Karvonsaroy

Pokiston CASA-1000 liniyasi orqali Tojikistonga elektr energiyasi eksport qilmoqchi

Karvonsaroy

ISLOMOBOD – Pokiston qishki mavsumda CASA-1000 hududiy elektr uzatish liniyasi orqali Tojikistonga elektr energiyasi eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Pokistonning The News nashri chorshanba, 5-dekabr kuni mamlakat rasmiylaridan biriga tayanib xabar qildi.

Gidroenergetikaga qaram boʻlgan Tojikiston daryolar muzlaydigan qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligidan aziyat chekib keladi.

CASA-1000 nomi bilan mashhur boʻlgan Markaziy Osiyo Janubiy Osiyo elektr uzatish va savdo loyihasi 2016-yil may oyidan amalga oshirila boshlangan. U Qirgʻiziston va Tojikistonda yoz oylarida ishlab chiqariladigan ehtiyojdan ortiq elektr energiyasini Afgʻoniston va Pokistonga uzatishni koʻzda tutadi.

CASA-1000 loyihasi 2020-yilda tugallanishi kutilmoqda.

Loyiha toʻliq ishga tushirilgach, Pokiston may oyidan sentabrga qadar Tojikistondan 1000 mVt elektroenergiya import qilishni rejalashtirmoqda.

Islomobod rasmiylari ikki mamlakat oʻrtasida qishki mavsumda Tojikistonga 1000 mVt elektr energiyasi yetkazib berishga oid kelishuvni joriy qilmoqchi. Bu haqda The News nashriga Pokistonnning energetika tizimidagi mulozimlaridan biri maʼlum qilgan.

Pokiston 30 ming mVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega, uning qishki mavsum uchun ehtiyoji esa koʻpi bilan 11-13 ming mVtni tashkil qiladi. Shu tariqa ortiqcha energiya Tojikistonga eksport qilinishi mumkin, dedi amaldor.

CASA-1000 liniyasining maksimal oʻtkazuvchanlik quvvati 1000 mVtga teng boʻlishi kutilmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500