OLMAOTA – Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev “Donetsk xalq respublikasi” (DXR) va “Lugansk xalq respublikasi” (LXR) deb ataluvchi davlatlarni tan olishdan bosh tortganidan soʻng, rossiyalik deputat Qozogʻistonga nisbatan tahdidli bayonot bilan chiqqan.
17-iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida ishtirok etgan Toʻqayev jurnalistlarga Qozogʻiston Ukraina sharqidagi oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Rossiya qoʻllovidagi respublikalarni hech qachon tan olmasligini aytgan.
U Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Nizomining ikki tamoyiliga ishora qildi – davlatning hududiy yaxlitligi va millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi.
Qozogʻiston birinchicini tanlaydi, aks holda sayyoramizda 600 ga yaqin davlat boʻlar edi, bu esa xaosga olib keladi, dedi Tokayev.
“Va bu tamoyil biz kvazidavlatlar deb hisoblaydigan Lugansk va Donetsk hududlariga nisbatan ham qoʻllaniladi”, dedi u.
Fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Qozogʻiston rasmiylari oʻz mamlakati pozitsiyasini aniq bayon qilgan.
Mart oyi oxirida EurActiv umumevropa yangiliklar tarmogʻiga intervyu bergan Toʻqayev maʼmuriyati rahbarining birinchi oʻrinbosari Timur Suleymenov Qozogʻiston Rossiya uchun AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab vositasi boʻlib xizmat qilmasligini aytgan.
“Albatta, Rossiya koʻproq uning tarafida boʻlishimizni xohlaydi. Lekin Qozogʻiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi”, degan edi oʻshanda Suleymenov.
“Biz Qrim bilan bogʻliq vaziyatni ham, Donbassdagi vaziyatni tan olmadik va tan olmaymiz, chunki ularni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olmaydi”, dedi u Ukrainaning Rossiya tomonidan toʻliq yoki qisman bosib olingan hududlarini nazarda tutib.
Putinga qarshi chiqish
Toʻqayev bu soʻzlari bilan prezident sifatida Qozogʻistonning boʻlginchi respublikalar boʻyicha pozitsiyasini ilk marta ochiq bayon qilgan.
U ramziy qadam oʻlaroq Sankt-Peterburg xalqaro forumidan keyin Kremldan Aleksandr Nevskiy ordeni mukofotini olishdan ham bosh tortgan.
Nur-Sultondagi Turan Times yangiliklar portalining siyosiy muxbiri va bosh muharriri Gaziz Abishev Toʻqayevning dangalligini hamda Qozogʻiston ayirmachilikni qoʻllab-quvvatlamasligi va mamlakatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi haqidagi bayonotini olqishlagan.
“Bundan tashqari, Toʻqayev Rossiyaning oʻzida ham shu kabi xatarlar borligini, “xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi” amalga oshirilsa, yangi davlatlar paydo boʻlishi mumkinligini ochiq aytdi”, dedi Abishev.
Shunga qaramay, bu rossiyalik deputatlarni ranjitgan.
Toʻqayevning bayonotidan bir kun oʻtib, Rossiya davlat Dumasining MDH ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Konstantin Zatulin Rossiya “ittifoqchilarini” Moskva bilan munosabatlarda faqat oʻz manfaatlarini koʻzlayotganlikda aybladi.
“Govorit Moskva” radiostansiyasiga bergan intervyusida Zatulin Toʻqayevning dangal javobini “nooʻrin” deb atadi va buni “uning yonidagi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi chiqish” deb baholadi.
Shundan soʻng Zatulin yashirin tahdidlarga oʻtdi.
“Ular [qozoqlar] asosan ruslar istiqomat qiladigan bir qator viloyat va shaharlarning Qozogʻiston deb atalgan hududga umuman aloqasi yoʻligini juda yaxshi bilishadi”, dedi u oʻtmishda rossiyalik siyosatchilar tarafidan tarixan Rossiyaga tegishli ekanligi daʼvo qilingan Shimoliy Qozogʻiston viloyatiga ishora qilib.
Agar ittifoqchilar Rossiya bilan “doʻst, hamkor va sherik” boʻlsa, ular “hududiy muammolarga duch kelishmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Agar unday boʻlmasa, Ukrainadagi kabi hamma narsa boʻlishi mumkin.”
“Shuning uchun Qozogʻiston va boshqa davlatlar bu masalaga ahamiyat berishlari kerak deb oʻylayman”, deb ogohlantirgan Zatulin.
“Ukrainaga diqqat bilan nazar soling”
Bu rossiyalik deputatlar va Kreml tashviqotchilarining Qozogʻistonga ilk hujumi emas.
Aprel oyi oxirida Rossiyaning kremlparast jurnalisti Tigran Keosayan Qozogʻistonga qarshi gʻazabnok murojaat bilan chiqqan – bunga mamlakatning 9-maydagi Gʻalaba kunini nishonlashdan bosh tortgani sabab boʻlgan.
Koʻpchilik sobiq Sovet davlatlari 9-may kuni Sovetlarning natsist Germaniyasi ustidan qozongan gʻalabasini nishonlaydilar, ammo Boltiqboʻyi mamlakatlari bu amaliyotdan bir necha yil avval voz kechgan.
“Qozoqlar, birodarlar. Bu qanday nonkoʻrlik boʻldi?”, deb savol bergan Keosayan oʻzining YouTube kanalidagi videosida Qozogʻiston hukumatining qaroriga ishora qilib.
“Ukrainaga diqqat bilan nazar soling. Jiddiy oʻylab koʻring”, deb aytgan u.
“Shunday mugʻombirlik qilib, buning uchun bizga hech narsa boʻlmaydi deb oʻylashda davom etsangiz, xato qilasiz. Dunyo oʻzgardi. Hamma narsa oʻzgardi.”
Moskva shahar Dumasi deputati Sergey Savostyanov mart oyidagi chiqishida Qozogʻistonni va bir nechta Yevropa mamlakatlari, Boltiqboʻyi davlatlarini “denatsifikatsiya” qilish kerak boʻlgan davlatlar roʻyxatiga qoʻshish kerak deb aytgan.
Rossiya yaqinda Qozogʻistonda tashviqotni kuchaytiradi va mamlakatimiz bu vaziyatga tayyor turishi kerak, deydi siyosatshunos va Xavflarni baholash guruhi Risk Assessment Group tadqiqot markazi rahbari, olmaotalik Dosim Satpayev.
“Rossiya televideniye, yangi veb-saytlar, Telegram kanallari kabi barcha vositalardan foydalangan holda Qozogʻistonga qarshi shiddatli tashviqot urushini olib boradi. Afsuski, mamlakatimizda uning auditoriyasi bor”, deb aytgan Satpayev.
Qozogʻiston hukumati va jamoatchiligi birlashib, Rossiyadan kelayotgan axborot xurujlariga qarshi kurashishi kerak, dedi u.
KXSHT va Yevropa Ittifoqini tark etish va ular bilan hech qanday aloqa qilmaslik kerak
Javob berishFikrlar 3
Agar ittifoqchilar Rossiya bilan “doʻst, hamkor va sherik” boʻlsa, ular “hududiy muammolarga duch kelishmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u. Bu shu darajada nozik ishoraki, bundan-da nozikrogʻi boʻlmasa kerak.
Javob berishFikrlar 3
Ular Ukrainaga oʻxshash bosqinni boshlaydigan darajada tomi ketganmi? Butun dunyo sukut saqlashda davom etadi, yoki ular oʻz noroziligini baland ovozi bildirib, hech narsa qilishmaydi. U yerda hammaning miyasi kasalmi?!
Javob berishFikrlar 3