Kreml qoʻllovidagi “Vagner” yollanma jangarilari Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) tinch aholini oʻldirmoqda va boshqa inson huquqlarini jiddiy poymol qilmoqda. Bu haqda seshanba (3-may) kuni Human Rights Watch (HRW) tashkiloti maʼlum qildi.
Bu ayblov Vagner guruhi va Rossiyaning boshqa harbiylashgan tuzilmalari joylashtirilgan deyarli barcha olovli nuqtalar, jumladan, Ukraina, Mali, Liviya va Suriyaga daxldor.
“Aftidan, guvohlar tarafidan rossiyalik ekani tasdiqlangan Markaziy Afrika Respublikasidagi kuchlar 2019-yildan beri tinch aholini qatl qilgan, qiynoqqa solgan va kaltaklagan”, deyiladi HRW bayonotida.
“Bir qancha Gʻarb hukumatlari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ekspertlari va maxsus maʼruzachilari Markaziy Afrika Respublikasida faoliyat yuritayotgan Rossiya bilan bogʻliq kuchlar orasida Rossiyaning hukumatga aloqador xususiy harbiy kompaniyasi boʻlmish “Vagner guruhi”ning koʻplab aʼzolari borligiga oid dalillarni aniqladi”, deyiladi xabarda.
Moskvaning “koʻmagi”
2013-yilda boshlanib, koʻplab qurolli tuzilmalarni inqiroz yoqasida turgan davlatga qarshi qoʻygan fuqarolar urushi soʻnggi yillarda sezilarli darajada sustlashgan.
Ammo taxminan bir yil oldin, isyonchilar prezident Fosten-Arkanj Tuaderani agʻdarish uchun hujum boshlar ekan, janglar toʻsatdan yana faollashgan.
Prezident Moskvani yordamga chaqirganidan soʻng, Rossiyaning yuzlab harbiylashgan tuzilmalari hali ham mamlakatning katta qismini nazorat qilayotgan isyonchilarni siqib chiqarishga koʻmaklashgan.
Bu xususiy harbiy kompaniyalar (XHK) koʻpincha hech qanday huquqiy maqomga ega boʻlmagan Rossiya muassasasi – “Vagner guruhiga” tegishli deb taʼriflanadi.
Vagner guruhini moliyalash ortida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi boʻlgan rossiyalik tadbirkor Evgeniy Prigojin turganiga ishoniladi.
Prigojin ham, Kreml ham ushbu guruh bilan har qanday aloqalarni rad etadi.
Karnegi jamgʻarmasining tahlil markazi Vagnerni “Moskvaning eng himoyalanmagan sirlaridan biri” deb atagan.
Markazga koʻra, guruhning ikkita asosiy maqsadi bor – “urush hududlariga jangarilarni joylashtirishda Kremlni haqiqatnamo inkor bilan taʼminlash” va “zaif davlatlarga bosimni kuchaytirish uchun tayyor salohiyat” taklif etish.
“Markaziy Afrika hukumati xavfsizlik cohasida xalqaro hamjamiyatdan yordam soʻrashga toʻla haqli, biroq u chet el kuchlarining fuqarolarni oʻldirishiga va ularni boshqa yoʻl bilan tahqirlashga yoʻl qoʻymasligi kerak”, dedi HRWning Inqiroz va mojarolar boʻlimi rahbari Ida Soyyer.
“Qonun ustuvorligiga hurmat koʻrsatish va bu qonunbuzarliklarga chek qoʻyish uchun hukumat qotilliklar, noqonuniy hibslar va qiynoqlar uchun masʼul boʻlgan barcha kuchlarni, jumladan, Rossiyaga aloqador kuchlarni zudlik bilan tergov qilib, javobgarlikka tortishi lozim”, dedi u.
HRW MAR va Rossiya hukumatlariga xat yoʻllagan, ammo hech qanday javob olmagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet oʻtgan oy MARda isyonchi guruhlar, shuningdek, harbiylar va ularning rossiyalik ittifoqchilari tarafidan sodir etilgan “inson huquqlarining jiddiy buzilishlari”, jumladan tinch aholiga nisbatan qotillik va jinsiy zoʻravonliklarni qoraladi.
Buchadagi qatliom
Vagner yollanma askarlari ilk bor Ukrainaga 2014-yilda, Rossiya Qrimni anneksiya qilganida kiritilgan. Oʻshandan beri ular butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, CAR, Chad va Malidagi harbiy mojarolarda ishtirok etgan.
Vagner endi yana Ukrainada. 24-fevral kuni Rossiyaning bosqini arafasida yuzlab rossiyalik yollanma askarlarning Afrikadagi postlarni tashlab, Ukrainadagi urushga hozirlik koʻrish maqsadida Suriyaga yoʻl olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Hozirda Vagner guruhidan, shuningdek, Suriya va Liviyadan kelgan 20 mingga yaqin yollanma askar Ukrainadagi Moskva kuchlari safida jang qilmoqda, degan edi oʻtgan oy Yevropa rasmiylaridan biri.
Rossiyaning inkorlariga qaramay, Ukraina, uning Gʻarbdagi ittifoqchilari va BMTga koʻra, Buchada jasadlari topilgan koʻplab fuqarolarning oʻlimiga Rossiya kuchlari javobgar.
Rossiya qoʻshinlari olib chiqib ketilganidan soʻng, Kiyev yaqinidagi shafqatsiz qirgʻinlar va ommaviy qabrlarning dahshatli manzarasi butun dunyoni larzaga soldi.
Ilk kunlardanoq Ukraina Rossiyaning Buchada joylashtirilgan 64-motooʻqchilar brigadasini ayblagan.
Ushbu brigadaning 10 nafar harbiy xizmatchisini harbiy jinoyat sodir etishda ayblagan Ukraina prokuraturasi 28-aprel kuni tergov olib borilayotganini aytdi va ularga qidiruv eʼlon qildi.
18-aprel kuni Putin brigadani “ommaviy qahramonlik va mardlik, matonat va jasorat” uchun maqtovchi rasmiy farmonni imzolagan.
U brigadaning qayerda ekanini ochiqlamagan.
AFP bilan suhbatda boʻlgan guvohlardan birining aytishicha, Rossiya bosqini boshlangan ilk kunlarda u asosan yosh askarlarni koʻrgan.
Ammo, uning eslashicha, bir necha hafta oʻtgach, u yerga yoshi kattaroq “shafqatsiz” qoʻshinlar kirib kelgan.
“Qirgʻinlar oʻshanda boshlandi”, deydi u.
Ayolning aytishicha, ulardan ayrimlari Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari boʻlishi mumkin.
Nemis razvedkasi tomonidan qoʻlga kiritilgan soʻzlashuvlarga koʻra, bu ishlarda Vagner guruhining rossiyalik yollanma askarlari ham ishtirok etgan.
Rossiyaning “harbiy jinoyatlari”
Rossiyaning Ukraina va Suriyadagi aralashuviga nazar tashlash Liviya, MAR, Mali va boshqa mamlakatlar uchun ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi.
Kreml oʻzining geosiyosiy taʼsirini kuchaytirish va prezident Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlash maqsadida uzoq yillar Suriya nizosi uchun jangarilar va mablagʻ yetkazib bergan.
Soʻnggi yillarda Suriyada XHKlar shu darajada koʻpayib ketgan ediki, ular Suriya armiyasi faoliyatiga putur yetkaza boshladi.
2019-yil sentyabrdagi hisobotda Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining Suriya tarmogʻi Kremlni 2015-yildan beri Suriyada olib borilgan jangovar operatsiyalarda “yuzlab harbiy jinoyatlar” sodir etishda ayblagan.
15-mart kuni Fransiya, Suriya va Rosssiyadan uchta huquqbon guruh 2017-yilda suriyalik erkakning boshi tanasidan judo qilinshi va “urush jinoyatlariga” teng deya koʻrilgan zoʻravonligi yuzasidan Moskvada Vagner guruhiga qarshi qonuniy shikoyat bilan sudga murojaat qilishgan.
Vagner guruhi yollanma askarlari 2018-yildan beri Liviyada Rossiya qoʻllovidagi harbiy qoʻmondon Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasini dastaklab jang qilmoqda.
Liviyaning ulkan neft zaxiralari va Oʻrtayer dengizidagi strategik joylashuvi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada oʻz mavqeini mustahkamlashga intilayotgan Moskvani oʻziga jalb qiladi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, Vagnerning Liviyadagi hozirligi xorijdagi eng yirigi deb gumon qilinadi, shuningdek, bu mojaroga Rossiyaning boshqa XHKlari ham jalb qilingan.
Vagner guruhi jangarilari prezident saroyini qoʻriqlayotgan Malida mart oyida Murada yuzlab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan operatsiya borasida tortishuvlar avj olgan.
Matbuot va Human Rights Watch suhbatlashgan Mali armiyasi va guvohlar operatsiyani Mali askarlari va ruslar deb aytilgan xorijiy jangarilar tomonidan amalga oshirilgan zoʻravonlik, talonchilik va tinch aholining qirgʻini deya taʼriflagan.
Ular doim hamma narsani inkor etadilar: “Prigojin ham, Kreml ham bu guruh bilan har qanday aloqani rad etadi”. Nimadir boʻlsa, buni men qilmaganman; Kimdir nimadir qilgan boʻlsa, bu men emasman. Doim yolgʻonlar; Rossiya yangiliklarini qaysi tarafdan koʻrmang, hammasi yolgʻon. Juda katta sondagi odamlar esa mudhish qiynoqlar tufayli oʻlib ketishyapti.
Javob berishFikrlar 2
Ularning varvarlar ekani aniq.
Javob berishFikrlar 2