Karvonsaroy

YI suv toshqinidan jabrlangan tojik oilalariga 60 ming yevro ajratadi

Karvonsaroy

DUSHANBE – Yevropa komissiyasi Tojikistondagi suv toshqinidan jabr ko‘rgan aholiga insonparvarlik yordami tariqasida 60 ming yevro (630 ming somoniy) ajratdi. Bu haqda 22-iyun, juma kuni Yevropa Ittifoqining (YI) Tojikistondagi delegatsiyasi ma’lum qildi.

16-21-may kunlari yoqqan kuchli va davomli yomg‘irlar natijasida Tojikistonning janubiy viloyatlari suv ostida qolgan, 6 kishi hayotdan ko‘z yumgandi. Tabiiy ofat natijasida Xatlon viloyatida joylashgan 9 qishloqdagi 1145 ta uy xo‘jaligiga zarar yetgan, 5725 kishi jabrlangan. Xabarlarga ko‘ra, yomg‘irlar natijasida ushbu hududlardagi infratuzilma ham vayron bo‘lgan.

Toshqindan jabr ko‘rgan 500 oila (2500 kishi) uch oy davomida eng zarur jihozlar, jumladan, ko‘rpa-to‘shaklar, oshxona anjomlari va loyni tozalash vositalari bilan ta’minlanadi.

Dasturda shuningdek, suv orqali tarqaluvchi kasalliklarning oldini olish maqsadida gigiyenaga oid tushuntirish ishlarini olib borish ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlar YIning Qizil xoch va Qizil yarimoy jamiyatlari xalqaro federatsiyasining favqulodda yordam jamg‘armasi uchun ajratgan yordami doirasida amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500