Karvonsaroy
Biznes

Afgʻoniston portida Oʻzbekiston bilan savdo hajmining oshishi kuzatilmoqda

Muhammad Qosim

22-may kuni Afgʻonistonning Oʻzbekiston bilan chegaradosh Hayraton portida afgʻon mahsulotlarini konteynerlarga ortayotgan kran. [Ijtimoiy tarmoqlar]

22-may kuni Afgʻonistonning Oʻzbekiston bilan chegaradosh Hayraton portida afgʻon mahsulotlarini konteynerlarga ortayotgan kran. [Ijtimoiy tarmoqlar]

QUNDUZ VILOYATI, Afgʻoniston – Afgʻon savdogarlari va mahalliy rasmiylarga koʻra, Afgʻonistonning Oʻzbekiston bilan chegaradosh Balx viloyatidagi Hayraton porti orqali oʻtadigan import va eksport hajmi 10 oylik pasayishdan soʻng yana koʻtarila boshlagan.

Bu yangilik oʻziga qoʻshni mamlakat ravnaqidan manfaatdor boʻlgan Oʻzbekistonda iliq qarshilanmoqda.

“Eksportimiz hajmi juda yaxshi”, deydi Hayraton porti bosh direktori Abdul Sattor Rashid. “Shuningdek, har kuni Oʻzbekistondan keluvchi turli mahsulotlar ortilgan 120 dan 140 tagacha temiryoʻl vagonlarini import qilyapmiz.”

“Afgʻonistonlik savdogarlar gilam, qizilmiya, tabiiy oʻtlar, quritilgan meva va yongʻoqlar, bodom, kedr yongʻogʻi va mayiz, sabzavotlarni eksport qiladi”, dedi u. “Afgʻoniston importi un, guruch va yogʻ kabi oziq-ovqat mahsulotlari, armatura va boshqa zaruriy mahsulotlarni oʻz ichiga oladi.”

“Afgʻon savdogarlari har kuni chegaradan toʻrt-beshta yuk mashinasida mahsulotlar olib oʻtishadi, ular uchun bojlar bekor qilingan”, dedi u. “Eksport hajmini yanada oshirishga harakat qilyapmiz.”

Abdul Rashidning aytishicha, Hayraton portida tijorat tovarlarining kunlik import-eksportiga hech qanday cheklovlar yoʻq.

“Oʻtgan yil avgust oyidan beri biz Hayraton porti orqali 640 ming tonnadan ortiq kartoshka, piyoz, qizilmiya, gilamlar, kunjut, zigʻir urugʻi, paxta va jonivorlar terisini eksport qildik”, deydi Balx savdo va sanoat boshqarmasi qoshidagi sanoat parklari boʻlimi rahbari Sher Ahmad Sipohizoda.

“Bu port orqali eksport [soʻnggi oylarda] 82 foizga oshdi”, dedi u. “Oʻtmishda urush va notinchlik tufayli bizda eksport hajmi bunday emas edi.”

Tijoriy mahsulotlarni ortish, tushirish va saqlashni nazorat qiluvchi Hayraton chegara xizmati maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo hajmini oʻsishi bilan birga daromad ham oshgan.

“Oʻtgan yillarda Boshqarmaning kunlik daromadi 1 million afgʻoniyni (11 ming dollar) tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu davlat gʻaznasiga qoʻshiladigan 3 million afgʻoniydan (34 ming dollar) oshdi”, dedi boshqarma rahbari Alijon Umariy.

“Biznes operatsiyalar ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, korruptsiyaning oldini olish, yirik korxonalarga imtiyozlar berish daromadlarning oshishiga olib keldi.

Umariy mamlakatni tark etgan investorlar va tadbirkorlarni Afgʻonistonga qaytishga, mamlakatni qayta tiklash va rivojlantirishga sarmoya kiritishga chaqirdi.

Savdogarlar orasidagi nekbinlik

Afgʻoniston shimolidagi savdogarlarning aytishicha, savdo jarayonida hech qanday toʻsiqlar yoʻq, Hayraton orqali import va eksport hajmi esa oshmoqda.

Oʻtgan yil davomida viloyatda savdo sekinlashgan boʻlsa-da, soʻnggi vaqtlarda Hayraton orqali import va eksport hajmi oshgan va savdogarlar uchun ayrim qulayliklar yaratilmoqda, deydi Balx viloyatidagi afgʻon savdogari Muhammad Imron Ahmadiy.

Import va eksport bilan bogʻliq muammolar hal etildi, dedi u. Faqat “pul oʻtkazish va savdogarlarga oʻz vaqtida viza berish” muammosi saqlanib qolmoqda.

U afgʻonistonlik savdogarlarga viza berish masalasi jiddiy muammo boʻlganini va koʻplab savdogarlar sirtdan bitimlar tuzishga majbur boʻlgani uchun katta ziyon koʻrganini aytdi.

“Chegaralar ochiq emas, aholi qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, dedi u. Afgʻonistonlik savdogarlarga vizalar berilsa, chegaralar ochilsa va oʻz vaqtida eksport qilish yoʻlga qoʻyilsa, mamlakat iqtisodiyoti yaxshilanadi”, deydi u.

“Oldingi davr bilan taqqoslaganda savdogarlar uchun qulayliklar koʻpayib, ortiqcha xarajatlar kamaydi, dedi hayratonlik savdogar Mahmud Ramin.

“Savdogarlarga koʻproq qulayliklar yaratilishi bozorlarda oziq-ovqat, gaz, neft kabi tovarlarning koʻpayishiga sabab boʻladi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Iqtisodni koʻtarish va ittifoqlarni mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarining yana gullab-yashnashi mintaqa uchun juda muhim.

Javob berish