Karvonsaroy

Bishkekda Chernobil fojiasining 33 yilligi xotirlandi

Karvonsaroy

BISHKEK – Juma (26-aprel) kuni Bishkekda 1986-yili Ukrainadagi Chernobil atom elektr stantsiyasida yuz bergan halokatga 33 yil toʻlishi munosabati bilan fojia qurbonlarini xotirlash marosimi oʻtkazildi.

Portlash va yongʻinga sabab boʻlgan avariya tufayli elektrostantsiyaning 30 xodimi va oʻt oʻchiruvchilar uch oy davomida hayotdan koʻz yumdilar, deb xabar beradi Butunjahon yadro uyushmasi. Ushbu hodisa yadro energiyasidan foydalanish boʻyicha sovet tajribasiga nisbatan butun dunyoda ishonchsizlik keltirib chiqardi.

Hatto hozirgi kunda ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari sovet davridan qolgan uran konlari va chiqindixonalarni tozalash uchun xalqaro yordamga muhtoj boʻlib turibdi. Rossiya bu borada masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmagan.

Xotirlash marosimida mahalliy rasmiylar, maktab oʻquvchilari, Ukraina elchisi va Belarus elchixonasining maslahatchisi ishtirok etdi. Ular Bishkekda Chernobil fojeasi qurbonlariga atab oʻrnatilgan yodgorlik poyiga gul qoʻydilar va ularning xotirasi uchun bir daqiqalik sukutdan soʻng avtomatlarda havoga oʻq uzildi.

“Bundan 33 yil avval Ittifoqning barcha respublikalaridan boʻlgan yuzlab odamlar halokat oqibatlarini bartaraf qilishga kirishgan edilar”, dedi Bishkek shahar hokimining oʻrinbosari Tatyana Kuznetsova juma kuni boʻlib oʻtgan marosim chogʻida. “Oʻz jonlarini fido qilib, yongʻinni bartaraf etgan bu insonlar boʻlmaganida, nimalar boʻlishini tasavvur qilish mushkul edi.”

Uning soʻzlariga koʻra, Bishkekda avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlardan 260 nafari istiqomat qiladi. Ularning ayrimlari marosimga farzandlari va nabiralari bilan kelishgan.

“Voyenkomatdan chaqiriq qogʻozi keldi va bizni Chernobilga olib ketishdi”, deb eslaydi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan Asad Joroyev. “Biz hech narsadan bexabar edik, hammasi sir tutilar edi. Avvaliga zararlangan tumanni tozaladik, keyin esa bizni zonaga olib kelishdi. Biz hududni vayronalardan tozaladik. Umumiy hisobda u yerda 2 oycha boʻldim”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500