Karvonsaroy
Tahlil

Rossiya Markaziy Osiyoga qaratilgan tashviqot kampaniyasini jadallashtirmoqda

Kanat Altinbayev

Kremlparast trollar butun Markaziy Osiyo boʻylab Rossiya narrativini faol qoʻllab-quvvatlashga urinmoqda. [Pexels]

Kremlparast trollar butun Markaziy Osiyo boʻylab Rossiya narrativini faol qoʻllab-quvvatlashga urinmoqda. [Pexels]

OLMAOTA – Ijtimoiy tarmoqlardagi har kungi muhokamalarda Ukrainaga xayrixohlik bildirayotgan Markaziy Osiyoliklar Rossiyaning axborot urushi nishoniga aylanib bormoqda.

Olesya Rijkovaning akkaunti ham shunday shubhali trollardan biridir.

Har kuni – koʻpincha kuniga bir necha marta – Ukrainadagi urush va Rossiyadagi vaziyat haqida xabarlar chiqadigan profilda foydalanuvchi haqida hech qanday maʼlumot yoʻq.

Barcha postlar bitta narrativga mos: Rossiya Ukrainaning mazlum rusiyzabon fuqarolarini ozod qilish uchun Ukrainadagi fashistlar rejimiga qarshi kurashmoqda.

Rossiya qoʻshinlari oʻnlab tinch fuqarolarni qatl qilgan Ukrainaning Bucha shahridagi oilalardan birining dafn marosimi. Trollar Markaziy Osiyoda Ukrainaga qarshi kayfiyatni yuzaga keltirish uchun urush haqida soxta faktlarni toʻqimoqda. [Sergey Supinskiy/AFP]

Rossiya qoʻshinlari oʻnlab tinch fuqarolarni qatl qilgan Ukrainaning Bucha shahridagi oilalardan birining dafn marosimi. Trollar Markaziy Osiyoda Ukrainaga qarshi kayfiyatni yuzaga keltirish uchun urush haqida soxta faktlarni toʻqimoqda. [Sergey Supinskiy/AFP]

Aftidan, Rijkova uning Feysbukdagi koʻplab doʻstlari yashaydigan Qozogʻistondan turib ishlaydi.

Shuningdek, bu akkaunt Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqidagi boshqa odamlarning postlarini kuzatib boradi va koʻpincha eʼlon qilingan maʼlumotlarni rad etishga urinadi.

“Unday emas”, deb yozadi Rijkova 3-may kuni “Rossiyada natsizm Ukrainadagidan ham koʻproq” deb aytgan olmaotalik jurnalist Sergey Duvanovga javoban.

“Mariupolliklar u yerdagi millatchilar yosh qizlarni qanday qoʻrqitib, zoʻrlagani haqida soʻzlab berishgan. Mojaroli sud ishini esga olaylik, unda oʻz aybiga iqror boʻlgan ayrim sudlanuvchilar janglarda ishtirok etgani uchun garov evaziga qoʻyib yuborilgan”.

U mazkur “hodisalar” haqiqatan ham sodir boʻlganini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmagan.

Rijkova, shuningdek, Markaziy Osiyoda Kremlning yumshoq kuch siyosatini ilgari surish uchun tashkil etilgan federal agentlik – “Rossotrudnichestvo”ning Qozogʻistondagi vakolatxonasi boʻlmish Nur-Sultondagi Rossiya uyining Ukrainadagi urush haqidagi postlarini ham ulashmoqda.

Rossiya va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish vazifasini bajarishi aytilgan bu muassasa soʻnggi bir necha oy ichida faol tashviqot vositasiga aylangan.

Xususan, “Rossiya uyi” Kreml qoʻllovidagi RT telekanali suratga olgan “ukrain askarlarining mariupolliklarni oʻqqa tutgani va qiynoqqa solgani” haqidagi hujjatli filmlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali yoyinlagan.

Nishonda – Qozogʻiston

Bunday trollar Qozogʻistonda 1945-yilda Gitler magʻlub etilgani munosabati bilan oʻtkaziladigan Gʻalaba kuni harbiy paradi bekor qilinganiga eʼtibor qaratgan.

Dmitriy Makarov ismli trollikda gumon qilinganlardan biri Qozogʻiston “rasmiy ravishda oʻz faxriylarini axlatga uloqtirganini” yozadi.

Rus trollarining oʻzi Ikkinchi jahon urushidagi gʻalaba bilan bogʻliq qadriyatlarga nisbatan nafratini namoyish etadi, chunki ular oʻz tashviqot maqsadlariga erishish uchun ulardan surbetlarcha foydalanadi, deydi jurnalist Duvanov.

“Ulugʻ Vatan urushida (Ikkinchi jahon urushi) qatnashgan bobom bu voqealar va ular bilan bogʻliq ramzlar haqida zarracha maʼlumotga ega boʻlmagan bu tashviqotchilarni tushunmagan boʻlardi”, dedi Duvanov Karvonsaroyga.

“Bu – sharmandalik.”

Qozogʻistonda nomaʼlum trollar fevral oyida bosqin boshlanganidan beri Rossiyaning tajovuzi va Ukrainaga qarshi kayfiyatni qoʻllab-quvvatlashga urinmoqda, deydi Factcheck.kz sayti bosh muharriri, olmaotalik Duman Smakov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi haqida qasddan yolgʻon xabarlar tarqatish holatlari qayd etildi – goʻyoki Ukraina 1991-yilda mustaqillikka erishganida, Kiyev oʻz hududini BMT [Birlashgan Millatlar Tashkiloti] roʻyxatidan oʻtkazmagan emish”, dedi Smakov.

Yana bir holatda trollar Qozogʻistonda ochiq osmon ostidagi ibodatxona va tarixiy yodgorlik boʻlgan Tamgʻali tosh petrogliflariga kimdir goʻyoki Ukraina bayrogʻini chizib qoʻygani haqidagi xabarni tarqatgan.

Shuningdek, “Ukrainadagi neonatsistlar” haqida koʻplab yolgʻon xabarlar tarqatilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlar va Instagramdagi sahifalarda qozoq tilida joylashtiriladigan bu kabi hikoyalar koʻpincha onlayn tarjimon yordamida tarjima qilingani bilinib turadi, chunki ular chigal jumlalar va odatda qozoqlar ishlatmaydigan soʻzlardan iborat boʻladi”, deydi Smakov.

Tashviqot va dezinformatsiya ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalari orqali maxsus feyk yaratuvchilar tomonidan tarqatiladi, ularning maqsadli auditoriyasi – tanqidiy fikrlash qobiliyati va mediasavodxonligi past odamlar, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bizda bevosita dalil boʻlmagani uchun ularni Kreml trollari deb taʼkidlay olmasak-da, bunga shubhamiz yoʻq”, deb aytgan Smakov.

Axborot xurujlariga qarshi turish

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) qirgʻiz xizmatining fevral oyi oxirida maʼlum qilishicha, Qirgʻizistonga qarshi dezinformatsiya saʼy-harakatlarining muvaffaqiyatiga taʼlim darajasining qoniqarsiz ekani sabab boʻlmoqda.

Oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturining (PISA) 2009-yilgi natijalari shuni koʻrsatdiki, “15 yoshdagi qirgʻizistonliklarning beshdan toʻrt qismi oʻqigan maʼlumotlarini toʻliq tushunmaydi, tahlil qila olmaydi va sharhlay olmaydi”, deb xabar bergan RFE/RL.

Oʻsha paytdagi maktab oʻquvchilarining yoshi hozirga kelib 27-30ga yetgan va ularning aksariyati “manipulatsiyaga va dunyoni oq va qora ranglarda (ular va bizlar, solih va gunohkor, vatanparvar va xorijiy agent sifatida) koʻrishga va juda tez ayblashga moyil.”

Tahlilchilar bunday manipulatsiyaning taʼsiri haqida.

Markaziy Osiyodagi tinchlikparvarlik va mediatexnologiyalar maktabining dasturiy rahbari, bishkeklik Inga Sikorskaya chet el soxta xabarlari Markaziy Osiyo aholisi va hukumatlari uchun muammo keltirib chiqarishi haqida aytib oʻtgan.

“Biz Markaziy Osiyo mediamakonidagi gibrid urushlar qurboniga aylanmoqdamiz”, deb aytgan Sikorskaya fevral oyi oxirida CABAR.Asia mintaqaviy tahlil markaziga bergan intervyusida.

“Butun mintaqa bu axborot xurujlariga qarshi reja tuzishi va samarali kurashish uchun bir yoqadan bosh chiqarishi lozim.”

Global kampaniyaning bir qismi

Markaziy Osiyoga qarshi choralar Kremlning global axborot urushining bir qismi hisoblanadi.

Rossiya dezinformatsiya tarqatish va Kreml tanqidchilari, jumladan dunyo yetakchilarini nishonga olish uchun Sankt-Peterburgdagi eski korxonani trollar fabrikasiga aylantirgan, deyiladi 1-may kuni ochiqlangan Buyuk Britaniya hukumati moliyalashtirgan tadqiqotda.

Rossiyaning bu shahrida joylashgan idora ijtimoiy tarmoqlarda va mashhur veb-saytlarning fikr-mulohazalar boʻlimlarida yolgʻon maʼlumot tarqatishi gumon qilinmoqda, deb aytgan Britaniya tashqi ishlar vazirligi oʻz bayonotida.

Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, trollar fabrikasining yollanma xodimlari turli mamlakatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika va Hindistondagi siyosatshunoslar, shuningdek musiqachilar va guruhlarni nishonga olgan.

Operatsiya izlari sakkizta onlayn platforma, jumladan Telegram, Twitter va Facebook boʻylab topilgan, ayniqsa Instagram, YouTube va TikTok tarmoqlariga koʻproq eʼtibor qaratilgan.

TikTok influyenserlari Kreml narrativlarini yoyinlashi uchun ularga pul toʻlanishi gumon qilinadi.

“Kiberfront Z” (“Z” harfi Rossiya urushini qoʻllab-quvvatlash ramzi hisoblanadi) nomli Telegram kanali operatsiyada muhim rol oʻynashi aytilmoqda.

Uning bosh qarogohi harbiy qurilmalar va texnologiyalar ishlab chiqaruvchi “Arsenal” mashinasozlik zavodi binosidan ijaraga olingan xonada joylashgan.

Tadqiqotchilarga koʻra, guruh fitna nazariyachilari, shuningdek “Islom davlati” terrorchilik guruhi foydalanadigan taktikani oʻrgangan.

Britaniya tashqi ishlar vazirligi trollar operatsiyasi Sankt-Peterburgdagi taniqli Internet tadqiqotlari agentligini boshqarishda ayblangan, Putinning yaqin ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojinga aloqadorligi haqida xabar bergan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 6

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ular tashviqotni shu qadar moliyalashtiradilarki, gar ular bu resurslar iqtisodga sarmoya qilinganida, bu vayrona uylardan iborat rasvo emas, adekvat mamlakat boʻlar edi.

Javob berish

Qozogʻistondagi Rossiya OAVni yopish vaqti keldi. Rossiya endi tahdid qila olmaydi.

Javob berish

“Azov”ni qoralagan faqat ruslar emas... U Stenford (AQSH) hisobotida “Islom davlati” va boshqa terrorchi guruhlar safida zikr qilingan https://cisac.fsi.stanford.edu/mappingmilitants/profiles/azov-battalion#text_block_33831, Bellingcatda esa “Azov” ni natsistlar sifatida tasvirlaydigan bir nechta maqola bor https://ru.bellingcat.com › tag › азов

Javob berish

Azov aslida oʻz hududini himoya qilgan, ammo tashviqot mashinasi oʻz yerlarining himoyachilarini terrorchilarga aylantirib boʻldi.
Tekshiruvlardan soʻng Azov roʻyxatlardan chiqarildi; Bemaʼni narsalarni yozishdan oldin maʼlumotlarni tekshiring.

Javob berish

Kremlning bemaʼni gaplariga ishonadiganlar haliyam bormi? Bunga shubham bor. Rossiya natsist va fashist ekanligini hamma tushunib boʻldi.

Javob berish

Buning uchun yangi atama oʻylab topishdi - rashizm; Bu nimani anglatishini hamma tushungan va oqibatlarini ham koʻrmoqda.

Javob berish