Seshanba (24-may) kuni Xitoy va Rossiya Kreml Ukrainaga hujum boshlaganidan beri ilk marta birgalikda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazdi va Osiyo shimoli-sharqida xorijiy yetakchilar muhim uchrashuv oʻtkazayotgan hududga bombardimonchi samolyotlarni yoʻlladi.
Janubiy Koreya Xitoyning ikkita va Rossiyaning toʻrtta jangovar samolyoti mamlakatning sharqiy sohilidagi havo hujumiga qarshi mudofaa hududiga kirib borganini tasdiqlagan, deb xabar beradi New York Times nashri. Strategik bombardimonchi uchoqlar ishtirokidagi mashgʻulotlar murakkab boʻlib, odatda ancha avval rejalashtiriladi, deb qoʻshimcha qilingan xabarda.
Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kishi bu parvozlarni “provokatsion” deb atadi. Unga koʻra, Rossiyaning razvedkachi samolyotlari seshanba kuni Xokkaydo shimolidan Noto yarimoroliga parvoz qilgan.
Mashgʻulotlar Xitoyning tobora kuchayib borayotgan harbiy tahdidini muhokama qilgan Quad toʻrtligi – Qoʻshma Shtatlar, Hindiston, Avstraliya va Yaponiya uchrashuvi vaqtida oʻtkazilgan.
Dushanba kuni Tokiodagi nutqi chogʻida AQSH prezidenti Jo Bayden Xitoyning mustaqil Tayvanga qarshi tahdidini Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi bilan solishtirib, Pekinning oʻsib borayotgan iqtisodiy va harbiy qudrati bilan bogʻliq keskinlik ortib borayotgan bir paytda bu masala boʻyicha oʻzining eng dadil fikrlarini bayon qildi.
Bayden Tayvandagi vaziyatni bevosita Ukraina bilan solishtirdi. Ukraina 24-fevral kungi Rossiya bosqini ortidan Qoʻshma Shtatlardan bir necha milliard dollarlik yordam olgan.
Unga koʻra, Gʻarbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari “qimmatga tushishi” kerak, boʻlmasa “Xitoyning Tayvanni kuch bilan olish harakatiga qarshi qanday signal yuboriladi?”
U Xitoyning Tayvan boʻgʻozidagi tobora ortib borayotgan harbiy parvozlari, dengiz kuchlari mashgʻulotlari va namoyishkorona xatti-haraktlarini nazarda tutib, Pekin “juda yaqin parvozlarni amalga oshirayotgani va barcha manyovrlari orqali xavf bilan oʻynashayotgani haqida ogohlantirgan”.
6-may kuni Xitoy Tayvanning havo hujumiga qarshi mudofaa hududiga 18 ta jangovar va bombardimonchi samolyotlarini yuborgan, 23-yanvar kuni bu hududga 39 ta jangovar samolyot bostirib kirar ekan, bu holat kunlik ikkinchi eng yirik bosqinga aylangan, deb xabar beradi AFP.
2021-yilning soʻnggi choragida Xitoy Tayvanning havo mudofaasi hududiga hujumlarni oshirgan, oʻshanda 4-oktabr kuni bir kunning oʻzida bu hududga 56 ta jangovar samolyot kirgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy prezidenti Si Szinpin 4-fevral kuni Pekinda uchrashib, global va harbiy tartibning “yangi davrida” oʻzaro hamkorlik qilishga vaʼdalashgan edilar.
“Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik chegara bilmaydi”, degan edi ikki yetakchi uchrashuvdan keyin eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda. “Hamkorlikda taqiqlangan sohalar yoʻq.”
Xitoy rejimi Rossiyaning Ukrainaga bosqini rejasidan xabardor boʻlgan , ammo uning Pekindagi Qishki olimpiada vaqtida yuz bermasligi haqida qaygʻurgan xolos.
“Status-kvoni kuch bilan oʻzgartirish”
Xitoyning mustaqil Tayvanni bosib olishi bilan bogʻliq xavotirlar kuchayar ekan, seshanba kuni Yaponiya, Hindiston, Avstraliya va Qoʻshma Shtatlar yetakchilari “status-kvoni kuch bilan oʻzgartirish” urinishlaridan ogohlantirdilar.
Quad blokining umumiy bayonoti Xitoyning hududda tobora ortib borayotgan harbiy kuchini bevosita tilga olmasa-da, ammo tashvish sabablari borasida shubha qoldirmagan.
“Biz mintaqada status-kvoning oʻzgarishi va keskinlikning oshishiga qaratilgan har qanday majburiy, provokatsion yoki bir tomonlama harakatlarga, masalan bahsli hududlarning harbiylashtirilishi, sohilni qoʻriqlash kemalari va dengiz militsiyasidan xavfli tarzda foydalanish, boshqa mamlakatlarning dengiz resurslarini ekspluatatsiya qilish harakatlariga qarshimiz”, deyiladi hujjatda.
Toʻrt mamlakat oʻzaro ixtiloflarga qaramay, Xitoyning ortib borayotgan harbiy va iqtisodiy qudratiga qarshi birlashish niyatida.
“Rossiyaning Ukrainaga bosqini xalqaro qonunchilikni buzar ekan, kuch bilan status-kvoni oʻzgartirishga qaratilgan bir tomonlama harakatlarga hech qachon va hech qayerda, xususan Hind-Tinch okeani hududida yoʻl qoʻyilmaydi”, deb aytgan Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida.
Xitoy Ukrainadagi urushni “ehtiyotkorlik bilan oʻrganmoqda”
Xitoy Ukrainadagi urushni yaqindan oʻrganmoqda va ehtimol urushdan olingan saboqlarga tayanib Tayvan ustidan nazoratni qoʻlga olish boʻyicha uzoq muddatli rejalar tuzayotgan boʻlishi mumkin, deb aytgan may oyi boshlarida AQSH Markaziy razvedka agentligi rahbari Bill Byorns.
“Xitoy rahbariyati oʻz maqsadlari va Tayvan boʻyicha Ukrainadan qanday saboqlar olishi kerakligini ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda”, deb aytgan Byorns Financial Times anjumanida.
Byornsga koʻra, Xitoy Rossiya harbiy kuchlarining sust faoliyatidan, shuningdek butun Ukraina jamiyatining qarshiligidan “hayratda” qolgan.
“Oʻylaymanki, ushbu tajovuzga nisbatan Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qoʻllash yoʻlida transatlantika ittifoqining birlashgani ularni lol qoldirdi”, deb qoʻshimcha qilgan u.
Pekin “Rossiya prezidenti Vladimir Putinning harakatlari yevropaliklar va amerikaliklarni birlashtirganidan tashvishda”, deb aytgan Byorns.
“Bundan qanday xulosa qilishgani soʻroq ostida qolmoqda”, deb aytgan u.
“Menimcha, Xitoy rahbariyati Tayvan ustidan nazoratni qoʻlga olishda har qanday harakatlarning oqibatlari va qiymatini oʻrganish uchun bularning barini diqqat bilan kuzatmoqda.”
Bu mashqlar bir marta boʻlsa ham omadli yakunlanganmi? Har safar ular oʻzining hamma harbiy texnikasi bilan xorijiy davlat chegarasi yonida yuradi.
Javob berishFikrlar 6
Oʻzlari vaziyatni keskinlashtirishganidan keyin tanglik kuchayib ketdi.
Javob berishFikrlar 6
Rossiya va Xitoy hamkorligi oʻzining uncha noadekvat imkoniyatlari bilan butun dunyoni havotirga soladi. Ammo, bitta yaxshilik bor: ikkalasi ham boshqalar bilan kelishuvlariga amal qilmaydi va faqat oʻzining manfaatini koʻzlaydi. Hamma bitimlari boshlanmay turib tugaydi.
Javob berishFikrlar 6
Bu yil ekologiya odatdagi koʻrsatkichlar bilan xayrlashsa ham boʻladi. Ushbu bitmas-tuganmas imperialistik ambitsiyalar tufayli barcha ekotizimlar, odamlar va hayvonlar yoʻq qilinadi.
Javob berishFikrlar 6
Dunyoga yana bitta urush yetmay turuvdi.
Javob berishFikrlar 6
Karfagen (Xitoy) yoʻq qilinishi lozim.
Javob berishFikrlar 6