Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻiston yaqinlashayotgan oziq-ovqat inqirozi sharoitida Rossiyaning gʻalla protektsionizmiga qarshi chiqmoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Ukrainaning Odessa viloyatidagi bugʻdoy dalasi, 22-may, Rossiya bosqinining 88-kuni olingan surat. [Genya Savilov/AFP]

Ukrainaning Odessa viloyatidagi bugʻdoy dalasi, 22-may, Rossiya bosqinining 88-kuni olingan surat. [Genya Savilov/AFP]

OLMAOTA – Global oziq-ovqat inqirozi kuchayar ekan, Qozogʻiston fermerlari Rossiyaning Qozogʻistonni gʻalla eksportini taqiqlashga majburlash urinishlaridan norozi.

Nur-Sulton bunday qilishdan bosh tortmoqda.

Moskva boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YOII) nazoratchi organi – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining 20-may kungi yigʻilishida Rossiya blokning barcha aʼzolaridan uchinchi davlatlarga don eksport qilishga kvota va bojlar joriy etishni talab qilgan, deb yozadi “Kommersant” biznes nashri.

Rossiya hukumati mart oyining oʻrtalarida “tashqi cheklovlar sharoitida ichki oziq-ovqat bozorini himoya qilish uchun” YOII mamlakatlarida bugʻdoy, meslin, javdar, arpa va makkajoʻxori kabi don eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgan.

Kombayn qoʻlda boshqarilmayotganini koʻrsatish uchun qoʻlini koʻtarib ishora qilayotgan operator, 2018-yil 18-iyul, Olmaota viloyati. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Kombayn qoʻlda boshqarilmayotganini koʻrsatish uchun qoʻlini koʻtarib ishora qilayotgan operator, 2018-yil 18-iyul, Olmaota viloyati. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Maxar Technologies sunʼiy yoʻldosh suratida 19-may kuni Qrimda Rossiya bayrogʻi ostidagi “Matros Pozinich” kemasi korpusiga gʻalla yuklanayotgani tasvirlangan. [Maxar Technologies]

Maxar Technologies sunʼiy yoʻldosh suratida 19-may kuni Qrimda Rossiya bayrogʻi ostidagi “Matros Pozinich” kemasi korpusiga gʻalla yuklanayotgani tasvirlangan. [Maxar Technologies]

Moskva katta ehtimol bilan 30-iyungacha amal qilishi kerak boʻlgan bu taqiqni uzaytirishi mumkin.

Mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirligiga koʻra, Moskva kiritayotgan kvotalar va bojlar Rossiya gʻallasining YOII orqali Rossiya cheklovlarini chetlab oʻtib, qayta eksport qilinishining oldini oladi, deb xabar qilgan “Kommersant” manbalari.

Moskvaning bu harakatlari Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Ukrainani Qora dengizdan qamal qilib, gʻalla koni boʻlgan mamlakatning asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishiga toʻsqinlik qilayotgan bir paytda yuz bermoqda.

AFP maʼlumotlariga koʻra, 24-fevralda boshlangan Rossiya bosqiniga qadar Ukraina oʻz portlari orqali oyiga taxminan 4,5 million tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, jumladan jahon miqyosida bugʻdoyning 12 foizini, makkajoʻxorining 15 foizini va kungaboqar yogʻining yarmini eksport qilgan.

Urush va davom etayotgan qamal savdoni sezilarli darajada toʻxtatib qoʻygan, zero muqobil temiryoʻl va yuk mashinalarining marshrutlari bunday hajmdagi mahsulotni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun zarur boʻlgan ulkan logistika va moliyaviy toʻsiqlarni bartaraf etishga qodir emas.

Oʻtgan haftada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish urush “oʻn millionlab odamlarni oziq-ovqat xavfsizligidan mahrum qilish bilan tahdid solayotganini” aytdi.

“Bir necha yillarga choʻzilishi mumkin boʻlgan inqiroz sharoitida toʻyib ovqatlanmaslik, ommaviy ocharchilik va ochlik” yuzaga kelishi mumkin, deb ogohlantirdi u.

Ukraina rasmiylariga koʻra, bugungi kunda qadar mamlakatda 20 million tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari qolib ketgan.

Oziq-ovqat siyosati

YeOIK yigʻilishida Rossiya tomoni Qozogʻistonni arpa va makkajoʻxoriga eksport bojlari va kvotalar qoʻymagani uchun tanqid qilgan.

Qozogʻiston bojlar joriy qilgani yoʻq, chunki ular mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishi mumkin, deb yozadi “Kommersant” yigʻilish tafsilotlaridan xabardor manbaga tayanib.

Global qishloq xoʻjaligi maʼlumotlarini taqdim etuvchi Gro Intelligence kompaniyasiga koʻra, Qozogʻiston bugʻdoyning sof eksportchisi boʻlib, uning hissasiga global bugʻdoy eksportining qariyb 4 foizi toʻgʻri keladi, biroq mamlakat oʻzining ichki ehtiyojlarini qondirish uchun Rossiyaning arzonroq taʼminotiga ham tayanadi.

Qozogʻistonda Rossiya shartlarini qabul qilishga hech qanday sabab yoʻq, deydi qishloq xoʻjaligi bozorini tahlil qiluvchi Moskvadagi SovEcon markazining boshqaruvchi direktori Andrey Sizov “Kommersant”ga.

“Bu asosiy eksportchi boʻlgan [Qozogʻiston] fermerlari manfaatiga toʻgʻri kelmaydi: un bilan birga gʻalla boʻyicha umumiy yetkazib berish bir mavsumda 7-8 million tonnani tashkil etadi”, dedi u.

Qozogʻistonlik fermerlarga koʻra, gʻalla eksportini taqiqlash katta ziyonga va sotuv bozorlarining yoʻqotilishiga olib keladi.

Qozogʻiston yetarli darajada gʻalla zaxirasiga ega, kuzda esa yangi hosil olinadi, deydi Qozogʻiston gʻalla ittifoqining rasmiy vakili, petropavlovsklik Yevgeniy Karabanov.

“Eksportni taqiqlash qishloq xoʻjaligimizga jiddiy zarba boʻladi”, dedi u. Ishlab chiqaruvchilar nimadir ishlab olish va xorijlik xaridorlarni saqlab qolish uchun ortiqcha mahsulot eksport qilishi kerak”, deydi u.

Rossiya va Qozogʻistonda qishloq xoʻjalik mahsulotlari moʻl ekanligi inobatga olinsa, Nur-Sulton Moskvaning gʻalla yetkazib berishni cheklash harakatlariga barham berishi kerak, deydi fermerlar.

“Hukumatimiz bizni qoʻllab-quvvatlaydi va cheklov qoʻymaydi degan umiddan”, deb aytgan Olmaota viloyatilik fermer Nurbol Baygaliuli.

“Biz suveren davlatmiz va Rossiya manfaatlari emas, oʻz milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz kerak.”

Narxlarni manipulyatsiya qilish

Yaqinlashib kelayotgan oziq-ovqat inqirozi tahdidi sharoitida Moskvaning YOII doirasidagi hamkorlariga don yetkazib berishni cheklashi aslida qudrat namoyishidan boshqa narsa emas, deb aytgan tahlilchilar.

Rossiyaning oʻzida gʻalla yetarlicha. Bir yilda 80 million tonna don isteʼmol qilinadigan bir vaqtda rekord darajadagi 130 million tonna gʻalla yigʻib olinishi kutilmoqda, deb aytgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12-may kuni.

Rossiya boshqa mamlakatlarga bosim oʻtkazish va oʻz taʼsirini kengaytirish uchun donni siyosiy vositaga aylantirib olgan, deb aytgan Fermerlar bosh kengashi, Qozogʻistonning lobbichilar guruhi rahbari, chimkentlik Kirill Pavlov.

“Soʻnggi yillarda Rossiya dunyo bozorida don narxini demping qilib kelgan, Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlari bozorini qoʻlga kiritish maqsadida oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxini sunʼiy pasaytirib, shu orqali ularni “tuzoqqa ilintirgan”, deb aytgan u.

“Endi esa Rossiya federatsiyasi ularni manipulyatsiya qilmoqda va ocharchilik bilan qoʻrqitmoqda.”

Rossiya Ukrainadagi urushdan oziq-ovqat sohasidagi taʼsirini kuchaytirishrejalari yoʻlida foydalanmoqda, deb aytgan Pavlov. Rossiya bugʻdoyiga bogʻliq mamlakatlar oziq-ovqat inqiroziga uchramasligi uchun Moskva ular qanday siyosat yuritishi kerakligini belgilashi mumkin.

Bosqinchi va talonchi

Bu orada Rossiya Ukrainada okkupatsiya qilingan hududlardan bugʻdoyni musodara qilib, eksport qilmoqda.

9-may kuni boʻlib oʻtgan brifingda Ukraina agrar siyosati va oziq-ovqat vaziri Mikola Solskiyning aytishicha, bosqinchilar Qrimga umumiy hajmi 400-500 ming tonnaga yaqin donni (har bir tonnasi 250-300 AQSH dollariga teng) yuborgan.

Taxminlarga koʻra, ishgʻol qilingan hududlardagi fermerlar 125 million dollar zarar koʻrgan.

Maxar Technologies kompaniyasi tarafidan sunʼiy yoʻldosh yordamida suratga olingan va 23-may kuni CNN tomonidan eʼlon qilingan suratlarda Rossiyaning Ukraina donini oʻgʻirlayotganini koʻrish mumkin.

19 va 21-mart kuni olingan suratlarda Rossiya bayrogʻi ostidagi yuk kemalariga don saqlash omborxonalariga oʻxshash inshootlar oldida Ukrainadan oʻgʻirlangani aytilayotgan donlar ortilib, Qrimdagi Sevastopol bandargohiga bogʻlab qoʻyilganini koʻrish mumkin.

Kadrda ochiq tryumga konveyyer tasmasidan don toʻkilayotgani aks etgan. Ikkala kema ham portni tark etib ulgurgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Mavjud oziq-ovqat taʼminot kanallari uzilsa, inqiroz juda tez boshlanishi mumkin va hammasi aynan shunga olib kelmoqda. Agar agrar mamlakatlari rahbarlarining bunga qarshi turishga jurʼati yetsa, bizni kutayotgan halokatli oqibatlarning oldini olishga.

Javob berish

Mayli eksportni cheklashdi deylik, donni qayerda saqlashadi, ichki talab yetarli boʻlmagani sababli omborxonalar yoki yuk mashinalarida chirib ketishga tashlab qoʻyishadimi?

Javob berish

Agar dunyoda ocharchilik katta koʻrsatkichlarga chiqsa Rossiyaga ham taʼsir qiladi U yerda qashshoq va yetarlicha rivojlanmagan hududlar koʻp. Oʻz xalqi haqida hech qachon qaygʻurishmagan, Ukrainada koʻp odam halok boʻlyapti. Agar yurtlaridagi oʻz xalqlari ochlikdan oʻlib ketsa havotir olishmasligi ajablanarli emas.

Javob berish

Rossiya endi huquqiy davlat emas. U jinoyatchi mamlakat. Uning joyi parashaning olida.

Javob berish

Rossiya nochor mamlakatlarda ochlik keltirib chiqarmoqchi, migrantlar Yevropaga oqib kelishi uchun

Javob berish

Bozorlarni toʻsib qoʻyish – barcha iqtisodiyotlarni zaiflashtirish uchun qiladigan birinchi narsa. Rossiya oʻz iqtisodini vayron qildi va hammayoqda xaos keltirib chiqarishga harakat qilmoqda.

Javob berish

Moskvaning bu harakatlari Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Ukrainani Qora dengizdan qamal qilib, gʻalla koni boʻlgan mamlakatning asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishiga toʻsqinlik qilayotgan bir paytda yuz bermoqda. Ular nafaqat toʻsqinlik qilmoqda, balki Ukrainadan konteynerlarda don olib ketayotgani haqida koʻplab xabarlar bor. Ular shunchaki gʻallani oʻgʻirlab, Golodomor paytida boʻlgani kabi olib ketishmoqda.

Javob berish