LYUKSEMBURG – Rossiya yollanma askarlarining butun dunyodagi vahshiyliklarga aloqadorligiga ishora qiluvchi dalillar ortib borar ekan, Vagner guruhi moliyachisi navbatdagi ayblovlardan boʻyin tovlashga urinib koʻrdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin safdoshi Yevgeniy Prigojin Liviyaga “Vagner” jangarilarini yuborgani tufayli 2020-yilda Yevropa Ittifoqidagi (YI) aktivlarining muzlatilganiga va viza berilmaydiganlarning qora roʻyxatiga kiritilganiga qarshi chiqqan edi.
Ammo oʻtgan chorshanba (1-iyun) kuni Yevropa Ittifoqi oliy sudi Prigojinning talabini rad etgan.
Pul ortidan quvib
Vagner guruhining yollanma askarlari 2018-yildan beri Liviyada Rossiya qoʻllovidagi harbiy qoʻmondon Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasini dastaklab jang qilmoqda.
Liviyaning ulkan neft zaxiralari va Oʻrtayer dengizidagi strategik joylashuvi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada oʻz mavqeini mustahkamlashga intilayotgan Moskvani oʻziga jalb qiladi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, Vagnerning Liviyadagi hozirligi xorijdagi eng yirigi deb gumon qilinadi, shuningdek, bu mojaroga Rossiyaning boshqa XHKlari ham jalb qilingan.
Oʻtgan hafta YIning bosh sudida blok “janob Prigojin va Vagner guruhi oʻrtasidagi yaqin aloqalar haqida aniq va izchil dalillarni taqdim etganiga qaramay”, Prigojin “Vagner guruhi deb nomlangan tashkilot haqida hech nima bilmasligini” aytgan.
Shuningdek, Prigojin “AQSHni aldov fitnasiga aloqadorlikda gumon qilinib”, Federal qidiruv byurosining (FQB) qidiruv roʻyxatiga kiritilgan.
2018-yilda AQSH moliya vazirligi Suriyada Prigojin “egalik qilgan yoki boshqargan” neft konlarini “himoya qilish” boʻyicha shartnoma tuzgani sababli Rossiyaning Evro Polis kompaniyasiga qarshi sanksiyalar eʼlon qilgan edi.
Xuddi shu kompaniya Liviyadagi harakatlarga aloqadorligi aytiladi.
Shuningdek, Prigojin AQSHda 2016-yildagi saylovlarga aralashuvi sababli Vashingtonning qora roʻyxatiga kiritilib, aprel oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan YI sanksiyalariga duchor boʻlgan.
Ukrainada Moskva kuchlari safida Vagner guruhi, shu jumladan, Suriya va Liviyadan kelgan 20 mingga yaqin jangari urushayotgani haqida Yevropa rasmiylari aprel oyida xabar berganlar.
BND nomi bilan tanilgan Germaniya tashqi razvedkasining aprel oyidagi maʼlumotiga koʻra, Rossiya qoʻshinlari Bucha shaharchasini tark etayotganida Vagner guruhi ukrainalik oddiy fuqarolarning oʻldirilishiga aloqadorligini isbotlovchi ratsiya soʻzlashuvlari qoʻlga kiritilgan.
“Halokatli meros”
Vagner ilk marta 2014-yilda Ukrainada paydo boʻlgan. Oʻshandan beri guruh jangarilari dunyoning turli davlatlari, jumladan, Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Mali va Chaddagi mojarolarda ishtirok etishgan.
Yollanma jangarilar ular joylashtirilgan qaynoq hududlar, jumladan, Ukraina, Mali, Liviya va Suriyadagi urush jinoyatlarida ayblangan.
“Liviya agentliklari va minalarni zararsizlantirish guruhlari Vagner guruhini 2019-2020-yillar Liviyada taqiqlangan minalar va tuzoqlardan foydalanishga bogʻlaganlar”, deb xabar bergan Human Rights Watch (HRW) tashkiloti 31-may kunidagi bayonotida.
“Odamning borligi, yaqinlashuvi yoki tegishi tufayli portlaydigan piyodalarga qarshi minalar xalqaro gumanitar huquqqa ziddir, chunki ular tinch aholi va jangchilarni ajrata olmaydi”, deyiladi HRW bayonotida.
“Vagner guruhi Tripoli tashqarisi boʻylab odamlarning uylariga qaytishini xavf ostida qoldirgan minalar va tuzoqlarning halokatli merosiga hissa qoʻshgan”, deydi HRW tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boʻlimi rahbari Lama Fakih.
Vagner jangarilari “aftidan, 2019-yildan beri MARda fuqarolarni qatl qilgan, qiyngan va doʻpposlagan”, deb xabar beradi HRW 3-may kuni.
Aprelda BMTning inson huquqlari boʻyicha bosh komissari Mishel Bachelet MARdagi nafaqat isyonchi guruhlar, balki harbiylar va ularning rossiyalik ittifoqdoshlari tomonidan sodir etilgan “jiddiy inson huquqlari buzilishini”, jumladan, qotilliklar va tinch aholiga nisbatan jinsiy zoʻravonlikni qoralagan.
Vagner guruhi jangarilari prezident saroyini qoʻriqlayotgan Malida mart oyida Murada yuzlab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan operatsiya borasida tortishuvlar avj olgan.
Matbuot va Human Rights Watch suhbatlashgan Mali armiyasi va guvohlar operatsiyani Mali askarlari va ruslar deb aytilgan xorijiy jangarilar tomonidan amalga oshirilgan zoʻravonlik, talonchilik va tinch aholining qirgʻini deya taʼriflagan.
“Yolgʻon izi”
Moskva Vagner guruhining “vahshiyliklaridan” eʼtiborni chalgʻitish maqsadida Malida dezinformatsiya kampaniyasini kuchaytirgan, deb xabar beradi AQSH davlat departamenti 24-may kungi bayonotida.
Vagner va Prigojinga aloqador boshqa tashkilotlar Rossiyani qoʻllab-quvvatlash uchun “notinch vaziyatlardan dezinformatsiya orqali foydalanadi”, deyiladi xabarda.
“Rossiyaning dezinformatsiyani faol qoʻllashi va Vagner guruhidan Afrika boʻylab foydalanishi yolgʻon va inson huquqlari buzilishlarining tarqalishiga olib keldi”, deyiladi hujjatda.
“2021-yilda Maliga tashrifidan beri Vagner guruhi sodir etgan vahshiyliklar haqidagi xabarlar ortib borayotgan bir vaqtda Rossiyaning dezinformatsiya ekotizimi eʼtiborni chalgʻitish va javobgarlikdan qochish uchun yolgʻon xabarlar yoyinlashni davom ettirmoqda.”
Rossiyaning Ukraina va Suriyadagi aralashuvi Liviya, MAR, Mali va boshqa davlatlar uchun saboq boʻlishi lozim.
Kreml oʻzining geosiyosiy taʼsirini oshirish yoʻlida prezident Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlash uchun yillar davomida Suriyadagi nizoga jangarilar va mablagʻ yuborib turgan.
Soʻnggi yillarda Suriyada rossiyalik XHKlar soni Suriya armiyasi faoliyatiga putur yetkazadigan darajada koʻpayib ketgan.
2019-yil sentyabrda Suriya inson huquqlari tarmogʻi Kremlni 2015-yildan beri Suriyadagi harbiy operatsiyalar vaqtida “yuzlab urush jinoyatlarini” amalga oshirganlikda ayblagan.
2021-yil 15-mart kuni Fransiya, Suriya va Rosssiyadan uchta huquqbon guruh 2017-yilda suriyalik erkakning boshi tanasidan judo qilinshi va “urush jinoyatlariga” teng deb koʻrilgan zoʻravonligi yuzasidan Moskvada Vagner guruhiga qarshi qonuniy shikoyat bilan sudga murojaat qilgan.
“Vagner afsonasi”
Suriyadan avval sharqiy Ukrainaga yuborilgan va u yerda ogʻir jarohatlangan sobiq rossiyalik askar va vagnerchi jangchining shafqatsiz faoliyatini tasdiqlagan.
Rossiya yollanma askarlardan “barcha axloqiy meʼyorlar va qadriyatlarga xilof tarzda foydalanadi”, deydi 55 yoshli Marat Gabidullin 11-may kuni AFPga bergan intervyusida.
Oʻtgan oy Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vagnerning Mali va Liviya kabi mamlakatlarda “tijorat asosida” faoliyat yuritishi haqidagi Kremlning rasmiy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan edi.
Putin Vagnerni “xususiy biznes” deb taʼriflagan.
Prigojin Vagnerning Sudanda oltin konini boshqarishi haqidagi gap-soʻzlarga javob berar ekan, bunday guruhning mavjudligini inkor etgan.
“Afsuski, men hech qachon oltin qazib oluvchi kompaniyalarga egalik qilmaganman”, dedi u 5-iyun kuni The New York Times nashrida chop etgan yozma javobda.
“Men esa Rossiya harbiysi emasman”, dedi u.
Vagner haqidani afsona, deb qoʻshimcha qildi u, – shunchaki afsona.
Gabidullin Vagnerning davlat bilan hech qanday aloqasi yoʻq, degan fikrni rad etdi.
“Xususiy shaxslar bunday qurollarini faqat davlat organlarining ruxsati bilan saqlashi mumkin. Kamida”, dedi u.
“Vagner jangarilari “aftidan, 2019-yildan beri MARda fuqarolarni qatl qilgan, qiyngan va doʻpposlagan”, deb xabar beradi HRW 3-may kuni. Xoʻsh, nega hammasini ushlay olishmaydi? Xavotir bildirishdan boshqasiga yaramaydilar.
Javob berishFikrlar 4
Prigojinning hayoti va yutuqlari haqida oʻqisangiz, vaziyat yanada qiziqarliroq tus oladi. Ishonchim komilki, uning ishtiroki haqida juda koʻp narsalarni bilib olishingiz mumkin!
Javob berishFikrlar 4
Axborot olish imkoniyati tobora ortib borayotgani sababli, ular imzolagan hujjatlar va Ukraina, Liviya va boshqa mamlakatlardagi butun shaharlarni vayron qilishni qanday kelishganliklari haqidagi suhbatlar yozuvlari bir-ikki yil ichida bizda paydo boʻladi deb oʻylayman.
Javob berishFikrlar 4
Dalillar ortib borayotgani ajablanarli emas: bu dahshatli zoʻravonlikdan omon qolganlarning hikoyalaridan tashqari, sodir boʻlayotgan voqealarni tasvirga olish uchun hammada uyali telefon bor.
Javob berishFikrlar 4