Karvonsaroy

Qirgʻiziston bosh vaziri Qizil-Ompol uran konida olib borilayotgan ishlarni toʻxtatishga buyruq berdi

Karvonsaroy

BIShKEK – Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedkali Abulgaziyev Issiqkoʻl viloyatidagi Qizil-Ompol uran konida olib borilayotgan geologiya-razvedka ishlarini toʻxtatishga buyruq bergan, deb xabar qiladi dushanba (22-aprel) kuni 24.kg nashri hukumat matbuot xizmatiga tayanib.

Dushanba kuni Abilgaziyev uran koniga oid har qanday qaror oʻtgan yilning dekabr oyida tuzilgan hukumatlararo komissiya xulosasiga koʻra qabul qilinishini aytgan. “Agar ushbu kon faoliyati aholi salomatligi va atrof-muhitga zarar keltirishi aniqlansa, bu yerda konni oʻzlashtirish gʻoyasidan voz kechishimiz kerak boʻladi. Agar bunday xavflar mavjud boʻlmasa va texnologik jarayon mutlaqo xavfsiz boʻlsa, shunga mos qaror qabul qilinadi.”

Ushbu qaror Qizil-Ompol konini oʻzlashtirish rejalariga qarshi aholining noroziligi kuchaygani munosabati bilan qabul qilingan. Issiqkoʻl viloyatida mamlakatning asosiy sayyohlik maskanlaridan biri boʻlgan Issiqkoʻl joylashgan. Akipress.com nashrining dushanba kungi xabariga koʻra, 15 mingdan ortiq kishi hukumatdan uran konini oʻzlashtirish toʻxtatish talabi bilan onlayn-petitsiya imzolaganlar. Tashkilotchilar imzo toʻplashni davom ettirmoqdalar.

Noroziliklar oʻtgan yil dekabr oyida boshlangan. Kondagi geologik tadqiqotlar 2010-yilda boshlangan.

Qirgʻizistondagi “UrAsia” korxonasi Kanadaning “Azarga Uranium” kompaniyasi shoʻʼbasi hisoblanadi va 2020-yilning 31-dekabriga qadar joyda qazilma ishlari olib borish litsenziyasiga ega. Uran qazib chiqarishga yana bir daʼvogar Rossiya boʻlib, mart oyida Qirgʻizistondagi Qora-Bolta togʻ-kon kombinatini (KBMP) modernizatsiya qilish va Qizil-Ompoldan qazib olingan uranni qayta ishlash boʻyicha Rossiyaning “Central Asian Uranium Co. LLC” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.

Markaziy Osiyoliklar Sovet Ittifoqining mintaqadagi uran konlari va chiqindixonalarni tozalashga qodir boʻlolmagani va bundan bosh tortgani sabab kelib chiqqan ifloslanishni bartaraf etish uchun xalqaro hamjamiyatdan yordam soʻragan edilar.

Olimlar va ekologlarga koʻra, Tojikistondagi ayrim chiqindixonalarda jangarilar olib ishlatishi va qoʻlbola bombalar yasashi uchun kifoya qiladigan radioaktiv chiqindilar bor.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500