Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pekinning uygʻurlarga nisbatan shafqatsiz munosabati “eng yuqori darajada” maʼqullangan boʻlishi mumkin

Karvonsaroy va AFP

Uygʻurlarga nisbatan munosabatni oʻrgangan akademik Adrian Zents 24-may kuni Shinjonda ommaviy hibsda saqlash jarayonidagi zoʻravonlik usullariga oydinlik kirituvchi sizdirilgan minglab yangi fotosuratlar va rasmiy hujjatlarni chop etgan. [Fayl/Adrian Zents/Twitter]

Uygʻurlarga nisbatan munosabatni oʻrgangan akademik Adrian Zents 24-may kuni Shinjonda ommaviy hibsda saqlash jarayonidagi zoʻravonlik usullariga oydinlik kirituvchi sizdirilgan minglab yangi fotosuratlar va rasmiy hujjatlarni chop etgan. [Fayl/Adrian Zents/Twitter]

VASHINGTON – Xitoydagi musulmon uygʻur ozchilikning qamoqqa olinishiga oid yangi materiallar inson huquqlarining poymol qilingani bilan bogʻliq “mudhish” holatlarni oshkor qilar ekan, seshanba (24-may) kuni AQSH va Germaniya bu borada jiddiy xavotir izhor etgan.

Ushbu qonunbuzarliklar Pekinda eng yuqori darajada maʼqullanganini tasdiqlovchi dalillar mavjud, dedi AQSH Davlat departamenti vakili Ned Prays.

“Bu xabarlar va mudhish suratlar bizni larzaga soldi”, dedi u jurnalistlarga.

“Bostirish, hibsga olish, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq tizimli amaliyotlar XXR hukumatining eng yuqori darajadagi maʼqullovisiz amalga oshirilganini tasavvur qilish mushkul”, dedi u Xitoy Xalq Respublikasini nazarda tutib.

Xitoy kompartiyasi AQSH, boshqa davlatlar va huquqbonlar tarafidan “genotsid” deb taʼriflagan koʻp yillik tazyiqlar doirasida olis gʻarbiy mintaqadagi bir milliondan ortiq uygʻur va asosan musulmonlardan iborat boshqa turkiyzabon xalqlarni hibsga olishda ayblanmoqda.

“Biz XXRni barcha oʻzboshimchalik bilan hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga, hibsda saqlash lagerlarini tugatishga, ommaviy hibslarni, qiynoqlarni, majburiy sterilizatsiyani va majburiy mehnatdan foydalanishni toʻxtatishga chaqirganmiz va chaqirishda davom etamiz”, dedi Prays.

Uygʻurlarga nisbatan munosabatni oʻrgangan akademik Adrian Zents ommaviy hibsda saqlash jarayonidagi zoʻravonlik usullariga oydinlik kirituvchi sizdirilgan minglab yangi fotosuratlar va rasmiy hujjatlarni chop etgan.

Bir nechta OAV “Shinjon politsiyasining hujjatlar toʻplami” deb ataluvchi sizdirilgan hujjatlarni eʼlon qilgan boʻlib, ularda Shinjondagi ommaviy hibsxonalar tizimiga oid minglab fotosuratlar, jumladan hibsga olingan uygʻurlar aks etgan.

Hisobotda aytilishicha, eng yosh mahbus qiz hibsga olinganida atigi 15 yoshda boʻlgan.

BBC va Le Monde kabi bir nechta OAV tomonidan qisman tekshirilgan materiallar, shuningdek, hibsxonalar hayoti haqida tasavvur beradi.

Fotosuratlarda zobitlar boshiga qop kiydirilgan va qoʻllari kishanlangan mahbuslarni kaltaklar bilan ushlab turgani, kamuflyaj taqqan boshqa qoʻriqchilar esa oʻqotar qurollar bilan turganini koʻrish mumkin.

Bu xabarlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) inson huquqlari boʻyicha rahbari Mishel Bachelet Xitoyga tashrifini boshlaganida paydo boʻlgan.

AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild oʻz Twitterida Bachelet “bu yuzlarga diqqat bilan nazar solishi va Xitoy rasmiylaridan toʻliq, toʻsiqsiz kirish va javoblar talab qilishi” kerakligini aytgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Bayerbok ham bu ayblovlar boʻyicha “shaffof tergov oʻtkazishga chaqirdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Xitoylik hamkasbi Van I bilan telefon orqali suhbatida Berbok “Shinjonda inson huquqlarining oʻta jiddiy buzilishiga oid mudhish xabarlar va yangi dalillarni” zikr qilgan, deyiladi bayonotda.

Shu oy boshida AFP ixtiyoriga kelib tushgan politsiya maʼlumotlari bazasida hibsga olingan minglab uygʻurlarning ismlari va tafsilotlari keltirilgan.

Musulmonlar birdamligi

Arab va islom mamlakatlari hamda ittifoqlari Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan zulmiga qarshi oʻz mavqifini yakdillashtirishi va zoʻravonliklarga barham berish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishi kerak, deb aytgan Yaqin Sharqdagi ulamolar va diniy arboblar.

Islom ulamolariga koʻra, Xitoy hukumatining uygʻurlarga nisbatan shafqatsiz munosabatini keng qamrovli kampaniyalar va Xitoy mahsulotlarini boykot qilish qilish orqali toʻxtatish mumkin.

Shuningdek, arab davlatlari IHT va Fors koʻrfazi hamkorligi kengashi kabi tashkilotlar va ittifoqlar orqali Xitoyning musulmon ozchilikka qarshi repressiv amaliyotlarini qoralash boʻyicha umumiy pozitsiyani egallashi kerak, deydi ular.

“Diniy nuqtayi nazardan, musulmonlar zulm ostida qolgan birodarlariga yordam berishi kerak”, deydi Al-Azhar universitetining shariat va fiqh boʻyicha professori, ulamo Nayif Abd Rabbu.

“Xitoyning Yaqin Sharq, ayniqsa islomiy mamlakatlarda keng qamrovli iqtisodiy manfaatlari bor”, deb aytgan Umm al-Quro universitetining qiyosiy huquqshunoslik boʻyicha professori Abdulloh al-Muqrin.

Mamlakatlar bundan Xitoy hukumatini musulmonlarga nisbatan olib borayotgan harakatlaridan voz kechishga undash yoʻlida foydalanishlari mumkin, deb aytgan u.

Al-Muqrin hukumatlarni Xitoy harakatlariga qarshi munosabat bildirishga undash uchun ommaviy namoyishlar samarasi va Xitoydagi musulmonlarga qarshi zulmlar haqidagi xabarlarni yoyinlashda ijtimoiy tarmoqlarning oʻrnini alohida taʼkidlagan.

“IHT va KHK kabi guruhlarning umumiy harakatlaridan farqli oʻlaroq, alohida davlatlar pozitsiyasi biror sezilarli natija olib kelmasligi mumkin”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu xalqning tarixi qonga belangan va bunday ketishda u ham qolmaydi.

Javob berish

Imperiyalar tobora yulgʻich boʻlib borayotgani tufayli xalqlar azob chekmoqda.

Javob berish