Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiya Ukrainaning ishgʻol qilingan hududlarida majburiy pasportlashtirish jarayonini boshladi

Olga Chepil

Rossiya qoʻshnisiga hujum qilganidan 11 kun oʻtib, 6-mart kuni Serbiya poytaxti Belgradda, Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qarshi namoyish chogʻida ishtirokchilardan biri oʻzining Rossiya pasportini yoqib yuborgan. [Andrey Isakovich/AFP]

Rossiya qoʻshnisiga hujum qilganidan 11 kun oʻtib, 6-mart kuni Serbiya poytaxti Belgradda, Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qarshi namoyish chogʻida ishtirokchilardan biri oʻzining Rossiya pasportini yoqib yuborgan. [Andrey Isakovich/AFP]

KIYEV – Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchi kuchlari ukrainaliklarni Rossiya pasportlarini olishga majburlamoqda – kuzatuvchilar nazdida bu xalqaro huquq meʼyorlarining buzilishidir.

Ishgʻol qilingan, hali ham aloqa va elektr quvvati tiklanmagan Mariupolda rossiyaliklar hujjatlarni qabul qilish punktlarini Rossiya pasportlarini olish imkoniyati uchun jihozlay boshladilar, deb yozadi Mariupol meri maslahatchisi Pyotr Andryushchenko 2-iyun kuni oʻzining Telegram kanalida.

Mariupoldagi bosqinchi kuchlar “bunday punktlar uchun elektr energiyasi ulash imkoniyati bor va buzilmagan binolardan joy qidirmoqda”, deb yozgan u.

“Mariupolning haqiqiy anneksiyasi boshlandi”.

2014-yilning 25-may kuni Rossiyaning oʻsha paytdagi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev (oʻrtada) Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy (chapdan ikkinchi) hamrohligida Qrimning Sevastopol portidagi mahalliy FMX idorasiga tashrif buyurdi. Medvedev oʻsha yili Rossiya tarafidan anneksiya qilingan Qrimga ham tashrif buyurgan, rasmiy Kiyev bu voqeani “provokatsiya” deb atagan. [Aleksandr Astafev/RIA-Novosti/AFP]

2014-yilning 25-may kuni Rossiyaning oʻsha paytdagi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev (oʻrtada) Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy (chapdan ikkinchi) hamrohligida Qrimning Sevastopol portidagi mahalliy FMX idorasiga tashrif buyurdi. Medvedev oʻsha yili Rossiya tarafidan anneksiya qilingan Qrimga ham tashrif buyurgan, rasmiy Kiyev bu voqeani “provokatsiya” deb atagan. [Aleksandr Astafev/RIA-Novosti/AFP]

25-may kuni prezident Vladimir Putin Ukraina janubidagi Zaporojye va Xerson viloyatlari aholisi uchun Rossiya pasportini olish tartibini soddalashtiruvchi farmonni imzolagan.

“Majburiy pasportlashtirish jarayoni... Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq meʼyorlari va tamoyillarining qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanadi”, deyiladi Ukraina tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Bu tashabbus Ukrainaga qarshi urushning jinoiy maqsadlarini, yaʼni Rossiya armiyasi nazoratidagi viloyatlarni “Rossiyaning huquqiy, siyosiy va iqtisodiy maydoniga integratsiya qilish jarayonini yana bir karra tasdiqlaydi”, dedi vazirlik.

Bu boradagi rasmiy buyruq 2019-yilda qabul qilingan farmoyish ortidan berilgan – oʻshanda oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Ukraina sharqidagi boʻlginchi viloyatlar – Donetsk va Lugansk xalq respublikalari aholisi uchun ham xuddi shunday tezkor tartib joriy etilgan edi.

Bu jarayon Rossiya tomonidan ishgʻol qilingan Ukraina hududlarini anneksiya qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar fonida yuz bermoqda.

“Yevropa Ittifoqi [YI] Rossiyaning demokratik yoʻl bilan saylangan va qonuniy Ukraina maʼmuriyatlarini almashtirishga boʻlgan har qanday urinishlarini qatʼiyan qoralaydi”, dedi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Xosep Borrel 3-iyun kungi bayonotida.

Borrell shuningdek, “Rossiya rublini Ukraina grivnasiga parallel valyuta sifatida muomalaga kiritish, Rossiya taʼlim dasturlari va materiallarini joriy qilish, Xerson va Zaporojye viloyatlarining bosqinchi qurolli kuchlar noqonuniy nazorat qilayotgan hududlaridagi maktablarda taʼlim tilini oʻzgartirish urinishlarni” qoraladi.

Xalqaro huquqning buzilishi

Qrim huquqbon guruhi rahbari Olga Skripnikning aytishicha, bosib olingan hududlarda Rossiya pasportlari “qurol oʻqtalib” berilmoqda, aholida tanlov imkoni yoʻq.

“Bu hududlar hozir Rossiya armiyasi nazoratida”, dedi u. “Ular (mahalliy aholini) bu pasportlarni olishga majburlaydilar. Ularsiz odamlarga gumanitar yordam berilmaydi”.

“Bosh tortganlar kaltaklanishi, qoʻrqitilishi yoki hatto oʻldirilishi mumkin. Rossiya armiyasining usullari dahshatli va shafqatsiz... Endilikda pasport olish – omon qolish deganidir”, dedi Skripnik.

Pasportlashtirish – inson huquqlarining buzilishi boʻlib, u boshqa jinoyatlar, masalan, diskriminatsiyaga sabab boʻlishi mumkin, deydi u. Okkupatsiya sharoitida Rossiya pasportiga ega boʻlmagan odamlar koʻchalarda xavfsiz harakatlanish, ishlash va qandaydir yordam olish imkonidan mahrum boʻladi.

Rossiya uchun bu vaqtincha ishgʻol qilingan hududlarda mustahkam oʻrnashib olish imkoniyatidir, deb qoʻshimcha qildi Skripnik.

“Ruslar Ukraina janubini saqlab qolishni istayapti”, dedi u. U yerda “mustaqil respublikalar” deb ataladigan tuzilmalar tashkil qilish uchun pasportlar berilmoqda, buning uchun xalqning itoati kerak”.

"Qarshilikni sindirish uchun ruslar bu pasportlarni majburlab bermoqdalar, deydi u.

“Qarshilik qilganlar esa shunchaki gʻoyib boʻlmoqda”, dedi Skripnik.

“Qrim SOS” huquqbon tashkiloti tahlilchisi Yevgeniy Yaroshenkoning aytishicha, bosib olingan hududlarda gʻoyib boʻlgan odamlarning qarindoshlaridan arizalar kelib tushmoqda.

Gʻoyib boʻlganlarning aksari koʻngillilar yoki sobiq askarlar boʻlib, ular hatto oʻlim xavfiga duch kelsa ham, Rossiya pasportini olishdan bosh tortadiganlardir, deydi u.

Bundan tashqari, ukrainaliklar Rossiya pasportini olgach, Rossiya armiyasi ularni noqonuniy ravishda qurolli kuchlar safiga chaqirish bilan tahdid qilmoqda, deydi Yaroshenko.

“Bu vaziyatda Rossiya bir vaqtning oʻzida ikkita harbiy jinoyat sodir etmoqda”, dedi u. Birinchisi, bosib olingan hududlar aholisini Rossiya armiyasi safiga majburan chaqirish, ikkinchisi esa ularni oʻz davlatiga qarshi janglarga jalb etishdir”.

Bosib olingan hududlardagi tashviqot

Majburiy pasportlashtirishning boshqa tarafi ham bor – ayovsiz tashviqot, deydi Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi matbuot kotibi Vasiliy Slichko.

Xerson viloyatida aloqa uzilib bormoqda. Ukrainaning uyali aloqa provayderlari ishlamayapti, internet ham cheklangan, deb ogohlantirdi u.

“Ular pasportlashtirishni amalga oshirish uchun atayin axborot vakuumini vujudga keltirmoqdalar.”

“Masalan, pensiya faqat rublda beriladi, chunki bu rubl zonasi. Ruslar yangi telefon raqamlarini ishga tushirmoqdalar, endi faqat Rossiya raqamlari ishlaydigan hududlar boʻladi.”

“Ruslar begona hududlarini egallab olganida doim shunday qilgan”, deydi Slichko.

Rossiya oʻzi bosib olingan boshqa hududlarda – Qrim, Dnestrboʻyi, Abxaziya va Janubiy Osetiyada ham shu yoʻl bilan odamlarga Rossiya fuqaroligini bergan, deydi u.

Slichkoga koʻra, tashviqotdan koʻzlangan ikkinchi maqsad – bosib olingan hududlardagi ukrainaliklar Rossiya pasportini ishtiyoq bilan olayotgani va bu bilan ularning Rossiyaga sodiqligini koʻrsatish boʻlgan.

Qrim saboqlari

65 yashar qrimlik Rafqat 2014-yilda Qrim anneksiya qilinganidan keyin Rossiya pasportini olgan.

Oʻshanda Rossiya tashviqotchilari ertalabdan kechgacha yurib, fuqarolarni Rossiyaning kirib kelishi, referendum va pasportlashtirish kabi jarayonlar barcha qonunlar va BMT nizomiga muvofiq amalga oshirilayotganiga ishontirgan, dedi xavfsizlik vajidan ismi oʻzgartirilgan Rafqat.

“Shunday boʻlsa-da, Rossiya pasportiga ega boʻlmaganlar ishga qabul qilinmasligi, nikohni qayd eta olmasligi yoki sudga bora olmasligi haqida mish-mishlar muntazam tarqala boshladi”, deb aytgan u. “Nafaqalar bilan nima boʻlishi aniq emasdi va bu masala ham bizni xavotirga solgandi.”

Soddalashtirilgan jarayonda faqat rasm taqdim etish talab qilingan, hujjatlarni qabul qilish punkti esa qishloq kengashi binosida tashkil etilgan.

Rafqat butun oilasi uchun hujjat topshirgan.

“Ular nikohni tasdiqlovchi hujjat, harbiy yoki yashash joyida roʻyxatdan oʻtganlik haqida hech qanday maʼlumot talab qilishmadi. Ukraina fuqaroligini toʻxtatish haqida hech qanday hujjat soʻrashgani yoʻq. Ukraina pasportlarini topshirishimizni ham talab qilishmagan”, deydi u.

“Ular pasport emas, qandaydir chegirma uchun kupon tarqatayotganga oʻxshardi”, deb aytgan Rafqat. “Hujjatlarni olganimizda jurnalistlar kelib hammani rasmga olib ketishgan. Hujjat topshirishdan koʻra shu jarayonga koʻproq ahamiyat berishgandi.”

2,2 million aholi yashaydigan Qrimda okkupatsiya vaqtida pasportlashtirish ikki oy davom etgan, dedi u.

“Pasportlashtirishdan keyin, darhol mulkni qayta roʻyxatga olish boshlandi”, deydi u. “Biz Rossiya qonunchiligiga asosan, Rossiya pasportidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda uyimizni qayta roʻyxatdan oʻtkazishga majbur boʻldik.”

“Rossiya boshqa narsalar qatori, zavodlar va tashkilotlar, ishlab turgan infratuzilma va xususiy koʻchmas mulklarni ham anneksiya qilib olgan”, dedi u. “Ularning hammasi Rossiya yurisdiksiyasi boʻyicha qonuniylashtirilishi kerak edi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu qogʻoz parchasi – Rossiya pasportini odamlarga faqat qurol oʻqtalib berish mumkin.

Javob berish

Hozir hatto tojiklarga ham Rossiya fuqaroligi kerak emas.

Javob berish

Qutqaruvchilar kelishdi; odamlar ularni shunchalik intiqlik bilan kutishganki, qurol oʻqtalmasdan hech kim bu tovuq pasportlarini olishni istamagan. [Tovuq – Rossiya pasportidagi ikki boshli burgutga ishora]

Javob berish