Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻiston Rossiya orqali tranzit oʻrniga Transkaspiy yoʻnalishidan foydalanishni kengaytirmoqchi

Kanat Altinbayev

Sanasiz suratda Kaspiy dengizi boʻyida Transkaspiy yoʻnalishidan oʻtuvchi yuklarni qabul qiladigan Qozogʻistonning Oqtov porti aks etgan. [Oqtov porti matbuot xizmati]

Sanasiz suratda Kaspiy dengizi boʻyida Transkaspiy yoʻnalishidan oʻtuvchi yuklarni qabul qiladigan Qozogʻistonning Oqtov porti aks etgan. [Oqtov porti matbuot xizmati]

OLMAOTA – Gʻarb davlatlari Ukrainaga bosqini tufayli Rossiyaga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni joriy etish va kengaytirishda davom etar ekan, Qozogʻiston Rossiyani chetlab oʻtish maqsadida muqobil savdo yoʻnalishlarini rivojlantirish choralarini koʻrmoqda.

Odatda Yevropaga yoʻnaltirilgan Qozogʻiston yuklari quruqlik orqali Rossiya hududidan oʻtadi.

May oyida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Transkaspiy yoʻnalishi boʻylab savdo hajmini oshirishga koʻmaklashish maqsadida Qozogʻiston, Ozarbayjon va Gruziyaga tanishtiruv safarini uyushtirdi.

Tadbir Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yoʻlagi (TRASEKA) va Qozogʻiston transportchilari uyushmasi KazLogistics bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Transkaspiy yoʻnalishining texnik-iqtisodiy asoslari boʻyicha bir haftalik tanishuv safari davomida 20-may kuni “Gruziyada xalqaro avtomobil transportini rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi konferensiya boʻlib oʻtdi. [TRACECA]

Transkaspiy yoʻnalishining texnik-iqtisodiy asoslari boʻyicha bir haftalik tanishuv safari davomida 20-may kuni “Gruziyada xalqaro avtomobil transportini rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi konferensiya boʻlib oʻtdi. [TRACECA]

Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi Qozogʻiston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Ukraina orqali Yevropa davlatlariga oʻtadi. [Middlecorridor.com]

Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi Qozogʻiston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Ukraina orqali Yevropa davlatlariga oʻtadi. [Middlecorridor.com]

“Soʻnggi paytlarda Markaziy Osiyo hukumatlari Kaspiy dengizi orqali yuk tashish hajmini oshirishga katta eʼtibor qaratmoqda, chunki savdo ishtirokchilari oʻz yuklarini hozirgi tranzit yoʻnalishlari boʻylab [Rossiya orqali] olib oʻtishda muammolarga duch kelyapti”, deyiladi USAIDning 17-may kungi press-relizida.

Kaspiy dengizi orqali oʻtgan xalqaro transport yoʻlagi Markaziy Osiyodan Yevropaga yuk tashish uchun muqobil yoʻnalish boʻlib, savdo va biznesni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega, deydi USAIDning Markaziy Osiyo mintaqaviy savdo boʻyicha vakili Robert Parker.

“USAID bu mamlakatlarning hamkorligini olqishlab, mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini oshirishga olib keladigan qarorlarni qoʻllab-quvvatlaydi”, dedi u.

USAID tomonidan tashkil etilgan turda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning bojxona va transport siyosati davlat idoralarining 40 dan ortiq xodimlari ishtirok etdi.

Ularga Ozarbayjon, Gruziya va Markaziy Osiyo davlatlarining avtomobil tashuvchilar milliy uyushmalari, logistika kompaniyalari va ekspeditorlar, dengiz portlari va yuk tashish kompaniyalari vakillari hamrohlik qildi.

Delegatsiya aʼzolari yoʻnalishdagi har bir portning narx siyosati va jarayonlarni oʻrganib, ularga joriy tartiblarni yanada soddalashtirishga oid takliflar ishlab chiqishda yordam beradigan raqamlashtirish tashabbuslari bilan tanishdilar.

USAID shuningdek, tashuvchilar duch keladigan muammolarni aniqlash uchun Markaziy Osiyodan taklif qilingan muqobil yoʻnalish boʻyicha Qozogʻistonning Quruq porti orqali Ozarbayjon va Gruziya orqali Turkiyaga avvaldan tanlangan yuklarning sinov tranzitini amalga oshirdi.

Mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash

Transkaspiy yoʻnalishi Qozogʻistonning iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim boʻlib, soʻnggi oylarda uning ahamiyati ortib boryapti, chunki Rossiya hududi orqali eksport qilish sanksiyalar tufayli tobora qiyinlashmoqda.

Qozogʻiston Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan fevral oyi oxirida Transkaspiy yoʻnalishi imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish ustida jiddiy ish boshlagan.

U oʻz eʼtiborini eksport uchun tranzit yoʻnalishiga aylanishi mumkin boʻlgan boshqa davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratgan.

May oyida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Anqaraga borgan va u yerda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan tomonidan iliq kutib olingan edi.

Ikki turkiyzabon davlat geosiyosiy ziddiyatlarning keskinlashuvi sharoitida hozirgi yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirish istagini yana bir bor tasdiqladilar.

Shu bilan birga, Toʻqayev “transport va tranzit hamkorligini mustahkamlash va Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishining salohiyatidan samaraliroq foydalanish” borasida Turkiyaning qoʻllab-quvvatloviga erishgan.

Qozogʻiston Ozarbayjon bilan ham hamkorlikni chuqurlashtirmoqda, mahalliy ommaviy axborot vositalari bu mamlakatni “strategik hamkor” deb atagan.

Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti direktori Yerkin Tukumov 30-may kuni Zakon.kz yangiliklar saytiga bergan intervyusida Ozarbayjonni Qozogʻistonning eng muhim hamkorlari va ittifoqchilaridan biri deb atadi.

Boku bilan hamkorlik “ayniqsa transport yoʻlagi boʻyicha juda katta salohiyatga ega”, dedi u.

“Bu faqatgina gaz va neft quvurlari emas. Gap kengroq hamkorlik haqida ketmoqda: Sharq-Gʻarb tranziti”, dedi Tukumov. Boku orqali Turkiyaga kira olamiz, Ozarbayjon esa biz uchun muhim davlatlardan biri”.

Qozogʻiston yuk tashish hajmini oshiradi

Ayni paytda Kaspiy dengizidagi Oqtov porti negizida konteyner markazini ishga tushirish loyihasi qizgʻin amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Qozogʻistondagi ushbu port oʻz quvvatining chorak qismidan ham foydalanmayapti.

Konteyner markazi Rossiyani chetlab oʻtuvchi yuk oqimini oshiradi.

Qozogʻiston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining 16-may kuni xabar berishicha, ushbu loyiha “Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻylab yuk tashishni rivojlantirish” maqsadida Oqtov maxsus iqtisodiy zonasida (MIZ) amalga oshiriladi.

Loyihaga Singapurning PSA Group, Daniyaning Maersk va Shveytsariyaning MSC kabi global konteyner operatorlari investorlik qilishi kutilmoqda, Qozogʻiston ular bilan dastlabki kelishuvlarga erishgan.

Loyihaning taxminiy qiymati 10 milliard tengedan (23 million dollar) oshadi.

Ilgari “Oqtov” MIZda ishlab chiqarilgan tovarlar Yevropaga Rossiya orqali eksport qilinar edi, ammo Rossiyaga nisbatan qatʼiy sanksiyalar natijasida bu yoʻnalish oʻz faoliyatini toʻxtatgan.

Rossiyaning quruqlikdagi tranzitiga qaramlik xavfi va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish zarurati 22-mart kuni Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvuri konsorsiumi (KQK) dengiz terminalida yuz bergan avariya bilan yana bir bor tasdiqlandi. Moskvaning aytishicha, oʻshanda dovul tufayli uchta yuklovchi moslamadan ikkitasi ishdan chiqqan.

Oʻz neftining uchdan ikki qismidan koʻprogʻini KQK quvuri orqali yetkazib bergan Qozogʻiston ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur boʻldi. Bir oylik tanaffus Markaziy Osiyo respublikasiga 337 million dollarga tushdi.

Xorijlik tahlilchilar va mahalliy kuzatuvchilar Rossiyaning bayonotiga shubha bildirishgan, zero Gʻarb kompaniyalari va konsorsium hamkorlari voqeani mustaqil tergov qila olmaganlar.

Aslida Rossiya uning Ukrainaga bosqinini qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgan Qozogʻistonga bosim oʻtkazish uchun dengiz terminalidagi “falokat”ni oʻylab topgan, deydi Qozogʻistonning yirik “Xabar” va KTK telekanallarining sobiq rahbari, jamoat arbobi Arman Shorayev.

“Moskvaning bu harakati sherikni saqlab qolishning yaxshi usuli emas”, dedi u.

Rossiyaga qaramlikni kamaytirish

Transkaspiy yoʻnalishi Qozogʻistonning Rossiyaga qaramligini kamaytirishga va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga koʻmaklashishi kutilmoqda.

13-may kuni Bosh vazir Alixon Smoilov Mangʻistov viloyatiga ishchi tashrifi chogʻida oʻz qoʻl ostidagilarga Transkaspiy yoʻnalishi boʻylab eksport yuklarini joʻnatish orqali Oqtov va Quruq dengiz portlari yuklamasini oshirish vazifasini topshirgan.

“Mangʻistov viloyati xalqaro darajadagi transport, logistika, infratuzilmaviy va xizmat koʻrsatish salohiyatiga ega”, deb aytgan u matbuot xizmati bayonotiga koʻra. Ammo mamlakat dengiz portlarining imkoniyatlari toʻliq ishlatilmayapti, oʻrtacha foydalanish yuklamasi esa atigi 21 foizni tashkil etadi.

“Bu vaziyatni oʻzgartirish kerak.”

Qozogʻistondagi eng yirik Oqtov portining oʻtkazish quvvati yiliga 15 million tonnani tashkil qiladi. Rasmiylar joriy yil oxirigacha Kaspiy dengizi orqali yillik tashish hajmini 10 million tonnaga yetkazishni, jumladan, 4 million tonnaga yaqin eksport yukini Transkaspiy yoʻlagi orqali yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda.

Bunday hajmlar uchun qoʻshimcha dengiz transporti kerak boʻladi. Hozirda Qozogʻiston Kaspiy dengizida yuk tashish boʻyicha yetakchi boʻlgan Ozarbayjon paromlariga bogʻliq boʻlib, yaqinda ular ham yetarli boʻlmay qolishi mumkin.

Qozogʻiston Kaspiy dengizida harakatlanadigan oʻzining toʻrtta paromini qurmoqda, deb maʼlum qilgan Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Qayirbek Uskenbayev 30-aprel kuni oʻzining Telegram-kanalida.

Bundan tashqari, yil oxiriga qadar konteynerlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Global tendensiyaga amal qilgan holda konteynerlardan foydalanishga oʻtayotgan Qozogʻistonning strategik eksportchilari soni oshib bormoqda.

Transkaspiy yoʻnalishi mamlakat orqali Xitoydan Yevropaga tovarlar olib oʻtishda Qozogʻistonning eksport va tranzit salohiyatini yanada yuksaltirishi mumkin, deydi Milliy tadbirkorlar palatasi aʼzosi, Nur-sultonlik Yermek Sizdiqov.

“Biz Rossiyaga qarab oʻtirmay, oʻz strategik eksport yoʻnalishlarimizni allaqachon diversifikatsiya qilishimiz kerak edi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 10

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Mana, Bojxona ittifoqi ham parchalana boshladi :))

Javob berish

Yaqinda Xitoy va Grenlandiya orqali tashishni boshlaymiz, Rossiya bilan hech qanday aloqa qilmaslik uchun.

Javob berish

Ular chetlab oʻtishni boshlaydilar, lekin bu jinni rashistlar bizni qamal qilmasligiga, bostirib kirmasligiga yoki kimdandir qutqarmasligiga kafolat yoʻq.

Javob berish

Toʻgʻri. Biz Rossiyani chetlab oʻtadigan yoʻllarni izlashimiz kerak; bir yildan keyin Rossiya bilan nima boʻlishini hech kim bilmaydi.

Javob berish

Ha, sanksiyalar tufayli Rossiyadan tovarlarimizni ololmay qolamiz.

Javob berish

Dunyodagi umumiy beqarorlik inobatga olinadigan boʻlsa, yetkazib berishning ikkala usulini ham saqlab qolish oqilona ish boʻlardi, ammo Rossiya allaqachon tamom boʻlganini hisobga olsak, yangi variantlarni izlagan maʼqul.

Javob berish

Bundan tashqari, yil oxiriga qadar konteynerlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Yangi ish oʻrinlari va yangi korxonalar mintaqa uchun ajoyib yangilik va tushunarliroq hamkorlar bilan ishlash Qozogʻiston uchun manfaatlidir.

Javob berish

Gruziya va Ozarbayjon iqtisodi oʻsib borayotgani hisobga olinsa, manfaatliroq ittifoqchilar boʻlishi mumkin, shuning uchun ular oʻz portlari va yangi transport yoʻlagi bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni oshirmaydilar.

Javob berish

“Tashuvchilar duch keladigan muammolarni aniqlash uchun Markaziy Osiyodan taklif qilingan muqobil yoʻnalish boʻyicha Qozogʻistonning Quruq porti orqali Ozarbayjon va Gruziya orqali Turkiyaga avvaldan tanlangan yuklarning sinov tranzitini amalga oshirdi” Rossiyaning bu radikallari qandaydir provokatsiyalar qilishmasa edi, chunki ular oʻz hududlarini chetlab oʻtmaslik uchun shundan yoʻl tutishgacha borishi mumkin.

Javob berish

Tez orada Rossiya bilan bogʻliq hamma narsa bloklanishi ehtimoli juda katta, shuning uchun bu vaziyatda chetlanish va maksimal darajada uzoqlashish yoʻllarini izlash mamlakat kelajagi uchun qilish mumkin boʻlgan eng oqilona ish boʻladi.

Javob berish