Karvonsaroy

Oʻnlab bolalar Iroqdan Tojikistonga qaytarildi

Karvonsaroy

DUSHANBE – Tojikiston hukumati Iroqdan 84 nafar voyaga yetmagan bolani vataniga qaytardi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi chorshanba (1-may) kuni. Bolalarning tojikistonlik onalari “Islom davlati” guruhiga aloqadorlikda ayblanib, qamoq jazosini oʻtayotgan yoki sudlanayotgan boʻlgan.

84 nafar bola va oʻsmir seshanba (30-aprel) kuni kechqurun Dushanbe aeroportiga qoʻngan. Qarindoshlariga topshirishdan avval ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish rejalashtirilgan edi.

Rasmiy Dushanbe bolalarni qaytarishdagi koʻmagi uchun Quvayt va Iroq tashqi ishlar vazirliklari hamda UNICEFga minnatdorchilik bildirgan.

Tojikiston hukumati kelajakda xavfsizlikka tahdid yuzaga kelishi ehtimoli sababli, tojik bolalarini Iroq va Suriyada qoldirish niyatida emasligini bir necha bor bayon qilgan edi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunda Iroq qamoqxonalarida 43 nafar tojik ayoli saqlanmoqda. Vataniga qaytarilgan 84 boladan tashqari, yana 11 nafar bola jazo muddatini oʻtayotgan onasi bilan qamoqxonalarda qolgan, deb xabar beradi AsiaPlus.

Vazirlikning xabar qilishicha, hozirda ana shu qolgan 11 nafar bolani ham Tojikistonga qaytarish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shu yili Tojikistonning Iroq va Quvayt davlatlaridagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Ozodlik radiosi bilan suhbatda tojikistonlik ayrim mahbus ayollar farzandlarining vataniga qaytarilishiga rozilik bermaganini aytgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500