Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Xitoyning xaridlari Rossiya keltirib chiqargan oziq-ovqat inqirozini ogʻirlashtirmoqda

Karvonsaroy

Yem solingan qoplar, Xitoy shimolidagi Xebey provinsiyasi. [Greg Beyker/AFP]

Yem solingan qoplar, Xitoy shimolidagi Xebey provinsiyasi. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy bir qator yirik oziq-ovqat xaridlarini amalga oshirmoqda – kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz urushi tufayli yuzaga kelgan don taqchilligi sharoitida oʻzi uchun zaxira hozirlayapti.

AQSH Qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) aprel oyida Xitoyga bir million tonna makkajoʻxori sotilganini tasdiqladi, uning uchdan ikki qismi eski hosildan, qolgani esa 2022-2023 marketing yilida yetkazib beriladi, deb yozadi Farm Journal.

Bu voqeadan bir hafta avval Xitoy 2021-yil may oyidan beri eng yirik hajmdagi makkajoʻxori xaridini amalga oshirgan – u 1,084 million tonnani tashkil etdi, deb qoʻshimcha qiladi nashr.

Xitoy don zahirasini yaratmoqda

“Ayni paytda Xitoy zahiralash rejimida”, deydi Pro Farmer muharriri Brayan Grete.

Petropavlovka qishlogʻi yaqinidagi dalada makkajoʻxori ushlab turgan ukrainalik ayol, 2015-yilning 6-apreli. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Petropavlovka qishlogʻi yaqinidagi dalada makkajoʻxori ushlab turgan ukrainalik ayol, 2015-yilning 6-apreli. [Dimitar Dilkoff/AFP]

“Oziq-ovqat xavfsizligi ular uchun agar ustuvor yoʻnalish boʻlmasa, shunday yoʻnalishlardan biri. Siz Ukraina bilan birga oʻz ulushingizga ega boʻldingiz. Ukraina Xitoyga yirik makkajoʻxori yetkazib beruvchiga aylandi. Oʻylaymanki, Xitoy koʻproq makkajoʻxori sotib oladi”, dedi u.

Rossiya harbiy-dengiz kuchlari Qora dengizda Ukrainani qamal qilib, gʻalla koni boʻlgan mamlakatning asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga imkon bermayapti.

AFP maʼlumotlariga koʻra, 24-fevralda boshlangan Rossiya bosqiniga qadar Ukraina oʻz portlari orqali oyiga taxminan 4,5 million tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, jumladan jahondagi bugʻdoyning 12 foizini, makkajoʻxorining 15 foizini va kungaboqar yogʻining yarmini eksport qilgan.

Urush va davomli qamal savdoni sezilarli darajada toʻxtatib qoʻygan, zero muqobil temiryoʻl va yuk mashinalarining marshrutlari bunday hajmdagi mahsulotni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun zarur boʻlgan ulkan logistika va moliyaviy toʻsiqlarni bartaraf etishga qodir emas.

Oʻtgan haftada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bu borada qatʼiy fikr bildirib, urush “oʻn millionlab odamlarning oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotganini” aytdi.

Buning natijasida “bir necha yillarga choʻzilishi mumkin boʻlgan inqiroz sharoitida toʻyib ovqatlanmaslik va ommaviy ocharchilik” yuzaga kelishi mumkin, deb ogohlantirgan u.

Ukraina rasmiylariga koʻra, bugungi kunda qadar mamlakatda 20 million tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari qolib ketmoqda.

“Ehtimol, biz Xitoyning boshqa mahsulotlarni ham sotib olishiga guvoh boʻlamiz”, deb qoʻshimcha qildi Grete.

“Ular oʻzidagi mahsulotlarni, jumladan, dunyodagi bugʻdoyning qariyb yarmiga teng bugʻdoyni jahon bozoriga chiqarmoqchi emas. Oʻziga olib qoʻymoqchi”, dedi u.

“Xitoy avval-boshdan toʻplovchi boʻlgan. Dunyo boʻylab narxlarning oshishi, taʼminotning kamayishi sharoitida hozir ular yanada koʻproq yigʻish bilan band.”

Xitoyning zaxira jamlashi tufayli makkajoʻxori narxi soʻnggi oʻn yillikdagi eng yuqori darajaga yetgan.

Rossiyaning shantaji

Bu orada Kreml oʻzi keltirib chiqargan inqirozdan foyda koʻrishga urinmoqda.

Agar Gʻarb Rossiyaga Ukraina tufayli joriy etilgan sanktsiyalarni bekor qilsa, Moskva yaqinlashib kelayotgan oziq-ovqat inqirozining oldini olish uchun “sezilarli hissa” qoʻshishga tayyor, deb aytgan prezident Vladimir Putin 25-may kuni Italiya bosh vaziri Mario Dragi bilan telefon orqali suhbatida.

“Vladimir Putinning taʼkidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Gʻarb tomonidan siyosiy sabablar bilan joriy etilgan cheklovlar olib tashlanishi sharti bilan don va oʻgʻit eksporti orqali oziq-ovqat inqirozini bartaraf etish uchun salmoqli hissa qoʻshishga tayyor”, deyiladi telefon suhbati ortidan eʼlon qilingan Kreml bayonotida.

Putin, shuningdek, jahon bozoridagi oziq-ovqat taʼminoti muammolari Rossiya bilan bogʻliq, degan ayblovlarning “asossiz” ekanini taʼkidladi.

Qoʻshma Shtatlar Putinning taklifini jiddiy qabul qilmagan.

“Endi ular iqtisodiy vositalardan qurol sifatida foydalanishmoqda. Ular oziq-ovqat mahsulotlarini qurol sifatida qoʻllamoqda. Ular iqtisodiy yordamni qurolga aylantirmoqda”, deydi Pentagon soʻzchisi Jon Kirbi.

“Menimcha, bundan hayron boʻlmaslik kerak, chunki ular hamma narsani, jumladan, yolgʻonlar va axborotni ham qurolga aylantirishgan”, dedi Kirbi.

27-may kuni Rossiya shuningdek, kelgusi mavsumda eksport uchun don ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirmoqchi ekanini aytgan.

“Joriy (2021-2022 yilgi) mavsumda biz allaqachon 35 million tonnadan ortiq gʻalla, jumladan 28,5 million tonna bugʻdoy eksport qildik”, dedi Qishloq xoʻjaligi vaziri Dmitriy Patrushev Rossiya don forumida. U mavsum oxirigacha 30 iyunga qadar eksport hajmi 37 million tonnadan oshishini aytgan.

“(2022 yil 1-iyuldan boshlanadigan) kelgusi mavsumdagi don eksporti salohiyatimizni 50 million tonnaga baholayapmiz”, dedi u.

“Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy prezidenti Si Szinpin 4-fevral kuni Pekinda uchrashib, global va harbiy tartibning “yangi davrida” oʻzaro hamkorlik qilishga vaʼdalashgan edilar.

“Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik chegara bilmaydi”, degan edi ikki yetakchi uchrashuvdan keyin eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda. “Hamkorlikda taqiqlangan sohalar yoʻq.”

Maʼlumotlarga koʻra, Xitoy rejimi Rossiyaning Ukrainaga bosqini rejasidan xabardor boʻlgan, ammo uning Pekindagi Qishki olimpiada vaqtida yuz bermasligi haqida qaygʻurgan xolos.

Xitoy ommaviy axborot vositalari Kreml tashviqotiga Gʻarbdagi taqiqlarni chetlab oʻtishga imkon bergan bir paytda Xitoy fuqarolariga aksilgʻarb va sovetparast mafkuraviy kampaniya singdirilmoqda.

Tahlilchilarga koʻra, bugungi kunda Xitoy ommaviy axborot vositalari Rossiya tashviqotining eng yirik tarqatuvchilari boʻlib qolmoqda.

Xitoy nashrlari tomonidan tarqatilgan boshqa yolgʻon narrativlar orasida mojaroda NATOning “sharq tomon kengayishi”ni ayblovchi neonatsistlarning lavhalari va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini AQSHning Iroq, Suriya va Afgʻonistondagi harbiy harakatlariga tenglashtirishga urinish ham bor.

Bu orada 24-may kuni Xitoy va Rossiya Kreml Ukrainaga hujum boshlaganidan beri ilk marta birgalikda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazdi va Osiyo shimoli-sharqida xorijiy yetakchilar muhim uchrashuv oʻtkazayotgan hududga bombardimonchi samolyotlarni yoʻlladi.

Mashgʻulotlar Xitoyning tobora kuchayib borayotgan harbiy tahdidini muhokama qilgan Quad toʻrtligi – Qoʻshma Shtatlar, Hindiston, Avstraliya va Yaponiya uchrashuvi vaqtida oʻtkazilgan.

23-may kuni Tokiodagi nutqi chogʻida AQSH prezidenti Jo Bayden Xitoyning mustaqil Tayvanga qarshi tahdidini Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi bilan solishtirib, Pekinning oʻsib borayotgan iqtisodiy va harbiy qudrati bilan bogʻliq keskinlik ortib borayotgan bir paytda bu masala boʻyicha oʻzining eng dadil fikrlarini bayon qildi.

Bayden Tayvandagi vaziyatni bevosita Ukraina bilan taqqoslagan. Ukraina 24-fevral kungi Rossiya bosqini ortidan Qoʻshma Shtatlardan bir necha milliard dollarlik yordam olgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Aftidan, Xitoy Rossiya bilan nima qilishni darrov kelishib olgan. Bu ularning ancha oldin hal qilingan yashirin rejalari va endi ular oʻzlarining ayrim gʻoyalari va oʻz mamlakatlari va butun dunyoni rivojlantirishga oid qarashlarini amalga oshirmoqdalar.

Javob berish

Bu yangilikdan chiqqan xulosa shuki, oziq-ovqatni jamlash fikri bemaʼni emas. Umrimiz davomida bir necha marta ocharchilik koʻrganimiz sababli undan qoʻrqish panikani paydo qiladi, afsuski bozordagi katta oʻyinchilarning faoliyati tufayli ocharchilik yana boshlanishi mumkin va katta davlatlar bunga atayin harakat qilishmoqda.

Javob berish

Demokratik davlatlar Ukrainaga koʻrsatayotgani yordamini koʻrish dunyo miqyosida inqiroz yuz bermasligiga umid beradi. Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi kelishuvlar oqibatlari esa qoʻrqinchli.

Javob berish

Agar Gʻarb Ukrainaga yordam bermasa, Xitoy va Rossiya qoʻshni davlatlarga kuch bilan bostirib kirishni boshlaydi va butun dunyoda kuchlilar huquqi hukmronlik qiladi. Uygʻurlar taqdiri, Rossiyadagi etnik ozchiliklarning assimilyatsiyasi va aralashib ketishi hammamiz uchun saboq boʻlishi kerak.

Javob berish