Karvonsaroy
Jamiyat

Rossiyada “McDonald's” oʻrniga kelgan yangi brend internetda kulgiga qoldi

Kanat Altinbayev va AFP

Moskvadagi restoranlarning biridan “McDonald's” logotipi olib tashlanmoqda, 17-iyun. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Moskvadagi restoranlarning biridan “McDonald's” logotipi olib tashlanmoqda, 17-iyun. [Aleksandr Nemenov/AFP]

OLMAOTA – Rossiyada “McDonald's” xalqaro tarmogʻiga tegishli boʻlib kelgan yangi fast-fud restoranining ochilishi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikrlar va hazil-mazaxlarga sabab boʻldi.

1990-yilda Moskvadagi Pushkin maydonida birinchi “McDonald's” restoranining ochilishi oʻnlab yillar davom etgan sovet hokimiyati hukmronligidan soʻng poytaxtning “yetuklik kechasiga” aylangan edi.

Qayta brendlangan restoran 12-iyun kuni yana oʻz eshiklarini ochdi. U Ukrainadagi mojaro tufayli kelib chiqqan oʻzgarishlarni eslatib turuvchi yangi nom va logotipga ega boʻldi.

Fast-fud giganti 16-may kuni Rossiyaning 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganiga javoban mamlakatni tark etishini eʼlon qilgan edi.

12-iyun kuni Moskvada rebrending qilingan sobiq “McDonald's” restoranining ochilish marosimi oldidan qoʻsh chizburger tayyorlayotgan xodim. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

12-iyun kuni Moskvada rebrending qilingan sobiq “McDonald's” restoranining ochilish marosimi oldidan qoʻsh chizburger tayyorlayotgan xodim. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

13-iyun kuni Moskvada sobiq “McDonald's” restoranining ruscha versiyasi ochilgan kunning ertasiga unga kirish uchun navbatda turgan mijozlar. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

13-iyun kuni Moskvada sobiq “McDonald's” restoranining ruscha versiyasi ochilgan kunning ertasiga unga kirish uchun navbatda turgan mijozlar. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Qozogʻistonda 22 ta “McDonald's” restorani mavjud boʻlib, ular Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Ularda bosqindan soʻng Qozogʻistonga koʻchib kelgan rossiyaliklarni uchratish mumkin.

12-iyun kuni Pushkin maydonida tush vaqtidagi rasmiy ochilish marosimidan ancha oldin fast-fud restoranning “Vkusno i tochka” deb nomlangan ruscha varianti oldida oʻnlab mijozlar toʻplangan.

Ayrimlar restoran nomini “Mazali. Nuqta” deb tarjima qilishgan, “Mazali, gap tamom” degan variant ham bor.

Bu restoran ilk bor mijozlarni qabul qilgan 15 ta “Vkusno i tochka” nuqtasidan biri boʻldi.

Ulardan yana 50 tasi 13-iyun kuni ochildi, yangi tarmoq butun mamlakat boʻylab bir haftada 50 dan 100 tagacha joy ochishni rejalashtirmoqda.

Zaruriy oʻzgarishlar

Uning logotipi yashil fondagi qizil doira yoniga qoʻyilgan ikkita norinj rangli kartoshka-fri boʻlagidan iborat.

Yangi kompaniya boshqa oʻzgarishlarni ham amalga oshirishi kerak edi.

“Biz ayrim mahsulotlarni menyudan olib tashlashga majbur boʻldik, chunki ular bevosita McDonald's brendiga tegishli”, deydi guruhning yangi bosh menejeri Oleg Paroyev Euronews.com xabariga koʻra.

Gʻarb davlatlarining sanksiyalari ortidan Rossiyaga jiddiy taʼsir koʻrsatgan inflyatsiya tufayli narxlar “biroz” oshdi, ammo ularni “maqbul darajada” saqlashga harakat qilinadi, deb qoʻshimcha qilgan u “Vedomosti.ru” nashriga koʻra.

Qadoqqa kelsak, u “neytral” – “biror bir soʻz yoki harf” mijozlarga yangi tarmoqning oʻtmishdoshini eslatmasligi kerak, deydi Rossiyadagi 850 ta sobiq “McDonald's” restoranini sotib olgan Aleksandr Govor “Aif.ru” nashriga.

CNBC maʼlumotlariga koʻra, urushga qadar “McDonald's”ning Rossiya va Ukrainadagi aylanmasi butun dunyodagi umumiy daromadning qariyb 9 foizini tashkil qilgan.

May oyida kompaniya mamlakatdagi faoliyatini yakunlashini eʼlon qilganidan uch kun oʻtgach, “McDonald's” litsenziyasiga egalik qilib kelgan Govor Rossiyadagi barcha franshizalarni sotib oldi.

“McDonald's”ning maʼlum qilishicha, Govor xodimlarni kamida ikki yil ushlab turishga va taʼminotchilar, ijaraga beruvchilar va kommunal xizmatlar oldidagi majburiyatlarni moliyalashtirishga rozi boʻlgan.

Bitim qiymati oshkor etilmagan.

Urushdan avval Govor Sibirda 25 ta “McDonald's” restoraniga egalik qilgan.

“Yumshoq”

Pushkin maydonidagi sobiq “McDonald's”ning koʻzguli fasadiga oʻrnatilgan shiorda “Nom oʻzgaradi, mehr esa qoladi” degan yozuvlar bor.

Biroq, koʻpchilik uchun bunday muqobilning hech qanday jozibasi yoʻq.

“McDonald's” kabi barqaror monopolist “qoʻlining” sezilmayotgani va tarmoqning qatʼiy dizayn qoidalari ham foydalanuvchilarning qulayligiga taʼsir qiladi”, deb yozadi 4PDA texnologik sayti 12-iyun kuni internetda paydo boʻlgan maqolasida.

“Menyu tartibsiz tuzilgan, undagi koʻp yozuvlarni oʻqib tushunish qiyin. Hammasi shoshqaloqlik va beparvolik bilan qilingani koʻrinib turibdi”.

Menyudagi rasmlar “McDonald's” taomlarining biroz oʻzgartirilgan tasvirlari edi, deb taʼkidlagan 4PDA.

“Bu tushunarli. Taomlarni yangidan suratga olishmagan: eski fayllardan burgerlarning tayyor suratlarini olishgan, kartoshka-frini oddiy oq qadoq bilan fotoshop qilishgan, ichimliklarning suratlarini foto-omborlardan sotib olishgan va qarabsizki, kollaj tayyor”, deb yozadi sayt.

“Rossiya fastfudi mazasini tatib koʻrgan koʻngillilar tovuq naggetslari va stripslari bemaza va oʻta yumshoq ekani, goʻshtlik xususiyatini yoʻqotganini aytganlar”, deb yozgan 4PDA.

Endilikda boshqa korxona tayyorlab berayotgan bulochkalar “shakari koʻpligi bois burgerlarning mazasini oʻzgartirib yuborgan”, deyiladi maqoladi.

25 yoshlardagi gʻazabnok mehmonlardan biri “BigMakni qaytaring” degan yozuv koʻtarib olgan.

Hozir Moskvada yashayotgan asli qirgʻizistonlik Ulan Omorov avvallari “McDonald's” restoraniga muntazam borib turar edi.

“Vkusno i tochka” taomlarini tatib koʻrgan Omorov bu yerga boshqa kelmasligini aytdi.

“Burgerlarning mazasi sezilarli darajada oʻzgargan va menimcha yomon tarafga”, deb aytgan Omorov. “Atmosfera ham oʻzgargan: tashrifchilar ancha kam, xodimlar esa asabiy.”

Mijozlarning koʻpchiligi taomlarni tanqid qilayotgani va “McDonald's” bilan solishtirayotgani sababli xodimlarning kayfiyati tushkun koʻrinadi, deydi Omorov.

“Avvalgidek bemalol, maza qilib oʻtirish mushkul”, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Vkusno i tochka” shuningdek, internetda ham mazax qilingan.

Memlarning birida “Asoschi” (The Founder) filmida “McDonald's”ga asos solgan Rey Krok rolini ijro etgan Maykl Kiton “Vkusno i tochka” logotipi oldida norozi qiyofada turgani va uning ostida rus tilidagi taglavhada “BigMak qani?” deb yozilgani aks ettirilgan.

Telegramda eʼlon qilingan yana bir suratda “SpongeBob SquarePants” multfilmidagi “Krusty Krab” va uning muvaffaqiyatsiz raqibi “Chum Bucket” burgerxonalari mos ravishda “McDonald's” va “Vkusno i tochka” restoranlariga oʻxshatilgan.

“Plankton maxfiy retseptni oʻgʻirlashga muvaffaq boʻldi”, deb yozgan muallif kinoya bilan multfilmdagi raqib va Chum Bucket egasini nazarda tutib.

Rossiya: tumanli kelajak

Oʻz vatanini tashlab ketgan rossiyaliklar uchun McDonald's – Rossiyaning Ukrainaga bosqini qurbonlaridan biri.

Joriy yilning fevral-aprel oylarida Qozogʻistonga qariyb 130 ming rossiyalik keldi, 2021-yili xuddi shu davrda bu koʻrsatkich 60 ming kishini tashkil etgan, deb xabar bergan Inform.kz may oyida.

Hozir ularning aksariyati Qozogʻistonning yirik shahrlarida, poytaxt Nur-Sulton va tijorat markazi boʻlgan Olmaotada yashamoqda.

Moskvalik axborot texnologiyalari mutaxassisi Vladimir Sidorenko aprel oyida Olmaotaga kelgan va shahar markazida kovorking ofisini ijaraga olgan.

“U yerda tez-tez ovqatlanib tursam-da, albatta, bu mamlakatga “McDonald's” uchun kelganim yoʻq”, deb aytgan Sidorenko kulib.

“Rossiyani tark etgan koʻpchilik rossiyaliklar biznes aloqalarini saqlab qolishga urinmoqda. Ayrimlar esa ehtimol, yangi, kelajagi nomaʼlum, butkul totalitar voqelikda yashashni istamas”, deb aytgan u.

Rossiyaning progressiv jamoatchiligi tushkun kayfiyatda, chunki odamlar “hukumatning oʻz xatolarini toʻgʻirlashi va vaziyatni oʻnglashga harakat qilishiga ishonmay qoʻygan”, dedi Sidorenko.

“Rossiyadagi hayot barcha sohalarda yomonlashmoqda va bu kundan-kunga sezilmoqda. “Vkusno i tochka” biz guvoh boʻlayotgan katta fojeaga kichik misol, xolos.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Vkusno i tochka” misoli biz guvoh boʻlayotgan ulkan falokatning kichik bir boʻlagidir. Men allaqachon shahardagi eng yaxshi restoranda ovqatdan zaharlangan ilk mijozlar haqidagi xabarni kutyapman va gap tamom.

Javob berish

Mazali va nuqta. Ular sizga tanlov imkoniyatini bermaydilar. Rossiyada hamma joyda boʻlgani kabi. Tanlov yoʻq, gap tamom.

Javob berish