Karvonsaroy
Siyosat

Imperialistik ambitsiyalar: Putin Buyuk Pyotrning Rossiya haqidagi qarashlarini buzib koʻrsatmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) “Buyuk Pyotr: Imperiyaning tugʻilishi” deb nomlangan va shoh tavalludining 350 yilligiga bagʻishlangan yangi koʻrgazmani aylanib chiqmoqda, Moskva, 9-iyun. [Mixail Metzel/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) “Buyuk Pyotr: Imperiyaning tugʻilishi” deb nomlangan va shoh tavalludining 350 yilligiga bagʻishlangan yangi koʻrgazmani aylanib chiqmoqda, Moskva, 9-iyun. [Mixail Metzel/Sputnik/AFP]

MOSKVA – Rossiyani Yevropaga yaqinlashtirish urinishlaridan soʻng uch asrdan ortiq vaqt oʻtar ekan, Ukrainadagi nizo tufayli yakkalanib qolgan Rossiyada Buyuk Pyotrning 350 yilligini nishonlandi.

Xorijda oʻtkazgan onlaridan ruhlangan Pyotr I 1682-1725-yillardagi hukmronligi davrida oʻzining bepoyon va yaxshi rivojlanmagan mamlakatini zamonaviylashtirishga koʻp harakat qilgan. Uning eng mashhur saʼy-harakatlaridan biri “Yevropaga oyna” sifatida Rossiyada Sankt-Peterburg shahrini barpo etgani boʻldi.

Moskvaning Ukrainaga hujumi sabab Rossiya va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalarga putur yetar ekan, hukumat Pyotrning Yevropaga yaqinligini kamaytirib koʻrsatmoqda, uning Rossiya hududlarini kengaytirish va hokimiyatni mustahkamlashdagi roliga koʻproq eʼtibor qaratmoqda.

9-iyun kuni Sankt-Peterburgdagi nutqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻzining ayni damdagi harakatlarini Buyuk Pyotrning 18 asrda Shvetsiyaga qarshi urushi chogʻida Boltiqboʻyini bosib olishiga qiyoslagan.

28-aprel kuni Bolgariyaning Sofiya shahrida hukumatdan Ukrainaga qurol va oʻq-dorilar berishni talab qilib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “qotil” deb yozilgan suratini koʻtarib turgan ayol. [Nikolay Doychinov/AFP]

28-aprel kuni Bolgariyaning Sofiya shahrida hukumatdan Ukrainaga qurol va oʻq-dorilar berishni talab qilib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “qotil” deb yozilgan suratini koʻtarib turgan ayol. [Nikolay Doychinov/AFP]

Sankt-Peterburgda Buyuk Pyotr sharafiga qoʻyilgan bronza haykal. [Pexels.com]

Sankt-Peterburgda Buyuk Pyotr sharafiga qoʻyilgan bronza haykal. [Pexels.com]

Shvetsiyaning Buyuk shimoliy urushdagi (1700-1721) magʻlubiyati Rossiyani Boltiq dengizidagi yetakchi davlatga va Yevropaga doir masalalarda muhim oʻyinchiga aylantirgan.

Bir asrdan koʻproq vaqt oʻtib, Rossiya askarlari Markaziy Osiyoni soʻnggi shoh hukmronligiga boʻysundirgan edi.

“Qaytarib olish va mustahkamlash”

“Shvetsiyaga qarshi jang qilib, u nimanidir bosib olgan deb oʻylashingiz mumkin”, dedi Putin shohning 350 yilligiga bagʻishlangan Moskvadagi koʻrgazmaga tashrifi chogʻida bir guruh yosh tadbirkorlarga. “U hech nimani bosib olmagan, u qaytarib olgan.”

Buyuk Pyotr Sankt-Peterburgga asos solganida va uni Rossiyaning poytaxti deb eʼlon qilganida “Yevropadagi davlatlardan hech biri uni Rossiyaga qarashli hudud deb tan olmagan”, dedi Putin.

“Hamma uni Shvetsiyaning bir qismi deb hisoblagan. Ammo qadimdan u yerda slavyanlar fin-ugor xalqlari bilan birga yashab kelganlar”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Qaytarib olish va mustahkamlash bizning ham burchimizdir”, deb aytgan Putin Kreml shunchaki “maxsus harbiy operatsiya” deb atagan Rossiyaning Ukrainaga bosqinini nazarda tutib.

U 24-fevralda Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin Rossiyadan chiqib ketgan mingga yaqin xalqaro kompaniyalar hali “afsuslanishini” aytib oʻtgan.

“Rossiyadek davlat atrofiga devor qurish imkonsiz, tushunyapsizmi, imkonsiz”, dedi u.

9-iyun kuni yubiley arafasida Rossiya ijtimoiy tarmoqlari Pyotrning tasavvuriga nima boʻlgani haqidagi fikr-mulohazalarga toʻla edi.

Tarqalib ketgan memlarda shohning baʼzan Putin bilan montaj qilingan suratlari va “Pyotr I Yevropaga oyna ochdi, Putin esa uni yopadi” yoki “Yevropaga oynani yoping, manzara dahshatli” kabi yozuvlar bor edi.

Yaqinda oʻtgan yubiley haqidagi savolga Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov oyna ochiqligicha qolayotganini taʼkidladi.

“Hech kim hech nimani yopmoqchi emas”, dedi u jurnalistlarga.

Imperialistik ambitsiyalar

Sovet Ittifoqida avstraliyalik diplomat boʻlib ishlagan Kayl Uilsonning “Vashington Post” nashriga aytishicha, Putin “Rossiyaning imperiya orzusini tiriltirmoqchi ekanini” ochiq bayon qildi.

“Rossiyani imperiyaga aylantirgan odam esa Buyuk Pyotr edi”.

Oktyabr oyida 70 yoshga toʻladigan sobiq KGB agenti Putin soʻnggi 20 yil ichida jazosizlik va qoʻrquvga asoslangan tizim qurishga muvaffaq boʻldi, deydi 2000-2004-yillarda Rossiya bosh vaziri boʻlgan Mixail Kasyanov.

“Bular Putinning davlat rahbari sifatidagi qoʻllovi bilan Sovet Ittifoqining soʻnggi bosqichlaridagidan ham surbetroq, shafqatsizroq ishlay boshlagan tizimning yutuqlaridir”, dedi u AFPga.

“Aslida bu mutloq qonunsizlikka asoslangan KGB tizimi. Ularni hech qanday jazo kutmasligi aniq”.

Kasyanov urush tufayli Rossiyani tark etgani va Yevropada yashayotganini aytsa-da, oʻz xavfsizligidan xavotirlanib, qayerda ekanligini oshkor qilishdan bosh tortgan.

Putin tomonidan lavozimidan chetlatilganidan keyin Kasyanov Rossiya muxolifatiga qoʻshildi va Kremlning eng ashaddiy tanqidchilaridan biriga aylandi.

Bosh vazir sifatida Gʻarb bilan yaqin aloqalarni qoʻllab-quvvatlagan 64 yoshli erkak boshqa koʻplab rossiyaliklar singari, urush boshlanishidan bir necha hafta oldin bu voqea haqiqatda sodir boʻlishiga ishonmaganini aytdi.

Putin “oʻzida emas”

24-fevral kungi bosqindan uch kun avval Putin mamlakat oliy rahbariyatini xavfsizlik kengashining sahnalashtirilgan majlisiga chaqirayotganini koʻrganidagina, Kasyanov uning hazillashmayotganini anglab yetgan.

“Rossiya Xavfsizlik kengashi yigʻilishini koʻrib, urush muqarrar ekanini tushundim”, deydi Kasyanov.

Putin allaqachon “toʻgʻri fikrlay olmayotganini” sezgan edim, deb qoʻshimcha qildi u.

“Men bu odamlarni tanirdim va ularga qarab, Putin allaqachon “oʻzida emasligini” koʻrdim. Tibbiy maʼnoda emas, siyosiy maʼnoda”, dedi u.

“Men bilgan Putin boshqa edi.”

Kasyanov urush ikki yilgacha davom etishini taxmin qilarkan, Ukraina gʻalaba qozonishi muhimligini aytdi.

“Ukraina magʻlub boʻlsa, navbat Boltiqboʻyi davlatlariga keladi”, dedi u.

Urushning yakuni Rossiyaning kelajagini ham belgilab beradi, dedi Kasyanov va rossiyaliklar oldida mamlakatni qayta tiklash vazifasi turganini aytdi.

“Hamma narsani yangidan barpo etish kerak boʻladi. Mohiyatan, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning butun majmuasini qaytadan boshlash zarur”, dedi u.

“Bu bajarilishi kerak boʻlgan ulkan va murakkab vazifalardir.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

KGB maktablarida ularga nima oʻrgatilishi va miyalari qanday zaharlanishi aniq emas; keyin oʻsha buyuk kadrlar oʻzlari uchun hech qanday qonunlarsiz mamlakatni boshqaradilar; ular na xalqqa xizmat qiladi, xalqning vakili boʻladi – faqat oʻz ambitsiyalari yoʻlida foydalanadi.

Javob berish

“Men boshqa Putinni bilar edim” - menimcha unga oʻxshagan odamlar boshqacha boʻlmagan, ular shunchaki ularning shizofreniyasi bu darajada bilinmagan.

Javob berish

Hududiy ambitsiyalarini amalga oshiraman deb esini yoʻqotganidan koʻra oʻzini vatanida rol oʻynayversin, oʻzini Buyuk Pyotr deb oʻylayversin.

Javob berish