Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyada daromadi keskin pasaygan migrantlar vataniga qaytishga majbur boʻlmoqda

Rustam Temirov

Moskvadagi qurilish obyektlarining birida ishlayotgan Markaziy osiyolik mehnat migrantlari, 9-iyun. Rossiyada eng ogʻir va eng kam xaq toʻlanadigan, ayniqsa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi ishlarni yillar davomida mehnat migrantlari bajarib kelgan. [Sunnat Mahmudov]

Moskvadagi qurilish obyektlarining birida ishlayotgan Markaziy osiyolik mehnat migrantlari, 9-iyun. Rossiyada eng ogʻir va eng kam xaq toʻlanadigan, ayniqsa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi ishlarni yillar davomida mehnat migrantlari bajarib kelgan. [Sunnat Mahmudov]

TOSHKENT – 25 yashar oʻzbek migranti Xurshid Boʻriyev Rossiya Ukrainaga bostirib kirguniga qadar Ingushetiyadagi qurilish materiallari korxonasida ishlab, oyiga 500-600 dollar maosh olar edi.

Biroq, Moskva tajovuzining iqtisodiy oqibatlari sharoitida u endi vataniga qaytish haqida oʻylay boshlagan.

Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan xalqaro sanksiyalar mamlakat iqtisodiyotini oʻta qiyin ahvolda qoldirdi.

“Bu harbiy mojaro menga ham taʼsir qiladi, deb oʻylamagandim. Aprel oyidan maoshlar kamaya boshladi. Hozir [oyiga] 300 dollarga yaqin maosh olyapman, lekin men va Oʻzbekistondagi oilam uchun bu hech narsa emas”, deydi uch yildan beri Rossiyada ishlayotgan Boʻriyev.

Moskvadagi qurilish obyektlarining birida ishlayotgan Markaziy osiyolik mehnat migrantlari, 9-iyun. [Sunnat Mahmudov]

Moskvadagi qurilish obyektlarining birida ishlayotgan Markaziy osiyolik mehnat migrantlari, 9-iyun. [Sunnat Mahmudov]

“Endi qaytmoqchi boʻlib turibman, chunki buncha pulni oʻz yurtimda ham ishlab topa olaman”, dedi u.

Rossiya oʻz bosqini tufayli sanksiyalarga uchrashda davom etar ekan, Boʻriyevga oʻxshagan odamlar juda koʻpchilikni tashkil etmoqda.

“Rossiya asosiy manba hisoblangan Markaziy Osiyoning koʻplab mamlakatlariga pul oʻtkazmalari oqimi keskin qisqarishi mumkin”, deyiladi yaqinda eʼlon qilingan migratsiya va taraqqiyotga oid Jahon banki hisobotida.

11-may kungi hisobotga koʻra, “bunday pasayish oziq-ovqat, oʻgʻit va neft narxlarining oshishi bilan birgalikda bu mamlakatlarning aksariyatida oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir qilib, qashshoqlikni kuchaytirishi mumkin”.

Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi joriy etiladigan yangi sanksiyalar bu yil pul oʻtkazmalari hajmining kamayishiga olib keladi. Hisobotda aytilishicha, pasayish Qirgʻizistonda 32 foizni, Tojikistonda 22 va Oʻzbekistonda 21 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Pul oʻtkazmalari “Rossiya asosiy manba hisoblanuvchi Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti uchun muhim moliya va oʻsish manbaidir”, deyiladi hisobotda. 2021-yilda ular Tojikiston va Qirgʻiziston yalpi ichki mahsulotining mos ravishda 34 va 33 foizni tashkil etgan.

“Ukrainadagi urush xalqaro toʻlov tizimlariga ham taʼsir koʻrsatdi, bu holat transchegaraviy pul oʻtkazmalari oqimida oʻz aksini topdi. Rossiyaning SWIFT toʻlov tizimidan uzib qoʻyilishi ortidan xalqaro toʻlov tizimlarida milliy xavfsizlik masalasi paydo boʻldi”, deyiladi hisobotda.

Xayr, Rossiya

Oʻzbekiston Rossiyaga eng yirik ishchi kuchi eksportchisi hisoblanadi.

Rossiya ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilning yanvar-sentabr oylarida Rossiyaga ish izlab kelgan fuqarolar boʻyicha uch mamlakat: Oʻzbekiston (3054180), Tojikiston (1597481) va Qirgʻiziston (623465) yetakchi boʻldi.

Oʻzbekiston Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda xorijda mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklar oʻz yurtiga 8,1 milliard dollar pul yuborgan (2020-yilda – 6 mlrd).

Urushdan avval Rossiyada mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari vataniga AQSH dollari joʻnatar, oilalari esa ularni soʻmga almashtirar edi.

Ammo 1-mart kuni Rossiya hukumati migrantlarni beqaror Rossiya rublidan foydalanishga majbur qilgan holda AQSH dollaridagi pul oʻtkazmalarini taqiqlab qoʻydi.

Urush Rossiya mehnat bozorini ham beqarorlashtirdi, koʻplab mehnat migrantlari maoshlar kechikayotganini aytmoqdalar.

Oʻzbekiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning toʻrt oyi davomida Rossiyadan Oʻzbekistonga 133 mingta, jumladan, mart oyida 50 ming, aprelda esa 54 ming mehnat migranti qaytib kelgan. Yanvardan aprelga qadar jami 282300 nafar migrant vataniga qaytdi.

Boʻriyevning onasi, nogiron otasi, ukasi va singlisi esa uning Oʻzbekistonga pul yuborishini kutmoqda.

Oʻgʻli Rossiyadan pul yubormasa, oila ogʻir ahvolda qoladi, deydi Boʻriyevning onasi Matluba Nusratova.

Shunga qaramay, u oʻgʻliga uyga qaytishi kerakligini aytgan.

“Hozir vaziyatimiz ogʻir, ammo unga shu yerdan ish qidirmoqchimiz. Qoʻrqamanki, urush hali uzoqqa choʻzilishi, oʻgʻlim va boshqa oʻzbekistonlik ishchi-migrantlarning ahvoli yanada yomonlashishi mumkin”, dedi Nusratova.

Vatandagi qiyinchiliklar

Millionlab odamlar Rossiyadan vataniga qaytishi mumkinligi sababli, mahalliy tahlilchilar Oʻzbekistondagi ishsizlik borasida xavotir bildirmoqda.

Hukumat maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil etgan boʻlsa-da, amalda bu koʻrsatkich yuqoriroq ekani taxmin qilinadi.

Oʻzbekiston Rossiyadan qaytgan barcha migrantlarni ish bilan taʼminlay olmaydi, mamlakatda shundoq ham ishsizlik mavjud, deydi toshkentlik iqtisodchi Anvar Nazirov.

Hukumat muammoni yumshatishga urinib koʻradi, dedi u.

“Ammo ish oʻrinlari shunchaki, “yuqoridan” yaratilmaydi. Buning uchun xususiy investitsiyalar zarur va biz hozir ularni koʻrmayapmiz”, dedi Nazirov.

Oʻzbekiston hukumati mehnat migrantlari uchun yoʻnalish sifatida “Yevropa va Fors koʻrfazi mamlakatlaridagi yangi mehnat bozorlarini” oʻrganmoqda, deydi oʻzbekistonlik jurnalist Tolib Rahmatov.

Biroq, ularni boshqa davlatlarga yoʻnaltirish haqida gap ketar ekan, ishchi kuchi sifatini ham hisobga olish kerak, deydi Nazirov.

“Rossiya iqtisodiyoti Janubiy Koreya yoki Yevropaniki bilan solishtirganda primitiv, shu bois ishchi kuchiga boʻlgan talab ham butunlay boshqacha. Rossiyaga xizmat koʻrsatish sohasi uchun past malakali ishchilar va qurilish obyektlarida eng ogʻir ishlarni bajaradigan odamlar kerak”, dedi Nazirov.

Rossiyada ogʻir, past malakali ishlar bilan shugʻullanayotgan oʻzbeklarga iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda talab boʻlmasligi mumkin, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayrim kuzatuvchilar esa Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishsizlik oqibatida kelib chiqadigan siyosiy inqiroz haqida ogohlantirmoqda.

“Mintaqaga mehnat migrantlarining qaytishi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki jiddiy siyosiy inqirozga ham sabab boʻlishi mumkin”, deydi bishkeklik jurnalist va tahlilchi Odil Turdiqulov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya endi pul ishlash uchun qiziqarli bozor emas. Yangi mamlakatlarni izlash kerak.

Javob berish

Rossiya sizlarni boqishga majburmi? Oʻlmas Sharikovlar! Bechoralar, yuvindilaringizni qayerdan olasizlar? [Sharikov – Mixail Bulgakovning “Ityurak” asarining bosh qahramoni]

Javob berish

Qizigʻi shundaki, odamlar “bechora ruslar” xohlamagan ishlarni qilishgan va arzimagan pul olishgan. Shunday ekan, sizlar bechora emassizlar, tez orada nimadir yeyish uchun shu ishlarda eshakdek mehnat qilishingizga toʻgʻri keladi. Yana bir qiziq jihati shundaki, qaytib kelgan mutaxassislar olgan tajribalarini oʻz hududlarini rivojlantirish uchun ishlatishlari mumkin.

Javob berish

Eng qizigʻi, hatto “yaxshi va buyuk” ruslar ham migrantlardan ham battar suratda, imkon qadar tezroq boshqa mamlakatlarga qochib ketishyapti. Minglab odamlar Gruziya, Abxaziyada va shunga oʻxshash joylarda kimdir ularni haqiqatan ham kutayotgandek oʻtirishibdi.

Javob berish

Olis Rossiya bunaqa arzimagan pulga ishlash uchun arzimaydi. Ijara, oziq-ovqat, yashash narxi va yoʻlkira barcha daromadlarni yeb qoʻyadi.

Javob berish