Karvonsaroy
Siyosat

Asad rejimi suriyalik zaif yoshlarni jangarilikka yollashda Rossiya va Eronga yordam bermoqda

Faris al-Omran

25-mart kuni Damashqda Rossiyani qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan miting chogʻida Rossiya bayrogʻi va prezident Bashar Asad portretini hilpiratayotgan suriyaliklar. [Luay Beshara/AFP]

25-mart kuni Damashqda Rossiyani qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan miting chogʻida Rossiya bayrogʻi va prezident Bashar Asad portretini hilpiratayotgan suriyaliklar. [Luay Beshara/AFP]

Suriyadagi manbalarga koʻra, Bashar Asad rejimi yoshlarning oʻta zaifligidan foydalanib, ularning oʻz vatanlaridan uzoqda jang qilishi uchun Rossiya va Eronga jangarilar yollashga faol yordam bermoqda.

Rossiya va Eron Suriyada moliyaviy qiyin ahvolda qolgan yoshlarni muntazam maosh toʻlash vaʼdasi bilan askarlikka yollab va oddiy mashq oʻtkazib, ularni Yaman va Ukrainadagi qaynoq nuqtalarga yubormoqda.

Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga hujum qilganidan koʻp oʻtmay, suriyalik jangarilar Rossiya qurolli kuchlari bilan bir safda urushish uchun Ukrainaga yetib kelishgan.

Ularni tayyorlash va tashish Suriyadagi Rossiya qurolli kuchlari va Rossiyaga aloqador ikki qoʻriqlash kompaniyasi: Vagner guruhi va Al-Sayyod qoʻriqlash va xavfsizlik xizmatlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Suriya rejimining Rossiya qoʻllovidagi 25-maxsus kuchlar diviziyasi (Suhayl an-Nimr) qoʻmondoni Suhayl al-Hasanni 30-mart kungi mashgʻulotlar chogʻida Rossiya maxsus kuchlari harbiylari bilan birga samolyot bortida koʻrishgan. [Enab Baladi]

Suriya rejimining Rossiya qoʻllovidagi 25-maxsus kuchlar diviziyasi (Suhayl an-Nimr) qoʻmondoni Suhayl al-Hasanni 30-mart kungi mashgʻulotlar chogʻida Rossiya maxsus kuchlari harbiylari bilan birga samolyot bortida koʻrishgan. [Enab Baladi]

Suriya sharqidagi eronlik koʻngilli askarlar, internetda tarqalgan sanasi nomaʼlum surat.

Suriya sharqidagi eronlik koʻngilli askarlar, internetda tarqalgan sanasi nomaʼlum surat.

Mart va aprel oylarida “Haqiqat va adolat uchun suriyaliklar” tashkilotining Al-Mashareq nashriga xabar berishicha, Ukrainadagi Rossiya kuchlari safida jang qilish uchun Suriyadan 500 kishi yollangan.

Yangi yollanma askarlar 25 kishidan iborat kichik guruhlarda Rossiyaning Latakiya viloyatidagi Xmeymim bazasi orqali Ukrainaga olib ketilgan.

Suriya rejimi xavfsizlik xizmatlari Rossiya qurolli kuchlariga avval Suriyaning jangari guruhlari yoki qurolli kuchlari safida rossiyalik zobitlar nazorati ostida urushgan, shahar sharoitida jang olib borish tajribasiga ega koʻngillilarni aniqlashga yordam bergan.

Rossiyaning Suriyadagi yollash harakatlari

Suriya rejimining Rossiya qoʻllovidagi 25-maxsus kuchlari diviziyasi (Suhayl al-Nimr) va 5-korpusning subdiviziyasi boʻlgan 8-brigada askarlari Ukrainadagi urushga qoʻshilganlar, deb xabar beradi “Haqiqat va adolat uchun suriyaliklar” tashkiloti.

Ular rossiyalik zobitlar oʻtkazgan ikki haftalik harbiy tayyorgarlikdan soʻng keskin jang boʻlayotgan sharqiy frontga joʻnab ketishgan.

11-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushda minglab Yaqin Sharqlik jangarilarning ishtirok etishi uchun yoʻl ochgan edi.

Ukrainada Rossiya qurolli kuchlari safida “jang qilishga Yaqin Sharqda 16 ming nafar koʻngilli shay”, deb aytgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

Suriya inson huquqlari observatoriyasiga koʻra, Rossiya bundan avval Ukrainada rossiyaliklar bilan yelkama-elka jang qilishi uchun Suriya rejimi armiyasi va ittifoqdosh jangarilarning 40 mingdan ortiq faxriylari roʻyxatini tuzgan.

Suriyaning muxolifatchi ommaviy axborot vositalari avvalroq rossiyaliklar safida jang maydoniga tushishga tayyor boʻlgan 2,5 mingga yaqin suriyalik jangari borligi va bu raqam toʻrt mingga yetishi mumkinligini taxmin qilgan.

Bu nashrlarning xabar berishicha, Suriya rejimining Rossiya qoʻllovidagi 4- va 5-korpuslarining askarlari urushga joʻnab ketish uchun Xoms qishlogʻidagi Tiyas (T-4) harbiy bazasida tayyorgarlikdan oʻtganlar.

Ukrainaga yuborilgan askarlarning qarindoshlaridan koʻrsatma va intervyu olgan “Haqiqat va adolat uchun suriyaliklar” tashkilotiga koʻra, yollash jarayonida mablagʻ katta rol oʻynaydi.

Koʻpchilik suriyaliklar pulga oʻta muhtoj boʻlgan holatlarida jangarilikka yozilishadi, ammo ayrim xabarlarga koʻra, Rossiyaning pulni vaqtida toʻlashiga ishonch yoʻq va bu yana shunday davom etishi mumkin, deydi manbalar.

Tashkilot xabariga koʻra, Liviyada Rossiyaning yollanma guruhlari safida jang qilgan suriyaliklarning bir qismi Ukrainaga koʻchirilishidan oldin vataniga qaytarilgan.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, rejimning mashʼum “bochkali” bombalarini ishlab chiqaradigan 50 ga yaqin suriyalik mutaxassis bir necha hafta oldin Rossiyaga kelgan va Rossiya harbiy mutasaddilari bilan birga ishlamoqda.

IIPKning yollash harakatlari

Bu orada Eron ham Suriyada oʻzining yollash harakatlarini boshlagan – xuciylarni qoʻllab-quvvatlash uchun Yamanga yuboriladigan askarlarni toʻplamoqda.

Nedaa Post nashrining 18-aprel kungi xabariga koʻra, Suriyada Hoji Diyoniy nomi bilan tanilgan eronlik qoʻmondon Javod Muhammad-Gʻulom Dianiy nazorati ostida yangi yollash kampaniyasi olib borilmoqda.

Xabar qilinishicha, bu kampaniya chegaradagi Albu Kamol shahridan 200 ga yaqin suriyalikni xusiylar safida jang qilish uchun uch yillik shartnoma asosida yollashga qaratilgan.

“Rossiya va Eron birgalikda Suriya yoshlarini oʻz jangarilari safiga yollash va tashqi mojarolarda ularni toʻp yemi sifatida ishlatish bilan mamlakat xalqini yoʻq qilmoqda”, deydi Suriyaning qabilaviy kengashi rasmiy vakili Shayx Mudar al-Assad.

“Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIPK) hali ham ayrim suriyaliklarni pul bilan oʻziga jalb qilmoqda va Suriya rejimi qamoqxonalaridagi mahbuslarga qamoqda qolish yoki jangarilarga qoʻshilish tanlovini taqdim etyapti”, dedi u Al-Mashariq nashriga.

Al-Assaadning taʼkidlashicha, Firot havzasi, Dayr az-Zor, Raqqa, Shomiya, Suriya sohillari va janubiy Damashqdan koʻp sonli yoshlar “majburlov yoki moliyaviy sabab” tufayli IIPK jangarilari safiga qoʻshilgan.

“Eronliklar oʻzlariga qarashli boshqa jangarilari safiga qoʻshilishlari uchun bu odamlarning koʻpchiligini Yaman, Iroq va hatto Afgʻonistonga va baʼzi Afrika mamlakatlariga yuborgan”, dedi u xusiylar, Livanning “Hizbulloh” guruhi va iroqlik jangarilarni nazarda tutib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Pulga muhtoj suriyalik yoshlar” mintaqani qashshoq holatga olib kelishdi va endi ularni yollash mumkin. Iqtisodni nolga olib borasan, infratuzilmani va mintaqaviy siyosatni yoʻq qilasan va istalgan joyga yollash mumkin boʻladi.

Javob berish