Karvonsaroy
Jamiyat

“Taslim boʻlmaymiz”: Urushdan vayron boʻlgan Irpen odatiy hayotga qaytmoqda

Olga Chepil

Bu suratda Irpenga kirish va turarjoy binosini koʻrish mumkin. [Olga Chepil/Karvonsaroy]

Bu suratda Irpenga kirish va turarjoy binosini koʻrish mumkin. [Olga Chepil/Karvonsaroy]

Irpendagi shikastlangan binolar, may oyi. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

Irpendagi shikastlangan binolar, may oyi. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

Iyun oyida olingan ushbu suratda Irpen shahridagi eng kattalaridan boʻlgan “Titanik” turarjoy binosiga yetkazilgan zarar koʻlami aks etgan. [Yana Antonovaning shaxsiy arxivi]

Iyun oyida olingan ushbu suratda Irpen shahridagi eng kattalaridan boʻlgan “Titanik” turarjoy binosiga yetkazilgan zarar koʻlami aks etgan. [Yana Antonovaning shaxsiy arxivi]

Iyun oyida olingan ushbu suratda Irpen shahridagi eng katta turarjoy binolaridan biri boʻlgan “Titanik”ka yetkazilgan zarar koʻlamini koʻrish mumkin. [Yana Antonovaning shaxsiy arxivi]

Iyun oyida olingan ushbu suratda Irpen shahridagi eng katta turarjoy binolaridan biri boʻlgan “Titanik”ka yetkazilgan zarar koʻlamini koʻrish mumkin. [Yana Antonovaning shaxsiy arxivi]

Shikastlangan qahvaxona, may oyi. [Anna Mashchenkoning shaxsiy arxivi]

Shikastlangan qahvaxona, may oyi. [Anna Mashchenkoning shaxsiy arxivi]

May oyida Irpen shahrini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

May oyida Irpen shahrini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

Uylari vayron boʻlgan Irpen aholisiga mini-kvartira sifatida jihozlangan yotoqxona vagonlari taklif qilinmoqda. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

Uylari vayron boʻlgan Irpen aholisiga mini-kvartira sifatida jihozlangan yotoqxona vagonlari taklif qilinmoqda. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

Har bir vagonning oʻz nomi bor. Masalan, ulardan biri amerikalik aktrisa Anjelina Joli sharafiga Jolining uyi deb nomlangan. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

Har bir vagonning oʻz nomi bor. Masalan, ulardan biri amerikalik aktrisa Anjelina Joli sharafiga Jolining uyi deb nomlangan. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

Hududda shuningdek, bolalar uchun moʻljallangan va koʻngilochar joylar, shiyponli barbekyu maydoni, yuqori tezlikdagi internet va hatto kutubxona ham bor. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

Hududda shuningdek, bolalar uchun moʻljallangan va koʻngilochar joylar, shiyponli barbekyu maydoni, yuqori tezlikdagi internet va hatto kutubxona ham bor. Irpen, 2022-yil, iyun oyi. [Ukraina temir yoʻllari]

IRPEN, Ukraina – Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida vayron boʻlgan Kiyev chekkasidagi Irpen shahri bir necha oydan soʻng asta-sekin odatiy hayotga qaytmoqda.

Irpen 24-fevralda urushning ilk kunlari shahar atrofini egallab olgan Moskva armiyasining poytaxt tomon yoʻlidagi ilk toʻsiqqa aylangan edi.

Ukraina kuchlari Irpenni mart oyi oxirida qaytarib olishgan.

Qaragʻay daraxtlariga toʻla va odatda osoyishtalik hukm surgan shahar rasmiylarga koʻra, Irpendagi binolarining yarmidan koʻpi Rossiyaning havo zarbalari natijasida vayron boʻlgan, jumladan, 4000 xonadon va 2000 ta uy tiklab boʻlmaydigan holatga kelgan.

Kiyev chekkasidagi Irpen shahri, may oyida olingan surat. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

Kiyev chekkasidagi Irpen shahri, may oyida olingan surat. [Oleg Grib/Irpen shahar hokimiyati]

“Keng koʻlamli artilleriya hujumlari natijasida toʻlaligicha yonib ketgan butun boshli mikrorayonlar bor”, deydi Irpen shahrining sobiq meri Volodimir Karplyuk Karvonsaroyga.

“28-mart kuni Irpen ozod qilingani haqidagi rasmiy xabarni eshitganimizdan soʻng... shaharni tozalash va tartibga keltirish uchun bu yerga koʻngillilar kela boshladi”, dedi hozirda shahar investitsiyaviy kengashiga rahbarlik qilayotgan Karplyuk.

Uning soʻzlariga koʻra, hudud hali minalangan boʻlsa-da, bu yerga kuniga besh yuz nafar koʻngilli yordam berish uchun kelgan.

“Hozirda suv isteʼmoli urushdan avvalgi hajmning 50 foizini tashkil qilmoqda, shu bois Irpenning yarim aholisi allaqachon qaytib keldi, deya olamiz”, deb taʼkidladi Karplyuk.

Hozirda shaharni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Niderlandiyada yashovchi yapon millatiga mansub arxitektor va shaharsoz Xiroki Matsuura shu oyda Irpenga tashrif buyurdi va shaharning yangi bosh rejasini ishlab chiqishga vaʼda berdi.

Shahar rasmiylari qayta tiklashdagi yordamga oid muzokaralar uchun deyarli har hafta xorijga borib kelishmoqda.

“Allaqachon ijobiy natijalarga erishildi. Biz Fransiya, Belgiya va AQSHga bordik”, dedi Karplyuk. “Mahalliy kompaniyalar, rasmiylar va turli jamgʻarmalar bilan hamkorlik qilyapmiz.”

“Taslim boʻlmaymiz. Kuzgacha aholining 80 foizi qaytishi kutilmoqda”, dedi u. “Keyingi vazifamiz mablagʻ topish”.

“Mablagʻ topa olsak, barchasini ikki yil ichida qayta qurib ishga tushiramiz”, deb aytgan Karplyuk.

“Uyga bormoqchiman”

Buzilgan uylariga qaytganlarning koʻpchiligi yordam kutayotganiga qaramay, qayta tiklash boʻyicha tashabbusni oʻz qoʻllariga olgan.

Yana Antonova va uning turmush oʻrtogʻi Ukraina sharqidagi Rossiya bosib olgan Donetskni 2014-yilda tark etib, bor pullariga Irpendan kvartira sotib olishgan edi.

Ularning binosi shahardagi eng kattalaridan biri boʻlib, aholi orasida “Titanik” nomi bilan tanilgan edi.

U urushda katta talofat koʻrdi.

“Binoga 20 dan ortiq snaryad kelib tushgan. Yigirmata xonadon vayron boʻlgan, yana 100 tasi jiddiy shikastlangan, ularning derazalari va devorlari buzilgan”, dedi Antonova.

“Turar joyimizda 408 ta xonadon bor. Bu deyarli 1,5 ming yashovchi deganidir”, dedi u xonadonda yashash juda xavfli ekanini qoʻshimcha qilib.

Antonova va boshqa yashovchilar sentabrda havo sovib ketguniga qadar oʻz uylarini tuzatib olish maqsadida mustaqil ravishda mablagʻ yigʻa boshlaganlar.

“Albatta, hamma urush tugashini va Rossiyaning reparatsiya toʻlashini kutmoqda. Ammo bu urush qachon tugarkin?”

“Boshqa yashovchilar yarim million grivenga yaqin (17 ming AQSH dollari) pul toʻpladilar, ammo bizga 3 million (102 ming AQSH dollari) kerak”, deb aytgan Antonova.

Yashovchilarning aksari derazalarni tuzatgan, uylarga suv oʻtmasligi uchun moʻrilarni qoʻyib, teshiklarni yamashgan.

“Mamlakatni tashlab ketgim yoʻq. Uyga bormoqchiman. Oʻzimizning koʻp qavatli binodagi xonadonimda yashashni xohlayman”, deydi Antonova.

Uylari vayron boʻlganlar esa vaqtinchalik turar joylarda yashamoqda.

Irpendagi “Zalizne mistechko” (Temir shaharcha) nomli yopiq hududdagi beshta vagon ichida 25 tagacha oila yashashi mumkin, deb xabar bergan Ukraina temiryoʻl kompaniyasi iyun oyi boshlarida uylarning taqdimoti chogʻida.

Vagonlarda konditsioner, yuvinish xonalari va kofe mashinasi boʻlib, fuqarolar u yerda amerikalik biznesmen Ilon Maskning Starlink xizmati tomonidan taqdim etilgan Wi-Fi tarmogʻiga ulanishlari mumkin.

Vagon-restoranda har kuni nodavlat tashkilot tomonidan tayyorlangan taomlar beriladi, yettinchi vagon esa yuvinish xonalari, kiyim almashtirish xonasi va kir yuvish mashinasi bilan jihozlangan.

Ochiq hududda esa bolalar uchun oʻyin maydonchasi, barbekyu hududi, oʻrindiqlar, yogʻoch stollar va ikkita gamak bor.

Tadbirkorlar qaytmoqda

Bu orada shaharga tadbirkorlar ham qaytmoqda.

“Shaharga bizneslarning qariyb 50 foizi qaytdi”, deydi sobiq hokim Karplyuk.

“Albatta, korxonalar, kafe yoki restoranlar sezilarli talafot koʻrgan boʻlsa, jamoatchilik davlatning yordamini kutmoqda”, deb aytgan u. “Ammo ish boshlashga oz boʻlsa-da imkoni boʻlgan koʻpchilik xususiy tadbirkorlar shunday qilishmoqda.”

Anna Mashchenko va erining shaharda kofe va pishiriqlar sotadigan ikkita doʻkoni boʻlgan.

Rossiya bosqini vaqtida doʻkonlardan biri rossiyalik askarlar tomonidan vayron qilingan.

“Barcha qurilmalar, sovutkich, muzlatkich va grill tuzatib boʻlmaydigan holatga kelgan”, dedi Mashchenko. “Ammo biz yordam soʻramaganmiz. Ikkinchi kafemiz talafot koʻrmagandi. Biz hali ham oʻsha yerda ishlayapmiz.”

Rossiyalik askarlar shaharni tark etganidan keyin omon qolgan kafe birinchilardan boʻlib ochilgan.

“Erim 11-aprelda qaytib keldi. Gaz ham, suv ham yoʻq edi, ammo qandaydir moʻjiza tufayli elektr quvvati bor edi”, deydi Mashchenko.

“Kvartira sovuq boʻlgani uchun u kafeda tunashga majbur boʻldi. U isitkichni yoqqan, yigʻma karavotni olib chiqqan hamda odamlarga choy va kofe tayyorlashga qaror qilgan.”

“Ilk koʻngillilar kafega telefonlarini quvvatlash uchun kelishardi, chunki u yerda elektr bor edi”, deb aytgan u.

Mashchenkoning eri koʻngillilar, Hududiy mudofaa kuchlari va politsiyaga bepul kofe tarqatgan.

Juftlik endi har kuni ishlamoqda va biznes yurisha boshlagan.

“Hozirgi va urushdan avvalgi vaziyatni solishtirib boʻlmaydi”, deb aytgan Mashchenko. “Daromad kam, ammo hechqisi yoʻq, odamlar asta-sekin qaytib kelishmoqda.”

“Bu kelganlarning sonidan ham maʼlum. Har kuni yangi mijozlar paydo boʻlmoqda.”

“Hammasi yaxshi boʻlishiga ishonaman.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500