NUR-SULTON – Juma (10-may) kuni “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilish uchun Suriyaga joʻnab ketgan yoki olib ketilgan, koʻpchiligi yosh bolalardan iborat 231 nafar Qozogʻiston fuqarosi oʻz yurtiga qaytarilgani xabar qilindi.
2011-yilda Suriyada urush boshlanganidan beri, minglab qozogʻistonliklar, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiyaning Kavkaz oʻlkasidan boʻlgan fuqarolar u yerga jangarilar safida jang qilgani joʻnab ketganlar.
156 ta bola va 57 nafar katta yoshli fuqaroni vataniga qaytarish operatsiyasi seshanba (7-may) va payshanba (9-may) kunlari oʻtkazildi. Bu haqda Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati xabar bergan. Tafsilotlar oshkor etilmagan.
Xuddi shunday operatsiya yanvar oyida ham oʻtkazilgan boʻlib, unda 47 qozogʻistonlik mamlakatga qaytarilgan, ularning baʼzilari ekstremizmga oid jinoyatlarni sodir etishda ayblanib hibsga olingan edi.
Juma kuni eʼlon qilingan bayonotga koʻra, prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev operatsiya muvaffaqiyatli boʻlganini aytgan.
“Ayollar radikal oʻtmishlaridan voz kechdilar, ishga joylashdilar va qarindoshlari bilan aloqalarni tikladilar. Bolalar maktab va bogʻchalarga borishni boshladilar”, dedi u.
“Terrorchilarning buzgʻunchi va soxta tashviqoti” qozogʻistonliklarni Suriyaga joʻnab ketishga undagan, dedi u.