CHO‘LPON OTA, Qirg‘iziston – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari juma-shanba (20–22-iyul) kunlari Qirg‘izistonning Cho‘lpon Ota shahrida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar, deb xabar berdi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining xabar berishicha, uchrashuvda 4 mamlakatning tashqi ishlar vazirlari, Turkmanistondan esa vazir o‘rinbosari qatnashgan.
Kun tartibidan chegara xavfsizligi, suv va energiya resurslari, transport va yuk tashish, savdo va iqtisodiy hamkorlik masalalari o‘rin oldi, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Vazirlar mamlakatlar o‘rtasida chegaraga oid bahsli masalalarni hal etish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadilar.
Shuningdek, tomonlar xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalar kontrabandasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va boshqa tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.