Karvonsaroy
Siyosat

Asosiy eʼtibor Ukrainaga qaratilishi ortidan Rossiya qoʻllovidagi suriyalik jangarilar qiyin ahvolda qolishdi

Volid Abul Xayr

Dayr az-Zorning qishloq hududidagi Milliy mudofaa kuchlarining koʻngilli askarlari, 2020-yil 31-dekabrda internetga joylangan surat.

Dayr az-Zorning qishloq hududidagi Milliy mudofaa kuchlarining koʻngilli askarlari, 2020-yil 31-dekabrda internetga joylangan surat.

QOHIRA – Rossiya qoʻllovidagi Suriya safarbarlik kuchlari Moskvaning Ukrainaga qarshi urushi bilan mashgʻul boʻlgani hamda asosiy eʼtibor va yordamni – inson resurslari, qurol-yarogʻ va mablagʻni shu maydonga sarflayotgani sababli inqirozga duch kelgan, deydi faollar.

Voqealarning bunday keskin burilishi bu kuchlarning holatiga jiddiy taʼsir qilgan.

24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri koʻplab dezertirlik holatlari kuzatildi: Rossiya qoʻllovidagi koʻngilli jangarilar Eron Islom inqilobi posbonlari korpusiga (IIPK) aloqador boʻlinmalar safiga oʻtib ketgan.

Vaziyatdan foydalanib qolish va oʻz safiga rossiyaparast guruhlardan koʻproq askarlar jalb qilish uchun yaqinda Eron kuchlari taklif qilinayotgan maosh miqdorini oshirgan.

Rejim bilan yarashish uchun hujjat toʻldirayotgan suriyalik erkaklar. Soʻnggi paytlarda Rossiya himoyasidan mahrum boʻlish xavotirlari sababli yarashuvlar soni ortgan, deydi manbalar. [SANA axborot agentligi]

Rejim bilan yarashish uchun hujjat toʻldirayotgan suriyalik erkaklar. Soʻnggi paytlarda Rossiya himoyasidan mahrum boʻlish xavotirlari sababli yarashuvlar soni ortgan, deydi manbalar. [SANA axborot agentligi]

Milliy mudofaa kuchlari koʻngilli askarlarining Dayr az-Zordagi al-Mayadin shahridagi posti, 2020-yil 13-dekabrda olingan surat. [River Media]

Milliy mudofaa kuchlari koʻngilli askarlarining Dayr az-Zordagi al-Mayadin shahridagi posti, 2020-yil 13-dekabrda olingan surat. [River Media]

Dayr az-zorlik OAV faoli Jamil al-Obidning “Al-Mashariq” nashriga aytishicha, Rossiya qoʻllovidagi Milliy mudofaa kuchlari Dayr-az-Zordagi uylar, doʻkonlar va boshqa mulklarni musodara qila boshlaganlar.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirgacha bu kuchlar Dayr Az-zor qishloq hududidagi al-Asharaga qochib ketgan tinch aholiga tegishli uchta uy va “Abarat al-Haram” nomi bilan tanilgan savdo majmuasidagi bir qancha doʻkonlarni musodara qilgan.

“Maʼlumki, Dayr az-Zor shahri markazida joylashgan savdo majmuasi Suriya rejimining muxoliflaridan biri Radvan Lavaysga tegishli boʻlib, jangarilar bu doʻkonlarni darrov ijaraga berishga ham ulgurganlar.

“Milliy mudofaa kuchlari koʻngilli askarlarining manbalariga koʻra, bu choralardan maqsad – Ukrainadagi urush sababli Rossiya mablagʻining deyarli toʻxtab qolgani uchun moliyalashtirish manbaini taʼminlash”, dedi u.

“Safarbarlik kuchlarining yuqori martabali zobitlari ruslar uni tarqatib yuborishi yoki maoshlarning toʻlamanmayotganidan inqirozga uchrashidan xavotirda”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bu holat, shuningdek, Rossiya kuchlari himoyasidan mahrum boʻlishdan qoʻrqqan koʻplab jangarilarni rejim bilan yarashuv bitimi imzolashga undagan.”

Moliyaviy resurslar yetishmayapti

Suriyadagi Rossiyaga aloqador qurolli kuchlar jiddiy moliyaviy resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda, deydi suriyalik faollardan biri Ayham al-Ali “Al-Mashariq” nashriga.

“Bu – jangarilarning koʻplab aʼzolari, xususan, Milliy mudofaa kuchlari tomonidan aytilgan soʻzlardan ham bilinib turibdi”, dedi u.

Jangarilar orasida norozilik urchigan, deb qoʻshimcha qildi u, “chunki oxirgi uch oy davomida ularga maosh toʻlanmagan”.

Safarbarlik kuchlariga ajratiladigan moddiy-texnik taʼminot va oziq-ovqat ham kamaya boshladi, deydi al-Ali, chunki uni yetkazib beruvchi savdogarlar oldidagi qarzlar toʻlanmagan.

Uning soʻzlariga koʻra, buning natijasida oʻnlab jangarilar oylik maosh olish umidida IIPKga qarashli harbiylar safiga oʻtib ketgan.

“Aftidan, Eron vaziyatdan foydalanib, maoshlarni oshirdi”, dedi u koʻproq askar jalb qilish uchun kelgusida maoshlarning yanada oshirilishi mumkinligini taʼkidlab.

Eʼtiborli tomoni shundaki, bu holat eronliklar butun mamlakat boʻylab past maoshlar, ish haqining toʻlanmayotgani, ishsizlik va boshqa muammolarga norozilik bildirish uchun koʻchalarga chiqqan bir paytda sodir boʻldi.

Beqarorlik va notinchlik hissi “Milliy mudofaa kuchlari bilan cheklanib qolmaydi, chunki u Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan al-Qatarji kuchlari aʼzolari tarafidan ham mavjud”, deydi al-Ali.

Uning soʻzlariga koʻra, neft tashish operatsiyalari va Dayr az-Zordagi nazorat-oʻtish punktlarini qoʻriqlashga masʼul boʻlgan al-Qatarji kuchlari safidan kamida 400 ta jangari ajralib chiqib, IIPK tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan 4-divizionga qoʻshilgan, dedi u.

Guruhga Xosam al-Qatarji boshchilik qiladi, dedi u va “Eron mintaqadan al-Qatarjini siqib chiqarish uchun Muhammad Hamshoni qoʻllab-quvvatlayotgani”ning belgilari borligini qoʻshimcha qildi, bu esa “Rossiyaga jiddiy zarbadir”.

Yer va mulkni oʻgʻirlash

Suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdullohning aytishicha, sharqdagi Dayr az-Zor viloyatida Suriya rejimi muxoliflariga tegishli mulkni oʻgʻirlash uch bosqichda amalga oshirilgan.

Birinchi bosqich Suriya rejimi va uning ishonchli vakillari tomonidan qonunlar va farmonlar chiqarishdan iborat boʻlib, unga koʻra, mulk va qishloq xoʻjaligi yerlari musodara qilinib, ular rejimga sodiq va ishonchli shaxslarga uy-joy qurish uchun ishlatilgan.

Ikkinchi bosqichda IIPK va uning turli boʻlinmalari jangchilarning oilalari uchun oʻnlab uylar va binolarni musodara qilib, daromad olish uchun qishloq xoʻjaligi yerlarini, ayniqsa bugʻdoy ekiladigan yerlarni tortib olishgan.

Uchinchi bosqich “davom etayotgan boʻlib, unda Milliy mudofaa kuchlari ishtirok etmoqda, ular rejim muxoliflari yoki Suriya armiyasidan qochganlarga tegishli boshqa mulklarni oʻzlashtirmoqda”, dedi al-Abdulloh.

Bu koʻchmas mulkdan olinishi mumkin boʻlgan har qanday foyda “Rossiya moliyaviy taʼminotining kamayishini qoplash va jangarilarga minimal maosh toʻlash uchun qoʻshimcha moliya manbalarini kafolatlashga” moʻljallangan, dedi u.

Unga koʻra, buni “omon qolish yoʻlidagi” umidsizlik chorasi deyish ham mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500