Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiya Ukraina bilan urushga Moldovani ham tortmoqchimi?

Olga Chepil

image

Moldova bilan chegaradagi Varnitsa nazorat oʻtkazish punktida tan olinmagan Dnestrboʻyi respublikasiga kirayotgan yoʻlovchilarni tekshirib, avtobusdan tushayotgan pridnestrovelik harbiy xizmatchi, 28-aprel. Rossiya generali Kremlning hujumi janubiy Ukraina orqali Dnestrboʻyiga quruqlik yoʻlagi ochishga qaratilganini aytgach, mintaqadagi beqarorlik xavotiri kuchaygan. [Daniyel Mixaylesku/AFP]

KIYEV – Rossiya rasmiylarining bayonotlari va oʻtgan oy Ukraina janubi-gʻarbiy chegarasi boʻylab Moldovadagi Rossiya qoʻllab-quvvatlaydigan boʻlginchi hudud – Dnestrboʻyida yuz bergan portlashlar Moskvaning niyatlari borasidagi xavotirlarni avj oldirgan.

Aprel oyi oxirida Dnestrboʻyi oʻz xavfsizlik vazirligi, harbiy qism va Rossiyaga qarashli radiominoraning portlagani, shuningdek, Rossiya qurol-yarogʻ ombori joylashgan qishloq oʻqqa tutilgani haqida xabar bergan, Moskva buni “terrorchilik harakati” deb atagan edi.

Ukraina bilan chegaradosh tan olinmagan Dnestrboʻyi respublikasi 1992-yilda Kishinyov bilan qisqa urushdan soʻng Moldova tarkibidan ajralib chiqqan. Oʻshandan beri u yerga 1500 ga yaqin Rossiya askari joylashtirilgan.

Bu vaziyat Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin 30 yildan koʻproq vaqt oʻtib, sovetlar belgilagan chegaralar tufayli Qirgʻiziston va Tojikiston, Oʻzbekiston va Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston kabi qoʻshni davlatlar oʻrtasida kelishmovchiliklar, baʼzan nizolar ham yuz berib turadigan Markaziy Osiyo mintaqasini eslatadi.

image

28-aprel kuni tan olinmagan Dnestrboʻyi oʻlkasi va Moldovaning qolgan qismi oʻrtasidagi chegarada joylashgan Varnitsa qishlogʻida avtobus kutayotgan mahalliy aholi vakillari. [Daniyel Mixaylesku/AFP]

Ukraina mojarosining kengayishiga oid xavotirlar rossiyalik general-mayor Rustam Minnekayevning aprel oyidagi bayonoti ortidan kuchaygan – harbiy mulozim Kremlning 24-fevral kuni boshlangan harbiy kampaniyasi Ukraina janubi orqali Dnestrboʻyiga quruqlik yoʻlagi ochishga qaratilganini aytgan edi.

Kiyev Rossiyani harbiy bosqin uchun bahona yaratish maqsadida mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dnestrboʻyi tomon quruqlik yoʻlagi ochish qarorida qatʼiy, deb bayonot berdi seshanba (10-may) kuni AQSH milliy razvedka boshqarmasi direktori Evril Xeyns.

“Taxminimizga koʻra, prezident Putin Ukrainada uzoq muddatli mojaroga hozirlik koʻrmoqda, uning davomida Donbassdan tashqaridagi maqsadlarga erishish koʻzlangan”, dedi Xeyns AQSH senatidagi eshituvlarda.

Soʻnggi haftalarda Rossiya kuchlari oʻz eʼtiborini Kiyevdan Ukraina janubi-sharqidagi Donbass hududiga qaratdi.

“Putin, aftidan, Rossiya oʻz raqiblariga qaraganda qiyinchiliklarga bardoshliroq va tayyorroq deb hisoblayapti. U oziq-ovqat tanqisligi, inflatsiya va energiya tashuvchilar narxi bilan bogʻliq vaziyatning yomonlashgani tufayli AQSH va Yevropa Ittifoqining zaiflashuviga umid qilmoqda”, dedi Xeyns Senatning qurolli kuchlar qoʻmitasiga.

Rossiya, jumladan 2014-yilda ishgʻol qilingan Qrim uchun suv resurslarini taʼminlash maqsadida hali ham Qora dengiz sohilidagi hududlarni qoʻlga kiritish niyatida, deb qoʻshimcha qildi u.

“Biz Rossiya harbiylarining quruqlikdagi yoʻlakni Dnestboʻyiga qadar uzaytirmoqchi ekaniga ishora qiluvchi belgilarni koʻryapmiz”, deydi Xeyns.

Biroq, Rossiyaning hozirgi qoʻshinlari Rossiya jamiyatining resurslari va umumiy safarbarliksiz bu hududni egallab olish va ushlab turishga yetadigan darajada koʻp yoki kuchli emas, dedi u.

Yangi jabhami?

Bunday qadam Ukrainadagi Odessa dengiz portining egallab olinishi va mamlakatning dengizdan butunlay uzilib qolishini anglatadi.

“Dnestrboʻyida hali ham Rossiyaning 1500ga yaqin askari bor”, deydi Kiyevdagi Siyosiy taʼlim institutining amaliy siyosat dasturlari rahbari Aleksandr Solontay.

Boʻlginchi mintaqadagi harbiy xizmatchilar soni mahalliy kuchlar, chaqiriluvchilar va zahiradagi askarlarni qoʻshib hisoblaganda 15 mingga yaqin, deb qoʻshimcha qildi u.

Taqqoslash uchun, Moldovaning kichikkina armiyasida 5000 dan sal koʻproq askar xizmat qiladi.

“Ukraina va Dnestrboʻyi oʻrtasidagi chegaraning uzunligi Vinnitsa va Odessa viloyatlarida 400 km dan oshadi. Nazariy jihatdan, Rossiya u yerda Ukrainaga hujum qilish uchun yangi front ochishi mumkin”, dedi u.

Solontayning soʻzlariga koʻra, Dnestrboʻyining Ribnitsa tumanidagi Kolbasna qishlogʻida Sharqiy Yevropadagi eng yirik oʻq-dorilar ombori joylashgan.

20 ming tonnaga yaqin turli oʻq-dorilar saqlanadigan omborga bir paytlar Sharqiy Germaniya, Chexoslovakiya va Sovet Ittifoqining boshqa mamlakatlaridan olib kelingan harbiy texnika va qurollar yigʻilgan.

Tahlilchilarning aksari Rossiyaga yangi jabha ochish uchun katta resurslar kerak boʻladi, deb hisoblamoqda.

“2014-yilga qadar Dnestrboʻyida Rossiyadan kelgan harbiy xizmatchilar faol rotatsiya qilindi. Ukraina va Moldova orqali. Hozir u yerga qoʻshin joʻnatish uchun Rossiya Moldova, Ruminiya yoki Ukraina orqali uchishi kerak”, deydi Taras Shevchenko nomidagi Milliy universitetida ishlaydigan kiyevlik siyosatshunos Valeriy Goncharuk.

Biroq, endi Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, oʻsha Rossiya qoʻshinlarini olib ketayotgan samolyotlar “hamma joyda urib tushirilishi mumkin. Bu Rossiya uchun juda katta xavf”, deydi u.

May oyida Ukraina Dnestrboʻyi poytaxti Tiraspolga uchib oʻtishga uringan har qanday Rossiya harbiy samolyoti urib tushirilishini aytgan edi.

“Vaziyatga toʻlaligicha nazar solish lozim. Barcha faktlar jamlansa, ruslar Dnestrboʻyidan Ukrainaga hujum qilishiga unchalik ishonmayman”, dedi Goncharuk.

“Birinchidan, koʻp sonli Rossiya harbiy xizmatchilari urush boshidayoq, Kiyevni egallashga urinish chogʻida halok boʻldi, Dnestrboʻyidagi mahalliy armiyaning jangovar ruhi juda past, motivatsiya yoʻq. Askarlarning koʻpi jang qilishni istamaydigan mahalliy aholi vakillari”, deydi u.

Provokatsiyalar va chalgʻituvchi omillar

Aksincha, Rossiyaning Dnestrboʻyidagi jangovar faollashuvi Ukraina eʼtiborini sharqiy jabhadan chalgʻitish va Moldovaga potentsial tahdid solishga urinish boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

“Dnestrboʻyidagi bu provokatsiyalarning barchasi keskinlikni oshirishga qaratilgan”, deydi Siyosat tadqiqotlari xalqaro markazining ichki siyosat departamenti direktori, kiyevlik siyosatshunos Igor Petrenko.

“Ular uchun Ukraina oʻz qoʻshinlarini Dnestboʻyi chegarasida ushlab turishi, ularni sharq va janubdan olib chiqib ketishi juda muhim”, dedi Petrenko.

“Ruslar haqiqatan ham... Ukraina bilan urushda payt poylab, Moldovaga hujum qilish uchun Dnestrboʻyidan foydalanishi mumkin”, dedi u.

“Dnestrboʻyi ruslari Moldovada turli fitnalar, mojaro va muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Ular notinchlik hosil qilishi mumkin... Bu Kremlning odatiy taktikasi”, dedi Petrenko.

“Shundan keyin ular odamlarga, “prezidentlaring eplay olmayapti, bu yerda ham Ukrainadagi holat boʻlishini istamaysizlar-ku, toʻgʻrimi? Shuning uchun endi Rossiya tartib oʻrnatadi”, deyishadi.”

“Moskva bu vaziyatdan foyda koʻradi, chunki Moldova ustidan nazoratni qoʻlga oladi va yevropaliklarning diqqatini Ukrainadan chalgʻitadi”, deb aytgan u.

Bu variantni amalga oshirish uchun Rossiya qoʻshimcha resurslardan foydalanishi lozim, ammo ularga ega emas.

“Poygaga NATO ham qoʻshildi”, deb taʼkidladi Petrenko. “Ruminiya bunday ssenariylarga zudlik bilan javob bera oladigan taktik qoʻshinlarini joylashtirdi.”

Urushga jalb qilish

Nima boʻlganda ham Rossiyaning Dnestrboʻyidagi harakatlari va fitnalari mintaqaviy xavfsizlikka va Moldovaning iqtisodiyotiga taʼsir qilib ulgurdi.

Moldovada yillik inflatsiya 22 foizga yetdi, mamlakat importi ham qimmatlashdi, chunki mahsulotlarni eng arzon narxda tashish imkoniyatini bergan yaqin atrofdagi Odessa porti oʻz faoliyatini toʻxtatgan, dedi Moldova bosh vaziri Niku Popesku 29-aprel kuni.

“Butun dunyo Rossiya boshlagan urush oqibatlarini his qilmoqda. Uning taʼsiri hatto Xitoy kabi davlatlarga ham sezilayotgan boʻlsa, kichik davlatlarga qanday taʼsir qilayotganini taxmin qilish qiyin emas”, deydi Petrenko.

Kreml kuch va qoʻrqitish namoyishi demakdir, shu sabab Rossiyaning taktikasi qoʻrqitishdan iborat. Ammo qoʻrqmasangiz, uning taʼsiri boʻlmaydi”, deydi u.

Shunday boʻlsa-da, keskinlik kuchayib bormoqda.

“Butun umr Pridnestrovyeda yashaganmiz. Hamma narsa tinch edi. Endi qoʻrquv paydo boʻldi”, deydi kishinyovlik Roman.

“Bu provokatsiyalar, harbiy holatga tortish. Kishinyovda keskinlik muhiti sezilmoqda”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Orklar Belarusni jalb qila olishmadi. Odamlar orklar safida jang qilishdan bosh tortmoqdalar.

Javob berish

Tarix ularning qoʻllari juda qisqa ekanini koʻrsatib turibdi. Ular oʻz yadroviy qurollarini yon-atrofga silkitishdan boshqa narsaga qodir emaslar; talon-taroj qilingan armiya va tashviqotdan boshqa foyda yoʻq.

Javob berish

Rossiya armiyasi Odessa va Gʻarbiy Ukrainani egallashdan tashqari Dnestrboʻyiga quruqlikdan yoʻlak ochmoqchimi? Moldova va boshqa davlatlarni ham bosib oladimi? Ammo bu ular uchun qiyin masala; Bunday nodon va nochor qoʻshin bilan qanday qilib nimadir qilish mumkinligini tushunmayapman.

Javob berish

Ular butun dunyoni faqat oʻzlari uchun kerak boʻlgan bu urushga jalb qilishni istaydilar, maqsad – butun dunyoni uchinchi jahon urushiga tortish

Javob berish

Rossiyaning buti yirtilib ketadi.

Javob berish