TOSHKENT – Seshanba (26-fevral) kuni Toshkentda AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha davlat kotibining birinchi oʻrinbosari Elis Uells Oʻzbekiston respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan AQSH-Oʻzbekiston yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarini oʻtkazdi. Bu haqda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Tomonlar Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida Qoʻshma Shtatlarga tashrifi AQSH - Oʻzbekiston munosabatlarida yangi davrni boshlab berganini qayd etdilar.
“Oʻzbekiston muhim iqtisodiy va boshqaruvga oid islohotlarni qabul qilish hamda yon qoʻshnilari va boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiya uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish orqali dunyoga yangidan tanildi”, dedi Uells ochilish marosimida soʻzlagan nutqida.
“Oʻzbekiston jahon maydonida haqqoniy oʻrin egallagani ortidan butun Markaziy Osiyo foyda koʻrmoqda. Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning dunyo sahnasiga qaytadan chiqqanini qoʻllab-quvvatlaydi va ragʻbatlantiradi”, dedi u.
Uells 2018-yilda AQSHning Oʻzbekistonga koʻrsatgan yordami qariyb 28,1 million dollarga (236 mlrd. soʻm) oʻsgani, bu koʻrsatkich 2016-yilda 10,1 million dollar (85 mlrd. soʻm) boʻlganini qayd etdi.
AQSH delegatsiyasi siyosat, iqtisod, taʼlim, xavfsizlik, madaniyat va boshqa sohalarga oid keng koʻlamli aloqalarni kelgusida yanada chuqurlashtirishga ragʻbatlantirib, Oʻzbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidladi.
Uells va Komilov Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash kabi hamkorlikning aniq shakllarini kuchaytirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Maslahatlashuvlar yakunida tomonlar energetika va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ikkita anglashuv memorandumini imzolab, navbatdagi yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarni 2020-yilda Vashingtonda oʻtkazishga kelishib oldilar.
(Amerikaliklar) Venesueladan 30 milliard dollar oʻmarishgan, oʻz pozitsiyasini ilgari surish uchun Oʻzbekistonga ham moʻmaygina pul ajratsa boʻladi.
Javob berishFikrlar 1