BISHKEK – Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (GKNB) Suriyada terrorchilik faoliyatida ishtirok etganlikda ayblangan 28 yashar qirgʻizistonlik fuqaroni hibsga olgan. Bu haqda chorshanba (24-aprel) kuni 24.kg nashri xabar bergan.
Gumondor 2016-yildan beri qoʻporuvchilik harakatlari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan va “Suriyadagi janglarda faol qatnashgan”, deyiladi GKNB bayonotida.
GKNB bayonotiga koʻra, “u 2018-yil noyabr oyida xalqaro terrorchilik tashkilotlari yetakchilari tomonidan yashirin boʻlinmalar tashkil etish va Markaziy Osiyoda qurolli jihod olib borish uchun jangarilarning kelishini kutish maqsadida Suriyadan chiqarilgan edi.”