekanali dasturidan olingan kadr. Sevimli TV –Oʻzbekistondagi xususiy telekanallardan biri.

Toshkent teleminorasi, 25-aprel kungi surat. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Toshkent teleminorasi, 25-aprel kungi surat. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Gʻarb “Rossiya ommaviy axborot vositalarini yopayotgani yoʻq”, dedi u. Biroq, “ularning urush quroliga aylanmasligi uchun qatʼiy choralar koʻrmoqda” va “ular qila oladigan narsalarga asosli cheklovlar qoʻymoqda”.

“Bu mamlakat oʻz xalqini va oʻzining rasmiy nuqtayi nazariga zid kelishi mumkin boʻlgan axborotni yoyinlayotgan OAVni cheklamoqda”, dedi Torlot. “Bu favqulodda holat.”

“Rossiyaliklarning bu ishda OAVdan foydalanayotgani xunuk, jirkanch va sharmandali holat”, dedi u.

“Ushbu bosqinni oqlash uchun oʻylab topilgan uydirma men koʻrgan mamlakatdan (Ukrainadan) butunlay farq qiladi... Rossiya ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan safsataga quloq solmang”, dedi Torlot.

Oʻzbekistonlik jurnalist Anora Sodiqovaga koʻra, aksariyat oʻzbeklar dunyoni Rossiya matbuoti orqali kuzatadi va tahlil qiladi, zero rus tili mamlakatdagi ikkinchi asosiy tildir.

Bu tomoshabinlar koʻpincha Rossiya kanallari, xususan, “Birinchi kanal” va “Rossiya 24”ni erkin OAV deb biladi, dedi u.

Ular televideniyedagi tashviqot taʼsiriga tushib, Rossiya tomonida boʻlmasak, NATO Qozogʻiston va Oʻzbekistonga kelishi, Amerika esa bizning yurtlarga bostirib kirishiga ishonadi”, dedi u Karvonsaroyga. “Hatto kattalar ham shunday deyishadi. Bunday gaplarni oilamdagilar va qoʻni-qoʻshnilarimdan eshitib hayratga tushganman.”

Rossiyaning zaharli tashviqoti

Butun Markaziy Osiyoga kirib borgan Rossiyaning zaharli tashviqoti yaqinda kremlparast rossiyalik teleboshlovchidan ranjigan Qozogʻiston hukumatini uning mamlakatga kirishini taqiqlash masalasini koʻrib chiqishga undadi.

Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligining chorshanba (27-aprel) kuni kechqurun bergan bayonotida RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning turmush oʻrtogʻi Tigran Keosayanning soʻzlari ikki davlat oʻrtasidagi “yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari muhitiga putur yetkazishi” aytilgan.

“Menimcha, u Qozogʻistonga kiritilmaydigan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi vakili Aybek Smadiyarovning soʻzlaridan iqtibos keltirilgan bayonotda.

“Qozoqlar, birodarlar. Bu qanday nonkoʻrlik boʻldi?”, deb savol bergan Keosayan oʻtgan hafta yakshanba kuni oʻzining YouTube kanalidagi videosida Qozogʻiston sobiq Sovet ittifoqining Gʻalaba kuni munosabati bilan 9-may kungi paradni oʻtkazmaslikka qaror qilgani haqidagi xabarni nazarda tutib.

“Shunday makkorlik qilib, buning uchun bizga hech narsa boʻlmaydi deb oʻylashda davom etsangiz, xato qilasiz”, deb aytgan Keosayan.

“Kreml manqurtlari”

Rossiyaning “manqurtlik tashviqoti” yolgʻon, nafrat, shovinizm va haqiqiy natsizmning qorishmasidir, deydi toshkentlik iqtisodchi Yuliy Yusupov.

“Ular bilan kim “musobaqalashmoqda”, layoqatsiz oʻzbek telekanallarimi? Yuzaga kelayotgan vaziyat dahshatli va bu mamlakat milliy xavfsizligi uchun real va asosiy tahdiddir”, deb yozgan u oʻzining Telegram kanalida 18-aprel kuni.

“Insoniyat tarixidagi eng kuchli tashviqot mashinasi bir necha oʻn yillardan beri fuqarolarimizning ongini zaharlab, ularni Kremlning manqurtlariga aylantirib kelmoqda.”

“Buning ustiga mamlakatdagi amaldorlarning (agar aksariyati boʻlmasa) sezilarli qismini shunday ongi zaharlangan odamlar tashkil qiladi”, deb aytgan u. “Ammo hukumat muqobil axborot manbalarini bloklashdan boshqasini bilmaydi.”

“Hamma narsani tiriklay yoʻq qiladigan bunday axborot muhitida kelajagimiz yoʻq”, deb aytgan Yusupov.

Ayni vaqtda Oʻzbekistonning axborot makoni Rossiya va Ukraina urushi sababli qiziq vaziyatda qolgan, deydi siyosiy tahdidchi Kamoliddin Rabbimov.

Betaraf qolish mushkul. Shu sababli ichki va tashqi senzura bu mavzuni yopishga undamoqda”, deb aytgan u.

“Qoʻshni mamlakatlarda katta urush boʻlayotgan bir vaqtda OAV va ijtimoiy tarmoqlarning boshqa mavzuga eʼtibor qaratishi uchun kuch va imkoniyati yoʻq”, dedi Rabbimov. “Boshqa mavzular qiziq emas yoki nooʻrin. Natijada ichki maʼnaviy va siyosiy ziddiyat yuzaga kelmoqda.”

Aholining katta qismiga yetib bora oladigan va uni xorijiy tashviqotlardan himoya qila oladigan mustaqil va ishonchli axborot makoniga ega emasligi Oʻzbekistonning yirik siyosiy muammolaridan biridir, deb aytgan u.

“Agar Rossiya OAV Oʻzbekiston davlati va hukumatiga qarshi agressiv axborot oqimini yaratsa va bu orqali mamlakatni beqarorlashtirishga urinsa, Toshkent hech narsa qila olmay qoladi.”

“Bu katta muammo. Bu Oʻzbekistonning siyosiy va geosiyosiy mustaqilligini chegaralovchi jiddiy omil”, deb aytgan Rabbimov.

“Natsizm tashviqoti”

Rossiya ommaviy axborot vositalari Vladimir Putin rejimining bir qismi boʻlib, uning natsizm mafkurasini butun postsovet makondagi auditoriyaga yetkazmoqda, deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi rahbari Alisher Ilhomov.

“Oʻzbekiston Rossiyaga iqtisodiy jihatdan qaram ekanligi haqiqat va bu uning sobiq “katta ogʻasiga” nisbatan koʻra oladigan choralari koʻlamini cheklaydi”, deb aytgan u.

“Oʻzbekiston hukumati Rossiya telekanallarining hozirgi shakldagi faoliyatini cheklashga harakat qilmay, natsistlar tashviqotini yoyinlash va oʻzbeklarning ongini zaharlashga imkon berishda sherik boʻlib qolmoqda.”

Oʻzbekistonda Rossiya tashviqotiga barham berish chaqiriqlari ilk marta yangrayotgani yoʻq.

Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchixonasi 1-mart kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborib, shunday qilishni soʻragan edi.

Rossiya OAV ukrainaliklarga nisbatan milliy adovat qoʻzgʻashga urinmoqda”, deb xabar bergan elchixona Gazeta.uz nashriga koʻra.

Ukraina Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropa koʻrmagan tajovuzni boshidan kechirmoqda, degan edi mart oyida Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining oʻzbek xizmatiga.

Buni nafaqat Ukraina yoki Yevropa mamlakatlari, balki Oʻzbekistonda ham bilishlarini istaymiz”, deb aytgan u. “Ammo, afsuski Rossiya telekanallari boshqa urushni yoki umuman urush boʻlmayotganini koʻrsatmoqda.”

Oʻz navbatida jurnalist Sodiqova bu muammoni til yordamida hal qilsa boʻladi, degan fikrda.

“Buning uchun Oʻzbekistonda nafaqat rus tili, balki ingliz tili ham ikkinchi til boʻlishi kerak”, deb aytgan u. “Shunda aholi faqat Rossiya telekanallari koʻrsatuvlarini emas, balki dunyoda boʻlayotgan voqealarni boshqa tildagi materiallar, xorijiy OAV koʻrsatuvlari orqali tomosha qiladi.”

“Balki bu oʻzbeklarning boshqa mamlakatlardagi voqealarga nisbatan qarashini oz boʻlsa-da oʻzgartirar”, deb aytgan Sodiqova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Shunchaki hukumatimiz oʻzining “katta ogʻasini” erkalatishga koʻnikib qolgan sobiq kommunistik nomenklaturadan iborat. Bizga yaxshi maʼlumotli va chet tillarini (Oʻzbekistonda rus tili chet tili emas) biladigan yosh siyosatchilar kerak. Ular dunyoda roʻy berayotgan voqealar yuzasidan oʻz fikriga ega boʻlishi, oʻz davlati manfaatlarini himoya qila olishi kerak. Rossiya ommaviy axborot vositalarining Oʻzbekiston ustidan hukmronligi hukumatning umurtqasizligi va ularning “katta akasi”dan qoʻrqishining natijasidir. Shuning uchun zombilashgan aholi “Putin tinchlikni taʼminlaydi” deb oʻylaydi. Gebbelsning tashviqoti Kreml tashviqoti oldida holva.

Javob berish

Nihoyat tushunib yetishibdi! Anchadan beri qilish kerak edi; U yerda manqurtlashtirishdan boshqa narsa yoʻqligini allaqachon hamma bilib boʻlgan.

Javob berish

AFP nima oʻzi? Abbreviaturalarni yoqtirmayman.

Javob berish

Rossiya kanallari ishlayversin, faqat siyosiylari emas.

Javob berish

Ularda nosiyosiy ommaviy axborot vositalari yoʻq; hamma joyda tashviqot yoyinlaydilar. Ruslarning qoʻy podasiga oʻxshab borayotganidan, bu qanchalik yaxshi ishlayotganini aytsa boʻladi. Hamma aslida mavjud boʻlmagan qandaydir armiyadan qoʻrqadi; hamma taʼriflagani kabi oʻz boshliqlaridan qoʻrqadigan oʻta qoʻrqinchli rahbarlardan qoʻrqishadi. Bu hatto ularning hajviy koʻrsatuvlariga ham singib ketgan.
Ruslarga oid hamma narsadan voz kechgan maʼqul, shunda tashviqotga berilib, uning oqibatlari bilan kurashish oʻrniga tinchroq yashash va oʻsish mumkin boʻladi.

Javob berish

Maqolaga toʻliq qoʻshilaman! Koʻpchilik manqurtlashib, vaziyatni toʻgʻri baholay olmayapti!

Javob berish

Ha, ajoyib maqola, asosli fikrlar koʻp! Manqurtlashtirishga tezda barham berilmasa, keyinchalik Rossiyadagi kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bizga bu kerak emas!

Javob berish