Karvonsaroy
Diplomatiya

AQSH Tojikistonning afgʻonistonlik qochqinlarni qabul qilish choralarini olqishlaydi

Karvonsaroy

8-iyun kuni Kobulda Afgʻoniston Qochqinlar va repatriatsiya masalalari vazirligi tomonidan muhtojlarga qoplarda guruch tarqatilgan. [Ahmad Sahel Arman/AFP]

8-iyun kuni Kobulda Afgʻoniston Qochqinlar va repatriatsiya masalalari vazirligi tomonidan muhtojlarga qoplarda guruch tarqatilgan. [Ahmad Sahel Arman/AFP]

DUSHANBE – Dushanba (20-iyun) kuni AQSHning Dushanbedagi elchixonasi Tojikiston hukumati va xalqi bilan birgalikda Butunjahon qochqinlar kunini nishonlar ekan, mamlakatning afgʻon qochqinlarini qabul qilishga oid saʼy-harakatlarini olqishlagan.

Qochqinlar Tojikiston va Qoʻshma Shtatlardagi hamjamiyatlarga olib keladigan rang-baranglikka urgʻu berish maqsadida, tadbir Dushanbedagi “American Space” markazida afgʻon va tojik musiqasi, taomlari va sanʼat asarlari namoyishi bilan oʻtkazilgan.

“Biz afgʻon qochqinlariga vaqtinchalik boshpana bergan Tojikistonga minnatdorchilik bildiramiz. Bu Tojikistonning yetakchiligi, barchaga maʼlum mehmondoʻstligi va qoʻshnilariga yordam berishga hozirligini aks ettiradi”, dedi AQSHning Muvaqqat ishlar vakili Brijit Uoker tadbirning ochilish marosimida.

“Afgʻonistonliklar jamoasiga bunday ogʻir damlarda xavfsizlik koʻmagi berib, dastaklagani uchun minnatdorchilik bildiramiz”.

20-iyun kuni AQSHning Dushanbedagi elchixonasida afgʻon va tojik musiqasi, taomlari va sanʼati namoyishi bilan Butunjahon qochqinlar kuni nishonlandi. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

20-iyun kuni AQSHning Dushanbedagi elchixonasida afgʻon va tojik musiqasi, taomlari va sanʼati namoyishi bilan Butunjahon qochqinlar kuni nishonlandi. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

Tojikistonda yashayotgan qochqinlarning aksariyati Afgʻoniston fuqarolaridir, deb xabar bergan seshanba kuni “Aziya-Plyus” BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi (UNHCR) maʼlumotlariga tayanib.

Hozirda Tojikistonda koʻchirish dasturlari boʻlmagani uchun aksariyat qochqinlar bu mamlakatni uchinchi davlatlarga borish yoʻlidagi tranzit davlat sifatida koʻrishadi.

Qochqinlar boʻyicha BMT Oliy komissarligining aprel oyi oxiriga oid maʼlumotlariga koʻra, Tojikistondagi qochqinlarning umumiy soni 7794 kishini (shulardan 2100 nafari boshpana izlovchilar) tashkil qilgan.

Oʻtgan yil avgust oyida Tojikistondagi qochqinlar soni 15 mingga yetgan edi.

Qochqinlar boʻyicha BMT Oliy komissarligining Tojikistondagi vakolatxonasi maʼlumotlariga koʻra, koʻpchilik qochqinlarni joylashtirish dasturi doirasida Kanadaga ketgan.

Oʻtgan yil sentyabrda Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda afgʻon qochqinlarini qabul qilish uchun infratuzilma yaratishga koʻmaklashish iltimosi bilan xalqaro tashkilotlarga yuzlangan edi.

Tojikiston oxirgi 15 yil ichida 3000 dan ortiq afgʻonistonlik oilalarni qabul qildi va qochqinlar lagerini qurish uchun mamlakat janubidan 70 gektar yer ajratdi, degan edi oʻshanda Rahimzoda.

AQSH dasturlari

AQSH hukumati va Amerikaning “Spirit of America” kabi mustaqil donor tashkilotlari afgʻon jamiyati va unga qoʻshni tojikistonliklarini qoʻllab-quvvatlashni Tojikistondagi dasturlarning asosiy yoʻnalishiga aylantirgan, deyiladi elchixona bayonotida.

Oʻtgan yilning oktyabr oyidan beri elchixona Vahdatdagi jamoat markazlarida yoshlarga moʻljallangan dasturlarni amalga oshirib, minglab tojik va afgʻon talabalariga ingliz tili, texnologiya va notiqlik mahoratini oʻrganish imkoniyatini taqdim etmoqda.

AQSH Davlat departamenti tomonidan moliyalashtirilgan va Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu saʼy-harakatlar vahdatlik yoshlarni Dushanbedagi American Space markazidagi dasturlarga muntazam qatnashi uchun transport bilan ham taʼminlaydi.

11-may kuni “Spirit of America” nodavlat tashkiloti dasturning 2023-yil oxirigacha moliyalashtirilishini taʼminlash uchun qoʻshimcha 100 ming dollar ajratilishini eʼlon qildi.

Tashkilot Vahdatdagi jamoat markazlaridagi taʼlim dasturlari uchun mebel, tikuv mashinalari, audio-video uskunalar va yuqori tezlikdagi internet uchun 35 ming dollardan ortiq mablagʻ ajratdi.

Ayni paytda AQSH elchixonasi Vahdatdagi kam taʼminlangan yoshlar uchun ingliz tili dasturlarini ham moliyalashtirmoqda. 2013-yildan buyon 120 dan ortiq tojik va afgʻon talabalari kelajakdagi kasblariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida stipendiya dasturi orqali ingliz tili boʻyicha bilimlarini oshirdilar.

Shuningdek, Tojikistondagi afgʻon qochqinlari uchun yagona boʻlga Dushanbedagi “Somoniyon” maktabi oʻtgan yil avgust oyida afgʻon hukumati tomonidan moliyalashtirilmay qolgach, “Spirit of America” 2021–2022 oʻquv yili uchun ijara haqi, transport va mebel va taʼmirlash ishlari, internet xarajatlarini qoplash uchun 83 ming dollar shoshilinch yordam taqdim etdi.

Elchixona tojikistonlik va afgʻonistonlik ingliz tili oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkillashtirdi.

Ingliz tilini oʻqitishni yaxshilash maqsadida elchixona Vahdat shahrida “Chegarasiz ingliz tili” tarmogʻi va “Ingliz tilini oʻqitish boʻyicha murabbiy” dasturi orqali 30 dan ortiq oʻqituvchilarni tayyorgarlikdan oʻtkazdi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Barakalla.

Javob berish