Karvonsaroy
Iqtisodiyot

“Shantaj”: Rossiya Ukrainani qamal qilish orqali dunyoga ocharchilik bilan tahdid qilmoqda

Olga Chepil

Rossiyaning Rostov-Don shahridagi “Sormovo-2” yuk kemasiga arpa ortilmoqda, 11-iyun. [Stringer/AFP]

Rossiyaning Rostov-Don shahridagi “Sormovo-2” yuk kemasiga arpa ortilmoqda, 11-iyun. [Stringer/AFP]

KIYEV – Ukrainaning Qora dengizi va Azov dengizidagi muhim portlarni qamal qilib turgan Rossiya butun dunyoni shantaj qilib, avj olayotgan oziq-ovqat inqirozini yanada kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda.

Dunyo uchun gʻalla koni boʻlgan Ukrainaga qarshi Rossiyaning keng qamrovli bosqini don va oʻgʻit tanqisligini keltirib chiqardi, jahon miqyosida narxlarning oshishiga sabab boʻldi va yuz millionlab odamlarni ocharchilik xavfi ostida qoldirdi.

Rossiya bosqiniga qadar Ukraina kungaboqar yogʻi ishlab chiqarish boʻyicha dunyo yetakchisi va yirik bugʻdoy eksportchisi edi, ammo qamal tufayli eksport uchun tayyor 20 million tonnadan ortiq don omborlar va portlarda qolib ketgan.

BMTning qochqinlar masalalari boʻyicha rahbari Filippo Grandi chorshanba (15-iyun) kuni jurnalistlarga ocharchilik inqirozi butun dunyo boʻylab qochqinlar sonining koʻpayishiga olib kelishi mumkinligini aytgan.

Finlyandiyaning Alppila yuk kemasida Ukrainadan olib ketilayotgan jonivorlarga moʻljallangan 18 ming tonna don 13-iyun kuni Ispaniyaning La-Korunya shahrida tushirildi. Ispaniya uyushmasining xabar berishicha, Ukraina gʻallasi urush boshlanganidan beri joriy qilingan Rossiyaning qamalini chetlab oʻtgan holda Boltiq dengizi orqali joʻnatilgan. [Migel Riopa/AFP]

Finlyandiyaning Alppila yuk kemasida Ukrainadan olib ketilayotgan jonivorlarga moʻljallangan 18 ming tonna don 13-iyun kuni Ispaniyaning La-Korunya shahrida tushirildi. Ispaniya uyushmasining xabar berishicha, Ukraina gʻallasi urush boshlanganidan beri joriy qilingan Rossiyaning qamalini chetlab oʻtgan holda Boltiq dengizi orqali joʻnatilgan. [Migel Riopa/AFP]

Ukraina gʻallasini oʻgʻirlayotgan Rossiya qoʻshinlari rivojlanayotgan mamlakatlarni ocharchilikka duchor qilish bilan tahdid qilmoqda. [Pexels]

Ukraina gʻallasini oʻgʻirlayotgan Rossiya qoʻshinlari rivojlanayotgan mamlakatlarni ocharchilikka duchor qilish bilan tahdid qilmoqda. [Pexels]

Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli keskinlashgan global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozini bartaraf etish saʼy-harakatlari “qochqinlar soni koʻpayishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega”, dedi Grandi.

“Qancha deb soʻrasangiz... Bu savolga aniq javobim yoʻq, lekin bu juda katta raqamlar boʻladi.”

“Oqibatlar, agar bu masala tezda hal etilmasa, halokatli boʻlishi mumkin”, dedi Grandi. “Bu halokatli tus olib boʻlgan.”

Ushlab turilgan makkajoʻxori va bugʻdoyga Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari ayniqsa muhtoj, deydi Yaqin Sharq tadqiqotlari uyushmasi rahbari, kiyevlik Igor Semivolos.

“Umuman olganda, Ukraina oʻzining 40-60% gʻallasini Yaqin Sharqdagi turli mamlakatlarga yetkazib beradi.

“Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qoʻshiladigan hissa juda katta.”

Bu ham yetmagandek, Afrika va Yaqin Sharqdagi soʻnggi vegetatsiya mavsumlarining qurgʻoqchil boʻlgani tahlilchilarni butun dunyoda ehtimoliy ocharchilik haqida ogohlantirishga undagan.

“Agar dunyoda hozir salmoqli oziq-ovqat zaxiralari boʻlganida, Ukrainadan eksportning yoʻqligi bu qadar kuchli sezilmagan boʻlardi”, deydi Kiyev iqtisodiyot maktabining iqtisodiy taʼlim boʻyicha vitse-prezidenti Oleg Niviyevskiy.

“Soʻnggi bir necha yil davomida dunyo boʻyicha hosil unchalik moʻl boʻlmadi”, deydi u.

“Hozirgi kunda don zaxiralari oxirgi 15 yil ichidagi eng kam miqdorda”.

“Xitoyning zahiralarini hisob olmaganda shunday, unda qancha gʻalla borligini hech kim aniq bilmaydi”, dedi Niviyevskiy.

Rossiyaning oziq-ovqat “shantaji”

Rossiya Ukraina dengiz portlarini toʻsib qoʻygani sababli, Ukraina bugʻdoyi va makkajoʻxorisini faqat yuk mashinalari va poyezdlar orqali eksport qilishi mumkin. Biroq, ularning sigʻimi kemalarnikiga nisbatan ancha kam.

Bitta balker bortiga 60 ming tonna don sigʻadi. Oddiy yuk mashinasi esa 40 tonnagacha yuk olishi mumkin.

“Oʻtgan oyda Ukrainadan 1,7 million tonna bugʻdoy eksport qilindi”, dedi Niviyevskiy. “Uning yarmi poyezdda, yarmi yuk mashinasida tashilgan. Ayni paytda portlarda 20 million tonna bugʻdoy bor.”

“Tasavvur qilyapsizmi? Temiryoʻl bilan buni uddalab boʻlmaydi”, deydi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish may oyida Kiyevga tashrif buyurganidan beri BMT Ukrainadan gʻallani olib chiqish masalasini hal qilishga urinmoqda.

Gʻarb rasmiylarining fikricha, Rossiyaning Ukrainadan gʻalla eksportiga ruxsat berish evaziga xalqaro sanksiyalarni olib tashlash talabi – shantaj va gʻalla urushi demakdir.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 6-iyun kuni Vashingtonda oʻtkazilgan virtual davra suhbatida “Bularning barchasi atayin qilinayotganini” aytgan.

“Rossiya prezidenti [Vladimir] Putin oziq-ovqat joʻnatilishini toʻxtatib, masʼuliyatdan boʻyin tovlash yoki soqit qilish uchun oʻzining tashviqot mashinasidan agressiv tarzda foydalanmoqda, chunki u dunyoning taslim boʻlishidan va sanksiyalarni bekor qilishidan umidvor... Oddiyroq qilib aytganda, bu shantaj”, dedi u.

“Butun dunyo Rossiyani sanksiyalar bilan vayron qilishni istayapti”, deydi Kiyev iqtisod maktabi xodimi Niviyevskiy.

“Rossiya Ukraina bilan ham xuddi shunday qilmoqda – uni iqtisodiy tarafdan vayron qilmoqda. U Ukraina qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dengiz orqali eksport qilinishini biladi – eksportning 70 foizi dengiz orqali amalga oshiriladi. Bu Ukraina yalpi ichki mahsulotining 30 foizidir”.

Rossiyaning oʻgʻriligi

Ukraina rasmiylari va agronomlari yana bir muammo haqida ogohlantirgan.

Rossiya portlarni toʻsib qoʻygani yetmagandek, balki oʻzi qamal qilib turgan Ukraina hududlaridan gʻalla olib ketmoqda, deydi Zaporoje viloyati agrosanoatni rivojlantirish boshqarmasi rahbarining oʻrinbosari Mikola Vinichenko.

Uning soʻzlariga koʻra, Zaporojeda 130 ming tonnadan ortiq don bor, Rossiya kuchlari ularni allaqachon oʻgʻirlab, eksport qila boshlagan.

“Ular elevatorga kelib, egalari donni faqat Qrimga joʻnatishi mumkinligini aytishadi. Agar egasi chiqmasa, bu uni tekinga olib ketish mumkin degani. Ular uni shundoq yuk mashinalariga ortib, olib ketishadi”, dedi u.

Vinichenkoning soʻzlariga koʻra, bosib olingan hududlardan kelgan dehqonlar har kuni ruslar ularning jihozlari va elevatorlardagi donlarini talon-taroj qilayotganini aytishmoqda.

Zaporojye singari Rossiya tomonidan qisman ishgʻol qilingan Xerson viloyatida ham vaziyat xuddi shunday.

Rossiya kuchlari “shunchaki talonchilik bilan shugʻullanmoqda”, deydi xersonlik iqtisodchi va siyosatshunos, uzoq vaqt agrobiznes gigantlari bilan ishlagan Vladimir Molchanov. “Ular uni 60 tonnalik yuk mashinalariga ortib, Sevastopolga olib bormoqdalar”.

“Sevastopol porti hali katta hajmdagi donni joʻnatishga tayyor emas. U yerda hech qanday sharoit yoʻq”, dedi u. “Shuning uchun uni oddiy ekskavator kovshi yordamida tushirib olishadi. Keyin u Suriya, Livan, Misr va Turkiyaga ketadi, chunki hamma yeyman deb turibdi.”

Qrimda Ukraina bugʻdoyining bir tonnasi ulgurji sotuvda taxminan 100 dollar turadi, lekin xalqaro bozorda u toʻrt karra qimmatroq, deydi Molchanov oʻz manbalariga tayanib. Ukraina bugʻdoyini Rossiya ham oʻz hududiga olib kiradi va uni katta foyda bilan sotadi.

“Bu juda oddiy sxema”, dedi u. “Ular Qrimdan oʻgʻirlangan bugʻdoyni arzimagan narxda sotib olib, Sibirga olib ketishadi. U yerdan esa Rossiya mahsuloti sifatida yaxshi narxda sotib, moʻmaygina daromad qilishadi”.

Hozircha ukrainaliklar hosilning talon-taroj qilinishini toʻxtatishga qodir emaslar.

“Odamlar mendan ruslarning talon-tarojiga qarshi nima qilish mumkinligini soʻramoqda”, deydi Vinichenko. “Hozirda ular qila oladigan narsa – bu kabi faktlarni qayd etish – ularni politsiya orqali roʻyxatga olish va Ukraina xavfsizlik xizmatiga (SBU) ariza yozish.”

Rossiya rasmiylari esa oʻzlarini jinnilikka solib, nimalar boʻlayotganini bilmagandek qilib koʻrsatmoqda.

8-iyun kuni Istanbuldagi matbuot anjumanida ukrainalik jurnalistlar Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga “Rossiya Ukrainada gʻalladan tashqari oʻgʻirlangan yana nimalarni sota oldi”, deya ochiqdan-ochiq savol bergan.

Lavrov Ukrainadagi “neonatsistlar” haqidagi tashviqot bilan javob qaytargan.

Turkiya bilan ishlash

Ukraina rasmiylari Turkiyadan yordam olishga harakat qilmoqda.

Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasil Bodnar Ukraina gʻallasining Turkiya suvlari orqali yetkazilishini tergov qilishni soʻrab, allaqachon Turkiya hukumati va Interpolga murojaat qilgan.

Turkiya BMT iltimosiga koʻra, oʻz sohillarida topilgan minalar borligiga qaramay, Ukraina portlaridan dengiz karvonlarini kuzatib borish uchun donlarga 25 foiz chegirma evaziga oʻz xizmatlarini taklif qilgan.

Turkiya Qora dengiz orqali don eksportini tashkillashtirish uchun Birlashgan Millatlar, Rossiya va Ukraina bilan toʻrt tomonlama uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyor, deb aytgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushoʻglu chorshanba kuni.

BMT eksportni osonlashtirish rejasini taqdim etdi, deydi u.

Reja boʻyicha Ukrainadan don eksporti uchun Qora dengizda minasizlantirishlarsiz xavfsiz yoʻlaklar tashkil etilishi mumkin, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Vaziyat unchalik nekbin emas”, deb aytgan Yaqin Sharq tadqiqotlari uyushmasi xodimi Semivolos.

“Bir tomondan Ukraina turklarning vaziyatdan foydalanib qolishini istamayapti, boshqa tomondan esa xavflar koʻp”, deb aytgan u.

“Agar rossiyaliklar don tashish uchun ochilgan portlarga hujum qiladigan boʻlsa, Turkiya bu hujumlarni qaytara oladimi? Menimcha unday emas.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya doim ocharchiliklar uyushtirib kelgan.

Javob berish

Bu maʼlumot paydo boʻlganidan keyin ukrainaliklar Qrim bilan munosabatlarni qanday qilib tiklashi mumkinligi tushunarsiz.

Javob berish

Faqat oʻgʻirlashni bilishadi. Maʼlumotlarga koʻra, bu yil Rossiya gʻalla hosili barcha koʻrsatkichlardan oshishi kerak ekan. Bu hech qanday moʻl hosil emasligi aniq. Hammasi Ukrainaning bosib olingan shaharlaridagi omborlar, zavodlar va portlardan oʻgʻirlangan.

Javob berish