Karvonsaroy
Terrorizm

“Islom davlati” yangi kanallar orqali Markaziy Osiyoda jangarilikka yollash ishlarini kuchaytirmoqda

Rustam Temirov

18-aprel kuni Oʻzbekistonga uyushtirilgan hujum haqidagi xabar ortidan eʼlon qilingan suratda snaryadlar oldida turgan ID aʼzosi. [Fayl]

18-aprel kuni Oʻzbekistonga uyushtirilgan hujum haqidagi xabar ortidan eʼlon qilingan suratda snaryadlar oldida turgan ID aʼzosi. [Fayl]

TOShKENT – Tahlilchilarning ogohlantirishicha, “Islom davlati” (ID) va boshqa ekstremistik guruhlar postsovet hududidagi Markaziy Osiyo respublikalarida yollash va tashviqot ishlarini kuchaytirmoqda.

Soʻnggi oylarda ID mintaqa tillari, jumladan oʻzbek, tojik va qirgʻiz tillaridagi materiallar bilan Markaziy Osiyo fuqarolariga oʻz murojaatini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Xususan, ID oʻzbek auditoriyasi uchun Telegram va boshqa platformalarda ekstremistik materiallarni yoyinlovchi “Xuroson ovozi” guruhini ochgan.

Boshqa guruhlar ham shunday yoʻl tutmoqda.

Sirdaryoda “jihodchilar” ekstremistik guruhiga aʼzolikda gumon qilinganlar hibsga olindi, 2021-yil, 21-yanvar. [Oʻzbekiston IIV]

Sirdaryoda “jihodchilar” ekstremistik guruhiga aʼzolikda gumon qilinganlar hibsga olindi, 2021-yil, 21-yanvar. [Oʻzbekiston IIV]

Afgʻonistonning Hayraton chegara punktidagi bojxona boshligʻi Abdul Sattor Rashid (chapdan ikkinchi) boshqa afgʻonistonliklar bilan Afgʻoniston-Oʻzbekiston doʻstlik koʻprigi boʻylab yurib ketmoqda, oʻtgan yilning 27-oktabr kuni olingan surat. [Vakil Kohsar/AFP]

Afgʻonistonning Hayraton chegara punktidagi bojxona boshligʻi Abdul Sattor Rashid (chapdan ikkinchi) boshqa afgʻonistonliklar bilan Afgʻoniston-Oʻzbekiston doʻstlik koʻprigi boʻylab yurib ketmoqda, oʻtgan yilning 27-oktabr kuni olingan surat. [Vakil Kohsar/AFP]

19-may kuni Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) obunachilarga ekstremistik mazmundagi elektron kitoblar, fotosuratlar va audio va videomateriallarni tarqatish maqsadida Telegram kanal ochgan 23 yashar namanganlik shaxs hibsga olinganini maʼlum qildi.

Uning kanalidagi materiallar orasida Suriyadagi xalqaro terrorchilik tashkilotlari yetakchilarining oʻzbek tilida soʻzlagan nutqlari va maʼruzalari boʻlib, ularda etnik oʻzbeklar Afgʻonistondagi ID jangarilari boʻlishga chaqirilgan, deb xabar beradi DXX.

DXX maʼlumotlariga koʻra, maʼruzachilar orasida ekstremistlar yetakchisi Abu Saloh (qirgʻizistonlik etnik oʻzbek), Abdulloh Zufar va Sodiq Samarqandiy (ikkovi ham oʻzbekistonlik) kabi shaxslar bor.

Bulardan mashhurrogʻi Abu Saloh “Abu Saloh darsliklari” deb nomlangan YouTube kanalida oʻzbek tilida maʼruza qiladi.

Samarqandiyning maʼruzalari esa YouTube tarmogʻidagi “Tavhid TV” va “Yaumma” kanallariga ham joylangan.

Radikal qarashdagi bu “imomlar” oʻzbeklarning Suriya va Afgʻonistondagi terrorchi tashkilotlar safiga yollanishi uchun zamin yaratmoqda, deydi Toshkentdagi Mintaqaviy tahdidlarni oʻrganish markazi direktori Viktor Mixaylov.

“ID aʼzolari ham oʻz saflariga odam yollash uchun radikallashuvdan foydalanmoqda”, dedi Mixaylov va bu terrorchi guruh Markaziy Osiyoning besh davlatida oʻz taʼsirini kengaytirmoqchi boʻlayotganini qoʻshimcha qildi.

Uning aytishicha, oʻtgan yilning avgust oyidan beri “ID qoʻshimcha kuch toʻplagan”. “Natijada jangarilar soni koʻpaydi. Ular orasida Iroq va Suriyadan Afgʻoniston shimoliga olib oʻtilganlar ham bor”.

Ekstremizmga birgalikda qarshi kurash

Har qanday harbiy-siyosiy tashkilot kabi ID ham oʻz mafkurasini turli vosita va usullar bilan targʻib qilishga urinmoqda, deydi tojikistonlik siyosiy tahlilchi Shokir Hakimov.

Aks holda, u muayyan davlatlar yoki transchegaraviy diniy va harbiy-siyosiy guruhlardan mablagʻ ololmaydi, dedi u.

“Shu sababli ID oʻz strategik manfaatlari doirasida izchillik bilan jamoatchilik fikrini shakllantirishga harakat qilmoqda”, dedi u. “Bu tashviqotga qarshi kurashishning yagona yoʻli mintaqa mamlakatlarida hayot sifati va turmush darajasini oshirishdan iborat”.

“Haqiqiy iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni amalga oshirish zarur”, dedi u.

Mintaqa hukumatlari potensial tahdid va chaqiriqlarga, jumladan IDga qarshi kurashning haqiqiy mexanizmlarini faollashtirish uchun arzon populizmdan voz kechib, ijtimoiy konsensusga erishishi lozim, deb qoʻshimcha qildi u.

Tahlilchilar, ayniqsa, Markaziy Osiyo bilan chegaradosh va IDning Xuroson boʻlinmasi faol boʻlgan Afgʻonistondan xavotirda.

ID Xuroson boʻlinmasi aprel va may oylarida Afgʻoniston hududidan turib Oʻzbekiston va Tojikistonni oʻqqa tutganini daʼvo qilgan edi.

Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan chiqish maqsadida afgʻon aholisiga manzilli gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish juda muhim, deydi toshkentlik tarixchi olim Ravshan Nazarov.

Shu bilan birga, harbiy va taktik harakatlarni ham susaytirmaslik kerak, dedi u.

“Eng avvalo, qurolli kuchlar, xususan, chegara qoʻshinlari, havo hujumidan mudofaa, desantchi va maxsus kuchlar hamda Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatlarning razvedka idoralari tashqi tahdidni istalgan vaqtda bartaraf etish uchun toʻliq jangovar shay holatda boʻlishi kerak”, dedi Nazarov.

Qirgʻizistonlik jurnalist va tahlilchi Odil Turdiqulovning fikricha, Afgʻonistondagi ekstremistik guruhlarning faollashuvi resurslar, jumladan, inson resurslari uchun kurash bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, ayniqsa xalqaro hamjamiyatning eʼtibori Ukraina va Rossiyadagi voqealarga qaratilgan bir paytda.

“Hukumatlarimiz siyosiy muxolifatga emas, ekstremistlarga qarshi kurashishi kerak. Bu oʻz eʼtiborini aynan ularga qaratishi kerak boʻlgan maxsus xizmatlarga ham tegishli”, dedi u.

Tahdidlarga qarshi turish uchun barcha Markaziy Osiyo davlatlari oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishi lozim, deydi Turdiqulov.

Panadagi yacheykalarni yoʻq qilish

Oʻzbekistonda yaqinda amalga oshirilgan boshqa hibslar ekstremistlar oʻz faoliyatini kuchaytirayotganidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari 23-aprel kuni Rossiya va Turkiya orqali Suriyaga ketmoqchi boʻlgan 24 yashar oʻzbekistonlikni qoʻlga oldi, deb xabar qiladi DXX oʻz Telegram kanalida.

Rossiyada mehnat migranti boʻlgan gumondor ijtimoiy tarmoqlar orqali terrorchilik tashkilotlari safiga jalb qilingan. Oʻzbekistonga qaytgach, u oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari orqali jangarilik gʻoyalarni yoyinlagan.

Kuch tuzilmalari aprel oyi oʻrtalarida Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilishga tayyorgarlik koʻrayotgani aytilgan bir qancha sirdaryolik yoshlarni hibsga olgan edi.

“Qoʻlga olinganlar jangarilarning onlayn kurslarida qatnashgan, ularning ikki nafari uzoq vaqt davomida radikal gʻoyalar taʼsirida boʻlib, Suriyaga ketishga tayyorgarlik koʻrayotgan edi”, deb xabar beradi NOVA24.uz 17-aprel kuni viloyat ichki ishlar boʻlimi matbuot xizmatiga tayanib.

Shuningdek, fevral oyi oxirida Samarqand viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda “Hizb ut-Tahrir” taqiqlangan guruhining radikal gʻoyalarni tarqatishda ayblangan sakkiz nafar aʼzosi hibsga olingan, deb xabar beradi Uza.uz.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 8

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Oʻzbekistonda yaqinda amalga oshirilgan boshqa hibslar ham ekstremistlar oʻz faoliyatini kuchaytirayotganidan dalolat beradi.” – Faqat Oʻzbekiston haqida gapirilayotgani gʻalati. Bu butun Osiyo boʻyicha shunday boʻlishi kerak.

Javob berish

Jangarilikka yollash uchun psixologik tayyorgarlikka ega qanchadan-qancha odamlar boʻlishi kerak? Bularning hammasidan tashqari, odamlar bu mafkura bilan butunlay bogʻliq boʻlishlari kerak.

Javob berish

Qandaydir psixologik tayyorgarlikka ega boʻlgan sogʻlom odam qanday qilib bu mafkurada boʻlishining oʻzi savol tugʻdiradi

Javob berish

Jangarilarning onlayn darslari fantastik filmlardagi narsadek koʻrinadi, ammo afsuski, bugungi voqeligimiz shu.

Javob berish

Yaqinda “Qoʻshilishni xohlaysizmi? “Islom davlati” onlayn maktabiga roʻyxatga olish boshlandi; portlovchi maʼruzani oʻtkazib yubormang” kabi maqsadli reklamalarga duch kelsak kerak.
Albatta, bularni bari hazil, lekin yana qancha odam qurbon boʻlishi noaniq.

Javob berish

“Islom davlati” terrorchilik hujumlarini amalga oshirish orqali har bir masala boʻyicha oʻz pozitsiyasini bildirishda juda faol ekanini hisobga olsak, bu maʼlumotlar kishini havotirga soladi. Dunyo boʻylab koʻplab mitinglar boʻlib boʻlyapti, aksar odamlar esa umumiy taqiqlarga eʼtibor bermaydi.

Javob berish

Dunyo boʻylab hamma urush xohlayotganga, ammo aniq joy topa olmay butun yer yuzi boʻylab urush qoʻzgʻashayotganga oʻxshaydi.

Javob berish

Yollashni toʻxtatishmagan edi, ammo yollashning faollashishi haqidagi xabarlar qoʻrqinchli, chunki yoshlar va uncha ham yosh boʻmaganlar radikallashadi.

Javob berish