Karvonsaroy
Texnologiya

Markaziy Osiyolik haydovchilar Rossiya taksi sanoatidagi kuzatuv choralariga hozirlanmoqda

Kanat Altinbayev

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) binosi oldida yoʻlovchini kutayotgan taksi haydovchisi, Moskva, 12-may. Kreml taksi ilovalarini real vaqt rejimida FXXga maʼlumotlar taqdim etishga majburlovchi qaror loyihasini taklif qilgan. [Nataliya Kolesnikova/AFP]

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) binosi oldida yoʻlovchini kutayotgan taksi haydovchisi, Moskva, 12-may. Kreml taksi ilovalarini real vaqt rejimida FXXga maʼlumotlar taqdim etishga majburlovchi qaror loyihasini taklif qilgan. [Nataliya Kolesnikova/AFP]

OLMAOTA – Rossiya davlat dumasi taksi sohasini tartibga solishni koʻzda tutuvchi va taksi ilovalaridan Federal xavfsizlik xizmatiga (FXX) mijozlar maʼlumotlar bazasidan foydalanish huquqini berishni talab qiluvchi qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda.

“Taksi buyurtma qilish xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga hukumat tomonidan belgilangan tartibda buyurtmalarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va yuborish uchun foydalaniladigan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalariga avtomatlashtirilgan masofadan kirishni taʼminlashi lozim”, deyiladi loyihada.

Qonun loyihasi tasdiqlangan taqdirda FXXga taqdim etiladigan axborot yoʻlovchining safarlari va yuki, taksining joylashuvi va haydovchi haqidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi.

Shuningdek, loyihada taksi haydovchilarga nisbatan talablarni kuchaytirish ham koʻzda tutilgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) binosi oldida yoʻlovchilarni kutayotgan taksichilar, Moskva, 12-may. [Nataliya Kolesnikova/AFP]

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) binosi oldida yoʻlovchilarni kutayotgan taksichilar, Moskva, 12-may. [Nataliya Kolesnikova/AFP]

Xususan, agar fuqaro haydovchilik huquqlaridan mahrum etilsa va jazo muddatidan keyin ularni qayta tiklasa, u qoʻshimcha bir yillik “sinov muddatidan” keyin taksi haydovchisi boʻlib ishlashi mumkin.

Qonun loyihasida uchtadan koʻp yoʻl harakati jarimasiga ega haydovchilarga taksi haydashni taqiqlash koʻzda tutilmoqda.

Qonun kuchga kirgan taqdirda taksi ilovalari ishida qoʻshimcha qiyinchiliklar yuzaga keladi. Ular oʻzlari faoliyat yuritadigan barcha viloyatlarda ofis ochishi kerak boʻladi, har bir viloyatda taksi haydovchilarining roʻyxati tuzilib, ularning soni cheklangan boʻladi.

Taksi kompaniyalari oʻz haydovchilari bilan shartnoma tuzishi kerak boʻladi va agar haydovchining tegishli ruxsatnomasi boʻlmasa, u yoʻlovchiga yetkazilgan zarar uchun masʼul boʻladi.

Ushbu saʼy-harakatlar OAV va axborot texnologiyalarini tartibga soluvchi “Roskomnadzor” yanvar oyida “Yandeks Taksi” ilovasini maʼlumot tarqatish tashkilotchilari roʻyxatiga kiritishi ortidan boshlangan.

Kreml roʻyxatdagi veb-saytlarni, jumladan “VKontakte” va “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlari, 2ch.hk forumi, Mail.ru pochta xizmati va boshqa oʻnlab xizmatlarni diqqat bilan kuzatib boradi, deb xabar bergan Global Voices 2017-yilda.

Bu ilova endi foydalanuvchilarga oid maʼlumotlarni toʻplash va saqlashga majbur, shuningdek Rossiya qonunchiligiga muvofiq, ularni soʻrovga koʻra huquq- tartibot idoralariga taqdim etishi kerak.

“Cheklovchi va xarajatli”

Foydalanuvchilarga taksi chaqirish, mashinalar va skuterlar ijaraga olish imkonini beruvchi Citymobil onlayn xizmati “avval rad etilgan, jumladan bozor ishtirokchilarining salbiy munosabatiga uchragan loyihalarga oʻxshashini” aytib, mazkur qonunga qarshi chiqqan.

Kompaniya foydalanuvchilarning safarlari haqidagi maʼlumotlarni saqlamaydi va qonun loyihasi “joriy iqtisodiy sharoitda amalga oshirish qiyin boʻlgan cheklovchi va xarajatli choralarni soha ishtirokchilariga tatbiq” etmasligi kerak, deb aytgan Citymobil vakili Rossiyaning Forbes nashrining mart oyidagi xabariga koʻra.

“Qonunning oxirgi loyihasi bozor ishtirokchilari bilan bemaslahat, maxfiy tarzda ishlab chiqilmoqda”, deb aytgan Maxim nomli yana bir taksi ilovasi vakili.

“Bundan soha rivoji va uning ishini tartibga solish uchun kerak boʻladigan emas, balki butunlay boshqa narsa kelib chiqishi mumkin”, deb aytgan u Forbes nashriga koʻra.

Qatʼiy qoidalar bilan ishlashi kerak boʻlgan haydovchilar esa keskin tanqidiy fikrlarni bildirganlar.

“Yangi qonun talabga javob bermaydigan taksi haydovchilarini chetlatuvchi filtr boʻladi”, deydi Moskvada “Yandeks Taksi” haydovchisi boʻlib ishlaydigan asli dushanbelik Tohir Yusupov. “Ular qanday tirikchilik qiladi? Oilasini qanday boqadi?”

Yangi talablar taksi operatorlari uchun katta xarajatlarni keltirib chiqaradi, natijada ular haydovchining kompensatsiyasini qirqadi yoki ularni ishdan boʻshatadi, deb aytgan u.

Rossiyada taksi haydovchilarining aksariyatini tashkil etadigan Markaziy Osiyolik migrantlar qatʼiy tartiblarning asosiy qurboniga aylanadi, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Har oy yangi talablar, cheklovlar, taqiqlar boʻlyapti”, deb aytgan Yusupov. “Rossiya rasmiylari hayotimizni yanada murakkablashtirishning yangi usullarini oʻylab topishda davom etmoqda.”

“Inson huquqlarining buzilishi”

Kreml tanqidchilarining fikricha, fuqarolarning harakatini taksi ilovalari orqali kuzatish Rossiyada inson huquqlari bilan bogʻliq holatning yanada yomonlashganidan darak beradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin FXXni “rasmiy vakolatlari doirasidan tashqariga chiqadigan barcha narsaga haqli” hukmron organga aylantirdi, deb yozgan moskvalik siyosatchi Ilya Yashin 28-aprel kuni oʻzining Facebook sahifasida.

“Lubyankada [FXX bosh qarorgohida] qonun loyihalari ishlab chiqiladi, gubernatorlik va vazirlik lavozimlariga kadrlar tayyorlanadi; tarix kitoblariga nimalarni yozish kerakligi belgilanadi; saylovda kimlar ishtirok etishi mumkinligi, kimlar ishtirok etmasligi, kim ozodlikda qolishi va kim qamoqqa tushishi hal qilinadi”, dedi u.

“Rossiya davlati qanday qilib maxsus xizmatlar nazoratiga oʻtganini sezmay ham qoldik”.

“Mamlakatimizni hech kim saylamagan, deyarli notanish boʻlgan va oʻz faoliyatini sirli parda ortiga yashirgan odamlarga topshirdik”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Inson huquqlarini poymol qiluvchi avtoritar qonunlar nafaqat mahalliy rossiyaliklar, balki sharoit tufayli Rossiyada ishlashga majbur boʻlayotgan Markaziy Osiyolik migrantlarning ahvolini ham ogʻirlashtiradi.

Rossiya hukumati Ukrainaga bosqin ortiga yashirinib, konstitutsiyaga zid bir qancha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilmoqda, deydi Rossiyadagi mehnat migrantlariga tez-tez huquqiy yordam koʻrsatib turadigan Bishkek advokatlar kengashi direktori, qirgʻizistonlik huquqshunos Islom Baygarayev.

“Ular buni har qancha oqlamasin, barcha fuqarolar harakatini, jumladan taksi orqali kuzatish kabi choralarni qonuniylashtirishni qanday taqdim etmasin, bularning bari Rossiyada soʻnggi yillarda odatiy holga aylangan inson huquqlarining qoʻpol buzilishidir”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya qonunchiligiga koʻra, ilovalar endi mijozlar haqidagi maʼlumotlarni toʻplash va saqlashga hamda huquqni-tartibot va xavfsizlik idoralariga taqdim etishga majbur. Eng achinarlichi, ularning maʼlumotlar bazalari xavfsiz mamlakatda emas; ularning himoya darajasi, biz bir necha bor guvoh boʻlganimizdek, zaifdir. Biz haqimizda istagan odam maʼlumotga ega boʻlishi qoʻrqinchli, ammo undan qanday foydalanishi esa boshqa masala.

Javob berish

Yaqinda rivojlanayotgan mamlakatlarda odamlarga yordam berishni koʻzlagan barcha ilovalar maxsus kuchlarga maʼlumot toʻplashni boshlaydi, agarda allaqon shunday boʻlmagan boʻlsa. Yangi mahsulotini bizga sotishga harakat qilgan marketologlardan qoʻrqib yurgan edik.

Javob berish

Odamlar doimo kuzatuv ostida boʻlgan, ammo endi bu sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtmoqda. Oʻylab koʻring; ular tez orada har bir nafasingizni kuzatib boradilar.

Javob berish

Hammayoqda inson huquqlarining buzilishi va odamlardan ularning barcha resurslarini sarflagan holda foydalanish – Rossiyaga xush kelibsiz.

Javob berish

Rossiya – totalitar hojatxona.

Javob berish