Karvonsaroy

Dushanbeda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

Karvonsaroy

DUSHANBE – O‘zbekiston korxonalari 9-11-mart kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan savdo ko‘rgazmasida ishtirok etadilar, deb xabar berdi Asia-Plus dushanba, 5-mart kuni.

Tojikiston poytaxtidagi “Manej” sport majmuasida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ko‘rgazmada 60 ta o‘zbek kompaniyasi qatnashadi, deyiladi Tojikiston savdo-sanoat palatasi xabarida.

Tadbir davomida tojik va o‘zbek tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolanishi mo‘ljallangan.

10-yanvar kuni Dushanbeda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Tojikiston-O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi tomonidan ikkala mamlakat poytaxtida ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga 9-10-mart kunlariga belgilangan davlat tashrifi bilan bir vaqtda o‘tkaziladi.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar 2016-yilda Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan beri yaxshilanib bormoqda. Tojikiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 126 million dollarni tashkil qilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500