Karvonsaroy
Siyosat

KXSHT sammiti aʼzolar orasidagi ixtilof va kelishmovchiliklarni koʻrsatib qoʻydi

Kseniya Bondal

(Chapdan oʻngga) Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi oldidan Kreml zaliga kirishmoqda, 16-may, Moskva. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

(Chapdan oʻngga) Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi oldidan Kreml zaliga kirishmoqda, 16-may, Moskva. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

OLMAOTA – Oʻtgan hafta Moskvada boʻlib oʻtgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) sammitida Rossiya hukmronlik qiladigan tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi ixtiloflar yuzaga chiqqan.

16-may kungi tadbir KXSHTga aʼzo barcha davlatlar rahbarlarining soʻnggi ikki yarim yil ichidagi ilk yuzma-yuz uchrashuvi boʻldi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etayotgan pallaga toʻgʻri keldi.

Uchrashuvda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etgan.

Xabar qilinishicha, uchrashuvdagi muhit doʻstona emas edi.

13-yanvar kuni Olmaotada KXSHT missiyasi yakuniga bagʻishlangan marosimda ishtirok etayotgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining rossiyalik askarlari. Rossiya boshchiligidagi kuchlar misli koʻrilmagan tartibsizliklar fonida amaldagi hukumatni qoʻllab-quvvatlash uchun Qozogʻistonga joʻnatilgan. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

13-yanvar kuni Olmaotada KXSHT missiyasi yakuniga bagʻishlangan marosimda ishtirok etayotgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining rossiyalik askarlari. Rossiya boshchiligidagi kuchlar misli koʻrilmagan tartibsizliklar fonida amaldagi hukumatni qoʻllab-quvvatlash uchun Qozogʻistonga joʻnatilgan. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etmoqda, 16-may, Moskva. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etmoqda, 16-may, Moskva. [Aleksandr Nemenov/Pool/AFP]

“Uchrashuv silliq oʻtdi, deb boʻlmaydi. Sammit davomida ishtirokchilar bir-birlariga ayrim taʼnalar bilan yuzlanishdi”, deb yozadi Rossiyaning “Vedomosti” biznes nashri.

Ittifoq aʼzolari uning ichida birdamlik yoki hamjihatlik yoʻqligini ham taʼkidladilar.

“Bugungi kunda tashkilotimiz safi birdam, barchamiz hamjihatlikda va oʻzaro qoʻllab-quvvatlovdamiz, deb ayta olamizmi? Soʻnggi voqealardan maʼlum boʻlishicha... unday emasga oʻxshaydi”, dedi Lukashenko.

2-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralash uchun oʻtkazilgan ovoz berishda betaraf qolgan KXSHT aʼzolarining aksariyati Rossiyani qoʻllab-quvvatlamagan.

KXSHT davlatlari orasida rezolyutsiyaga faqat Belarus va Rossiya qarshi chiqqan.

Oʻz navbatida, Putin Qozogʻistonga blokning tinchlikparvar kuchlari tomonidan yanvar oyida koʻrsatilgan yordamni eslatib, BMT ichida va KXSHT doirasida tashqi siyosat boʻyicha yaqin hamkorlikka umid qilayotganini bildirdi.

Bu orada Pashinyan oʻtgan yili Ozarbayjon qoʻshinlari Armaniston hududiga bostirib kirganida vaziyatga aralashmagani uchun KXSHTni tanqid qilar ekan, blokdagi ayrim hamkorlar Ozarbayjonga qurol sotishda davom etayotganidan shikoyat qilgan.

Putin va Lukashenko yakkalanib qolmoqda

KXSHT ichidagi norozilik yaqqol namoyon boʻlmoqda, deydi Nur-sultonlik siyosiy sharhlovchi Gaziz Abishev.

Ittifoqdagi yetakchilar turli “toʻlqinlarda”, chunki ularning manfaatlari har xil, deydi u.

“Putin oʻzining “muqaddas” urushini boshladi, unda hamma narsa aralashib ketgan: “yerlarni jamlash” gʻoyasi [koʻhna Moskoviyani kengaytirish uchun ishlatilgan ibora], NATO bilan urush, oʻzining tasavvuridagi Rossiya milliy manfaatlarini himoya qilish va hokimiyatni saqlab qolish”, deydi u.

“Lukashenkoning kun tartibi ham shunga oʻxshash – u tartibsizliklar tufayli Belarusdagi hukmronligini yoʻqotayozdi... va u ham sanksiyalarga duchor boʻldi.”

Lukashenkoni Putindan boshqa hech kim qoʻllamayotgani uchun u ittifoqchilar izlayapti, Pashinyan esa Lukashenkoning Armaniston bilan urush vaqtida Ozarbayjonni qurol-yarogʻ bilan taʼminlaganini biladi va undan xafa, dedi Abishev.

Bu orada Rahmon hokimiyatni oʻgʻliga topshirish harakatida, Japarov esa hokimiyatni oʻz qoʻlida birlashtirishga urinmoqda, deydi u.

Qozogʻistonda esa demokratlashtirish, islohotlar va oligarxlarni magʻlub etish asosiy masala boʻlib turibdi, deb qoʻshimcha qildi u.

Ukrainaga bosqin, uning iqtisodiy oqibatlari bilan bir qatorda, “KXSHTdagi barchaning qovurgʻasiga armatura boʻlagi kabi zarba berdi”, dedi Abishev.

Albatta, Lukashenko Qozogʻiston va KXSHTning boshqa aʼzolari unga va Putinga yordamga shoshilishini istaydi, dedi u.

“Ammo Qozogʻiston bundan manfaatdor emas, chunki, nazarimda, mamlakatimiz rahbariyati Rossiyaning Ukrainada qoʻllayotgan sabablari va usullarini maʼqullamaydi”, dedi Abishev.

KXSHTga aʼzolik masalasi soʻroq ostida

Lukashenkoning nutqi Putin bilan birga mutloq yakkalanib qolganini tushunib turgan nodon odamning soʻzlaridan boshqa narsa emas, deydi olmaotalik jurnalist va tadbirkor Arman Shurayev.

“Aslida Qozogʻiston KXSHTni NATOga muqobil tuzilma deb bilmaydi, chunki Qozogʻiston harbiy doktrinasida ikkala blok bilan ham hamkorlik qilish koʻzda tutilgan”, deydi u.

“KXSHT sammitidan ikki kun avval Toʻqayev NATOga aʼzo mamlakatlardan biri – Turkiyada boʻlib, qoʻshma harbiy mashgʻulotlar oʻtkazishga kelishib olgan”.

Qolaversa, Turkiya oʻzining Qozogʻistondagi dron zavodi uchun barcha texnologiyalarni yetkazib berish majburiyatini oldi. Bu korxonada ikki mamlakat Ukrainadagi Rossiya qoʻshinlarini tor-mor qilayotgan turklarning “Bayroqdor”idan ham oʻtadigan jangovar dronlarni ishlab chiqarishi mumkin”, dedi Shurayev.

KXSHT kelishuviga koʻra, agar tashkilot aʼzolaridan biri uchinchi davlatga hujum qilishni rejalashtirgan boʻlsa, bu haqda blokning boshqa aʼzolarini xabardor qilishi shart, dedi u.

“Putin tashkilot tarafidan belgilangan bu talablarni qoʻpol ravishda buzdi – u hech kimni ogohlantirmay Ukrainaga hujum qildi”, dedi Shurayev. Buni “maxsus operatsiya” deb atasa ham, lekin aslida bu urush eʼlon qilmasdan amalga oshirilgan bosqindir”, deydi u.

Demak, Qozogʻiston ham KXSHTga aʼzo boshqa har qanday davlat kabi oʻz aʼzoligini toʻxtatib turish yoki ittifoqdan butunlay chiqib ketishga maʼnan haqli, dedi u.

KXSHT 1992-yilda tashkil etilganidan beri uni hafsalasi pir boʻlgan bir qancha aʼzolar tark etgan. 1993-yilda aʼzo boʻlgan Ozarbayjon va Gruziya 1999-yilda, Oʻzbekiston esa 2012-yilda tashkilot safidan chiqqan.

“Demak, pretsedentlar bor va menimcha, KXSHTdan chiqadigan keyingi davlat Qozogʻiston boʻladi”, dedi Shurayev.

“Zaharli ittifoq”

KXSHT ichidagi tanglik yaqqol sezilmoqda, har bir davlat oʻz manfaatini koʻzlayapti, deydi olmaotalik huquqshunos Asqar Qaldibayev.

Uning aytishicha, Rossiya rahbariyati Belarus ishtirokida Ukrainaga zarba berish orqali NATOdan himoyalanishni istamoqda.

Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, bu harakatlar xorijiy davlatga tajovuz sifatida tavsiflanishi kerak. Jahon hamjamiyati ularni shunday taʼriflamoqda, dedi u.

“KXSHTning Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi boshqa aʼzolari esa dunyo hamjamiyati Rossiya va Belarusning harakatlariga qarshi ekanini koʻrib, bu ikki davlat bilan harbiy-siyosiy ittifoqda boʻlish ularning manfaatlariga salbiy taʼsir qilishini anglamoqda”, dedi Kaldibayev.

Hech bir mamlakat Rossiya va Belarus bilan hamkorlik uchun sanksiyalarga uchrashni istamaydi, dedi u.

“Shu tariqa KXSHT bu ikki davlat bilan ittifoq sifatida boshqa davlatlar uchun zararli boʻlib bormoqda”, dedi Qaldibayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ukrainada urush qilishga vaqti yetarli ekanligi, Suriyaga askarlar yuborayotgani va ayrim tashkilotlarda oʻz hurmatini saqlab qolayotgani gʻalati. Bularning bittasini ham uddalay olmayapti.

Javob berish

Bu tashkilot saqlab qolishga arziydigan boʻlganida edi, undan foyda boʻlardi. Aks holda, unga qoʻshilish va qoʻllab-quvvatlashdan maʼno yoʻq.

Javob berish

Hech qanday kelishuvlarga rioya qilmaydigan, asossiz ravishda imtiyozlar talab qiladigan tajovuzkor davlat bilan bir tashkilotga aʼzo boʻlish va bitimlar tuzish – qanday ham “ajoyib” reja.

Javob berish

Bir tiyinlik foydasi yoʻq KXSHT Qozog‘istonda bir haftagina boʻlib, pivo zavodini qoʻriqladi, endi shu ishi uchun hurmat istayapti. Boshqa narsa kerakmasmi mabodo?

Javob berish