Karvonsaroy
Xavfsizlik

“Moskva” ekipaji aʼzolarining qayerda ekanidan yaqinlari ham bexabar qolmoqda

Olga Chepil

Aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videolavha kadrida Qora dengizda shikastlangan “Moskva” kemasining gʻarq boʻlish arafasidagi holati aks etgan.

Aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videolavha kadrida Qora dengizda shikastlangan “Moskva” kemasining gʻarq boʻlish arafasidagi holati aks etgan.

KIYEV – Choʻkib ketgan “Moskva” kreyseri ekipaji aʼzolarining qarindoshlari oʻtgan oy qurbonlar haqida shubhali maʼlumotlar bergan Rossiya mudofaa vazirligini yolgʻon soʻzlashda ayblamoqda.

Pentagonning yuqori martabali rasmiysiga koʻra, Qora dengizdagi “Moskva” kemasi 14-aprel kuni Ukrainaning ikkita raketasi kelib tushishi ortidan suvga gʻarq boʻlgan.

Qora dengiz flotining bayroqdor kemasi Ukrainada qariyb ikki oydan beri davom etayotgan mojaroda Rossiya dengiz kuchlari ishini muvofiqlashtirib, Mariupol port shahrini qamal qilishda yetakchi rolni oʻynagan.

Ukrainaliklarning ulkan harbiy yutugʻini tan olishni istamagan Rossiya mudofaa vazirligi 22-aprel kuni “Moskva” kemasi yongʻin va oʻq-dorilarning portlashi oqibatida choʻkib ketganini maʼlum qildi.

Rossiyaning Qora dengiz floti bayroqdorining choʻkib ketgani haqidagi xabar dunyo nashrlari sarlavhalarida paydo boʻlar ekan, qurbonlarning yaqinlari Rossiya mudofaa vazirligini yolgʻonchilikda ayblab, farzandlari haqida haqiqatni talab qilmoqdalar. [Karvonsaroy]

Rossiyaning Qora dengiz floti bayroqdorining choʻkib ketgani haqidagi xabar dunyo nashrlari sarlavhalarida paydo boʻlar ekan, qurbonlarning yaqinlari Rossiya mudofaa vazirligini yolgʻonchilikda ayblab, farzandlari haqida haqiqatni talab qilmoqdalar. [Karvonsaroy]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy (oʻngda) Misr rahbarining Rossiyaga ilk rasmiy tashrifi chogʻida Qora dengiz flotining bayroqdor kemasi “Moskva”ni tark etishmoqda, 2014-yil, 12-avgust, Sochi. [Aleksey Drujinin/RIA Novosti/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy (oʻngda) Misr rahbarining Rossiyaga ilk rasmiy tashrifi chogʻida Qora dengiz flotining bayroqdor kemasi “Moskva”ni tark etishmoqda, 2014-yil, 12-avgust, Sochi. [Aleksey Drujinin/RIA Novosti/AFP]

“Bir harbiy xizmatchi halok boʻldi, yana 27 ta ekipaj aʼzosi bedarak yoʻqoldi”, deb bayonot bergan vazirlik “qolgan 396 nafar aʼzo” evakuatsiya qilinganini qoʻshimcha qilib.

Ushbu bayonot rasmiylar ilk marta ekipajning barcha aʼzolari evakuatsiya qilinganini aytganidan soʻng berilgan.

Biroq, Ukraina rasmiylarining hisob-kitoblariga koʻra, kema ichida boʻlganlardan 400 ga yaqini hayotdan koʻz yumgan boʻlishi mumkin.

“Bizningcha, ular 58 kishini qutqarishgan, xolos... kreyserda jami 510 kishi boʻlgan”, dedi Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 22-aprel kuni “Ukrainska pravda” gazetasiga bergan intervyusida.

“Ammo odamning oʻzi boʻlmasa, uni dafn qilishga ham, hech qanday marosim oʻtkazishga hojat ham boʻlmaydi... Rossiyaliklarning siyosati shunday”, dedi Danilov.

“Axborot qarshiligi” saytining harbiy va siyosiy tahlilchisi Aleksandr Kovalenkoga koʻra, “Moskva”ga kelib tushgan ikkita raketa, aftidan katta talofatlarga sabab boʻlgan.

Fotosurat va videolavhalarga koʻra, raketalar oʻq-dorilar saqlanadigan omborxonalarga tushgan koʻrinadi, dedi Kovalenko.

“Halok boʻlgan va ogʻir jarohatlanganlar koʻp – bir yoki ikkita emasligi aniq”, dedi u.

Moskva 1930-yillarda sodir etgan jinoyatlarini haligacha inkor etib keladi, deb hisoblaydigan Markaziy osiyoliklar uchun Rossiya rejimining bunday adashtirishlari yangilik emas.

2019-yilda Rossiya tashqi ishlar vazirligi 1930-yillarda Qozogʻistonda uyushtirilgan ocharchilikda Sovet Ittifoqining aybini rad etuvchi bayonot bilan chiqqan edi.

“Rossiyaga birodar Markaziy Osiyo xalqlari tarixiy faktlarni “milliy oʻyinlar” yordamida buzib koʻrsatish harakatlariga aldanmasliklariga ishonamiz”, degan edi oʻshanda mamlakat tashqi ishlar vazirligi.

“Oʻgʻlimiz qayerda?”

Boshqa maʼlumotlarga koʻra, “Moskva” bortida halok boʻlgan dengizchilar soni bittadan koʻpligi aniq.

Kema joylashgan Sevastopoldagi manbaning Karvonsaroyga aytishicha, motamsaro mahalliy aholi bir qancha dengizchilar halok boʻlganini biladi, ammo bu haqda ochiq gapira olmaydi.

Shaharda ogʻir muhit hukm surmoqda, deydi u.

“Kemaga motam tutish mumkin, lekin halok boʻlgan dengizchilarga emas. Goʻyoki qurbonlar yoʻqdek. Motam yoʻq”, deydi ismini oshkor qilishni istamagan manba.

“Qurbonlar berilganini aytadigan boʻlsangiz, yolgʻon maʼlumot tarqatish yoki harbiylarni obroʻsizlantirishga oid qonunni buzganlikda ayblanasiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

U mahalliy kasalxonalarga krematsiya uchun olib ketilayotgan qutilar koʻpayganini payqagan.

“Moskva” halokatidan keyin bir qancha oilalar ijtimoiy tarmoqlar va mustaqil mahalliy yoki xorijiy matbuotga bergan intervyularida kemada xizmat qilgan oʻgʻillari va qarindoshlarini topa olmayotganliklarini aytganlar.

Yaltalik bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchi, kreyserda oshpaz boʻlib ishlagan Yegor Shkrebetsning otasi Dmitriy Shkrebets hamon oʻgʻlining taqdiri bilan qiziqmoqda.

“Bugun biz mudofaa vazirligining ishonch telefoniga shu savol bilan qoʻngʻiroq qildik: Oʻgʻlimiz qayerda? Bizga oʻgʻlimiz Yegor Shkrebets halok boʻlganlar, yaradorlar va bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida yoʻqligini aytishdi”, deb yozgan Shkrebets 22-aprel kuni VKontakte ijtimoiy tarmogʻida.

Avvalroq Shkrebets “Moskva”da xizmat qilgan kamida 15 nafar dengizchini bilishini, ammo qarindoshlari ularning taqdiridan bexabar ekanligini aytgan edi.

Harbiy tahlilchi Kovalenkoning soʻzlariga koʻra, “Moskva” bortida harbiy xizmatga chaqirilganlar boʻlgani uchun bu voqea shov-shuv boʻlib ketgan.

Mart oyida Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainada muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar jang qilayotganini tan olgan – avvalroq prezident Vladimir Putin bu faktni bir necha bor inkor qilgan edi.

“Tarixan Rossiyada shunday boʻlgan – dengiz floti va havo kuchlari quruqlikdagi qoʻshinlar bilan taqqoslaganda Rossiya armiyasining elitasi hisoblanadi. Bu boʻlinmalarga kiradiganlar, birinchi navbatda, ofitserlar oilalari, [professional] harbiylar oila aʼzolari boʻlib, ular armiya anʼanalarini yaxshi tushunadi”, deydi Kovalenko.

“Ularning eng asosiy mahorati – tilga mahkam boʻlish”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ammo muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarda boshqa muammo bor... Ular sir saqlashga oʻrganmagan. Keyinroq, shunday oilalardan boʻlgan dengizchilar gʻoyib boʻlgach, vahima kuchayib ketdi”, dedi Kovalenko.

Kovalenkoning soʻzlariga koʻra, kuch tuzilmalari endi qurbonlar qarindoshlarining ovozini oʻchirishga harakat qilmoqda.

“Qarindoshlari vafot etgani yoki bedarak yoʻqolganini eʼlon qilganlarning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari bloklanmoqda. Ularning koʻpchiligi eʼlon joylagan, biroq hozirda ularning ovozini oʻchirishga harakat qilishayotgan koʻrinadi”, deydi Sevastopoldagi manba.

“Sharmandali urush”

Kovalenko “Moskva” bilan 2000-yilda Barents dengizida barcha ekipaj aʼzolari bilan birga choʻkib ketgan Rossiyaning “Kursk” atom suv osti kemasining halokati oʻrtasidagi oʻxshashliklarni qayd etgan.

Oʻshanda 118 nafar dengizchi halok boʻlgan, biroq Rossiya hukumati oʻz odatiga koʻra dastlab halok boʻlganlar sonini yashirgan. Oʻsha paytdagi va hozirgi holat oʻrtasidagi farq shundaki, prezidentligiga bor-yoʻgʻi bir necha oy boʻlgan Putin matbuotning ovozini oʻchirishga ulgurmagandi.

“[Kreml tarafidan ham] turli raqamlar aytildi. Taxminan bir yil bu haqda hamma gapirdi va [Kreml] hatto qurbonlarning qarindoshlari ogʻzini pul bilan yopishga ham harakat qildi. Lekin oxir-oqibat haqiqatni yashirib boʻlmadi va voqea shov-shuvga aylanib ketdi”, deydi Kovalenko.

“Moskva” halokati oqibatida qurbon boʻlganlar va bedarak yoʻqolganlar sonini aniqlash uchun bir yildan koʻproq vaqt ketishi mumkin.

“Moskva kemasi ekipaji aʼzolarining roʻyxati ommaga eʼlon qilinishi kerak. Shunda aniq raqamlarni bilamiz va vaqt oʻtishi bilan har bir ekipaj aʼzosining taqdirini aniqlab olamiz”, dedi Kovalenko.

Qurbonlar soni aniq boʻlmasa ham, “Moskvada bu sharmandali urush tufayli uyaladigan narsalar yetarli. Rossiya soʻnggi 40 yil ichida oʻz bayroqdor kemasini yoʻqotgan dunyodagi ilk davlat boʻldi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hammasi yaxshi, xavotir olmanglar. Ular baliqlarni boqishyapti. Oʻz jasadlari bilan

Javob berish

Oʻzlariga munosib joyga ketishdi!

Javob berish

Urush tugagunicha yana qancha bahsli holatlar boʻladi, yana qancha odam bedarak ketadi, dahshat!

Javob berish

Ukrainaga qarshi kurashda Ukraina butunlay boshqa maqsadlarda qurgan uskunalardan foydalanishgani yetmagandek, oʻz qoʻshinlari haqidagi barcha mumkin boʻlgan maʼlumotlarni ham yashirishmoqda. Adashmasam, oila aʼzolari oʻz qarindoshlarining qayerda ekani haqidagi maʼlumotni soʻrashga haqli. Shtab hech boʻlmaganda ularning maqomini taʼminlashi kerak.

Javob berish