https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/newsbriefs/2019/04/26/newsbrief-02

“Harlem Globetrotters” AQSH bilan aloqalarni mustahkamlash va zoʻravonlikka qarshi kurash dasturi bilan Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

Karvonsaroy

TOSHKENT – 29-apreldan 6-mayga qadar “Harlem Globetrotters” basketbol jamoasi Oʻzbekistonga tashrif buyurib, AQSH Davlat departamentining sport elchilari dasturini taqdim etadi. Bu haqda Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi payshanba (25-aprel) kuni xabar berdi.

Koʻrgazmali basketbol jamoasi yoshlar oʻrtasida basketbol boʻyicha oʻquv oʻyinlarini oʻtkazadi hamda maktablarda zoʻravonlikka (bulling) qarshi “T.E.A.M. Up” dasturini taqdim etadi. Yoshlarni sport bilan shugʻullanishga jalb etish oʻzbek hukumatini tashvishga soladigan ekstremistik kuchlar taʼsiridan ularni himoyalash vositasi sifatida koʻriladi.

2017-yili qayta tashkil etilgan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi oʻz oldiga norozi insonlarning ekstremistlar taʼsiriga tushishining oldini olish kabi ustuvor vazifalarni qoʻygan. 2017-yilda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Yoshlar ittifoqini tashkil etishga oid farmonda ham “mafkuraviy tahdidlarga qarshi yoshlarning immunitetini oshirish” ustuvor masalalardan biri etib belgilangan.

“Globetrotters” AQSHning yaxshi niyat elchilari sifatida butun dunyo boʻylab anchadan beri xizmat koʻrsatib kelmoqda.

“Globetrotters” dasturi Qoʻshma Shtatlarning uzoq yillardan buyon hamkor va sherigi sanalgan Oʻzbekiston hukumati va xalqi bilan madaniy va ijtimoiy aloqalarni yanada kuchaytirishga koʻmaklashadi, deyiladi elchixona xabarida.

Oʻzbekiston safari jamoa uchun dunyoning 124-mamlakatiga tashrif boʻladi. “Harlem Globetrotters” 26, 28 va 30-may kunlari Toshkentdagi “Humo” arenasida oʻzining doimiy raqibi “Washington Generals” bilan uchta oʻyin oʻtkazadi.

“AQSH Davlat departmentining yaxshi niyatni dunyo boʻylab yoyish haqidagi chaqirigʻiga xayrixoh boʻlish biz uchun sharaf”, deydi “Globetrotters” prezidenti Hovard Smit.

“93 yillik tarixga ega jamoa tarkibida boʻlish chuqur maʼno kasb etadi va biz oʻz brendimiz va mahoratimizni Oʻzbekistondagi yangi davralarda namoyish etishdan nihoyatda baxtiyormiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

0
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha *