Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiyalik Nobel mukofoti sovrindori ukrainalik qochqin bolalarga yordam berish uchun medalini sotdi

Karvonsaroy va AFP

Suratda: 20-iyun kuni Nyu-Yorkdagi tadbirda qatnashgan rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov – uning tinchlik uchun Nobel mukofoti medali Ukrainadagi urush tufayli qochqinga aylangan bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun kimoshdi savdosida sotilgan. [Kena Betankur/AFP]

Suratda: 20-iyun kuni Nyu-Yorkdagi tadbirda qatnashgan rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov – uning tinchlik uchun Nobel mukofoti medali Ukrainadagi urush tufayli qochqinga aylangan bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun kimoshdi savdosida sotilgan. [Kena Betankur/AFP]

NYU-YORK – Rossiyaning Nobel mukofoti sovrindori, “Novaya Gazeta” mustaqil nashrining bosh muharriri Dmitriy Muratov dushanba (21-iyun) kuni oʻzining Tinchlik uchun Nobel mukofoti medalini qochqinga aylangan ukrainalik yosh bolalarga yordam uchun kimoshdi savdosiga qoʻydi.

103,5 million AQSH dollariga baholangan medal Nyu-Yorkda telefon orqali nomaʼlum odamga sotilar ekan, ishtirokchilar qarsak chalib, narxni oshirishga bir-birlarini ragʻbatlantirishgan.

Dushanba kungi sotuvdan tushgan daromad 2014-yilda 4,76 million AQSH dollariga sotilgan Nobel medali rekordidan ancha yuqori boʻldi.

Avvalgi taklifdan bir necha oʻn millionga yuqori boʻlgan yakuniy taklif kelib tushganida, zaldagi koʻpchilik, jumladan tadbirga kelgan va savdo jarayonini videoga olayotgan Muratovning oʻzi ham hayratda qolgan.

“Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratovga berilgan tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Nyu-Yorkdagi kim oshdi savdosiga qoʻyildi. Savdodan tushgan mablagʻ UNICEFning ukrainalik qochqinlarga moʻljallangan insonparvarlik yordami uchun yoʻnaltiriladi. [Novaya gazeta Yevropa/Twitter]

“Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratovga berilgan tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Nyu-Yorkdagi kim oshdi savdosiga qoʻyildi. Savdodan tushgan mablagʻ UNICEFning ukrainalik qochqinlarga moʻljallangan insonparvarlik yordami uchun yoʻnaltiriladi. [Novaya gazeta Yevropa/Twitter]

Oʻz kundaligini ushlab turgan 8 yashar ukrainalik qochqin Yegor Kravtsov, 3-iyun, Ukrainaning Zaporojye shahri. Ukraina kuchlarining Rossiya qoʻshinlariga qarshi mudofaasi davom etar ekan, Yegor Mariupolda maxfiy kundalik yuritgan. [Ekaterina Klochko/AFP]

Oʻz kundaligini ushlab turgan 8 yashar ukrainalik qochqin Yegor Kravtsov, 3-iyun, Ukrainaning Zaporojye shahri. Ukraina kuchlarining Rossiya qoʻshinlariga qarshi mudofaasi davom etar ekan, Yegor Mariupolda maxfiy kundalik yuritgan. [Ekaterina Klochko/AFP]

Muratov 2021-yilda filippinlik Mariya Ressa bilan birgalikda Tinchlik uchun Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan. Qoʻmita juftlikni “fikr erkinligini himoya qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun” taqdirlagan.

U 1993-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin bir guruh jurnalistlar bilan “Novaya Gazeta”ga asos solgan edi.

Bu yil u prezident Vladimir Putin hamda uning Rossiya ichida va tashqarisida olib borayotgan siyosatini tanqid qila olgan yagona yirik nashrga aylandi.

Moskva Kremlning harbiy kampaniyasini tanqid qilgan har qanday shaxsga qatʼiy qamoq jazosi tayinlashga oid qonunni qabul qilgach, 28-mart kuni Rossiyada “Novaya Gazeta”ning chop etilishi vaqtincha toʻxtagan edi.

Gazeta Moskvaning Ukrainadagi harbiy harakatlari toʻxtaguniga qadar chop etilmasligi xabar qilingan.

Aprel oyida Muratov poyezdda ketayotganida uning ustiga atseton aralashtirilgan moyli boʻyoq uloqtirishgan.

Muratov medalining sotuvidan kelib tushgan mablagʻ UNICEF [Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamgʻarmasi] tashkilotining urush sababli boshpanasidan ayrilgan ukrainalik yosh bolalar uchun insonparvarlik yordamiga yoʻnaltiriladi.

“Bolalar uchun katta xavf”

UNICEF xabariga koʻra, Ukrainadagi urush mamlakatdagi 7,5 million bola uchun ulkan xavfdir.

“Eng shiddatli janglar kechayotgan hududlar, aholi turar joylari, shuningdek tibbiy muassasalarda suv, elektr taʼminoti tizimi shikastlanmoqda yoki yoʻq qilinmoqda. Bu bolalarni jiddiy xavf ostida qoldiradi”, deb xabar bergan BMT idorasi.

Iyun oyi oʻrtalariga kelib, yetti milliondan ortiq odam mamlakat ichida boshpanasiz qolgan boʻlsa, Yevropa boʻylab besh milliondan ortiq qochqin qayd etilgan.

“Bu orada yosh bolalar mudhish sharoitlardagi yer osti boshpanalari va metro bekatlarida oʻzlarini himoya qilishga majbur boʻlishmoqda”, deb xabar bergan UNICEF.

Aholi punktlaridagi yuzlab maktablar “ogʻir artilleriya, havo hujumlari va boshqa portlovchi qurollar bilan vayron etilgan boʻlsa, qolganlaridan axborot markazlari, boshpana, taʼminot markazi yoki harbiy maqsadlarda foydalanib kelinmoqda”, deyiladi.

Ukrainadagi urush dahshatlari 8 yashar Yegor Kravtsovning kundaligida soʻzlar va rasmlar orqali ifodalangan. Rossiyalik askarlarga qarshi Ukraina qurolli kuchlar shiddatli kurash olib borgan bir vaqtda, u Mariupol shahrida oʻzining maxfiy kundaligini yuritgan.

Bir necha hafta oilasi bilan yertoʻlada yashagan, hozirda rossiyaliklar nazoratiga oʻtgan shahardan front chizigʻidan 100 km uzoqlikdagi Zaporojyega onasi va opasi bilan qochib ketgan Yegor kichik koʻk daftarcha sahifalarini toʻldirib chiqqan.

Raketa zarbasidan uylarining shifti ularning ustiga qulab tushgan.

“Belimda yara bor, terisi shilinib ketgan. Opamning boshi yorilgan, onamning qoʻllaridagi mushaklari uzilgan, oyogʻida teshik bor”, deb yozilgan Yegorning kundaligida.

Kundalikda koʻk siyoh bilan halokat tasvirlangan. Qurollangan odamlar, tanklar, vertolyot va portlayotgan binolar chizilgan. Suratlarning birida raketa zarbasidan keyin uyning qulayotgan shifti aks ettirilgan.

“Bu shovqin meni qoʻrqitib yubordi”, deb yozilgan unda. Yana bir sahifada oila aʼzolari qanday qilib bir-birlarining jarohatlarini bogʻlashgani va suv izlab ketishganini tasvirlangan.

“Juda ketgim kelyapti”, deb yozgan u.

“Ish joyimizda qolishimiz kerak”

2000-yildan beri “Novaya Gazeta”ning olti jurnalisti va xodimi, jumladan surishtiruvchi muxbir Anna Politkovskaya oʻz faoliyati sababli oʻldirilgan.

Muratov oʻzining Nobel mukofotini ularning xotirasiga bagʻishlagan.

Dushanba kuni u jurnalistlarning qatʼiyatini hukumatlarni chegaralab turuvchi muhim omil va urushning oldini olish yoʻllaridan biri sifatida olqishlagan.

“Har birimiz ariza yozib, ishdan boʻshashni qanchalik xohlacak ham, oʻz ishimizda qolishimiz kerak”, deb aytgan u.

Jurnalist Heritage Auctions tomonidan eʼlon qilingan savdoga oid videolavhada Nobelni qoʻlga kiritish “sizni eshitishlariga imkon beradi”, deb aytgan.

“Bugunning eng muhim mujdasi shuki, odamlar urush boʻlayotganini va eng koʻp aziyat chekayotganlarga yordam berishimiz kerakligini tushunishlari kerak”, deb aytgan u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500