Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Yevropada Rossiya tashviqotining taqiqlanishi ortidan Qirgʻizistonda ham shunday chaqiriqlar yangramoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Norozi Markaziy Osiyoliklar Rossiya tashviqotini oʻchirmoqchi. [Pexels]

Norozi Markaziy Osiyoliklar Rossiya tashviqotini oʻchirmoqchi. [Pexels]

BISHKEK – Qirgʻizistonliklar xuddi Yevropadagi kabi Rossiya tashviqotini taqiqlashga chaqirmoqdalar.

2-iyun kuni Moldova parlamenti Moskva tashviqotini cheklash maqsadida Rossiya yangiliklar dasturlari taqiqlanishini maʼqulladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bosqini Yevropa Ittifoqiga (YI) aʼzo boʻlishni maqsad qilgan va Moskva qoʻllovidagi ayirmachilar hududi – Dnestrboʻyini oʻz ichiga oluvchi Moldovada keskinlikni kuchaytirgan.

Moldova hukumati 24-fevral kungi hujumdan soʻng darhol Rossiya yangiliklar efirini toʻxtatib qoʻygan, parlament esa 2-iyun kuni bu taqiqni rasman maʼqulladi.

19-mart kun Parijda Ukrainadagi urushga qarshi namoyish ishtirokchilaridan biri Rossiyaning “Birinchi kanali” muharriri Marina Ovsyannikovaning 14-mart kuni Rossiyaning eng mashhur yangiliklar dasturida norozilik oʻlaroq koʻtarib chiqqaniga oʻxshash plakatni ushlab turibdi. [Tomas Koeks/AFP]

19-mart kun Parijda Ukrainadagi urushga qarshi namoyish ishtirokchilaridan biri Rossiyaning “Birinchi kanali” muharriri Marina Ovsyannikovaning 14-mart kuni Rossiyaning eng mashhur yangiliklar dasturida norozilik oʻlaroq koʻtarib chiqqaniga oʻxshash plakatni ushlab turibdi. [Tomas Koeks/AFP]

Rus tilidagi kontent borasida esa, Moldova telekanallari endi faqat koʻngilochar dasturlarni efirga uzatiishi mumin, Rossiyaning siyosiy yoki tahliliy dasturlariga ruxsat berilmagan.

Shuningdek, yangi qonunda dezinformatsiya tarqatganlik uchun jarima va boshqa jazo choralari ham belgilangan.

Bu orada Latviyada Rossiyadagi barcha telekanallarning har qanday koʻrsatuvlarini efirga uzatish taqiqlangan, deb xabar beradi Boltiqboʻyi davlatining efir nazoratchisi 6-iyun kuni.

9-iyun kuni kuchga kirgan qaror Latviyada kabel yoki sunʼiy yoʻldosh orqali ishlaydigan 80 ga yaqin kanallarga taalluqli boʻladi.

“Boshqa davlatning hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga rahna soluvchi mamlakatning tele yoki radiokanallari Latviyada faoliyat yurita olmaydi”, deb aytgan Milliy elektron OAV kengashi rahbari Ivars Abolins AFP nashriga.

Qaror Rossiya Ukraina hududini tark etguniga qadar kuchda qoladi.

2014-yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan beri Latviyaning nazorat agentligi Rossiyaning bir qator yirik telekanallari efirini taqiqlab qoʻygan edi.

Agentlik xodimlari Latviyaga koʻchib oʻtgan Rossiyaning “Dojd” kanaliga efirga chiqish uchun litsenziya bergan. Oʻtgan yili avgust oyida Rossiya hukumati bu kanalni “xorijiy agent” (kamsituvchi maʼnoga ega va hukumat kuzatuvini anglatadigan atama) deb topgan edi.

YI 3-iyun kuni kuchga kirgan sanksiyalarning oltinchi bosqichi doirasida Rossiyaning RTR/RTR Planeta, Rossiya-24 va TV Centre International davlat kanallarining Yevropadagi faoliyatini cheklab qoʻygan.

“Bu tizimlardan Rossiya hukumati tomonidan axborotni manipulyatsiya qilish va Ukrainaga hujum haqida dezinformatsiyani tarqatish, jumladan Rossiyaga qoʻshni, YI va unga aʼzo mamlakatlarni, YIning siyosiy ustuvorligini belgilab beruvchi Yevropa kengashini beqarorlashtirishga qaratilgan tashviqot yoʻlida foydalanilgan”, deyiladi bayonotda.

Markaziy Osiyodagi cheklovlar

Soʻnggi taqiqlar Qirgʻiziston va Turkmaniston may oyida Rossiya telekanallari, jumladan, “Rossiya-1”, “Zvezda” va “Rossiya-K” telekanallarining koʻrsatuvlarini texnik sabablarga koʻra qisqa muddatga toʻxtatib qoʻyganidan keyin joriy etilgan.

Taqiqlangan Rossiya telekanallari maʼlum muddatdan keyin ikkala mamlakatda ham oʻz faoliyatini tiklagan boʻlsa-da, qisqa muddatli tanaffus ortidan qirgʻizistonliklar orasida doimiy taqiqlash chaqiriqlari yangradi.

Rossiya telekanallariga nisbatan ishonch soʻnggi yillarda muttasil kamayib bordi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidan keyin keskin tushib ketdi, deydi bishkeklik faol va bloger Ulan Kadirbayev.

“Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin Kreml manqurtlari har kuni Ukrainadagi voqealar haqida ochiqdan-ochiq yolgʻon tarqata boshladilar”, deydi u. “Bu telekanallar oʻz tomoshabinlarini telba deb oʻylasa kerak.”

Qirgʻizistondagi “sogʻlom fikrli odamlar” bugungi kunda eskilik sarqitiga aylangan Rossiya kanallarini tomosha qilishmaydi, dedi u.

Rossiya telekanallari allaqachon Qirgʻizistonda mashhurligini yoʻqotgan.

“M-Vektor” mintaqaviy tadqiqot va konsalting agentligiga koʻra, qirgʻizistonliklarning 92 foizi yangiliklar manbai sifatida ijtimoiy tarmoqlarni afzal koʻradi, deb yozgan edi Jusup Balasagʻin Bishkek milliy universitetining reklama va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Begayim Maksutova oʻtgan yil sentyabr oyida Kyrgyzeli.ru saytida chop etilgan maqolasida.

Telekanallarning mashhurligiga kelsak, Qirgʻizistonning ikkita davlat telekanali, bosh va musiqiy telekanallari mamlakatda eng yuqori reytingga ega, deb taʼkidlagan u.

Bosim kuchaymoqda

2021-yil oxirida Qirgʻiziston hukumati qirgʻiz tilida (kamida 50 foiz vaqt) efirga uzatish, mahalliy kontent ishlab chiqarish va tarqatish (kamida 50 foiz vaqt) qoidalariga rioya qilmagani sababli Rossiyaning “8-kanal”, “RTV Media”, “NTV KG” va “Domashniy” kanallari faoliyatini toʻxtatib qoʻygan.

Rossiyaning yana bir kanali “Ren TV” 1-yanvar kuni faoliyatini toʻxtatgan.

Taqiqlangan kanallar bu qoidabuzarliklar uchun avval ham ogohlantirish olgan va jarimaga tortilgan, ammo shunda ham mahalliy qonunlarga rioya qilmagan, deb xabar beradi Qirgʻiziston madaniyat vazirligi.

Mart oyining boshida qirgʻizistonlik deputat Nurlan Shakiyev Rossiya telekanallarini, ayniqsa “Birinchi” va “Rossiya” kanallarini Qirgʻizistonda oʻchirib qoʻyishni va ularning efirga uzatilishida hukumatning moliyaviy koʻmagini toʻxtatishni taklif qilgan.

Hukumat Shakiyevning taklifini qabul qilmagan boʻlsa-da, qirgʻiz jamoatchiligi va rasmiylar Rossiya telekanallarida tarqatilayotgan dezinformatsiyadan norozi, deydi Orbita.kg sayti muxbiri, bishkeklik Mars Abayev.

“Afsuski, ularni oʻchirib Kremlning gʻazabiga duchor boʻla olmaymiz”, deb aytgan u.

“Qirgʻiziston iqtisodiyoti sezilarli darajada Rossiyaga qaram. Milliondan ortiq fuqarolarimiz Rossiyada ishlaydi. Bu hukumatga bosim oʻtkazish uchun jiddiy vositadir.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hatto bu ham yetarli emas! Buni butunlay taqiqlash kerak! “Qaror Rossiya Ukraina hududini tark etguniga qadar kuchda qoladi”.

Javob berish

U yerda faqat rus tashviqoti ishlaydi. Nihoyat, boshqa mamlakatlarlar buni oʻz hududlarida tugatish kerakligini tushuna boshladilar.

Javob berish

Bu yerda ayrim Rossiya kanallari allaqachon bloklangan.

Javob berish