OSTONA – Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning tojikistonlik hamkasbi Imomali Rahmon chorshanba, 14-mart kuni Ostonadagi “Oq O‘rda” prezident saroyida ikki tomonlama aloqalar va istiqboldagi hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildilar, deyiladi saroy bayonotida.
Rahmon 15-mart, payshanba kuni Ostonada bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo konferensiyasida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Markaziy Osiyoning barcha rahbarlari uzoq yillardan beri ilk marotaba muzokara uchun yig‘ilmoqdalar.
Bayonotga ko‘ra, Nazarboyev Tojikiston Qozog‘istonning ishonchli hamkori bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
“O‘tgan yillar davomida aynan sizning sa’y-harakatlaringiz bilan biz katta ishonch, hamkorlik va do‘stlikka asoslangan aloqalarni yo‘lga qo‘ydik”, dedi Nazarboyev. “Biz bir-birimizni doim, shu jumladan, xalqaro maydonda ham qo‘llab-quvvaytlab keldik.”
Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi darajaga ko‘tarilgan. U bo‘lajak konferensiya davomida Tojikiston va boshqa qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanligini bildirgan.
Rahmon Qozog‘iston-Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib borayotganini qayd etdi. “Biz keng qamrovli va strategik munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdormiz”, dedi u.